Ibrohim Haqqul, Nodirxon Hasan. Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”i va yangi topilgan namunalar

Xoja Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”i dunyoga kelishi bilan turkiy xalqlar o‘zining mustaqil tariqat kitobiga, tom ma’nosi ila Ma’rifat, Haqiqat, Ruhoniyat qomusiga sohib millat o‘laroq e’tirof etilgan. Ahmad Yassaviydan keyingi turkiy xalqlarning tarixi – ma’naviy-axloqiy hayotda yangi yo‘nalish, yangi ilohiy nuqtai nazar shakllangan, komil inson haqidagi tasavvurlar to‘la oydinlashgan tarix erur.

Zero, arab va fors tasavvuf tushunchalarini milliy ehtiyojga muvofiq ravishda o‘zlashtirish va favqulodda sodda, xalqona talqinlarni yaratishni ham tarix Ahmad Yassaviy zimmasiga yuklagan edi.

Mashhur usmonli turk shoiri Yahyo Kamol atoqli olim Muhammad Fuod Ko‘prulizodaga: “Ahmad Yassaviy kimdir? Merosining sir-asrori nedur? Shuni bir chuqur o‘rganing. Milliyatimizning asoslarini ana o‘sha joyda topursiz!”, – degan ekan. Ko‘prulizoda shundan so‘ng ishga kirishib, “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar” nomli tadqiqotini yozgan. Bu kitobning hanuzgacha mashhurligi va qiziqish bilan o‘qib kelinayotganligi ham tasodif emas. Unda muallif Ahmad Yassaviyning turkiy xalqlar orasida ilk daf’a tasavvuf maslagini vujudga keltirib, asrlar mobaynida ruhoniyatda hukmronlik qilganligini yaxshi yoritib bergan.

