Modomiki, siz g‘aram ichiga tushib ketgan ignani topishni mushkul yumush der ekansiz, cheksiz Koinotdan mittigina Pluton sayyorasini qanday «topish» mumkinligini ham bir o‘ylab ko‘rsangiz ziyon qilmaydi. U Quyosh sistemasining eng olisda joylashgan sayyorasidir. U bilan Quyosh o‘rtasidagi masofa Yer bilan Quyosh o‘rtasidagi masofadan qirq marta olisdir. Plutonni ko‘rish uchun juda katta teleskop kerak bo‘ladi. Lekin qandaydir yo‘l bilan u kashf etilgan. Qanday qilib?
Sayyoralarning o‘lchami va ulargacha bo‘lgan masofani aniqlaydigan ikkita qonunlar majmui bor. Keplerning sayyoralar harakatiga oid qonunlariga ko‘ra, sayyoralarning Quyosh atrofidagi orbitasi to‘g‘ri aylana shaklida emas. Nyutonning gravitatsiya qonuni munajjimlarga sayyoralarning vazni, o‘lchamlari va massasini aniqlash imkonini beradi. Qonunga asosan, ikki jismning bir-biriga tortilish kuchi har bir jismdagi material miqdori (uning massasi) hamda ular o‘rtasidagi masofaga bog‘liq. Massa qancha katta bo‘lsa, tortish kuchi shuncha kuchli bo‘ladi; jismlar bir-biriga qancha yaqin bo‘lsa, o‘zaro tortish ham shuncha kuchli bo‘ladi.
Bu qonunlardan boxabar ikki kishi 1846 yili o‘sha vaqtlar Quyosh sistemasining eng chetida joylashgan deb hisoblangan Uran sayyorasi xatti-harakatida qiziq bir holatni kuzatishdi. Uning o‘z orbitasi bo‘ylab qilayotgan harakatida taxmin qilinganidan (barcha ma’lum sayyoralarning tortish kuchini hisobga olganda) og‘ish yuz berayotgani aniqlandi. Uranning harakatini kuzatish natijasida, trayektoriyasiga boshqa bir sayyora ta’sir ko‘rsatyapti, degan xulosaga kelindi. Usha kishilarning biri Berlin rasadxonasidan yangi sayyorani osmonning ma’lum bir qismidan izlashni iltimos qildi. Haqiqatan ham o‘sha yerdan yangi bir sayyora topildi va unga Neptun deb nom berildi.
Amerikalik munajjim Persival Louell, Uranning harakatiga Neptundan ham narida joylashgan yana bir sayyora ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblar edi. Bu 1915 yilda bo‘lgan gap. Boshqa munajjimlar Neptunning o‘ziga ham undan narida bo‘lgan boshqa bir sayyora ta’sir ko‘rsatayotganini bilib qolishdi. Shunday qilib, yana bir sayyorani teleskoplar yordamida va suratlarni o‘rganish orqali izchil qidirish boshlandi.
1930 yilning 18 fevral kuni munajjim Tombo yangi sayyorani qidirish jarayonida suratlarni o‘rganayotib, uni Louell bashorat qilgan yerdan topdi! Bu Pluton edi.