Ananasga qarab, u bitta meva bo‘lsa kerak, deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida esa u bir-biriga tig‘iz joylashgan mevalar guruhidir. Bu mevalarning har biri kichik olmani eslatadi. Ananasning o‘rtasida poya bor, har bir alohida meva shu poyaga mahkamlangan bo‘ladi. Ananas butun holida qarag‘ay g‘uddasini eslatadi.
Ispanlar Janubiy Amerikaga sayohati chog‘ida ananasni ko‘rishgan va uni Yevropaga olib qaytishgan. Yevropaliklar ko‘p yillar davomida ananasni xususiy gulxonalarda o‘stirishgan va mevasini shohona taom deb bilishgan. Kemachilik rivojlanishi bilan ananasni tropik mamlakatlardan tashib keltirish imkoni tug‘ildi va u gulxonalarda deyarli yetishtirilmaydigan bo‘ldi.
Ayni paytda ananas Vest-Indiya, Florida, Shimoliy Afrika, Havayi, Azor orollari va Avstraliya kabi ko‘pgina joylarda o‘sadi.
Ananas daraxtining bo‘yi bir metrgacha yetadi va yil bo‘yi hosil beradi. O‘simlik voyaga yetgach, uning quyi qismidan yangi hosil berish uchun novdalar o‘sib chiqadi. Bitta o‘simlik ko‘p yillar yashashi va hosil berishi mumkin. Ananas yaproqlari tarkibida tola bor, undan gazmol tayyorlanadi.
Ananas kamdan-kam hollarda urug‘idan ko‘karib chiqadi, odatda u quruq yerga o‘tqaziladigan novdasidan ko‘payadi. Unga qumloq yer mos keladi. Ba’zida sovuq va jaziramadan himoya qilish maqsadida daraxt ustiga soyabon quriladi.