1775 yilning iyulida isyon ko‘targan barcha 13 koloniyaning vakillari Filadelfiyada to‘planishdi va Jorj Vashingtondan (1732—1793) koloniyachilar armiyasiga rahbarlik qilishini so‘rashdi. Shu paytdan boshlab inglizlar va koloniyachilar o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanib ketdi. Oradan bir yil o‘tgach, vakillar yana to‘planishdi va 4 iyul kuni AQShning Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildilar.
Deklaratsiyani Tomas Jefferson boshqa vakillar bilan hamkorlikda tuzib chiqqan edi. Mazkur deklaratsiyada amerikaliklarning Angliya qiroli Georg 3 ga e’tirozlari bayon qilinib, ma’rifat g‘oyalari ta’siridagi amerikaliklar ro‘yobga chiqarishga intilayotgan boshqaruv tizimi ta’riflab berilgan edi.
Deklaratsiyada hamma odamlar teng huquqlar bilan dunyoga kelishi alohida ta’kidlangan edi. Hukumat odamlar uchun xavfsiz, ozod va baxtiyor yashash imkoniyatlarini yaratmog‘i lozim. Agar hukumat bularning uddasidan chiqmasa, xalq uni ag‘darib yangisini saylash huquqiga egadir. Albatta, Britaniyadagi hukmron kuchlar ushbu hujjatni mutlaqo tan olmadilar, nazar-pisand ham qilmadilar.