Rozett toshi qanday tosh?

Ma’lumki, qadimgi Misr barcha davrlar va xalqlarning eng yuksak tsivilizatsiyalaridan edi. Odamlar ko‘p vaqtdan buyon qadimgi Misr obidalari, imoratlarini, shuningdek, turli-tuman xazinalarini qazish ishlarini olib bormoqdalar. Binolardan va boshqa buyumlardan noma’lum yozuvlarni topganlar, biroq ularni hech kim o‘qiy olmagan. Go‘yo bu sirning tagiga yetib bo‘lmaydigandek edi.

Qadimgi yunonlar bu bitiklarni Misr kohinlari diniy maqsadlarda yaratganlar, deb ishonishar, shu bois ularni iyerogliflar, deb atashgandi. Bu so‘z tarjima qilinganda, «muqaddas belgilar», degan ma’noni anglatardi. Bitiklarning bunday turlari iyerogliflar sifatida mashhur bo‘lib ketdi.

Yunonlardan so‘ng, to 17 asrga qadar bu bitiklarni o‘qishga jiddiy kirishilmaydi. 17 asrda ko‘plab olimlar ushbu muammo bilan shug‘ullanishga kirishdilar, biroq biron-bir natijaga erishmadilar. Keyinchalik, 1799 yili buyuk kashfiyot amalga oshirildi: Nil daryosi quyilishida bir qora bazalt taxta topildi. Bu taxta u yerda yuzlab yillar yotgan edi. Rozett shahri yaqinida topilgani uchun unga Rozett toshi degan nom berildi.

Rozett toshining nodirligi unga nomani uch tilda o‘yib bitilganidadir. Bir noma yunon tilida, ikkinchisi — iyerogliflar, uchinchisi — misr yozuvining so‘nggi shakllaridan, tez yozuv deb atalgan qisqartma iyerogliflar edi.

Shundan so‘ng bu bitiklarni o‘rganishga uzoq yillar urinildi. Yunoncha matnni o‘qib, tushunish mumkin edi. Nihoyat, uni qolgan matnlar bilan qiyoslangach, iyeroglif yozuvining asrlar davomida yashirin qolib kelgan siri ochildi. Bu ishni yosh frantsuz Jan-Fransua Shampolon amalga oshirdi.

Natijada tarixchilar misrliklarning eramizdan avvalgi 3500 yilgacha bo‘lgan hayoti, urf-odatlari va diniy marosimlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ierogliflar misr yozuvining eng qadimiy shakli hamda insoniyatga ma’lum bo‘lgan ilk yozuv tizimlaridan bo‘lgani uchun ham shunday sharoit yaratildi.

Aslida bular — rasm-bitiklardir. Har bir rasm bir buyumni anglatadi. Vaqt o‘tgan sayin bu yozuv rivojlanib, keyinchalik misrliklar tushunchalarni, tovush va so‘zlarni yoza boshladilar.