Daraxtlar yashil o‘simliklardir. Ularning ham boshqa yashil o‘simliklar singari ildizi, poyasi, yaproqlari va urug‘lari bo‘ladi. Daraxtlar yashil o‘simliklar ichida eng ko‘hnasidir. AQShning shimoli-g‘arbidagi ayrim sekvoyyalarning yoshi 4000 yildan oshadi. Bu daraxtlar Kolumb Amerikani kashf etgan davrlarda ham xuddi shu ko‘rinishda bo‘lgan.
Daraxtlar yashil o‘simliklar ichida ham eng kattasidir. Ma’lumki, Kaliforniyadagi ulkan sekvoyyalar Yer yuzidagi eng buychan daraxtlardir. Gumboldt Milliy bog‘idagi bir daraxt eng baland hisoblanadi. U Asoschi Daraxti deb ataladi, bo‘yi esa 110 metrdan oshadi.
Ayrim yirik mutaxassislar ko‘p yillar avval Avstraliyadagi evkalipt daraxti ham Kaliforniya sekvoyyalari singari baland daraxt bo‘lganini ta’kidlashadi, ammo ular ayni paytda sekvoyyalardan o‘rtacha 15 metr kaltadir. Yana bir sekvoyya bilan bo‘ylashadigan daraxt Duglas oqqarag‘ayidir. Ular aksariyatining bo‘yi 91 metrdan oshadi.
Ildizlar tuproqdan suv va mineral moddalar yutishi bilan birga daraxtlarni ham tik holda tutib turadi. Katta daraxtni tutib turish uchun kuchli ildiz tizimi kerak bo‘ladi. Siz daraxtning ildizlari ham yer ostida shoxlarichalik joy egallashini bilasizmi?
Olimlar daraxtlarning yoshini ular tanasidagi halqalar soni bilan o‘lchashni o‘rganib olishdi. Ko‘pgina daraxt turlari ko‘ndalang kesilganda, ularda halqalar borligini ko‘rish mumkin. Har yili po‘stloq ostidagi yog‘och qatlami ustida yangisi paydo bo‘laveradi. Bu qatlam halqa hosil qiladi.
Daraxt tanasidagi har bir halqa uning yoshidan dalolat beradi. Yangi qatlam yoki halqa qo‘shilgani sari tana yo‘g‘onlashib boraveradi.
Daraxtlarning nafaqat tanasiga, qolaversa, shoxlariga ham yangidan-yangi halqalar qo‘shilib boraveradi. Shoxlar har yili bo‘yiga o‘sadi. Faqat shoxlarning uchi yuqoriga qarab o‘sgani uchun ham daraxtning tanasi hech qachon yerdan baland ko‘tarilmaydi.