Shved vikinglari ko‘proq o‘z vatanlaridan janubga tomon suzishgan. Dastlab ular Boltiq dengizida teri, qullar, yog‘och, hamda asal bilan savdo-sotiq qilishgan. Keyinchalik esa katta daryolar orqali tobora yuqoriga suzib borishgan.
Ko‘plab vikinglar Novgorod yoki Pskov kabi shaharlarda o‘troq bo‘lib qolib ketganlar. U yerlarda vikinglarni «rus» deb atashardi. Aynan ana shu vikinglar butun boshli Rusiya davlatiga, keyinchalik esa Rossiyaga nom berdilar. Ular o‘z kemalarini janubga oquvchi daryolarga maxsus usullarda ko‘tarib kelib tushirishar va bu daryolar orqali Qora dengizga va Kaspiy dengiziga chiqib o‘z yo‘llarida goh savdo qilib, goh bosqinchilik qilib yurishardi.
Ammo ularga boshqa hunarlar ham nasib qilgan edi. Ularning jangovar mahorati to‘g‘risidagi shov-shuvlar Vizantiya imperiyasiga ham, islom dunyosiga ham yaxshi ma’lum bo‘lganidan mazkur mamlakatlar ularni harbiy sohalarga yollar edilar. Konstantinopolda imperatorni faqat vikinglardan tarkib topgan varyaglar gvardiyasi qo‘riqlar edi. Talonchilik bo‘ladimi, savdo-sotiq ishlarimi yoki urushmi, bundan qat’i nazar vikinglar o‘z imkoniyatlarini hech qachon boy bermasdilar.
1066 yilda Angliyaning zabt etilishi vikinglarning Yevropadagi eng so‘nggi ulug‘ zafari edi. Gertsog Vilgelm rahnamoligidagi Shimoliy Frantsiyada (Normandiyada) o‘troq bo‘lib qolgan normandiyali vikinglar lashkari Angliyaga bosib kirdi va uni zabt qildi. Normandlarning tili, urf-odatlari, davlatni boshqarishdagi tasavvurlari tez orada mahalliy an’analar bilan kirishib, Angliyaning o‘rta asrlar tsivilizatsiyasiga asos yaratdi.