Ko‘p xalqlar ertaklarida burgut qushlar shahanshohi etib tasvirlanadi. Burgutlarning ko‘p turlarni o‘z ichiga qamrab olgan butun boshli burgutlar oilasi mavjud. Birgina Rossiyaning o‘zida dasht, qarliq, qirg‘iy, go‘rkov, katta va kichik burgutchalar va nihoyat, qushlarning haqiqiy monarxi — berkut turlari yashaydi.
Berkut — burgutlar orasida eng yirik, qudratli va chiroyli qushdir. Nisbatan ensiz, ammo uzun, qanotlarini qoqqanda 2 metrdan oshadi, qanotlari uzun, rul vazifasini bajaradigan dumi uning parvoziga kuch, tezlik va chaqqonlik baxsh etadi. Berkutning ko‘zi tushgan jonivorning undan qochib qutulishiga imkoni qolmaydi. O‘ljasiga yetgan payti o‘zining qudratli qurolini ishga soladi. Yirik, qarmoqsimon tumshug‘i chetlari juda keskir, shu bois tuyoqli hayvonlarning qalin terisini ham tilib tashlaydi, o‘ljasini nimta-nimta eta oladi. Masalan, tulki berkutga bir necha lahzagina qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
Berkutlarning uyasi diametri 1,5—2 metr, balandligi 1 metrcha keladigan, shox-shabbalardan qurilgan inshoot bo‘lib, ichki tomoniga teri, jun parchalari, toza ignabarg daraxt novdalari, yashil barglar to‘shaladi. Uyalarini baland daraxtlar uchiga, qoyalarga, ko‘pincha uch ming metrdan oshiqroq balandliklarga quradi. Makiyoni tuxumini juda erta bahorda, hali sovuq kunlar ketmasdan turib qo‘yadi. Shu bois u o‘z uyasidan qo‘zg‘almay o‘tiradi, ayni vaqtda ovqat bilan ta’minlash erkagining gardaniga tushadi.
Berkutlar har xil hayvonlarni ovlaydi: kemiruvchilar (quyonlar, yumronqoziqlar, sug‘urlar), qushlar (qurlar, qarqurlar), tuyoqli hayvonlar nasllari bilan ovqatlanadi. Hatto qattiq sovuti bo‘lgan toshbaqa ham berkut tirnoqlari va tumshug‘idan ro‘shnolik ko‘rmaydi. Bu o‘rinda qushlar shahanshohi quvlik qiladi. U toshbaqani tutib, osmonga ko‘tariladi va toshlar ustiga o‘ljasini tashlab yuboradi. Toshbaqa kosasi toshlarga urilib sinadi, pirovardida toshbaqaning yumshoq eti berkutning taomiga aylanadi.