Biz vaqti-vaqti bilan Yerga tegishli bo‘lgan, ammo javob topilmay, jumboqligicha qolib kelayotgan ayrim muammolarga duch kelib turamiz. Masalan, okean suvi tarkibidagi tuzni olaylik. U qayerdan paydo bo‘lgan?
Biz okean suviga tuz qayerdan tushib qolganini bilmaymiz. Albatta, tuzning suvda erishi, u okeanlarga yomg‘ir suvi bilan tushishini hammamiz bilamiz. Yer yuzasidagi tuzlar erib, okeanga tushadi.
Ammo bu okean suvi tarkibidagi shu qadar ko‘p tuzning qayerdan paydo bo‘lganiga javob bo‘la olmaydi. Agar barcha okeanlarni quritish imkoni bo‘lganda edi, ularning suvi tarkibidagi tuzdan balandligi 230 km, qalinligi 2 km bo‘lgan devor hosil qilish mumkin edi. Bunday devor bilan Yer sharini ekvator bo‘ylab o‘rab olish mumkin. Yoki boshqa bir qiyosni olib ko‘raylik. Barcha qurigan okeanlarning tuzi bir joyga yig‘ilsa, Yevropa qit’asidan 15 marta katta joyni egallaydi.
Siz bilan biz iste’mol qiladigan oddiy tuz dengiz suvidan, tuz manbalaridan yoki Yer yuzasidagi tosh tuz konlarini qazish yo‘li bilan olinadi. Dengiz suvi tarkibida 3—3,5% tuz bor. O‘rta Yer dengizi, Qizil dengiz kabi ichki dengizlar suvi ochiq dengizlar suvidan sho‘rroq. 728 kv.km maydonni egallaydigan O‘lik dengiz suvi tarkibida 10 523 000 000 tonna tuz bor.
O‘rtacha har bir litr dengiz suvi tarkibida 30 g tuz bor. Yerning ko‘pgina mintaqalaridagi tosh tuz konlari dengiz suvining bug‘lanib ketishi natijasida hosil bo‘lgan. Tosh tuz hosil bo‘lishi uchun dengiz suvi hajmining 9/10 qismi bug‘lanib ketishi kerak bo‘ladi; taxminlarga qaraganda, hozirgi tuz konlari o‘rnida bir zamonlar ichki dengizlar bo‘lgan. Ular yangi dengiz suvi yetib kelgunga qadar bug‘lanib ketgan va tosh tuz konlari hosil bo‘lgan.
Osh tuzi, asosan, tosh tuzdan olinadi. Odatda, tuz konlariga shaxta yordamida yo‘l ochiladi. So‘ngra quvur bilan konga toza suv yuboriladi. Ikkinchi bir quvurdan esa eritma yuqoriga tortib olinadi.