10 asr o‘rtalarida nasroniylik katolitsizm va pravoslaviyaga asta-sekin ajrala boshladi. 1054 yildan keyin, papa Lev 9 Vizantiya imperiyasi cherkovini la’natlagach, pravoslaviya mustaqil yo‘nalish sifatida butunlay ajralib chiqdi.
Avval boshdanoq pravoslaviyaning yagona markazi bo‘lmagan, chunki Vizantiyadagi cherkov hokimiyati imperiyaning eng katta viloyatlarida joylashgan to‘rt patriarx o‘rtasida taqsimlangandi. Bular — Konstantinopol, Aleksandriya, Antioxiya (Yunon) va Quddus patriarxlari edi.
Vizantiya imperiyasi parchalanib ketgach, patriarxlarini har biri mustaqil pravoslav cherkovini boshqara boshladi.
Keyinchalik Yaqin sharq va Sharqiy Yevropadagi boshqa mamlakatlarda ham avtonom pravoslav cherkovlari vujudga keldi.
Pravoslav ta’limoti asosini muqaddas kitob (Bibliya) hamda muqaddas rivoyatlar (cherkov rahnamolari hamda dunyo nasroniylari yig‘ini qarorlari) tashkil etadi.
Pravoslavlar ham, katoliklar singari, nasroniylikning asosiy aqidalarini e’tirof etishadi. Ular — Xudoning uch birlikdan iboratligi, xudoning gavdalanishi, istig‘for, Iisus Xristning tirilishi va arshi a’loga ko‘tarilishidir.
Pravoslaviyening farqi esa kult shakllarida, shuningdek, ruhoniylarning jamiyatdagi holatidir. Pravoslav ruhoniylar oq (uylangan) va qora (uylanmaslik to‘g‘risida qasam ichgan) ruhoniylarga bo‘linadi.
Pravoslaviyeda rasm-rusmlarni bajarishdagi o‘ziga xoslik shundan iboratki, ruhoniy Xudo va samoviy kuchlar bilan bevosita muloqotni ta’minlovchi vositachi, xolos. U, qavm kabi, oddiy odamdir.
Rim papasi esa Xudoning yerdagi noibi, binobarin, Xudo kabi topinish ob’ektidir. Rus pravoslaviyesi uchun rasm-rusmlarga e’tiqod qilish — dinning kult bilan bog‘liq tomonlarini muqaddaslashtirish xosdir. Kult dinning markaziy ob’ektiga aylanadi: har bir dindor ibodatxonaga muntazam qatnashi shart. Katoliklar esa, istaklariga ko‘ra, istig‘for aytishi, biroq muntazam ibodatda qatnashmasligi mumkin.