So‘fi Olloyor avlodlarga Ahmad Yassaviydan “ulug‘ bir kitob” meros qolganligini aytadi. Bu – hikmatlar majmuasi ekanligi aniq. Ammo ushbu nodir kitobning qadimiy qo‘lyozmasi saqlanmagan. Saqlanib qolgan bo‘lsa-da, haligacha topilgani yo‘q. Muammolarning muammosi ana shu. Ahmad Yassaviy adabiy shaxsiyati va ijodiyotiga ishtibohli qarashlar, adolatsiz va bir yoqlama tanqidlar, bir-biriga zid va mutlaqo teskari munoqashayu munozaralar – bularning deyarli hammasi asosan shu zaminda paydo bo‘lgan. Biroq buyuk Yassaviy ijodiyoti ta’qiqlash bilan to‘xtab qoladigan, tanqid va tahqirlashdan ahamiyatini boy beradigan bir ijod emas. Aksincha, u hech qanaqa qarshilik va zo‘ravonlikka mag‘lub bo‘lmaydigan she’riy merosdir. “Devoni hikmat” insonni nafsparastlikdan, ma’rifatsizlik va yirtqichlashuvdan muhofaza etadi. “Devoni hikmat” odam farzandini shaytoniy hiylalar, hayvoniy quturishlardan asraydi. Bu bebaho asar hirsu havoga berilib “odamiyatni pok-pokiza yeb” qo‘yish kulfat va musibatlaridan ogohlantiradi. Hamma gap uni qanday o‘qish va qanday anglash, anglabgina qolmasdan Yassaviy so‘zlariga amal ham qila bilishdadir. Agar “Devoni hikmat”ni mutolaa qilib, ozmi-ko‘pmi o‘z ahvolimizni tushunsak, undagi umumiy ruh, mohiyat va ma’rifat shavqi qaysi bir darajada aqldan jaholatni, qalbdan g‘aflatni chetlashtirsa – urinishimiz besamar ketmagan bo‘ladi. Demak, biz tosh chaynasak-da, haqiqatning kuch-quvvati, ishqning hayotbaxsh zavqiga suyanib, inonib yashashga urinmog‘imiz joiz. Quvonarlisi shundaki, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil mobaynida “Devoni hikmat”ni xalqqa qaytarish, keng kitobxonlar ommasiga yetkazishda xayrli ishlar amalga oshirildi. Asar Toshkentda, Turkiyada, Moskva va Qozog‘istonda chop etildi.
“Devon”ning eski qo‘lyozmasi qo‘lga kiritilmaganligi bois undan qancha hikmat o‘rin olganligini bilmaymiz. Yassaviy izdoshlari tomonidan qo‘shilganlari qaysi, tahrir va o‘zgartirishlar bo‘lganmi, bunga asos nima – bular ham noma’lum. Ammo bir narsa ma’lum: “Devoni hikmat”ning keyingi asrlarga mansub qo‘lyozma va toshbosma nusxalarida hikmatlarning umumiy miqdori ancha ko‘pdir. Buning bir isboti sayramlik olim Mirahmad Mirxoldoro‘g‘li bilan usmonli turk olimi Metin Oqarning Istanbulda bosilgan “Xoja Ahmad Yassaviyning yangi topilgan hikmatlari” nomli kitobi hisoblanadi. Gap shundaki, ushbu kitobdagi “yangi hikmat”larning hammasini ham Yassaviyga nisbat berib bo‘lmaydi. Bunga yosh yassaviyshunos tadqiqotchi Nodirxon Hasan “Jahon adabiyoti” (2002 yil, 10-son) jurnalida bosilgan maqolasida maxsus to‘xtalib, tildagi farqlarni ham dalillar bilan asoslashga uringan. “Devoni hikmat”ning qadimgi nusxasi bizgacha yetib kelmaganligini qayd etarkan, Nodirxon Hasan yana bunday deydi: “Lekin keyingi asrlardagi qo‘lyozmalar, toshbosma nusxalar, yurtimizdagi va Turkiyadagi joriy alifbo chop etilgan nashrlar asosida “Devoni hikmat”ning qiyosiy, ya’ni ishonchli matnini tayyorlash bir zaruriyatga aylandi. Bu yassaviyshunoslikdagi eng muhim va alohida ilmiy-amaliy qimmatga ega bo‘lgan ish hisoblanadi”. Chindan ham xuddi shunday. Haqiqatda ham “Devoni hikmat”ning qiyosiy-yig‘ma bir matnini yaratmoq shartdurki, bu bag‘oyat qiyin, mashaqqatli vazifani baholi qudrat bajarishga Nodirxon Hasanning bel bog‘lagani, albatta, tahsinga loyiq. Mana, bir necha yildirki, u shu ish bilan band. Uning bir fazilatini ta’kidlashni istardim: u Ahmad Yassaviy mavzuida shoshilmasdan, qiyinchilik va mashaqqatlarga chap bermasdan mehnat qilayotir. Yassaviy hayoti, ijodi, yassaviylikka doir qadimiy manbalar, mo‘‘tabar kitoblarni axtarib topish va tadqiqotchi nigohi bilan ularni puxta o‘rganishda u kundan kunga ilgarilamoqda. Xorijdagi, xususan, Turkiyadagi ilmiy izlanishlar va natijalardan yetarli ma’lumotga ega. Shuningdek, o‘zining ham maqolalari Turkiyadagi jurnal va majmualarda ketma-ket chiqib turibdi. Eng muhimi, ba’zi yoshlarga o‘xshab jindek muvaffaqiyatdan hozircha esankiragani ham, maqtov kutib to‘xtagani ham yo‘q. “Devoni hikmat”ning yangi-yangi qo‘lyozmalarini izlash, qo‘lga kiritilganlarini boshqalari bilan qiyoslash va ko‘zlangan bosh maqsadga yetishish uchun u vaqtdan ancha unumli foydalanmoqda. Buning bir samarasi esa qo‘lingizdagi kitobdir. Uni nashr etishdan ko‘zlangan maqsad faqat yangi hikmatlar bilan o‘quvchini tanishtirish, tanlangan she’rlar Yassaviy qalamiga mansubligiga ko‘pchilikni ishontirish yoki iqror aylash emas. Balki “Devoni hikmat” muhiblari, xususan, din, tasavvuf, adabiyot mutaxassislari, tarixchi va tilshunos olimlarning fikr-mulohazalarini ham eshitishdir. Chunki to‘plamdagi qator to‘rtliklar Yassaviyniki ekanligi shaxsan menda ishtiboh uyg‘otdi. Bunday shub-ha va ishonchsizlik boshqalarda ham tug‘ilishi mumkin. Lekin Nodirxon Hasan zarur, xayrli, nainki adabiyot, fan, xalq uchun ham muhim bir ishga qo‘l urganligiga inonmaslikning iloji yo‘q. Zero, “Devoni hikmat”ning hech bo‘lmaganda, qiyosiy-yig‘ma matnini tuzmaslik – yassaviyshunoslik istiqboliga loqayd qarash, bir paytlardagi besamar tortishuv, g‘arazli iddao va johilona munozaralarga yana yon bermoqdir.

