Ko‘pchilik o‘g‘il bolalar turli shakl va rangdagi toshlarni yig‘ishadi. Har xil rang va kattalikda bo‘lgan hamda qimmatbaho toshlarni eslatadigan silliq, g‘adir-budur toshlar hammaning ham havasini keltiradi.
Ular bitta yoki bir nechta mineraldan tarkib topgani uchun ham shunday ko‘rinishga ega. Aynan o‘sha minerallar turli toshlarga har xil ranglar beradi, ayrimlarini esa qimmatbaho toshlarday yarqiratadi.
Toshlar turli yo‘llar bilan paydo bo‘lgan. Ayrim «cho‘kindi» toshlar cho‘kindi jinslardan tarkib topgan. Buning ma’nosi shuki, ancha vaqt burun suv, shamol, muz, o‘simliklar va jonivorlar faoliyati natijasida cho‘kindilar hosil bo‘lgan. Cho‘kindilar qatlam-qatlam bo‘lib borgan, shuning uchun ham hoyalar va toshlar «qatlamli» deb ataladi. Qoyalar tarkib topgan mayda zarralar yumaloq shaklga ega, chunki ularning o‘tkir qirralari suvda oqishi va shamol ta’sirida dumaloq shaklga ega bo‘lib qolgan. Qumtosh va ohaktosh qatlamli tog jinslari namunasidir.
Boshqa qoya jinslari yer ostidagi suyuq moddalarning yuzaga chiqib qotishidan hosil bo‘lgan. Ular Yer yuzasiga chiqqanida boshqa tog‘ jinslarining yoriqlariga tushib qolgan. Bunday tog‘ jinslari «pirogen jinslar» yoki vulqonlardan hosil bo‘lgan jinslar deb ataladi.
Qoyalarning uchinchi turi dastlab boshqa shakl va tuzilmaga (vulqonli yoki qatlamli) ega bo‘lgan, ammo temperatura yoki kuchli bosim ta’sirida o‘zgarib ketgan. Ular «metamorf jinslar» deb ataladi. Ularga marmar va kvartsitlar kiradi.
Ayrim tog‘ jinslari tarkibida boshqa aralashmalar bilan bir qatorda metallarning minerallari ham uchraydi. Agar bunday jinslar tarkibidagi minerallar metall ishlab chiqarish uchun yetarli bo‘lsa, ular «ruda» deb ataladi.