Abulqalam Ozod. Inson tushunchasi va sharqu g‘arbdagi ta’lim muammolari

Abulqalam Ozod (Mavlono Abulqalam Muhiddin Ahmad Ozod; 1888 yil 11 noyabr — 1958 yil 22 fevral) — hind siyosiy arbobi, olim. Hindiston mustaqilligi uchun kurash harakatining rahnamolaridan biri, hind-musulmon birligi tarafdori. 1912 yildan Hindiston milliy kongressi partiyasi a’zosi. 1912 — 1914-yillari inglizlarga qarshi «al-Hilol» («Yarimoy») gazetasini chiqargan. 1919 — 1922 va 1930 yilda Abulqalam Ozod ingliz ma’murlariga bo‘ysunmaslik kampaniyasi rahbarlaridan biri bo‘lgan. 1942, 1945, 1946 yili Angliya bilan o‘tkazilgan muzokaralarda hind delegatsiyasiga boshchilik qilgan. Qur’on tafsiri hamda falsafa va urdu adabiyoti tarixiga oid asarlar muallifi. 1947 yilning avgust oyida Hindiston ta’lim vaziri bo‘lgan.

Abulqalam Ozod bu nutqini 1951 yil 13 dekabrda Dehlida «Inson tushunchasi va Sharqu G‘arbdagi ta’lim muammolari» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan simpoziumda so‘zlagan.

* * *

Hindiston hukumati nomidan va shaxsan o‘zim ushbu simpozium ishtirokchilarini qutlash baxtiga musharraf bo‘lganimdan mamnunman. YuNESKO tashkil etilgandan buyon turli mavzularda doimiy ravishda seminarlar, munozaralar va simpoziumlar o‘tkazib kelmoqda, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar, har xil masalalar bo‘yicha bilim va tajriba almashishga va shu tariqa bir-birini teranroq anglashga yordam beruvchi munosabatlar mazkur anjumanlarda ko‘rib chiqiladigan muammolarga qanday yechim topilishiga bog‘liqdir. Ushbu simpozium juda muhim mavzuga bag‘ishlangan. Bugun Sharq va G‘arb faylasuflari inson tushunchasini muhokama qilish uchun yig‘ildilar. Bu zamonamizning asosiy muammosi ekanini, insoniyatning kelajagi uning qanday hal etilishiga bog‘liqligini kim inkor eta oladi? Shu bois men sizlar bilan shu yerda, faylasuf va mutafakkirlar yurti bo‘lmish ko‘hna zaminda uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman. Hindistondagi boy falsafiy an’analar va yuksak ma’naviyat qaror topgan muhit sizning munozaralaringizga ijobiy ta’sir qilishiga aminman.

 

1

Oxirgi olti ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida, ibtidoiy jamoa davridan boshlab insoniyat juda katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘lda u ko‘plab kutilmagan to‘siqlarni qanday yengib o‘tgani, tabiiy qiyinchiliklar va jondorlarga qarshi qanday kurashgani tarixdan ma’lum. Bu vaqtda ne-ne mashaqqatlarga duch kelganiga qaramay inson tabiatning buyuk sirlarini asta-sekin, izchillik bilan anglab bordi. Tabiat yuzidagi pardalar birin-ketin ko‘tarilmoqda va inson eng yashirin sirlarni ham qunt va matonat bilan egallab borayapti.

Ha, odamzot tabiat sirlarini ochish yo‘lida sobitqadamlik bilan ildamlamoqda, ammo u o‘zligini anglash borasida ham shunday muvaffaqiyatga erishdi deb ayta olamizmi? Olti ming yildan beri haqiqatni izlayotgan inson bugun o‘zini asli qanday bo‘lsa shunday ko‘ra olayapti deyish mumkinmi? Bu boradagi ishlar hali ko‘ngildagidek emas desam, o‘ylaymanki, siz ham fikrimga qo‘shilasiz. Inson yaratgan oyna olamni bor bo‘yicha aks ettira oladi, lekin odamning ichini ko‘rsatolmaydi. Tan olish kerakki, inson hali o‘z tabiati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lolgani yo‘q. Unga o‘z «men»i sirlarini bilishdan ko‘ra olam sirlarini ochish osonroq. Deyarli uch ming yildan beri faylasuflar inson o‘zi kim, qaydan keladi-yu qayga ketadi degan savollarga javob topishga urinadilar. Ammo haligacha bu savollarga aytarli javob topilgani yo‘q. Shunisi aniqki, o‘z «men»ining tabiatini anglamaguncha, o‘zining cheksiz koinotdagi o‘rnini bilib olmaguncha inson ko‘nglidagi kechinmalarga, ijtimoiy, milliy va xalqaro munosabatlarga oid muammolarni hal qila olmaydi.

