Afrikaliklar tilida «apartxeyd» so‘zi «o‘ziga xos, alohida yashash» degan ma’noni bildiradi. Aparteidning siyosati negizida jahon aholisining ikki xilda taraqqiy etish yo‘li yevropacha va yevropacha bo‘lmagan yo‘l mavjudligi haqidagi g‘oya yotadi.
Bu g‘oya bizning asrimizning 50-yillarida JAR hukumati tomonidan qabul qilingan Qonunlarda o‘z ifodasini topgandi. Mazkur hukumat ushbu qonun bu mamlakatning yagona rivojlanish shaklini belgilab beradi, deb e’lon qilgandi.
Mazkur qonunga binoan oq tanlilar va qora tanlilar o‘rtasidagi nikoh va har qanday munosabatlar taqiqlanar, ularning bir joyda yashashlari va o‘qishlariga ruxsat berilmasdi. Oqlar va qoralarga, shuningdek yagona jamoat transportidan, kinoteatr, restoran, kafelardan foydalanish ham man etilardi.
Qora tanlilarga ma’lum davlat lavozimlarini egallash taqiqlanardi. JAR hukumati qora tanlilar bir joyda g‘uj bo‘lib yashashlari uchun o‘ziga xos hududlar — bantustanlar barpo qildi. Bunday istiqomat joylarida muayyan bir millatga yoki qabilaga mansub kishilargina yashardilar.
Bu mohiyatiga ko‘ra irqchilikka asoslangan bema’ni siyosat, afrikalik oq tanlilar hayotida ham qora tanlilar hayotida ham shaxsiy fojialarni keltirib chiqardi. U iqtisodning, fan, texnikaning taraqqiyotiga to‘sqinlik qildi. Zero bu sohalarda na irq va na millat degan chegara mavjud emasdir. Shuningdek, bu fojialar faqat JARning o‘zida emas, balki uning qo‘l ostida bo‘lgan Namibiyada ham o‘z asoratlarini qoldirdi.
Shuning uchun ham Butun jahon jamoatchiligining ta’siri ostida Namibiyaga mustaqillik berilgandan so‘ng, aparteid tizimi butunlay barbod qilib tashlandi.
Murosasiz irqchilik mavqeida turgan ko‘plab odamlarning noroziligiga qaramasdan o‘tkazilgan islohotlar JARda ilk marotaba irqchilikdan xoli parlament saylovlari o‘tkazilishiga, mamlakat aholisining terisi rangidan va irqidan qat’i nazar teng huquqqa ega ekanligini e’lon qilgan Konstitutsiyaning qabul etilishiga olib keldi.