Eramizdan avvalgi 1 asrda G‘arbiy Yevropaning deyarli butun hududini band etgan qadimiy qabilalar keltlar yoki gallar deb atalgan. Garchi ularda monarx timsolidagi oliy hukumat, davlatchilik bo‘lmasada, ular o‘zlarining ma’naviy dohiylari — kohin druidlarga bo‘ysinganlar. Kohin druidlar qurbonlik qilish marosimlarini boshqarishar, tabiblik qilishar, solnomalar bitishar, bashorat qilishar, bolalarga saboq berishar, gunoh ish qilgan katta yoshlilarni jazolashar edi. Druidlar sirli-sinoatli ilohiy bilimlarga ega deb hisoblanar va bu ularning kishilar ustidan hukmronlik qilishlariga juda katta imkoniyat berardi.
Rim imperatorlari keltlarni o‘zlariga bo‘ysindirganlaridan keyin, druidlarning ta’siridan xavfsirab, birinchi galda barcha druidlarga xos marosim va udumlarni man qildilar. Druidlarning siru sinoat, siru asrorlari hali-hanuz mutaxassislarni qiziqtirib keladi. Biroq ularni o‘rganish nihoyatda mushkul. Xo‘sh, kohin druidlar tabaqasi haqida nimalar ma’lum?
Ular hayotining aksar qismi o‘rmon bilan bog‘liq bo‘lgan. Mazkur tabaqaga mansub bo‘lish istagidagi da’vogarlar o‘rmonlarda yolg‘izlik sinovini topshirganlar, bu imtihondan o‘tganlari esa yana bir necha yillar muqaddas to‘qaylarda saboq olishgan va yashashgan. Kohinlarning aqidasiga ko‘ra inson daraxtdan bunyod bo‘lgan va dov-daraxtlarning hayotini yuzaki tushunish yaramaydi, zero ularning hayotida bitmas-tuganmas siru-sinoatlar yashirin. Druidlar har bir o‘simlikning o‘z ruhi mavjud deb hisoblashgan.
Umuman olganda, o‘rmonni o‘rganish ta’limoti qadimgi qabilalardan nihoyatda keng qamrov kasb etib, bu ta’limot ilgarigi vaqtlarda butun Yevropaga quloch yoygan edi. Ular daraxtlarga xuddi jonli mavjudot sifatida munosabatda bo‘lganlar, ulardan insoniy xislatlarni qidirganlar, hatto «ongli mavjudot» — inson («gomo sapiyens») daraxtlarga tashqi hech bir o‘xshashligi yo‘qligini bilsalarda, bunga ahamiyat bermaganlar.
Druidlar inson o‘simliklardan kelib chiqqan va ayrim odamlar bir umr o‘simlikka xos ruhlaridan xoli bo‘la olmaydilar degan aqidaga qattiq ishonganlar. Bunday kishlar, ularning nazarida ko‘ngilchan odamlar bo‘lib, ular odatda tabiatni sevuvchan, osudalikni va qulaylikni qadrlaydilar. Ayrim odamlar esa — hayvoniy ruhga egadirlar. «Hayvoniy ruh» sohiblari sovuqqon, tadbirkor, o‘zlarini tabiatdan xoli joylarda erkin sezuvchi, aytaylik shaharda yayrab yashovchi kishilardir. Olimlar, ixtirochilar, inqilobchilar safi asosan ana shular hisobiga to‘lib boradi. Xullas, muxtasar qilib aytganda qadimgi kelt-kohinlari tomonidan tuzilgan asosiy qoidalar, boshqacha qilib aytganda «druidlarning tolenomasi» ana shulardan iborat.