Evgeniy Gik. Shaxmat hangomalari

Evgeniy Gikning nomi shaxmat muxlislariga yaxshi tanish. U Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, fizika-matematika fanlari nomzodi. Bir qator xalqaro turnirlarda qatnashgan, Moskva kubogini qo‘lga kiritgan. Shaxmatga doir yuzdan ortiq kitob yozgan. «Zolotoy telyonok» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shaxmatni ommalashtirishga qo‘shgan hissasi uchun FIDEning faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan.

Uning quyida e’tiboringizga havola etilayotgan asarida shaxmatga daxldor quvnoq, g‘aroyib hangomalar qalamga olingan. Hangoma qahramonlari – mashhur shaxslar – jahon chempionlari, shaxmat tojiga da’vogar bo‘lgan taniqli shaxmatchilar, dongdor grossmeysterlar, olimlar va siyosatchilar, yozuvchi va shoirlar, artistlar va musiqachilar. Ularning hammasi qadimiy shaxmat o‘yinining fidoyisi va ashaddiy ishqibozi bo‘lishgan. Muallif Mixail Botvinnik, Vasiliy Smislov, Mixail Tal, Anatoliy Karpov, Viktor Korchnoy, Mark Taymanov kabi buyuk shaxmatchilar, Leonid Zorin, Emil Braginskiy, Arkadiy Vayner, Arkadiy Arkanov, Leonid Juxovitskiy kabi yozuvchilar, shoir Vladimir Visotskiy, kompozitor Vladimir Dashkevich, rassom Boris Krasnov, iqtisodchi Leonid Abalkin, siyosatchi va FIDE prezidenti Kirsan Ilyumjinovlar bilan shaxsan tanish bo‘lgan, ular bilan ko‘p suhbatlashgan. Aksariyat hangomalar ana shu samimiy muloqotlar mahsulidir.

Shunisi diqqatga sazovorki, bu asarda mustabid tuzumning ayrim kirdikorlari, jumladan, sport sohasidagi g‘irrom siyosati ham achchiq kulgu vositasida ustalik bilan fosh qilinadi.

ChEMPIONNI YuTDI

Shaxmat bo‘yicha birinchi jahon chempioni Steynits Angliyada yashaganida kamxarjlikdan qiynalib, «Gambit» qahvaxonasida shaxmat o‘ynab tirikchilik qilardi. Kunlardan bir kuni u har bir yutqazilgan partiya uchun bir funt sterling to‘laydigan saxiy raqibni topib oladi. Steynits unga oldindan otni tekinga berar va har gal g‘alaba qilardi.

Chempionning do‘stlaridan biri unga agar har gal yutaversa, bunaqa foydali raqibdan ajrab qolishi mumkinligini, shu bois goho yutqazib ham turish ziyon qilmasligini eslatadi. Bu maslahat Steynitsga jo‘yali tuyuladi va navbatdagi o‘yinlardan birida jo‘rttaga farzinni tekinga berib, o‘z mag‘lubiyatini tan oladi. Keyin yana o‘ynash uchun sipohlarni tera boshlaydi. Ammo shu lahza omadi chopgan raqibi joyidan sakrab turib, quvonchini ichiga sig‘dirolmay xitob qiladi:

– Men chempionni yutdim! Niyatimga yetdim!

U shunday deya ko‘chaga yugurib chiqadi va «Gambit» qahvaxonasini bir umrga tark etadi.

FARZINSIZ O‘YIN

Jahon chempioni Lasker poyezdda ketayotganida kupedagi shaxmat ishqibozi bo‘lgan qo‘shnisi ikki partiya dona surishni taklif qiladi. Chempion dam olmoqchi edi, shu bois shaxmatni yaxshi o‘ynay olmasligini aytadi. Ammo qo‘shnisi qistab qo‘ymaydi, olijanoblik qilib farzinni olib qo‘yib o‘ynaydi.

Lasker undan tezroq qutulish uchun tezgina taslim bo‘ladi. Ammo qo‘shnisining ko‘ngli joyiga tushmay, yana sipohlarni tera boshlaydi. Shunda Lasker bu xira pashshani bir boplamoqchi bo‘ladi.

– Men hammasini tushundim,– deydi u. – Farzin faqat xalaqit berarkan, men ham farzinsiz o‘ynayman.

