Deyarli hamma bu insonning nomini eshitgan, ammo nazarimizda u haqda aksariyat kishilar, ko‘p narsani bilmasa kerak. Yelizaveta 1 zamonasida juda ko‘p ulug‘ insonlar yashab o‘tishgan, biroq Reley ular orasida eng iste’dodga boy va betakrori bo‘lgan deyish mumkin. Zero u askar, dengizchi, saroy a’yoni, shoir, mustamlakachi, tarixchi va olim nomlarining hammasiga sazovor bo‘lgan odamdir.
Reley taxminan 1554 yilda Angliyaning Devonshir degan joyida tavallud topgan. O‘spirinligidayoq Frantsiyadan keyinchalik esa Irlandiyadagi urushlarda ishtirok etgan. U qirolicha Yelizaveta Tyudorning nazariga tushib ritsar unvonini oladi va hukumat mahkamasida turli lavozimlarda xizmat qiladi.
Keyinchalik Reley qirolicha tomonidan unga tayinlangan pullarni xarjlashning o‘ziga xos yo‘lini o‘ylab topdi. U o‘z pullarini Amerikada yangi aholi gyaaskanlarini barpo etishga sarfladi. 1585 yilda Reley ilk koloniyalarni tashkil etish uchun birinchi guruhni bir yil muddat bilan Amerikaga yo‘lladi, bu guruh tarkibida 100 kishi bo‘lib, ular Shimoliy Karolinaning sohillarida joylashgan Roupok orolida yashashardi. Bu yangi olamda o‘z qismatini sinashi lozim bo‘lgan birinchi ingliz koloniyasi edi. Keyinchalik tashkil etilgan barcha koloniyalar aynan ana shu koloniyadan kelib chiqqandi. Amerikalik hindular, Amerikaning geografik tuzilishi, o‘simliklar va hayvonot dunyosi to‘g‘risidagi ilk ma’lumotlar uchun ham biz Releyga tahsin aytishimiz lozim. Aynan uning sa’y-harakatlari tufayli bizda bular haqida tasavvur shakllangandir. 1587 yilda u ikkinchi bor Amerikaga ekspeditsiya jo‘natadi va bu ekspeditsiya a’zolarining barchasi o‘rmonlar bag‘rida bedarak yo‘qoladilar.
Reley o‘z zamonasining ko‘plab shoir va yozuvchilarini shaxsan tanirdi, uning o‘zi ham o‘z asrining eng ilg‘or shoirlaridan biri edi. 1595 yilda u oltin konlarini topish maqsadida o‘zining ilk sayohatini uyushtirdi. Bu sayohat Janubiy Amerikaning Gviana degan hududiga bo‘lgan edi.
Qirol Jeyms 1 taxtga o‘tirgach, u Releyni o‘ziga suiqasd uyushtirishga aloqador fitnaga ishtirokchi deb, o‘limga hukm qildi.
Garchi o‘lim jazosi bekor qilingan bo‘lsada, Reley o‘z umrining qolgan asosiy qismini Londondagi Tauer qamoqxonasida o‘tkazdi.
Reley qamoqxonada o‘zining buyuk asari «Dunyo tarixi» kitobini yaratdi va turli kimyoviy tajribalar o‘tkazdi. 1616 yilda u qamoqdan ozod etildi va yana Gvianaga qarab suzdi. Oltin konlarini topolmagach, u ispanlar bilan jang qilib mag‘lubiyatga uchradi, keyin Angliyaga qaytib keldi va shu yerda 1618 yilda qatl qilindi.
Reley yangi olam deb nom olgan Amerikadan ilk bor Irlandiyaga kartoshkani olib keldi, shuningdek, u Yevropada tamaki chekishning keng ommalashishiga ham sababchi bo‘ldi.