Oldingizdagi asosiy vazifa ushbu muammoni ko‘rib chiqishdir. Siz bu yerga inson tushunchasi Sharq va G‘arb mutafakkirlari tomonidan qanday talqin qilinganini muhokama qilish uchun yig‘ilgansiz. Ammo avvalo shuni ta’kidlamoqchimanki, biz dunyoni Sharq va G‘arbga ajratarkanmiz, faqat ushbu regionlardagi fikrlash tarzining o‘ziga xosligini nazarda tutamiz. Bu holat ko‘pgina muammolar yuzasidan bizda umumiy platforma va yakdil fikr yo‘qligini bildirmaydi va bildirishi ham mumkin emas. Butun dunyoda inson fikrlash va mantiqning bir xil metodlariga rioya qiladi. Inson ongining xususiyatlari umumiy va bir xildir. Insoniy tuyg‘ular ham o‘xshashdir. «Xo‘roz hamma joyda bir xil qichqiradi» deb bejiz aytishmagan. Shu bois, tabiiyki, odamlar kurrai zaminning qayerida yashamasinlar, ularning o‘zi va dunyo haqidagi qarashlari ko‘pincha mos tushadi. Ularning turmush sir-sinoatlariga munosabati ham o‘xshashdir. Himolay etaklarida mangu qor bilan qoplangan cho‘qqilarga boqib meditatsiya holatiga tushgan hindlar nimani his qilgan bo‘lsalar, Olimp tog‘iga hayrat va ehtirom bilan boqqan greklar ham shu tuyg‘uni boshdan kechirganlar.

Inson ongi o‘xshash bo‘lishiga qaramay turli mintaqalarda yashovchi odamlar bir qator umumiy muammolarga turlicha yondasha boshladilar. Hatto yondashuvda farq kuzatilmagan joylarda ham umumiy muammolar va umumiy yechimlarning har xil jihatlariga urg‘u berish tendentsiyasi yaqqol ko‘zga tashlanar edi. Bir-biriga aynan o‘xshash ikki holat mavjud emas. Shu bois sayyoramizning turli mintaqalarida yashovchi odamlar bir xil muammolarning har xil jihatlariga e’tibor qaratishgani tabiiy hol. Aynan ushbu tafovutlardan kelib chiqib biz milliy yoki mintaqaviy ongning o‘ziga xosliklari haqida gapiramiz. Shu nuqtai nazardan men Sharqni G‘arbdan ajratib turuvchi o‘ziga xos xususiyatlarni tavsiflashga harakat qilaman. Xulosalar shaklan mos kelgan taqdirda ham ular o‘rtasidagi nozik farqlar sezilib turadi desam, menimcha, fikrimga qo‘shilasiz. Bu hol bizga ba’zi xulosalarni sharqona, boshqalarini g‘arbona deb atash imkonini beradi.

Boya aytganimday, Sharq va G‘arb faylasuflarining qarashlarida o‘xshashliklar ko‘p, biroq Hindiston, Gretsiya va Xitoydagi dunyoqarashning har xil jihatlariga beriladigan urg‘udagi tafovutlar qadim zamondan hozirgacha yozilgan kitoblarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hind falsafasi insonning ichki olamiga ko‘proq e’tibor qaratgan. Faylasuflar insonning tabiatini tushunishga intilishgan, shu niyatda ular inson va yashirin haqiqatning aynan o‘xshashligini isbotlashga harakat qilib, insonning sezgisi, fitrati, hatto mantiq doirasidan chiqib ketishgan. Grek faylasuflarini asosan tashqi olam xususiyatlari qiziqtirgan. Ular insonning borliqdagi o‘rnini aniqlashga intilganlar. Shu bois umuman olganda ular tutgan yo‘l hindlar tutgan yo‘ldan ko‘ra osonroq va yengilroqdir. Xitoyda ham faylasuflarni insonning ichki va tashqi olami unchalik qiziqtirmagan. Ularning bor e’tibori insoniy munosabatlarni o‘rganishga qaratilgan. Rakurslardagi bu farqlar falsafaning ushbu mintaqalardagi keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Natijada ularning insonni tushunishida ajib tafovutlar kuzatilmoqda.