Qo‘shnisi mazax qilib uzoq kuladi, ammo keyingi partiyani yutqazgach, hangu mang bo‘lib qoladi. Endi uning farzinsiz o‘ynash gali keladi, Lasker yana taslim bo‘ladi. Farzin bilan o‘ynagan raqibi nimalar bo‘layotganini anglay olmay, yana tezda mot bo‘ladi. Axiri havaskor shaxmatchi garangsib, tamomila o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, ish shu bilan tugaydiki, navbatdagi bekatda hamshiralar uni zambilga solib olib ketishadi.

ISMI UZUN BO‘LSA…

Turnirdagi o‘yindan bo‘sh kunlardan birida kubalik jahon chempioni Kapablanka mehmonxonaga qoq yarim tunda qaytadi.

– Kim u? – deb so‘raydi eshik og‘asi uyqusirab.

– Xose Raul Kapablanka-i-Grauspera.– Ishonchliroq chiqishi uchun chempion ismini to‘liq aytadi.

– Yaxshi, kiring, – deydi eshikog‘a to‘ng‘illab,– faqat oxirgi sherigingiz eshikni mahkamroq yopib qo‘ysin.

TASLIM BO‘LDI

1925 yili «Shaxmat jazavasi» filmi suratga olinayotganda Kapablanka o‘ttizta taxtada seans beradi. Chempionning qarshisida keyinchalik satira teatrining artisti bo‘lgan yoshgina Valentina Tokarskaya ham o‘tirardi. Pioner saroyining chempioni bo‘lgan qizaloq jahon chempioni bilan kuchini sinab ko‘rmoqchi edi. Ammo buning iloji bo‘lmadi. Ayollarga ishqibozligi bilan ham mashhur bo‘lgan Kapablanka go‘zal bu xilqatning qarshisiga keldi-yu, butunlay inon-ixtiyorini yo‘qotib qo‘ydi. Qizaloqning titroq qo‘llari bilan qilgan birinchi yurishidan keyinoq u raqibidan ko‘z uzolmay, shohini yonboshiga ag‘darib, ohista shivirlaydi: «Taslimman!».

Kapablanka qolgan hamma partiyalarni yutadi.

XOTIRA KUChLI BO‘LSA

Alyoxin noyob xotirasi bilan ham zamondoshlarini hayratga solib kelgan. O‘shanda, aniqrog‘i 1919 yili bo‘lajak chempion kinostudiyalardan birida ishlardi. Ishxonasida o‘tirganida bir erkak kirib, o‘quv bo‘limidan birontasini chaqirib qo‘yishni so‘raydi.

– Men sizni eshitaman, fuqaro Poluektov,– deydi Alyoxin.

– Biz siz bilan tanishmizmi? – deydi haligi odam hayron bo‘lib.

– Bundan to‘rt oy muqaddam,– deydi Alyoxin kulimsirab, – siz Ferreynning dorixonasida vrach Zasedatelevning yo‘llanmasi bo‘yicha tomog‘i og‘riyotgan olti yoshli qizingiz Anna uchun dori buyurtma berdingiz. Men o‘shanda navbatda turuvdim va sizlarning gapingizni tasodifan eshitib qoluvdim.

Poluektov hangu mang bo‘lib qoladi.

– Siz o‘shanda chetlari suyakdan yasalgan ko‘zoynak taqib olgandingiz, – deya gapida davom etadi Alyoxin.– O‘ng cho‘ntagingizdan timsoh terisidan qilingan hamyoningizni olib, ichidan…

Alyoxin shu yerga kelganda gapini tugatolmay qoldi. Qo‘rqib ketgan mijoz ko‘chaga chopib chiqib ketgancha qayta bu yerda qorasini ko‘rsatmaydi.

Kulgili holat! Ammo oradan bir yil o‘tgach, bo‘lajak chempion militsiyaning bosh qidiruv boshqarmasida ishlab yurganida uning xotirasidan aziyat chekkanlarning ko‘ngliga kulgi sig‘magan.

Bir kuni Alyoxin navbatchining tutib keltirilgan, o‘zini Ivan Tixonovich Bodrov deb atayotgan kimsa bilan gaplashayotganini eshitib qoladi.

– Nima dedingiz? Familiyangiz? – deya Alyoxin suhbatga aralashadi.

– Bodrov, – deydi haligi kishini gapini takrorlab.– Xo‘sh, nima demoqchisiz?

– Siz Bodrov emas, Orlovsiz, – deydi Alyoxin masalaga aniqlik kiritib.– Ivan Tixonovich emas, Ivan Timofeevichsiz.

