Shudring nima?

Siz shudring tabiatning tushuntirish oson bo‘lgan hodisasi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak. Ajablanarlisi shundaki, odamlar shudring nima ekanini uzoq vaqt anglay olishmagan. Bu haqda juda ko‘p kitoblar yozilgan.

Aristotel — Arastu zamonidan to XVIII asrgacha odamlar shudring ham yomg‘ir singari yog‘adi, deb o‘ylashgan. Ammo shudring yog‘maydi. O‘simlik yaproqlaridagi biz shudring deb o‘ylaydigan narsa, umuman, shudring emas. Demak, hatto, biz ham bu masalada yanglishar ekanmiz.

Shudring nima ekanini anglash uchun biz o‘zimizni o‘rab turgan havo haqida ham ayrim narsalarni bilib olishimizga to‘g‘ri keladi. Havoda hamisha ma’lum miqdorda namlik bor. Issiq havo namligi sovuq havonikiga nisbatan yuqoridir. Havo sovuq yuzaga tekkanida, uning bir qismi kondensatsiyalanadi va undagi namlik o‘sha yuzada qoladi. Bu shudringdir.

Bunday salqin yuza temperaturasi shudring hosil bo‘ladigan ma’lum ko‘rsatkichdan past bo‘lishi kerak. Bu ko‘rsatkich «shudring nuqtasi» deb ataladi. Masalan, biror stakan yoki metall idishga suv quyilgani bilan uning sirtida shudring hosil bo‘lavermaydi. Agar o‘sha suvga muz solingan taqdirda ham idishning yuzasi ma’lum bir temperaturaga qadar sovimaguncha, shudring hosil bo‘lmaydi.

Shudring tabiatda ham hosil bo‘lishi mumkinmi? Buning uchun sovuq yuzaga tegadigan iliq nam havo zarur. Shudring issiqlikni uzoq saqlaydigan yerda yoki so‘qmoqlarda hosil bo‘lmaydi. Shu bilan birgalikda, u sovigan o‘t-o‘lan yoki o‘simliklarda hosil bo‘ladi.

Unda nega biz o‘simliklarda shudring paydo bo‘lmaydi, deb aytdik? Chunki biz tong chog‘i o‘simliklarda kuzatadigan namlikning ma’lum bir qismigina shudringdir. Namlikning asosiy qismini (ba’zida butunlay) o‘simlikning o‘zi chiqaradi. Bu namlik yaproqlarning g‘ovak joylaridan chiqadi. Bu o‘simliklarning o‘z yaproqlarini yer suvi bilan ta’minlash borasidagi irrigatsiya jarayonining davomidir. Bu jarayon kunduzi o‘simliklarning yuqori qismi — yaproqlarini Quyosh jaziramasidan himoya qilish maqsadida boshlanadi va kechasi ham davom etadi.

Er sharining ayrim mintaqalarida shu darajada ko‘p shudring tushadiki, u mollarni sug‘orish uchun maxsus rezervuarlarga yig‘iladi.