Greklarni odam va olam munosabatlari qiziqtirgan. Shu bois azaldan grek falsafasi odamning siyratiga nisbatan amaliga juda katta e’tibor qaratgan. To‘g‘ri, ilk grek mutafakkirlaridan ba’zilari insonni avvalo ma’naviyatga ega maxluq deb hisoblashgan va Aflotungacha shu fikr ustunlik qilgan. Ammo Arastu falsafasi paydo bo‘lishi bilan falsafiy fikrlar yo‘nalishi o‘zgarib, asosiy e’tibor inson siyratidan uning xatti-harakatlariga ko‘chadi. Insonga aqlli hayvon deb qaragan Arastu ta’sirida falsafa pozitivistik xususiyat kasb etdi. Vaqt o‘tishi bilan G‘arb tafakkurida mana shunday pozitivistik, empirik va ilmiy yo‘nalish ustun bo‘lib qoldi. Ushbu qarashga ko‘ra inson aqli bilan boshqa jonzotlardan ajralib turadi va uning sharofati bilan komillikka erishadi. Shunga qaramay u mohiyatan izchillik bilan rivojlanuvchi hayvonligicha qolmoqda. Bu borada hech kim ingliz faylasufi Rayldan o‘tkazib fikr bildirmagan bo‘lsa kerak. Inson asli hayvonligini e’tirof etar ekan, faylasuf «inson hozir shunday bosqichga yetib keldiki, endi u quyiga emas, yuqoriga qarashi kerak» deb ta’kidlaydi. Odam — gavdasini tik tutuvchi yagona jonzot va faqat nigohini yuksakka tikkandagina qaddini tik saqlab qolishga qodir.

Evropa tafakkurining taraqqiyotiga Aflotunning g‘oyaviy kontseptsiyalari va nasroniylik juda kuchli ta’sir ko‘rsatgani shubhasiz. Masalan, o‘rta asrlar sxolastlari ko‘pincha faylasufdan ko‘ra teologga o‘xshab ketishini kuzatamiz. Hatto hozir ham Yevropa falsafiy tafakkurida diniy-idealistik yo‘nalish kuchliroqdir. To‘g‘ri, Yangi davr boshlanishi bilan bu yo‘nalish borgan sari o‘z o‘rnini falsafiy dunyoqarashga bo‘shatib bermoqda, falsafiy dunyoqarash asosida esa ilmiy g‘oyalar yotadi. O‘n yettinchi asrdan ilm-fan shiddat bilan rivojlana boshladi, shu bilan birga insonning tabiat ustidan hukmronligi kuchaydi. Fandagi muvaffaqiyatlar G‘arb tafakkurining ko‘zini yog‘ bosishiga va unda «men har narsaga qodirman» degan qat’iy ishonch paydo bo‘lishiga olib keldi. G‘arb insonga ob’ektlar ichidagi bir ob’ekt deb qarab, inson hayotining barcha sohalarida ilmiy kontseptsiyalar va ilmiy metodlarni qo‘llashga urindi. Vaqt o‘tishi bilan materialistik va ilmiy yo‘nalish G‘arbda keng tarqalgan dunyoqarashga aylandi. Uning ravnaq topishi Darvin inson hayvondan kelib chiqqanini isbotlashga uringan, Marks esa insonning ongi ma’lum darajada uning turish-turmushi bilan belgilanishini ta’kidlagan o‘n to‘qqizinchi va yigirmanchi asrlarga to‘g‘ri keladi.