“Devoni hikmat”i turli asrlarda turli joylarda bir qancha kotiblar tomonidan ko‘chirilgan. XIX-XX asrlarda Toshkent, Kogon, Qozon, Istanbul kabi shaharlarda toshbosmada chiqarilgan. Oktyabr inqilobidan keyin esa Ahmad Yassaviy ijodi qatag‘on qilinishi bilan xalqimiz “Devoni hikmat”dek buyuk bir asarni o‘qishdan mahrum qilingan. Lekin xorijda, ayniqsa, Turkiyada Ahmad Yassaviy ijodiga qiziqish va uni o‘rganish ishlari to‘xtab qolmadi. Shuning natijasi sifatida 1983 yil doktor Kamol Eraslonning “Devoni hikmat”dan sochmalar” kitobi nashr etilgan[1]. Qayta qurish va oshkoralik davri boshlanishi bilan yurtimizda ham Ahmad Yassaviy hikmatlarini o‘qib-o‘rganish, nashr ettirish va ommaga yetkazishga urinish boshlandi. Buning samarasi o‘laroq 1991 yil adabiyotshunos Ibrohim Haqqul tomonidan nashrga tayyorlangan “Ahmad Yassaviy. Hikmatlar”i kitobxonlarga yetkazildi[2]. Bu kitobga K.Eraslon nashri asos qilib olingan. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas Rasulmuhammad Abdushukurov ham “Devoni hikmat”ni nashr ettirdi[3]. Bunga esa 1836 yilda bosilgan Qozon nashri asos bo‘lgan. So‘ng “Sharq yulduzi” jurnalida, “Yassaviy kim edi?” kitobida hikmatlardan namunalar e’lon qilindi[4]. Ta’bir joiz bo‘lsa, “Devoni hikmat” shu tariqa yangi hayotini boshlagan edi. Qardosh Turkiyada doktor Hayotiy Bije[5], Yusuf Azmun[6], Moskvada turkmanistonlik A.Ovezovlar tomonidan “Devoni hikmat” chop etildi[7]. Sayramlik tarixchi Mirahmad Mirxoldoro‘g‘li va turk olimi professor Metin Oqar yangi topilgan Yassaviy hikmatlarini e’lon qildilar[8]. Qozog‘istonlik Dayraboy Serikboyo‘g‘li Qozon nusxasiga asoslanib “Devoni hikmat”ning arab alifbosidagi nashrini xalqqa taqdim qildi[9].

“Devoni hikmat (yangi topilgan namunalar)” kitobidan olindi.
Ibrohim Haqqul va Nodirxon Hasan maqolalaridan foydalanildi.


[1] Ahmed-i Yesevi, Divan-i Hikmet’ten Secmeler. Haz. Prof. Dr. K.Eraslan, Ankara, 1983.

[2] Ahmad Yassaviy. Hikmatlar. Nashrga tayyorlovchi, so‘zboshi va izohlar muallifi I.Haqqulov. Toshkent, 1991.

[3] Ahmad Yassaviy. Devoni hikmat. Nashrga tayyorlovchi R.Abdushukurov. Toshkent, 1992.

[4] A.Bozorov, T.Qoraev. «Hikmatlar kulliyoti»dan//Sharq yulduzi, 1992, 1-son, 3-19-b; Yassaviy kim edi? (Maqolalar va hikmatlardan parchalar), to‘plab nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi muallifi B.Do‘stqoraev. Toshkent, 1994.

[5] Hoca Ahmed Yesevi. Divan-i Hikmet. Haz. Dr.H.Bice, Ankara, 1993.

[6] Hoca Ahmed Yesevi. Divan-i Hikmet. Yay. haz. Y.Azmun, Istanbul, 1994.

[7] Xoja Axmad Yassaviy. Xikmatlar (chapa tayar. A.Ovezov) Moskva, 1992.

[8] M. Mirxoldoro‘g‘li, M. Oqar. Xoja Ahmad Yassaviyning yangi topilgan hikmatlari. Istanbul, 2002.

[9] Qoja Axmet Iassaui. Diuani xikmet. Baspag‘a dayindag‘an D.Serikbayuli, (mas’ul muharrir S.Rafiddinov). Almati, 2001.