O‘rta asrlardagi buyuk Sharq mutafakkiri, o‘z ijodi bilan ijtimoiy falsafa, tilshunoslik, mantiq, adabiyotshunoslik, she’riyat, ijtimoiy lingvistika, tabiatshunoslik rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, boy merosi jahon fani taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan Mahmud Qoshg‘ariyning tavallud topganiga ming yil to‘ldi.
Favqulodda iqtidor sohibi Mahmud Qoshg‘ariyning hayoti va ijodi haqida ko‘plab asarlar va maqolalar yozilgan.
Mutafakkir yubileyi esa uning ajoyib tarjimai holi hamda jahon madaniyati rivojidagi rolini qayta ko‘rib chiqishga da’vat qiladi.
Mahmud Qoshg‘ariy XI asrda turkiy Qoraxoniylar davrida yashab, ijod qildi. Taxminan 400 yilga yaqin hukm surgan Qoraxoniylar davri Markaziy Osiyo va yon- atrofdagi xalqlar hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Qoraxoniylar davlatida X asrda xalqning milliy ongi rivojlanishi va o‘sishi asnosida ilm-fan va adabiyot ham ravnaq topdi. Hududda shu davrning mashhur olimlari — Xorazmiy, Xo‘jandiy, Yusuf Xos Hojib, Al Farobiy, Ibn Sino, Beruniy yashab, ijod qildi. Bu kabi donishmand, iqtidorli va yuksak ma’naviyatli olimlar paydo bo‘lishi shundan dalolat beradiki, Markaziy Osiyoda Uyg‘onish davri Yevropa Uyg‘onish davriga nisbatan bir necha asr avval boshlangan. Xususan, Qoshg‘ar, Xotan, Bolasog‘un, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Urganch, Termiz, Marv nihoyatda go‘zal shaharlarga aylanib, tobora kengaya boshlagani ham fikrimiz dalilidir.
Qoraxoniylar poytaxti — Qashg‘ar yuksak madaniyatiga ko‘ra butun Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallar edi. U butun dunyoga o‘quv yurtlari, betakror me’moriy majmualari, karvonsaroylari bilan tanilgan edi. Xalqaro savdo yo‘llari (Buyuk Ipak yo‘li)ning asosiy chorrahasi Qoraxoniylar hududida joylashgan edi. Sharqdan o‘arbga va o‘arbdan Sharqqa yo‘l olgan karvonlar va elchilar Qashg‘ar, Xotan, Bolasog‘un, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Urganch, Termiz shaharlari orqali o‘tgan, yangi xalqaro savdo yo‘li qadim zamondan buyon turkiy xalqlar nazorati ostida edi. O‘zaro savdo munosabatlari hunarmandchilikni rivojlantirish bilan bir qatorda, madaniy almashinuvlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Qoraxoniylar davlati hukm surgan to‘rt asr mobaynida Markaziy Osiyo xalqlari nisbatan tinch-osuda va farovon yashadi. Buning oqibatida barqaror vaziyat hukm surib, ilm-fan va madaniyatning ravnaq topishi uchun imkoniyatlar vujudga keldi. Natijada ulug‘ ajdodlarimiz – faylasuflar, tarixchilar, astronomlar, shoirlar samarali ijod qilishdi. Turkiy olimlar arab va fors tillarini, binobarin, g‘arb ijodkorlarining yunon tilidan arabchaga o‘girilgan asarlarini mukammal bilishgan va turkiy islom madaniyatini yaratishda ulardan foydalanishgan.
Qoraxoniylar davri yuqori darajali madaniyatdan buyuk Firdavsiyning “Shohnoma” dostoni bilan qiyoslanishi mumkin bo‘lgan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig» («Saodatga eltuvchi bilim») – falsafiy-didaktik dostoni va Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asari chinakamiga guvohlik beradi.
Buyuk tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asari Qoraxoniylar davrining noyob durdonasi hisoblanadi. U o‘lmas obida sirasiga kiradi va o‘zida davr tili, adabiyoti, tibbiyoti, tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, hunarmandchiligi va astronomiyasi xaqidagi bilimlarni qamrab olgan.
