Bir zamonlar evkaliptlar faqat o‘z vatani Avstraliyada o‘sar edi. Ammo bugungi kunda u insonning yordami bilan butun dunyoga tarqalib ketdi. Ularni Yevropada, Afrika shimolida, Hindistonda, Janubiy Amerikada, Amerika Qo‘shma Shtatlarining janubida uchratish mumkin.
Evkaliptning tashqi ko‘rinishi uni ilgari ko‘rmagan kishida o‘chmas taassurot qoldiradi. U bo‘ychan, yaproqlari semiz, terisimon po‘stloq bilan qoplangan va shoxlari pastga osilib turadigan chiroyli daraxtdir. Evkaliptlarning baland va xipcha tanasi juda tez o‘sadi. Ayrim daraxtlarning bo‘yi bir yilda to‘rt metrgacha o‘sgan vaqtlar ham bo‘lgan. Bo‘yi ulkan Kaliforniya sekvoyyalaridan bir oz past, ammo yuz metrga yetib qoladigan evkaliptlar ham bor.
Evkaliptlar juda foydali daraxtdir. Uning inson uchun foydali bir qancha jihatlari bor. Masalan, evkaliptlar namlikni sevgani uchun botqoq yerlarga o‘tqaziladi. Natijada dunyoning ko‘pgina mintaqalarida bezgak va boshqa yuqumli kasalliklar bilan og‘riydiganlar soni kamayadi.
Bundan tashqari, evkalipt insonni turli dori preparatlari bilan ta’minlab turadi. Uning yaproqlaridagi son-sanoqsiz g‘ovaklar sarg‘ish tusdagi kofurni eslatadigan suyuqlik bilan to‘la. Bu evkalipt yog‘idir. Shifokorlar uni bemorlarning yuqori nafas yo‘llarini tozalash uchun hidlatishadi. U ko‘pincha buyraklar faoliyatini yaxshilaydigan hamda asab tizimini tinchlantiradigan vosita sifatida ham ichiladi. Ba’zan u hatto jarrohlikda antiseptik — kasallikning yuqishi oldini oladigan preparat sifatida ham ishlatiladi. Evkalipt yog‘ochiga, qattiq bo‘lishiga qaramasdan, yengil ishlov berish mumkin. Undan, yuzasi o‘ta silliq bo‘lgani uchun kemasozlikda, uylarning ichki devoriga qoqishda foydalaniladi.