Exidna nima?

Exidna — uchratish mumkin bo‘lgan g‘ayrioddiy hayvonlardan biridir. Yexidnaning tirnoqlari uzun, tumshug‘i naychasimon va tipratikan yoki jayra ignasi yoki nayzasini eslatuvchi kalta, qattiq tikanaklar bilan qoplangan. Ammo eng g‘aroyibi — bu sut emizuvchi tuxum qo‘yadi!

Bundan tashqari, u garchi sut emizuvchi hisoblansada, unda xuddi qushlardagi kabi bitta chiqarish teshigi bo‘lib, u ham tuxum qo‘yishga, ham ichni bo‘shatishga xizmat qiladi. Shuning uchun yexidnani va o‘rdak-burunni «qush-hayvonlar» deb atashadi.

Exidna yer kavlaydi ham o‘zining asosiy ozig‘i bo‘lgan chumolilar va hasharotlarni tutib yeydi. Yexidna Avstraliya va Yangi Gvineyada yashaydi. Uning tumshug‘i cho‘ziq va ingichka, naycha shaklida bo‘ladi. Uning oyoqlari kalta va kuchli, uzun, qayrilgan tirnoqlari bo‘lib, ular yerni kovlashga xizmat qiladi. Yexidnaning tili uzun va yopishqoq, hasharotlarni tutish uchun cho‘zilish qobiliyatiga ega. Yangi Gvineyada yashaydigan yexidnaning uzunligi 80 saytimetrga yetishi mumkin, uning Avstraliyadagi turi esa bir muncha kichikroq bo‘ladi.

Bola parvarishlash davrida yexidna qornida orqa tomonga ochiladigan xaltacha paydo bo‘ladi. Tuxumni qanday qilib u yerga tushib qolishini hech kim aniq aytib berolmaydi. Har holda yexidna tuxum qo‘yayotgan vaqtda tuxum to‘g‘ri shu xaltachaga tushadigan qilib buralsa kerak.

U tuxumlarni bola ochguncha ko‘tarib yuradi va bolalar xaltacha torlik qilib qolguncha unda yashaydi. Ona ovga chiqqanda bolalarini birorta uyada yoki pana joyda qoldiradi.

Xavf tug‘ildi deguncha yexidna darhol turgan joyida yerga ko‘miladi va dushman ko‘z oldida o‘tkir ignalargina qoladi. To‘liq yerga ko‘milishi uchun yexidnaga bir necha daqiqa kifoya.