Ginnesning rekordlar kitobidan: Mahbuslar va qamoqxonalar

ENG QATTIQ QO‘RIQLANADIGAN QAMOQXONA

Bu — AQShdagi «Supermaks» qamoqxonasidir. U Kolorado shtatining Puyeblo shahri yaqinidagi o‘rmonda joylashgan. Eng zamonaviy kuzatuv moslamalari bilan to‘liq jihozlangan ushbu qamoqxonaning po‘latdan yasalgan 1400 ta eshigi bo‘lib, ularning har biri masofadan turib boshqariladi. U yerda mahbuslar sutkasiga 23 soat o‘z kameralarida yotadilar. Faqatgina 1 soat vaqt ularga tikanli sim va qo‘riqlash minoralari bilan o‘ralgan qamoqxona ichida «sayr» qilish uchun beriladi. Shunda ham ular qo‘llari kishanlangan holda, qattiq kuzatuv ostida bo‘ladilar.

QAMOQXONA — TO‘YXONA?!

2000 yil 14 iyunda Braziliyaning San-Paulu shahrida joylashgan «Karandiru»  qamoqxonasida 120 nafar mahbusning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Ular uchun turmaning 6-bloki o‘ziga xos bezatilib, cherkov vazifasini o‘tab berdi.
O‘sha kuni kuyovto‘ralar pidjak kiygan va galstuk taqqan, qamoqxonada kiyiladigan maxsus och sariq shimlarda g‘oyatda «ochilib» ketgan edilar. Lekin baribir ular ozodlikda yurib uylanganlar his qiladigan go‘zal tuyg‘uni lazzatlanib tuymagan bo‘lsalar kerak… Ozodlikka ne yetsin!

43 YILU 10 OY

Bu — Janubiy Koreyalik Kim Sun Munning Seul qamoqxonasida o‘tirib chiqqan vaqti.
1951 yilning oxirlarida qamalgan Kim Sun Mun uchun qamoqxonada juda ko‘p narsa, jumladan, gazeta o‘qish va televizor ko‘rish taqiqlangan edi. Shimoliy Koreya kommunistlari bilan aloqadorlikda ayblanib jazoga mahkum etilgan bechora Kim, nihoyat, 1995 yilning avgustida 70 yoshida ozodlikka chiqarildi.

100 MINGDAN 25 TASI JINOYaTChI!

Sloveniya — aholisiga nisbatan mahbuslari eng kam bo‘lgan mamlakatdir. Uning aholisi 2 mln. bo‘lgan holda, mahbuslari soni bor yo‘g‘i 500 ta. Bu — har 100 ming sloveniyalikdan 25 nafari qamoqda degani.