G‘arb dunyosini 20—30 yillarda larzaga solgan har tomonlama parokandalik, ayniqsa, Germaniyaning qismatida yanada ayanchliroq qiyofa kasb etdi. Zero u 1919 yilda tuzilgan Versal tinchlik sulhiga binoan juda katta miqdordagi reparatsiyalarni, ya’ni urush qilganligi uchun tovon pulini yoki qarzlarini to‘lashi kerak edi. Narx-navoning haddan ziyod oshib ketishi oqibatida pullar mutlaqo o‘z qiymatini yo‘qotdi.
Adolf Gitler rahnamoligidagi natsional-sotsialistlar partiyasi yoki natsistlar partiyasi bu paytda tez sur’atlar bilan kuch to‘plar edi. Germaniyada ish haqining kam ekanligi uchun ham, ishsizlikning o‘sib borishi uchun ham Gitler yahudiylarni aybdor deb topdi. U shaxsan o‘ziga bo‘ysunuvchi qurollangan otryadlarni (SA) tashkil qildi, uning a’zolarini shturmchilar deb atashardi. Ular natsistlarning mitinglarini qo‘riqlashar, kommunistlar va yahudiylarni tutib do‘pposlar edilar.
1925 yilda Gitler SA yordamida Bavariyada hokimiyatni qo‘lga olishga urinib ko‘rdi. Uning bu urinishi chippakka chiqdi, oqibatda Gitlerni uch yillik muddat bilan qamoq jazosiga hukm qildilar. U qamoqxonada o‘z siyosiy qarashlarini bayon qiluvchi mashhur kitobini yozdi. Uning «Mening kurashim» («Mayn kampf») deb nomlangan mazkur kitobi tez orada eng mashhur asarga aylandi. Gitler o‘zining antikommunistik qarashlari tufayli markazlashgan katoliklar partiyasining ko‘magiga sazovor bo‘ldi. 1932 yilning noyabridagi saylovlardan keyin natsistlar va sentristlar (markazlashgan katoliklar) partiyasi hokimiyatni tashkil etdi. 1933 yil 30 yanvar kuni Gitler Germaniyaning kantsleri (Bosh Vaziri) bo‘ldi.