– Meni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lyapsizmi? Chuchvarani xom sanabsiz, o‘rtoq boshliq!

– Bundan ikki yil muqaddam, harbiy komissariatda birinchi marta sizni ko‘rganimda o‘zingizni Ivan Timofeevich deb tanishtiruvdingiz,– dedi Alyoxin. – Ko‘kragingizda ingichka oq zanjirga osilgan xoch ko‘rinib turuvdi. Undan pastroqda xolingiz bor edi.

Jinoyatchi xuddi oyog‘iga tushov solingandek turgan joyida qotib qoldi. Navbatchi uning ko‘ylagidagi tugmalarni yechganida hamma zanjirli xoch va xolni ko‘radi. Ko‘p o‘tmay tergov bu odamning haqiqatan ham qamoqdan qochgan ashaddiy jinoyatchi Orlov ekanini tasdiqlaydi.

Xullas, buyuk shaxmatchiga ro‘para bo‘lgan jinoyatchining omadi chopmaydi.

SIRLI SEANS

Yosh Naydorf bir turnirdagi musobaqada Alyoxin bilan durangga erishadi.

– Tabriklayman, – deydi raqibi unga qo‘lini uzatib.– Endi siz jahon chempioni bilan durangga erishganingizdan faxrlanib yurasiz.

– Kechirasiz, bizning o‘rtamizdagi uchrashuvlar 1,5 : 0,5 hisobida mening foydamga hal bo‘lgan, – deydi Migel kulimsirab.

– Bu qanaqa hazil? – shaxmat qiroli hayron bo‘ladi.

– Ha-ha, bir kuni siz Varshavada seans berayotganingizda menga yutqazib qo‘yuvdingiz.

– Bunday bo‘lishi mumkin emas, siz yanglishyapsiz,– deydi Alyoxin qat’iy qilib.– Meni yutgan hamma shaxmatchilarni yaxshi taniyman.

– Unday bo‘lsa, bu voqea qanday holatda sodir bo‘lganini eslatishga ruxsat bergaysiz,– dedi Naydorf.– O‘sha seansda yigirma beshta taxtada o‘yin bo‘lishi ko‘zda tutilgandi, ammo siz bilan kuch sinash ishtiyoqi baland bo‘lgan yana ikki nafar o‘smirni ham o‘yinga qo‘shish uchun sizdan ruxsat so‘rashadi. Ammo 25 raqami oldindan kelishilgani uchun siz taklifga ko‘nmaysiz. «Nahotki shu bolakaylardan qo‘rqsangiz?» – deydi tashkilotchilardan biri sizning qitiq patingizga tegib. «Nima-nima? – deysiz siz norozi bo‘lib.– Men ular bilan hatto taxtaga qaramay o‘ynashga ham tayyorman.!» Shundan keyin haligi o‘smirlarni sizning ko‘rmasligingiz uchun seans bo‘layotgan joydan nariroqqa o‘tqazishadi. O‘shanda seans 24:1 hisobida tugaydi, yagona g‘alaba siz taxtaga qaramay o‘ynagan bolalardan biriga tegishli edi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, o‘sha bolakay men edim!

– E-e, o‘shanda ruhni ye 6 xonasida qoyilmaqom qurbon qilgan sizmidingiz?! – deya xitob qiladi Alyoxin olis xotira bo‘lib qolgan o‘sha uchrashuvni eslab. – Men bo‘lsam bundan yigirma yil muqaddam Varshavada meni boplab yutgan raqibimni ko‘rolmay xunob bo‘lib yuruvdim!

JANNATDA ShAXMAT

Jahon birinchiligi uchun bo‘lgan o‘yinda Bogolyubovni ishonch bilan mag‘lubiyatga uchratgan Alyoxin match sharafiga uyushtirilgan ziyofatda kalondimog‘ raqibining popugini sal pasaytirib qo‘yish uchun o‘zi to‘qigan shunday bir latifani aytib bergan edi:

– Men bugun tushimda o‘lib qolgan emishman. Jannat eshigiga kelsam, avliyo Pyotr «Foniy dunyoda kim bo‘lgan eding?» – deb so‘rab qoldi. «Shaxmat bo‘yicha maestro edim» – deya javob berdim. «Yo‘q, bunaqalarni jannatga qo‘ymaymiz» dedi hazrat. Boshim qotib, endi ketmoqchi bo‘lib turganimda jannat bog‘larida yurgan Bogolyubovni ko‘rib qoldim. «Ana bu janob jannatda nima qilib yuribdi? – dedim.– Axir u ham shaxmat o‘ynaydi-ku?!» «Yo‘q, nimalar deyapsiz? – dedi Pyotr, – unga shunday tuyuladi».