“Devoni lug‘atit turk”dagi geografiyaga oid ma’lumotlar g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Sababiki, asarida turkiy xalqlar joylashgan hududlar ta’rifini keltirgan va u muallif dunyodagi eng qadimiy turkiy xarita muallifi hisoblanadi. Ushbu xarita XI asrdagi Osiyoning eng qadimiy va ahamiyatli xaritasi bo‘lib, unda geometrik aniq shakllarda tog‘lar, ko‘llar va daryolar ko‘rsatilgan, eng muhim shaharlar va qabilalar qayd etilgan.
Er yumaloq ekani haqidagi qarashlar qadimdan paydo bo‘lganini bilasiz. Mahmud Qoshg‘ariy bu boradagi fikrlarni ilmiy asosda rivojlantirgan. Yer yumaloqligini tasdiqlovchi u yaratgan xarita o‘z davri uchun g‘oyatda qadrli hisoblanadi.
Vaholanki, Yevropada XVI asrdagina Kopernik (1473—1543) Mahmud Qoshg‘ariy haqligini – yer yumaloqligi, o‘z o‘qi atrofida aylanishini isbotlab berdi.
Mahmud Qoshg‘ariy Qoraxoniylar davlati hukmdori Yusup Qodirxonning evarasi edi. Bu hakdagi xabar “Devoni lug‘atit turk”da uchraydi.
Qoraxoniylar davrida turkiy tildagi adabiyot jadal taraqqiy etdi. Mahmud Qoshg‘ariy turkiy tillar shevalarini tadqiq qiluvchi asari orqali mumtoz turkiy adabiyot va she’riyat, xalq og‘zaki ijodi ravnaqi uchun zamin hozirladi, turkiy xalqlar adabiy tilini ishlab chiqdi, unga sayqal berdi. Natijada turkiy she’ri-yatning asosiy janrlari shakllandi, rivojlangan she’riy leksikaga ega istioralar tizimi va nutq vositalari tug‘ildi. Mahmud Qoshg‘ariy jahonda turkiy tilning ijtimoiy lingvistikasi asoschisi, deb tan olinishi bejiz emas.
Yanada muhimi shundaki, “Devoni lug‘atit turk” asarida o‘sha davrning ilg‘or kishilarini o‘ylantirgan hamda turkiy xalqlarning tub manfaatlarini aks ettirgan fikrlar va g‘oyalar jamlangan, shaxs va jamiyatning yanada ijtimoiylashuvi yo‘llari belgilab berilgan. Ko‘p bosqichli falsafiy-axloqiy muammolar, binobarin, boylik va bilimning o‘zaro bog‘liqligi haqidagi fikrlar chuqur ifodalangan.
Boshqacha aytganda, ilk o‘rta asrlar olimi va ijtimoiy faylasufining qarashlari olam, xalq taqdiri, inson, madaniyat, ijtimoiy adolat to‘g‘risidagi mushohadalarga yo‘g‘rilgan edi.
Bilim va boylik go‘yoki atirgul va nargis kabi
Gullamaydi gar tursalar yonma yon.
Kimdaki boylik bisyor, uning bilimi yo‘qdir,
Kimdaki bilim bo‘lsa — boyligi yo‘q hisobi.
Qadimiy turkiy she’riyatda tilga olingan ushbu muammo – bilim va boylikning bir-biriga zidligi to‘g‘risidagi tushuncha o‘sha davr uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu masala sharhi o‘rta asrlardagi ko‘plab shoirlar, olimlar, mutafakkirlar merosida uchraydi. Ayni paytda u turkiy til va adabiyotining asoschisi — Mahmud Qoshg‘ariy asarlarida alohida o‘rin egallaydi.
Mahmud Qoshg‘ariy voqelikni jonli bo‘ yoklarda aks ettiradi, unumli hayot kechirish, insofli bo‘lish, ilm egallash, barcha quvonchlardan bahramand bo‘lishga da’vat etadi.