Inson to‘xtovsiz rivojlanayotgan jonzot degan qarashning ziddi o‘laroq Sharqda biz mutlaqo boshqa inson tushunchasiga duch kelamiz. Qadim zamonlardanoq Sharq mutafakkirlari ma’naviyat insongagina xosligini ta’kidlashgan. Inson qalbini mushohada qilish Hindistonda vedanta falsafasi, arab mamlakatlarida esa so‘fizm paydo bo‘lishiga olib keldi. Ma’naviyatli inson tushunchasi Sharqdagi barcha mamlakatlarda falsafiy tafakkurga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi, G‘arbda ham e’tibordan chetda qolmadi. Ushbu tushunchaga ko‘ra insonning suratigagina qarab ichki dunyosini anglab bo‘lmaydi. Insonga olloh tajallisining samarasi sifatida qarasakkina uning asil tabiatini anglab yetishimiz mumkin. Sharq falsafasida panteizm keng tarqaldi. Hind falsafasining turli yo‘nalishlarida hamma narsaga tangri mavjudligining ifodasi sifatida qaraladi, shunda ham insonga alohida o‘rin beriladi, chunki unda ilohiy mohiyat yorqin namoyon bo‘ladi. «Gitalar»da aytilganidek:

«Bilishdan murod sensan, sen azalu abadsan,
Sen olamda eng yuksak maskan!
Sen Dxarmaning mangu muhofizisan!
Sen o‘lmas Purushasan! — men shunday deb bilurman».

Shunday qilib, so‘fizmda olloh cheksiz ummon bo‘lsa, inson uning bir qatrasi, olloh oftob bo‘lsa, inson bir qatim nur deb tasavvur qilinadi. Insonning nigohini bilimsizlik pardasi to‘sib turar ekan, u o‘zini abadiy borliqdan ayro alohida olam deb hisoblashi mumkin. Qalb ko‘zi ochilganda esa zohiriy tafovutlar yo‘qoladi va inson o‘zining abadiy borliqdagi bir lahza ekanini anglab yetadi.

Sharqda yuzaga kelgan va hozir ham mavjud bo‘lgan inson tushunchasida unga yerdagi barcha maxluqlardan a’lo jonzot sifatidagina emas, o‘z xususiyatlariga ko‘ra ulardan ajralib turuvchi zot sifatida ham qaraladi. Inson tenglar ichra eng yaxshi hisoblanmaydi, u boshqa har qanday jonzotning mohiyatidan ham a’loroq mohiyatga ega. U nafaqat to‘xtovsiz rivojlanayotgan jonzot, balki o‘zida olloh taoloning xususiyatlarini kashf etishga qodir zotdir. Haqiqatan ham uning xislatlari shunchalik yuksak va mukammalki, inson aqliga sig‘dira oladigan bundan yuqoriroq daraja yo‘q.  «Chxandogya-upanishada»da aytilganidek:

«Haqiqat shunday. Atman (ruh) shunday. Sen shundaysan».     

Bu g‘oya arabcha «O‘zini anglagan xudoni ham anglaydi» naqlida ham juda chiroyli ifodalangan.

Keyinchalik rivojlantirilgan ushbu printsip inson dunyodan ayro kimsa emas, ammo butun olamni o‘z ichiga oladi degan fikrni keltirib chiqardi. «Gitalar»da aytilganidek:

«Bugun shu yerda harakatdagi va harakatsiz butun olamga nazar sol, o Gudakesha (Arjuna), nimani ko‘rmoqchi bo‘lsang bari mening vujudimda mujassam».

So‘fiy shoir arabcha she’rida bu haqda shunday degan edi:

«O‘ylaysanki, sen kichkina vujudsan, bilmaysanki, moddiy dunyodan ham kattaroq olamni vujudingga jo etgansan».

Insonga bundan yaxshi ta’rif berib bo‘lmaydi desam, o‘ylaymanki, barchangiz fikrimga qo‘shilasiz. Xudo inson tafakkurining haddi a’losidir. Sharqcha inson tushunchasi odamni hazrati inson deya ulug‘lar ekan, unda komillik, olimlik, qodirlik kabi ollohga xos ko‘pdan-ko‘p xususiyatlarni ko‘rishni istaydi. Shu bois insonda ularga intilishdan boshqa ulug‘ maqsad bo‘lishi mumkin emas. Shu jihati bilan u boshqa barcha jonzotlardan ustundir.

