Suqrot chindan ham donishmand odam ideali hisoblanadi. Lekin Suqrotning o‘zi, chinakam donishmandlik o‘zining sariqchaqaga arzimasligini anglashdadir, deb uqtirgandi.
U Yunonistonda, Afinada taxminan eramizdan avvalgi 470-yillarda tug‘ilgan. Uning bolaligi va ota-onasi to‘g‘risida ma’lumot juda kam. U o‘zidan keyin hech qanday asar qoldirmagan. Biroq uning shogirdi, qadimgi yunon faylasufi Aflotun Suqrot ta’limoti va g‘oyalarini ustozi hayotidan olingan lavhalar bilan uyg‘unlashtirib, muloqot shaklida bayon qilib bergan.
Aflotun ta’kidlashicha, Suqrot butun vaqtini Afina bozorlarida, o‘z so‘zlarini tinglashga rozi bo‘lgan har qanday odam bilan gaplashib o‘tkazardi. U, ayniqsa, biron-bir masalada o‘zining qat’iy fikriga ega bo‘lganlar bilan suhbatlashishni yoqtirardi. Suqrot bunday odamlarga yo‘l-yo‘lakay savollar berib, ularni gaplashishga majbur qilar, so‘ng esa ular bu qadar ishonch bilan fikr yuritayotgan masalada johil ekanliklarini ko‘rsatib berardi. Shu bois savollar berish orqali bahs olib borish — uslubi Suqrot uslubi, degan nom oldi. Uning asosiy hayotiy qoidasi «O‘z-o‘zingni anglab yet» qoidasi bo‘lgan.
Afinaliklar o‘zlarining olam to‘g‘risidagi asosiy g‘oyalarini Suqrot rad etganligi tufayli uni yoqtirishmasdi. Ular Suqrotga u xudolarga, haqiqatga va adolatga ishonmasligini aytishardi.
Eramizdan avvalgi 399 yilda dushmanlar uni Afina yoshlarini buzishda hamda diniy majburiyatlarini mensimaslikda ayblab, sudga chaqiradilar. Bunday ayblovlarga hech kim ishonmasdi. Buni Suqrot ham yaxshi bilardi. Uning sudda o‘zini himoya qilib so‘zlagan, keyinchalik Aflotun tomonidan yozib olingan nutqi mardona, hazil va istehzoga boy edi. U o‘ziga o‘lim jazosini tayinlashlarini bilgani holda, o‘zini haqiqatni topishga bag‘ishlab, avvalgidek yashayverishi darkorligini bayon etadi.
Suqrot o‘zining so‘nggi kunini ham do‘stlari bilan jonning abadiyligi to‘g‘risidagi masalani muhokama qilgan holda hibsda o‘tkazdi. U o‘ziga berilgan, og‘u solingan idishni dadil qo‘lga olib, aslo ikkilanmay, sipqarib yuboradi. Do‘stlari ko‘z yosh qilishadi, ammo Suqrot ulardan sukut saqlashni iltimos qiladi hamda mamnun — lablarida tabassum bilan jon taslim qiladi.