“Devoni lug‘atit turk” nihoyatda yuksak tarixiy va badiiy ahamiyatga ega, ayni paytda u turkiy xalqlar va umuman turkiy olamning ijtimoiy-ma’naviy hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Tarixiy va tarixiy-adabiy manbalarda Mahmud Qoshg‘ariy hayoti haqida nihoyatda kam ma’lumot saqlanib qolgan. Ma’lumki, u 1008 yilning boshida Qoshg‘ar shahri yaqinidagi Opal qishlog‘ida tug‘ilgan. 1105 yilda 97 yoshida olamdan o‘tgach, Opalda dafn etilgan. Maqbarasi Muqaddas ustoz sag‘anasi, deya nom olgan bo‘lib, unga behisob ziyoratchilar tashrif buyurishadi va mutafakkir xoki oldida bosh egishadi.
Mahmud Qoshg‘ariy butun Sharqqa mashhur bo‘lgan Songra madrasasida tahsil olib uni taxminan 1055 yilda tamomladi. So‘nfao‘qishini Buxoro va Nishopurda davom ettirdi. Tahsil davrida falsafa, mantiq, adabiyot, huquqshunoslik, tarix, ilohiyot, matematika, astronomiya, tibbiyot fanlarini puxta o‘zlashtirdi. Turkiy tildan tashqari arab va fors tillarini mukammal egalladi, ularning grammatikasidan xabardor bo‘ldi va haqiqiy qomusiy bilim sohibiga aylandi.
“Devoni lug‘atit turk” asarini yaratish uchun Mahmud Qoshg‘ariy turkiy qabilalar yashaydigan ko‘plab shaharlar va qishloklarni kezib chiqqan. 14 yillik (taxminan 1057 yildan 1071 yilgacha) safari davomida keng ko‘lamli tarixiy materiallarni to‘pladi. Buyuk olim o‘z kitobida 6800 dan ziyod turkiy so‘zni guruhlashtirdi, (110 hudud, ko‘l va daryo, 40 elat va qabila nomlari), turkiy tilda izohlar keltirdi. Kitobdan 242 ta she’r, 262 ta maqol va matal o‘rin olgan. Hayratlanarlisi shundaki, u qo‘llagan 875 ta so‘z, 60 ta maqol va matal biron-bir o‘zgarishsiz zamonaviy turkiy tilimizga kirib kelgan.
Ushbu asar ilk filologik tadqiqot va turkiy so‘zlar etimologiyasi keltirilgan birinchi qiyosiy lug‘atdir. Ayni paytda bu asarni faqat lug‘at deb hisoblash noto‘g‘ri, unda Markaziy Osiyo xalqlarining xalq og‘zaki ijodi namunalariga xos ko‘plab noyob ma’lumotlarni kuzatamiz.
Kirish so‘zida Mahmud Qoshg‘ariy shunday yozadi: “Men Falak turkiylar zaminida davlat yaratganini ko‘rdim. Falak bu xalqlarni «turkiy» deya atadi va ularni davlat boshqaruviga qo‘ydi. Hukmdorlar turkiylar edi va hokimiyat ularning qo‘lida edi, ular odamlarni boshqardi. Odamlar o‘z hukmdorlarining adolatli ishlarini qo‘llab-quvvatlardi, ular bilan yonma-yon kurashar edi va turkiylar yomon ishlardan saqlanishga qodir edi. Turkiylardan saklanish uchun har bir oqil kishi ularga ergashmoqqa intilardi. Turkiylar qo‘llab-quvvatlashlari uchun ularning tilida so‘zlamoq kerak”.
Ushbu fikrlar XI asrda tashkil topgan Qoraxoniylar davlati to‘g‘risida aytilgan edi.
Chindan ham “Devoni lug‘atit turk” qomusiy asardir. U turkiy islomiy madaniyatni yanada boyitib, yuksak pog‘onaga ko‘tardi.
Mahmud Qoshg‘ariy qonun va tartibga rioya qilishga da’vat etish bilan birga hayotni bebaho ne’mat sifatida qadrlashni uqtirdi, qayta-qayta ilmni ulug‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda “Devoni lug‘atit turk” butun ma’naviy badiiy xususiyatlari bilan betakror obidaga, turkiy xalqlar tarixi to‘g‘risidagi dostonga aylandi.
Asar bosh g‘oyasi bitta falsafiy fikrga yo‘naltirilgan. Olim yurtni ulug‘lash, turkiy xalqlarni birlashtirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirish muhimligini ta’kidlaydi.
