Qirg‘iz masallari

TUYa

Tuya avval juda chiroyli ko‘rinishda bo‘lgan. Uning tarvaqaylagan shoxi va qalin junli dumi bor ekan. Bir kuni u chanqog‘ini qondirish uchun daryo oldiga kelibdi. Suv ichgan sayin o‘ziga mahliyo bo‘larmish. Shu choq uning yoniga yugurib kelgan kiyik:
– Marhamatli tuya, men bugun mehmonga bormoqchi edim. Shoxingizni bir kechaga berib turing, – debdi.
Tuya unga shoxini berib yuboribdi.
Shu davrlarda ot dumsiz bo‘lgan ekan. Shu­ning uchun u ham tuyani oldiga kelib, uzun va yaltirab turgan dumini bir kunga berib turishini iltimos qilibdi. Tuya dumini ham beribdi.
Oradan ko‘p yillar o‘tib ketdi. Shu paytgacha tuyaning shoxi va dumini olganlar qaytarib be­rishmabdi. Bu haqda kiyikka eslatgan ekan, u:
– Qachon duming o‘sib yerga tegsa, shoxingni qaytarib beraman, – debdi.
Ot ham unga shunday javob qaytaribdi:
– Dumingni shoxing o‘sib chiqqan kuni olasan.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, tuya daryoga suv ichkani borsa, atrofga tez-tez alanglab qarar, o‘zidan qarzi borlarni kutib yasharkan.

BO‘RI TAShLANGAN TOG‘

Qachonlardir Tarbaq ata tog‘larining o‘ngirlarida haybatli bir ayol echkilarini boqib, junidan kiyim-kechaklar to‘qib kun kechirgan ekan. U ko‘pincha baland Tarbaq ata tog‘ida yastanib o‘tirgan chog‘ida uning ikki oyog‘i kichik Tarbaq ata tog‘ining ustida turarkan.
Kunlarning birida uning podasiga bo‘ri hujum qilibdi. Buni ko‘rgan ayol bo‘ri tomonga jun yigirayotgan urchug‘ini uloq­tiribdi. Urchug‘ Sari Dalaga borib tushib, u yerda abadiy qolib ketibdi. Shundanmi, shimoliy Tarbaq ata va janubiy Qalbin tog‘lari o‘rtasidagi tekislik – Sariq Dala hamda ular o‘rtasida o‘sib chiqqan tog‘ «Bo‘riga tashlangan» deb ataladigan bo‘pti.

ILI va QORATOL

Balxash sehrgarining Ili ismli go‘zal qizi bo‘lib, uning dovrug‘i butun cho‘l-biyobonga yoyilgan ekan. Unga uylanish istagida bo‘lgan barcha badavlat boylaru xonlarning sa’y-harakati behuda ketibdi. Qizning husn– tarovati oldida ular hech kim emas ekan.
Shunda Balxash kuyovlikka da’vogarlar uchun musobaqa uyushtirishga qaror qilibdi: – Kim aqlli, chaqqon va kuchli bo‘lsa, o‘sha Iliga uylanadi.
Bu haqida Qoratol ham eshitibdi. Yigit juda faqir bo‘lsada, ikkita uchqur va abjir, kuchli va qo‘rqmas oti bor ekan. Qoratol ham o‘z baxtini sinab ko‘rish uchun sehrgar saroyiga yo‘l olibdi.
Balxash esa bu kambag‘al yigit bilan gaplashishni ham istamabdi. Ili bo‘lsa yigitni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolibdi va otasidan unga musobaqalarda qatnashishga ruxsat be­rishini so‘rabdi.
Qoratol boyvachchalar va xonlar ishtirok etgan kurash va poygada qatnashib, g‘olib bo‘libdi. Ammo Balxash o‘z va’dasida turmabdi. Bechorahol yigitni kuyov qilishga or qilibdi.
Go‘zallikda tengi yo‘q qiz kun bo‘yi yig‘labdi. Kechasi esa uning odiga Qoratol kelib, o‘z taklifini aytibdi:
– Agar meni sevsang, qochishimiz kerak!
Ili bu taklifni jon deb qabul qilibdi. Ular shu kechadayoq Qoratolning uchqur otiga mingashib uzoq yerlarga ketishibdi.
Qizini qochib ketganidan xabar topgan Balxash g‘azab bilan cho‘l momoguldiragidan ham kuchli va dag‘dag‘ali ovozda ularning bu yo‘ldan qaytishini talab qilibdi. Ili bilan Qoratol esa ortga qaytishni istashmabdi. Ular Qoratol yashaydigan ovul tomon yo‘l olishibdi. Shunda sehrgar cho‘lga chiqib qochoqlar otining oyoq­lari ostida ulkan ko‘lga aylanibdi. Bu ko‘l shu davrlardan boshlab Balxash deya ataladi. Ili bilan Qatortolni esa sehrgar shu ko‘lning turli tomoniga shovullab quyiladigan daryolarga aylantirib qo‘yibdi. Ular bir necha asrdirki behuda bo‘lsada, bir-birlariga yetishish istagida entikib,to‘lqinlanib oqib yotibdi.