 

2

Shu paytgacha biz inson tushunchasi haqida Sharq va G‘arb falsafasi nuqtai nazaridan kelib chiqib gapirdik. Endi din bu borada nima deyishiga to‘xtalmoqchimiz. Yahudiylar va xristianlarning e’tiqodiga ko‘ra xudo odamni o‘ziga o‘xshatib yaratgan. Bundan inson xudoga xos barcha xususiyatlarga ega degan xulosaga kelish mumkin. Xristianlik pozitsiyasi diniy mistitsizmning yorqin ifodalangan elementida aks etgan.

Islomda ham yuqoridagi dunyoqarash ta’sirini kuzatamiz. Insonni ulug‘lash bobida Qur’on avvalgi muqaddas kitoblardan o‘tib ketdi, unga ko‘ra xudo nafaqat odamni o‘ziga o‘xshatib yaratgan, balki inson xudoning yerdagi xalifasi (o‘rinbosari) hamdir. Qur’oni karimning «Baqara» surasi 30-oyatida Alloh taolo odamning yaratilishi xususida: «Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman», — degani aytiladi (Shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi).

Ko‘pchilik arab faylasuflariga Arastu qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatgani hammaga ma’lum, ammo hatto Arastuni sharhlaganda ham ular inson — xudoning yerdagi xalifasi g‘oyasini dalil qilib keltirishadi. Metafizikaga taalluqli barcha masalalarda Ibn Sino va Ibn Rushd Arastuga ergashadilar, biroq ular islomdan o‘zlashtirgan ma’naviyatli inson tushunchasi ularni inson xudoga xos barcha xususiyatlarga ega ekan, unda bilimda ham, o‘z irodasini namoyon etishda ham u egallaydigan yuksaklikning chegarasi yo‘q deb e’tirof etishga undaydi. G‘azoliy, Roziy, Rog‘ib Isfaxoniy singari musulmon faylasuflari o‘z asarlarida ushbu g‘oyani rivojlantirdilar.

Aytish joizki, vedanta va so‘fizmdagi inson tushunchasi uni ko‘klarga ko‘taradi, shu bilan birga har ikkala falsafa maktabining qayd etishicha, bir tomondan, ular insonning imkoniyatlarini aslo cheklamaydilar, boshqa tomondan esa taqdirning shubhasiz inson irodasidan ustunligini ko‘zda tutadilar. Ularning insonning xudoga munosabati tushunchasida bu paradoksning izohi mavjud. Modomiki, inson olloh tajallisining samarasi ekan, u nima qilmasin pirovardida bu xudoning ishi, nima sodir bo‘lmasin, ollohning irodasi bilan sodir bo‘lgan bo‘lib chiqadi. Bunday pozitsiya «inson bor-yo‘g‘i taqdir qo‘lidagi bir o‘yinchoq» degan fikrni keltirib chiqarishiga bir bahya qoladi.

Yuqorida vedanta va so‘fizm o‘zlarining boshlang‘ich shakllarida insonning bir qator ma’naviy yutuqlarga erishishiga ko‘maklashgani, ayni paytda moddiy turmush borasidagi taraqqiyoti yo‘lida muayyan darajada to‘siq bo‘lgani aytildi. Odam va xudoning o‘xshashligi haqidagi fikr jamiyatni insoniy dardga loqayd qilib qo‘ydi, chunki dard puch, xayoliy bir narsa hisoblanar edi. Sharq jamiyati ko‘pincha ijtimoiy qiyinchiliklarning sabablarini bartaraf etish choralarini ko‘rmagan. Shuning uchun hozirgi mutafakkirlarning ayrimlari vedanta falsafasini bayon qilar ekan, uni fatalizmdan xalos etishga urinishadi.

G‘arbcha inson tushunchasida ham biz shunday holatga duch kelamiz. Materializm falsafasi avvalo hayotga deterministik qarashni joriy etadi. Chunki moddiy dunyoni sababiyat qonuni boshqarar ekan, u inson faoliyatiga ham tatbiq qilinishi kerak. Mazkur g‘oya bixevioristlar nazariyasida yorqin ifodalangan. Biroq g‘arbona tafakkur bunday deterministik tushuncha ta’siriga berilmadi va favqulodda, tengi yo‘q ruhiy quvvatni namoyish qildi.