700 sahifadan iborat “Devoni lug‘atit turk” asari jahon madaniyati va ilm-fani rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa xisoblanadi. Qo‘lyozmaning yagona va eng qadimgi nusxasi 1226 yilga oid bo‘lib, Turkiya Milliy kutubxonasida saqlanadi.
Mahmud Qoshg‘ariy shuni isbotladiki, turkiy tilning ahamiyati arab tilinikidan kam emas. Til va adabiyotning qadimiy obidasi – “Devoni lug‘atit turk” yaratilganidan buyon o‘n asrdan oshiq vaqt o‘tdi. U hamon turkiy xalklar tarixini o‘rganishda betakror manba hisoblanadi. Buyuk olim, turkiy leksikograf, grammatist va dialektolog Mahmud Qoshg‘ariy nomi turkiy xalqlar tarixiga qiziquvchi barcha insonlar uchun qadrlidir.
Ko‘ramizki, Mahmud Qoshg‘ariy o‘z davridan o‘zib ketgan qomusiy bilim va iqtidorga ega inson bo‘lgan, dunyoda o‘xshashi yo‘q nodir lug‘at yaratgan. Zamonaviy turkologiyani bu asarsiz tasavvur etish mushkul. O‘ziga xos xususiyati shu bilan izohlanadiki, u birinchi tarixiy-qiyosiy tadqiqotdir. Jahon kitobxonlari hamon bu asarga katta qiziqish bilan qarashadi. Uning to‘liq tarjimasi Turkiyada amalga oshirilgan. Ayni paytda asar ingliz, nemis, frantsuz, uyg‘ur, qozoq, ozarbayjon, turkman, o‘zbek va rus tillariga o‘girilgan. Materiallarining ko‘p qismi Germaniyada bosilgan qadimiy turk tillari lug‘atida foydalanilgan. O‘tgan asrda chop etilgan “Qadimiy turkiy lug‘at” asari katta shuhrat qozongan bo‘lib, unga “Devoni lug‘atit turk” asari asos bo‘lib xizmat qilgan.
O‘zbekistonda Mahmud Qoshg‘ariyning ijodiy merosi mufassal o‘rganib kelinmoqda. Xususan, Respublika Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti olimlari “Devoni lug‘atit turk” asariga tayangan holda quyidagi qimmatli ma’lumotlarni to‘plashdi:
lug‘at boyligi, ma’lum turdagi leksika;
turkiy xalqlar joylashgan yerlar haqida ma’lumotlar;
turkiy tillarning guruhlashtirilishi;
tarixiy fonetika va grammatika haqida ma’lumotlar;
turkiy she’riyat, folklor haqida ma’lumotlar;
qiyosiy tilshunoslik haqida ma’lumotlar;
turkiy ijtimoiy lingvistika asoslari to‘g‘risida ma’lumotlar va hokazo.
Shuni alohida qayd etish kerakki, institut olimlari professor S.Mutallibov rahbarligida bu asarni o‘zbek tiliga o‘girib, to‘rt tomda nashr qildirishdi. (Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1967 yil). Ayni paytda ushbu mavzuda bir qator ilmiy maqolalar va risolalar chop etilgan. O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida Mahmud Qoshg‘ariy ijodiga mansub qo‘lyozmalar saqlanmoqda.
Mahmud Koshg‘ariy buyuk ustoz, shoir, olim, mutafakkir sifatida ardoqlanadi. Yubileyi turkologik tadqiqotlar an’analari rivojlangan Germaniya va Frantsiyada, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, XXRning Shinjon Uyg‘ur avtonom tumanida tantana qilinmoqda. U turkiy olamning buyuk allomasi bo‘lib, oradan ming yil o‘tsa-da, hamon biz bilan yonma-yon yashamoqda. YuNESKOning fan va madaniyat bo‘yicha xalqaro tashkiloti Mahmud Qoshg‘ariyning 1000 yilligini keng nishonlash haqida qaror qabul qilgani bejiz emas.
Abdulaxat Qahhorov,
sotsiologiya fanlari doktori, professor
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil 1-sonidan olindi.