«Chayon» so‘zining o‘ziyoq bizni xavfli zahar haqida o‘ylashga majbur etadi. Haqiqatan ham chayonga duch kelinganda ko‘ngilsizlik ro‘y berishi mumkin.
Chayonlar o‘rgimchaklarga qarindoshdir. Chayonning to‘rt juft oyog‘i va o‘ljasini ushlab turadigan ikkita kuchli qisqichsimon tirnoqlari bor. Chayonning uzun bo‘g‘imli dumi bo‘lib, uning uchida zaharli bez tomirlariga ulangan o‘tkir nishi mavjud.
Chayon yurganda dumini yoysimon o‘rab, ko‘tarib oladi. Qisqichsimon tirnoqlari bilan o‘ljani ushlab olganda, chayon dumini boshi ustidan oshirib, qurboniga nish sanchadi. Zahar chayon o‘zi yeydigan hasharotlarni, o‘rgimchaklarni va boshqa jonivorlarni yo o‘ldiradi, yo falaj etib tashlaydi.
Chayonlar tunda yurishni ma’qul ko‘radi va kunduz kunlari soyalarda, masalan, toshlar tagida, po‘stlar ostida yoki uyning qorong‘i burchaklarida pusib yotadi. Katta chayonlar odatda yolg‘iz yashaydi va yuradi.
Chayonlar tuxum qo‘ymay bolalaydigan hayvondir, jajji chayonlar dastlab onasining yelkasiga chiqib oladilar, ammo u bolasini boqmaydi, bir necha kun o‘tgandan so‘ng kichkintoylar o‘z holicha kun kechira boshlaydilar.
Chayonlar issiq iqlimda yashaydi. Ularning uzunligi 1 santimetrdan 17 santimetrgacha bo‘ladi, eng yirik turlari esa tropik o‘lkalarda uchraydi.