Odamlarning ham, hayvonlarning ham tuzli ovqatga, oziqqa o‘chligi jonli tabiatning eng ajib sir-sinoatlaridandir.
Biz inson ming yillar mobaynida tuzni qadrlab kelganini va undan taom tayyorlashda foydalanganligini bilamiz. Qadimiy Meksikada tuz shunchalar zarur mahsulot hisoblanganki, har yili go‘zal qizlardan biri tuz xudosi sharafiga qurbonlik qilingan. Qamoqxonada o‘tirgan mahbusga tuzsiz ovqat berilganda, u tuz yetishmasligi sababli aqldan ozganligi haqidagi ma’lumot hozirgi kunda ko‘pchilikka ma’lum.
Organizmda aylanib yuruvchi suyuqlik — bu tuz eritmasidir. Tanamiz turli yo‘llar orqali ma’lum miqdordagi namlikni chiqarib turadi, shu tufayli organizm tuzni ham yo‘qotadi, bu yo‘qotishlar qoplanishi kerak bo‘ladi.
Er yuzida tuzning zaxiralari quyidagicha taqsimlangan, ya’ni uning katta miqdori okean suvida bo‘lib, quruqlikdagi zaxirasi nisbatan ko‘p emas. O‘simliklar tarkibidagi tuz arzimagan miqdorda bo‘ladi. Tuproqdagi tuzlarni esa yomg‘ir suvlari yuvib, avval daryoga, so‘ng dengiz va okeanlarga elitadi.
Quruqlikda yashovchi hayvonlar qachonlardir dengiz hayvonlaridan tarqalgan. Ular tanasidagi suv o‘z ajdodlari tanasidagining aynan o‘zi va dengiz suviga o‘xshashdir! O‘simliklar ham, tuproq ham ularni yetarli miqdordagi tuz bilan ta’minlay olmaydi, shu bois ular har qanday tuzli oziqqa ochko‘zlik bilan tashlanadi.
Faqat yirtqich hayvonlar, ya’ni boshqa hayvonlarni tutib yeydiganlar tuzga ortiqcha ehtiyoj sezmaydi: ular tuz bilan o‘z qurbonlari go‘shti evaziga ta’minlanadi. O‘txo‘r hayvonlarning aksariyati esa, aksincha, tuzni juda xush ko‘radi.