TASODIFIY RAQIB

Eyve Gaaga – Amsterdam yo‘nalishi bo‘yicha poyezdda ketayotgan edi, kupedagi qo‘shnisi ikki qo‘l shaxmat o‘ynashni taklif qiladi.

– Sizni oldindan ogohlantirib qo‘yay,– deydi hamrohi, – men kuchli shaxmatchiman, uch yil qatorasiga klubimizning chempioni bo‘lganman.

Ular Amsterdamga yetguncha Eyve maqtanchoq qo‘shnisini bir necha bor qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratadi. Narsalarini yig‘ishtirayotgan hamrohi hayratlanib, o‘zicha ming‘irlaydi:

– Bunga aql bovar qilmaydi! Poyezdda tasodifiy bir yo‘lovchiga yutqazib o‘tiribman-a! Meni hamma «Klubimizning Eyvesi!» deyishardi.

ChAQUVNING MISI ChIQDI

Jahon chempioni unvoni uchun 1948 yili o‘tkazilgan match-turnir oldin Gollandiya, keyin SSSRda (hal qiluvchi qismi) o‘tkazilgandi. Turnir o‘rtasida musobaqaning bo‘lajak g‘olibi Mixail Botvinnik uyiga borib kelgach, hal qiluvchi janglarga tayyorlanar, bu orada Pokrovskiy degan VKP(b) MK tashviqot va targ‘ibot boshqarmasi xodimi zimdan g‘alamislik qilayotgan edi. U grossmeyster ustidan yuqori idoralarga chaqimchilik qilib ma’lumot yuborardi: «Gaagadan Moskvaga qaytayotib, Botvinnik o‘zi bilan o‘n beshta jomadon oladi …Boshqarma uzoq muddat kuzatib yurdi… Biz Gaagadagi o‘rtoqlar bilan suhbatlashganimizda…» va h..k.

Albatta, Botvinnik Gollandiyada oilasi – xotini va qizi bilan bo‘lgani, Moskvadan o‘zi bilan o‘nta jomadon olgani, ular asosan shaxmatga doir kitoblar bilan to‘ldirilgani hisobga olinmagan edi.

Chaquv – ancha qaltis, jiddiy masala bo‘lib, shaxmat toji okean ortiga ravona bo‘lishi mumkinligi bilan ham hisoblashib o‘tirmay, Botvinnikni musobaqadan chetlashtirishlari mumkin edi. Taajjublanarlisi shundaki, Botvinnikni o‘sha davrdagi davlat rahbarlaridan biri bo‘lmish Klim Voroshilov qutqarib qoladi. U murosaga undab, shunday degandi: «Xo‘sh, nima bo‘pti, xorijliklar Moskvadan yurtiga qaytayotganlarida yigirmatalab jomadon ko‘tarib ketadilar-ku. O‘zimizda hamma narsa serob bo‘lsa, chet eldan nimaniyam olib kelish mumkin?!»

Ha, Kliment Yefremovichning umrida biron marta sovet do‘konlariga kirib ko‘rmagani Mixail Moiseevichga qo‘l kelgan edi.

G‘AMXO‘R HOKIMIYaT

Yuqorida eslatilgan match-turnirning Gollandiyadagi qismi yakuniga yetgach, Botvinnik birinchi, amerikalik Reshevskiy ikkinchi o‘rinda kelayotgan edi. Bunday ta’qib sovet hukumatini tashvishlantirib qo‘yadi. Musobaqaning ikkinchi qismi Moskvada o‘tkazilishi munosabati bilan yuzaga kelgan ikki haftalik tanaffus paytida Botvinnikni partiya Markaziy komitetiga chaqirishadi. U bilan Stalinning eng sadoqatli safdoshlari – Voroshilov va Jdanov shaxsan suhbatlashadi.

– Biz amerikalik jahon chempioni bo‘lib qolishi mumkin deb xavfsirayapmiz, – deydi Jdanov,– shu bois sizni qo‘llamoqchimiz. Agar sovet grossmeysterlari Keres va Smislovlar sizga atayin yutqazib berishsa, qarshilik qilmassiz deb o‘ylaymiz. Bu bilan ular o‘zlarining haqiqiy vatanparvar ekanliklarini namoyish etadilar.