Bugungi simpoziumning asosiy vazifalaridan biri Sharq va G‘arbning falsafiy va diniy dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ushbu ikki tushunchani uyg‘unlashtirish imkonini topishdir. G‘arbcha taraqqiyot nazariyasi bilan birlashtirilgan sharqcha inson missiyasi tushunchasi insonga fanni suiste’mol qilishidan qo‘rqmay cheksiz olg‘a intilish imkonini bergan bo‘lur edi. Ikkala qarashning birikuvi inson va xudoning o‘xshashligi haqidagi sharqona tushunchadan kelib chiquvchi fatalizmdan ham xalos bo‘lishga yordam beradi. Sharqcha inson missiyasi tushunchasi nafaqat G‘arb ilm-fani taraqqiyoti bilan uyg‘unlasha oladi, balki uning sabablarini ham butkul tushunarli qilib izohlab bera oladi. Agar inson chindan ham yuqori darajada rivojlangan hayvon bo‘lganida uning kamolotining chegarasi bo‘lar edi. Xudo cheksiz bo‘lgani kabi u ham cheksiz bo‘lsa, uning bilimining ham chegarasi mavjud emas. Ilm-fan shu tariqa insonni qiynayotgan masalalarni birin-ketin hal qilib zafarli odimini davom ettiraveradi.

Insoniyat kelajagi uchun sharqcha va g‘arbcha inson tushunchasi sintezi nima uchun bu qadar muhimligining bundan ham kattaroq sababi bor. Ilm-fan o‘z-o‘zidan xolisdir. Ilmiy kashfiyotdan tuzatish uchun ham, o‘ldirish uchun ham foydalanish mumkin. Ilm yer yuzini jannatga aylantirishga xizmat qiladimi yo butun dunyoning kuyib kul bo‘lishigami, bu uni egallagan kishining aql-idroki va fikrlash tarziga bog‘liq. Agar insonga faqat tadrijiy rivojlanuvchi hayvon sifatida qarasak, unda hech nima unga fandan hayvoniy nafs va ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanishiga to‘sqinlik qilolmaydi. Agar insonga olloh tajallisining samarasi sifatida yondashsak, u egallagan ilm yer yuzida tinchlik va totuvlikka erishilishiga va hamma odamlarning ezgu orzu-niyatlari ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi.

 

3

Men sharqcha va g‘arbcha inson tushunchasi ma’lum darajada bir-birini to‘ldirishini ko‘rsatishga harakat qildim. Birida insonning azizu-mukarramligi ta’kidlansa, boshqasida inson erishgan va o‘z kuchi bilan erishishga qodir bo‘lgan taraqqiyotga alohida ahamiyat beriladi. Birida inson tabiatining ma’naviy asosiga e’tibor qaratilsa, ikkinchisi ma’naviy ustunlik moddiy asosga ham tayanishini qayd etadi. O‘rtada arzimas tafovutlar mavjudligiga qaramay g‘arbcha va sharqcha inson tushunchasi murosa yo‘lini topa olishsa, ushbu ikki mintaqa ta’lim sistemalari jahon miqyosidagi yaxlit ta’lim sistemasiga aylanishiga xalaqit beruvchi hech bir sabab qolmaydi.

Sharqda ham, G‘arbda ham keng tarqalgan ta’lim sistemalarining o‘z paradokslari mavjud. Sharqda shaxsiy najot tushunchasiga juda katta e’tibor qaratiladi. Inson o‘zini qutqarish uchun ilmga intiladi. Shaxsiy najot muammosini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi Sharq tafakkuri ijtimoiy farovonlik va taraqqiyotga har doim ham yetarlicha e’tibor qaratmagan. G‘arbda esa aksincha, ijtimoiy taraqqiyot masalalariga ustuvor ahamiyat berilgan. Haqiqatda esa ijtimoiy farovonlikka bunday katta e’tibor qaratilishi ba’zan inson qadr-qimmati kamsitiladigan totalitar jamiyatlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Ilm-fan rivojlanishi tufayli Sharq va G‘arb yaqinlashgan bugungi kunda shaxsga, jamiyatga nisbatan g‘arazli munosabatga barham berilib, ikkovining ham muhimligi e’tirof etilishi va har ikkalasiga yetarlicha e’tibor qaratiladigan ta’lim sistemasi yaratilishi kerak.

