Zardushtiylik dinining asoschisi Zardusht (Zaratushtra) qachon yashaganligi aniq ma’lum emas. Odatda, eramizdan avvalgi 9 va 6 asrlar o‘rtasida yashagan, deb hisoblashadi. Zardushtiylar, ma’bud Ahura Mazda Zardushtga Gotlar deb atalgan hamda 17 madhiyada bayon etilgan vahiy yuborgan, deb ishonadilar. Gotlar zardushtiylikning muqaddas kitoblari to‘plami — Avestoga kiritilgan.
Zardushtiylarning marosimlarida olov asosiy o‘rin tutgan. Olovga bag‘ishlab ibodatxonalar qurilgan. U yerda otashkadalar bo‘lib, ularda doimo muqaddas olov yonib turgan. Uning alangasi ba’zan 2 metrgacha ko‘tarilgan. Olov xudoni o‘zida mujassamlantirgan. Ibodatxonalarda olovdan boshqa hech narsa bo‘lmagan.