Koinotda shunday yulduzlar borki va ular bizdan shu qadar olisda joylashganki, ulargacha bo‘lgan masofani aniqlashning ham, ularni sanab sanog‘iga yetishning ham imkoni yo‘q. Eng yaqin yulduz Yerdan qanchalik uzoqda joylashgan?
Erdan Quyoshgacha bo‘lgan masofa 150 000 000 kilometrdir. Yorug‘lik sekundiga 300 000 kilometr tezlik bilan harakatlanishini hisobga olsak, u Quyosh bilan Yer o‘rtasidagi masofani bosib o‘tishi uchun 8 minut kerak bo‘ladi.
Bizga eng yaqin yulduzlar Sentavr Proksimasi va Sentavr Alfasidir. Ular bilan Yer o‘rtasidagi masofa Yer bilan Quyosh o‘rtasidagi masofadan 270 000 marta uzundir, ya’ni Yerdan bu yulduzlargacha bo‘lgan masofa 150 000 000 kilometrlik masofadan 270 000 marta uzundir!
Yulduzlargacha bo‘lgan masofa nihoyatda olis bo‘lgani tufayli uni o‘lchash uchun maxsus birlik ishlab chiqishga to‘g‘ri kelgan. Bu birlik yorug‘lik yili deb ataladi. Bu yorug‘lik bir yilda bosib o‘tadigan masofaga tengdir, ya’ni taxminan 10 trillion kilometrni (10 000 000 000 000 km) tashkil etadi. Eng yaqin yulduzgacha bo‘lgan masofa bu ko‘rsatkichdan 4,5 marta ko‘pdir.
Osmondagi yulduzlardan 6000 tasini oddiy ko‘z bilan, teleskop yordamisiz kuzatish mumkin.