Agar uyingizda, aytaylik, yaxshi ko‘rgan mushugingiz yoki kuchugingiz bo‘lsa va unga juda o‘rganib qolgan bo‘lsangiz, ba’zida uni odam tarzida his qilishingiz mumkin. Go‘yo u o‘z hissiyotlarini, o‘z hayajonlarini inson kabi ifodalash, ya’ni yig‘lashi, kulishi va shu kabilarni amalga oshirishi mumkindek tuyuladi.
Ammo aslida bunday emas. Faqat insongina kulishi va yig‘lashi mumkin, boshqa jonzotlar emas. Albatta, hayvonlar og‘riq sezganda zorlanishi — ingillashi, angillashi mumkin, ammo hech qachon ko‘zlarida yosh paydo bo‘lmaydi.
Ammo bu ularning ko‘zlarida yosh suyuqligi yo‘q degan ma’noni anglatmaydi, undan muguz pardasini saqlash maqsadidagina foydalaniladi. Yig‘lash uchun fikr yurita olish va hissiy ta’sirchan bo‘lish lozim. Hatto bolalar ham tug‘ilgan chog‘larida yig‘lashni bilmaydilar. Chaqaloq yig‘lamaydi, u shovqin soladi, xolos.
Yig‘i ma’lum ma’noda gaplashish o‘rnini bosadi. Biz kechinmalarimizni ayta olmaganimizda, uni yig‘i bilan almashtiramiz. Bu refleks bo‘lib, u bizga bog‘liq bo‘lmaydi va bizni chulg‘ab olgan hissiyotlardan xalos bo‘lishimizga yordam beradi.
Kulgi ham insonga xos hodisadir. Ba’zida u yeki bu hayvon kulayotgandek tuyuladi, ammo bu tabiatan insoniy kulgidan farq qiladi. Chunki bu holat inson sezgisiga xos bo‘lgan ma’lum ruhiy jarayon yoki his-hayajon oqibati emas.
Biz qandaydir hazil tufayli kulsak, bu aqlimiz uni kulgili deb topganligining oqibatidir. Kulgi va uni keltirib chiqaruvchi sabablarning turi ko‘p: kulgili hodisa (masalan, mo‘jazgina soyabon ko‘tarib olgan baqaloq, barzangi erkak), kulgililik (masxaraboz), yumor (hazil) va hokazo. Biz hatto nafratlangan holda kulishimiz ham mumkin.
Psixologlar kulgini ijtimoiy hodisa deb hisoblaydilar. Biz u yoki bu hodisani kulgili deb topgan odamlar orasida kulamiz. Hayvonlar esa bu sabablarning birontasi tufayli kulolmaydi.