Qaldirg‘ochlar xatti-harakatini uzoqroq kuzatib tursangiz, ular faqat hayotdan quvonishni biladiganday tuyuladi. Ular kun bo‘yi shodonlik bilan havoni tilib, quyosh sarobida bir-birining ortidan quvib, ertadan kechgacha uchgani uchgan.
Qaldirg‘ochlar masrur va quyoshdan zavq olayotganday tuyuladi. To‘g‘ri, qaldirg‘ochlar haqiqatan ham quyoshdan quvonadi, chunki quyoshli kunlarda osmonda juda ko‘p hasharotlar uchib yuradi va ularni qaldirg‘ochlar charchoq neligini bilmay tutadi. Ular hasharotlar bilan oziqlanadi.
Qaldirg‘ochlar jarqaldirg‘ochlar kabi hasharotlarni faqat osmonda tutadi. Yerda qaldirg‘och beso‘naqay yuradi, bunga uzun o‘tkir qanotlari xalaqit beradi.
Aytishlaricha, qaldirg‘ochlar ob-havoni ham oldindan aytib bera olar ekan. Agar ular juda baland uchsa, ob-havo quyoshli, quruq keladi, agar pastlab uchsa, kun yomg‘irli bo‘ladi. Haqiqatan ham shunday bo‘ladi. Ammo buning qaldirg‘ochlarga daxli yo‘q. Ular boshqa sababga ko‘ra juda baland va juda past uchadi. Issiq quyoshli kunlarda issiq oqim hasharotlarni juda balandga ko‘taradi va shu sababdan qaldirg‘ochlar ular iziga tushib juda baland uchadi. Ob-havo buzilishi arafasida havoda namlik oshadi, hasharotlar qanotchalari bo‘ka boshlaydi, natijada yuqori ko‘tarila olmaydi, qaldirg‘ochlar ham pastlab uchishga majbur bo‘ladi.
Mayda hasharotlar ko‘zga ko‘rinmaydi, qaldirg‘ochlar esa bulutsiz osmonda shodon va pirpirak otib uchadi yoki hech narsadan hech narsa yo‘q pastlab, yerga tegay-tegay deb uchadi, odamlar mana shunga qarab, ertaga ob-havo qanday bo‘lishini fahm etadilar.