Olimlar dunyo oddiygina hidlar bilan emas, balki hid-signallar bilan to‘laligini aniqlaganlar. Har soniyada havoda son-sanoqsiz da’vatlar, va’dalar, e’tirozlar, ogohlantirishlar har tomonga tarqaladi. Aytish lozimki, axborot almashishning kimyoviy yo‘li — qadimiylardan biri, balki hatto eng qadimiysidir.
Hozirgi kunda tirik organizmlar o‘ziga feromonlar — maxsus kimyoviy moddalar molekulalari tarzida yetib kelayotgan hidlarni ilk bor qachon payqab olganligini hech kim aniq aytolmaydi. Balki bu hayotning paydo bo‘lish tongida, hayvonlar jahon ummonidan sudralib chiqayotgan kundan ham ko‘p ming yillar oldin sodir bo‘lgandir. Olimlar feromonlarni bir hujayrali organizmlarda, suv o‘simliklarida, qo‘ziqorinlarda, baland bo‘yli o‘simliklarda ham borligini aniqlashgan.
Aloqaning kimyoviy yo‘li nafaqat eng qadimiysi, balki eng universali hamdir. Bu o‘ziga xos maktub bo‘lib, ko‘pincha yo‘llangan manzilidan ko‘ra qaytuvchi manzili aniq bo‘ladi. Agar bu bo‘lmasa, xizmat itlari jinoyatchilarni qanday tutgan bo‘lardi? Mana, «kimyoviy» pochtaning yana bir fazilati. Tovush — hayvon uchun shu vaqtda sodir bo‘layotgan hodisalar to‘g‘risidagi signaldir. Ko‘rish orqali bo‘lib o‘tgan voqealarnigina bilish mumkin. Demak, faqat hid hayvonga hodisadan keyin o‘tgan vaqtni bildirishi mumkin.