Torf — ko‘mir emas. Uni ko‘mir olish jarayonining bosqichi deb atash mumkin.
Ko‘mir millionlab yil burun botqoqzor chakalaklarda, issiq, zax mintaqalarda o‘sgan qadimiy daraxt va o‘simliklarning qoldig‘idir. Bu daraxt va o‘simliklar davr o‘zgarishi bilan botqoqzor suvlari ichida qolib ketgan. Daraxt yog‘ochlari chirishi jarayonida bakteriyalar ajratib chiqargan gazlar uchib ketadi va qop-qora aralashma paydo bo‘ladi, uning asosiy qismini uglerod tashkil etadi. Vaqt o‘tishi bilan xas-cho‘p va qum bosimi ostida aralashma suyuqligi quriy boradi, yelimshak massa qattiqlashib, ko‘mirga aylanadi.
Bu jarayon ming yil ichida bo‘lib o‘tadi. Ko‘mir paydo bo‘lishi jarayoni bosqichlarini hozirgi kunda ham kuzatish mumkin. Mavjud botqoqliklarda torf hosil bo‘ladi.
Botqoqliklardagi o‘simliklar chirishi jarayonida juda ko‘p miqdorda uglerod ajratadi. Bu jarayon bir necha yil davom etgach, shox-shabba va barglarning jigarrang aralashma massasi hosil bo‘ladi. Ana shu torfdir. Agar o‘sha botqoqlikdan suv haydab chiqarilsa, torfni bo‘laklash va yoyib quritib, so‘ngra yoqish mumkin.
Quritish zaruriy hol, chunki torfning to‘rtdan uch qismi suvdan tarkib topgan. Torf ko‘p, ammo ko‘mir qimmat bo‘lgan Irlandiyada fermerlarning yarmidan ko‘pi yoqilg‘i sifatida torfdan foydalanishadi.
Ko‘mirning qolgan turi torfning hosila qismidir. Agar torf paydo bo‘lgan joyida qoldirilsa, u bora-bora lignit (past navli qo‘ng‘ir toshko‘mir) yoki qoramtir toshko‘mirga aylanadi. U torfdan ko‘ra ancha qattiq, ammo yumshoq bo‘lganidan uzoq masofalarga tashish payti uvalanib ketadi.
Ko‘mirning yana bir turi bitumli (uglevodoroddan iborat smolali moddalarning umumiy nomi) yoki yumshoq ko‘mirdir. U ming yil ichida, kimyoviy o‘zgarishlar oqibati o‘laroq lignitdan yerda hosil bo‘ladi. Bu ko‘mir oilasining eng muhim a’zosidir. U oson yonadi va ko‘p miqdorda uchraydi.
Agar bitumli ko‘mir yerda o‘rnashgan bo‘lsa va yetarlicha bosim berilsa, u asta-sekin qattiq ko‘mirga yoki antratsit (toshko‘mirning eng yaxshi navi)ga aylanadi. U tutun chiqarmaydi va bitumli ko‘mirdan ko‘ra uzoq yonadi.