KEKSA KUYChI

Uzoq o‘tmishda bir xon yashagan ekan. Uni­ng ov qilishni yaxshi ko‘radigan yakka-yolg‘iz o‘g‘li bor ekan. Kunlarning birida bola kulonlar o‘tlab yuradigan ko‘l yoniga kelibdi. Ovchi kamonidan uzilgan o‘q kulonlar­ning biriga tegibdi. Bundan talvasaga tushgan boshqa kulonlar podasi qochayotib, ovchi bolani oyoqlari ostida toptab tashlabdi.
Xon farzandi ovdan qaytmagani uchun xavotir ola boshlabdi. U o‘g‘lini izlab topishga buyruq berib: «Agar kim o‘g‘limni o‘lgani haqida xabar keltirib, ko‘nglimni tinchitmoqchi bo‘lsa, men uning quloqlariga qaynatilgan qo‘rg‘oshin quyaman», – deya ogohlantiribdi.
Bunday shum xabarni xonga yetkazishga hech kimning haddi sig‘mabdi. Faqat keksa kuychi Ko‘r Bo‘g‘agina do‘mbirasi bilan qo‘shiq aytib, bu holni bayon qilishga jazm qilibdi.
Dono chol xon huzuriga kelib kuylay boshlabdi: «Yarador kulon toqqa qochib ketdi. Ovda o‘g‘ling Jo‘chixonni kuni bitdi..».
Xon bu xabarni eshitib keksa kuychiga o‘shqirdi: «Ovozini o‘chir do‘mbirangni! Eshi­tishni istamayman qo‘shig‘ingni! Qulog‘ingga qo‘rg‘oshin quyaman!»
Keksa Ko‘r Bo‘g‘a bu gapga ham javob topdi: «Agar bu ishni adolat yuzasidan qilmoqchi bo‘lsang, unda qo‘rg‘oshinni do‘mbiramga quy! Agar qaysarlik otiga mingan bo‘lsang – qulog‘imga».
Xon do‘mbirada o‘yiq hosil qilib, unga qaynab turgan qo‘rg‘oshinni ag‘daribdi.
O‘sha voqea sababmi, shundan buyon do‘mbiraning bag‘rini o‘yishadi.

QOPLON POLVON va IKKI QOP

Qoplon polvon shunday kuch-qudratga ega bo‘lganki, hatto bo‘rilarni ham xuddi mushukdek devordan nariga irg‘itib yuboraverarkan. Aytishlaricha, u yana bizning o‘lkalarda paydo bo‘libdi. Bir kuni polvon uzoq tomonlarga ko‘chib ketayotib qabriston yonida o‘tirgan bir ayolni ko‘rib qolibdi. Uning oyog‘i oldida og‘zi mahkam bog‘langan ikkita qop ham turgan emish. Bittasi kichik, ikkinchisi undan uch barmoq kattaroq, uch barmoq balandroq ekan. Qoplonning horib turgan ayolga rahmi kelib, otini to‘xtatibdi:
– Xohlasang, mindirib ketay! Qoplarni esa egarga o‘ngarib olamiz.
– U otidan sakrab tushib ikki barmog‘i bilan kichikroq qopni ko‘taribdi. Qop xuddi yerdan o‘sib chiqqandek, joyidan sira qo‘zg‘almabdi. U uch barmog‘ini ishga solgan ekan, sal siljibdi. Bir qo‘li bilan ko‘targan chog‘ida qop yerdan ozgina uzilibdi. Ikkinchi qopni esa ikkala qo‘li bilan zo‘rg‘a ko‘taribdiyu, qattiq zo‘riqishdan tizzasigacha yerga botib ketibdi. Shunda u peshonasidan oqayotgan terni artib:
– Mana buni qop desa bo‘ladi! Bularning oldida temir parday yengil. Qopingda nima bor o‘zi? – debdi.
– Non! – javob beribdi ayol. Birinchisida o‘tgan yilgi hosil. Ikkinchisida shu yilgisi.
– Ikkinchi qop juda og‘ir ekan.
– Hosil mo‘l bo‘ldi.
– Yil yaxshi kelgandirda?
– Suv ko‘p keldi, – deya ayol o‘ng tomoniga ishora qilibdi. Qoplon polvon o‘zaniga sig‘may oqayotgan keng daryoni ko‘rib ko‘zlariga ishonmabdi: «Sarisuv bu yoqqa burilib oqayotgan ekanda!». Biroq uning oldidan Sarisuv daryosi emas, botirlar tomonidan qazilgan yangi kanal suvi oqayotgani keksa Qoplonning xayoliga ham kelmabdi.

ISSIQKO‘L

Qadim zamonlarda bu yerlarda tevaragi tog‘lar bilan o‘ralgan boy-badavlat shaharlar bo‘lgan. Aholi ichimlik suvini yerosti suv havzalaridan olishar, ularning kaliti tarki dunyo qilgan kishida saqlanar ekan. Kimga qachon kalit kerak bo‘lsa, undan olishib, suvni berkitib turgan qopqoqni ochishar va suv olgach kalitni yana unga qaytarib berishar ekan.
Bir safar kalitni qiz bola olibdi. U sevgilisi bilan suv havzasi yonida uchrashish niya­tida ekan. Tasodifan u kalitni suvga tushirib yuboribdi va qo‘rqqanidan qochib qolibdi. Suv esa otilib chiqaveribdi, chiqaveribdi. Butun shaharni suv bosib, uning o‘rnida katta ko‘l paydo bo‘libdi. Ko‘lning tubida qolgan shaharlar hozir ham ko‘rinib turadi.

Toshpo‘lat Tugalov tayyorladi.

«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 11-12-son