Shu tariqa ta’limning bugungi kunimizdagi ahamiyati ayon bo‘ladi. Tajribaning ko‘rsatishicha, ta’lim insonni, u orqali esa jamiyatni o‘zgartirishga qodirdir. Kishi shaxsga aylanmagan joyda jamiyat mukammal bo‘la olmaydi. Shu bois hozirgi zamonda ta’lim komil insonni tarbiyalashga xizmat qilishi, sharqcha va g‘arbcha inson tushunchalari esa bu jarayonga o‘z ulushlarini qo‘shishlari lozim.

Xulosaga o‘tishdan oldin e’tiboringizni yana bir muammoga qaratmoqchiman. Ko‘pincha «ta’lim nima: maqsadmi yo vosita?» degan savol tug‘iladi. Menimcha, umuman olganda, ta’limga vosita sifatida qarash G‘arbga xosdir, Sharq esa uni maqsad deb hisoblaydi. Rostdan ham ta’limga vosita sifatida qarasak, uning maqsadi nima degan savol kelib chiqishi tabiiy. G‘arb ko‘pincha ijtimoiy farovonlikka erishishni maqsad qilgan, biroq ijtimoiy farovonlikni turlicha talqin qilish mumkin. Har qanday holatda ham ta’limga vosita sifatida qarash bilishning ahamiyati ozgina kamayishiga olib keladi. Menimcha, sharqcha inson tushunchasi ta’limning asil mohiyatini aniqroq aks ettiradi. Unga asosiy maqsad sifatida qarab biz bilim asosiy qadriyatlardan biri hisoblanishini e’tirof etamiz. G‘arb faylasuflaridan birortasi bilimning muhimligini inkor qilmasa kerak, ammo ta’limga maqsad sifatida qaralmas ekan, bilimning ahamiyatini anlab yetib bo‘lmaydi. Buning ustiga ta’limning maqsad ekanini tan olishning o‘zi insonning maqomini oshiradi. Shundan kelib chiqib men ham ta’limga moddiy farovonlikka erishish vositasidan ko‘ra ko‘proq maqsad sifatida yondashish kerak deb o‘ylayman.

 

4

Xulosa qilib aytish mumkinki, sharqcha inson tushunchasiga muvofiq inson olloh tajallisining samarasi sifatida xudoga xos barcha xususiyatlarga ega, shu bois barcha yaratiqlar ustidan hukmronlik qilishga qodirdir. G‘arbcha inson tushunchasiga muvofiq inson hayvon, hayvon bo‘lganda ham moddiy olamda cheksiz taraqqiyotga erishishga qodir hayvon hisoblanadi. Uning ilmiy yutuqlari uning boshqa yaratiqlardan ustunligining yaqqol tasdig‘idir, bu yutuqlar unga osmon, dengiz va yerga hokimlik qilish imkonini beradi. Shu tariqa biz G‘arb inson haqidagi sharqcha nazariyani tajriba yo‘li bilan tasdiqladi deyishimiz mumkin. Ammo G‘arb nazariyasi insonning ma’naviy asosiga yetarli e’tibor qaratmagani sababli uning ilm-fan sohasidagi yutuqlari insoniyat hayoti uchun tahdid manbaiga aylanib qoldi. Shu bois G‘arb ilm-fanining yutuqlari inson va xudoning ma’naviy birligi haqidagi sharqona g‘oya bilan birlashtirilsa ilm-fan vayronagarchilik quroliga emas, insoniyatning totuvligi, taraqqiyoti va farovonligiga erishish vositasiga aylangan bo‘lur edi.

Sharq va G‘arb faylasuflarining ushbu simpoziumi ma’naviyatli inson tushunchasi bilan moddiy olamda cheksiz taraqqiyotga erishishga qodir inson tushunchasini uyg‘unlashtirishga, shu tariqa yer yuzida jannat barpo bo‘lishiga yordam beradi deb umid qilaman.

Hasan Karvonli tarjimasi