Mixail Moiseevich e’tiroz bildirmoqchi bo‘lganda, mafkura kotibi og‘iz ochirmaydi. Shunda Botvinnik murosa yo‘lini taklif qiladi:

– Hozircha shoshmay turaylik-chi, balki bunaqa choraning hojati bo‘lmas.

Jdanovning kayfiyati yaxshi bo‘lgani uchun bo‘lajak chempionning xohishini inobatga oladi. (Albatta, agar Botvinnik Reshevskiyga yutqazib qo‘yganda, taqdiri Axmatova, Zoshchenko kabi ayanchli bo‘lardi, mafkura dushmanlarini jazolash bobida Jdanov boy tajribaga ega edi)

Darhaqiqat, so‘nggi ikki partiyada Botvinnik xavfli raqibini yutib, o‘zini ta’qibdan xoli qiladi va partiya va hukumatning g‘amxo‘rligiga hojat qoldirmaydi.

GIPNOZ PISANDMAS

Tal bilan bo‘lgan match-revanshda Botvinnik o‘z unvonini ishonch bilan qaytarib olgach, ko‘pchilik undan raqibining boshqa grossmeysterlarni muvozanatdan chiqargan gipnozi xalaqit bermadimi, deb so‘rashardi.

– Mening omadim keldi,– deya javob beradi Botvinnik,– yaqinni ko‘ra olmasligim bois men Talning ko‘zlarini ko‘rolmasdim va gipnoz ham menga ta’sir qilmasdi.

TARVUZ E’TIROF BELGISI

Shaxmat garchi individual o‘yin bo‘lsa-da, Mixail Botvinnik «sovet shaxmat maktabi» vakili ekanligini ta’kidlab turishni yoqtirardi. Kavkazdagi Boris Spasskiy o‘ynayotgan bir turnirga mehmon bo‘lib borganida, ikki qirol shahar bozorini aylanib yurishadi. Sotuvchilardan biri Spasskiyni tanib qolib, chaqiradi:

– O‘rtoq Spasskiy, menga sizning o‘yiningiz juda yoqadi. Mana bu tarvuz sizga sovg‘a.

Jahon chempioni tarvuzni yoqtirmasdi, sovg‘ani rad qiladi. Shunda Botvinnik uning biqiniga turtib, shipshiydi:

– Boris Vasilevich, tarvuzni olib, bu muxlisning qo‘lini siqib qo‘ying. Axir bu sovet shaxmat maktabining e’tirofi-ku!

JINNILAR ISYoNI

O‘tgan asrning qirqinchi yillarida bo‘lajak jahon chempioni Vasiliy Smislov Fizkultura va sport qo‘mitasi shaxmat bo‘limi boshlig‘i Nikolay Zubarev huzuriga kirganda, g‘aroyib bir suhbatning guvohi bo‘lgandi. Ular o‘tirgan xonaga notanish bir erkak to‘satdan bostirib kirib, boshliqqa o‘ta muhim bir taklifi borligini aytadi.

– Xo‘sh, qanday taklif ekan? – deb so‘raydi Zubarev.

– Men zudlik bilan sizlarning qo‘mitangizni Sog‘liqni saqlash vazirligi ixtiyoriga berilishini taklif qilaman, chunki shaxmatning inson salomatligi uchun ahamiyati beqiyos.

– Kechirasiz, siz o‘zingiz qayerdan bo‘lasiz?

– Men Kashchenko ko‘chasidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasidanman. Biz u yerda hammamiz yalpisiga shaxmat o‘ynaymiz va o‘zimizni a’lo darajada his qilyapmiz.

Xona sohibi bu odam bilan pachakilashib o‘tirish xavfli ekanligini payqab, uning taklifini diqqat bilan o‘rganib, albatta, hayotga tatbiq etishga va’da beradi. Eshik tashqaridan yopilgach, Smislov bilan Zubarev qotib-qotib kulishadi.

Ammo eng kulgili voqea keyinroq bo‘ladi. 1953 yili Fizkultura va sport qo‘mitasi chindan ham… Sog‘liqni saqlash vazirligi ixtiyoriga o‘tkaziladi. Nahotki o‘sha ruhiy shifoxona mijozi o‘z maqsadiga yetgan bo‘lsa? Darvoqe; salomatlik va sport o‘rtasidagi ittifoq uzoq davom etmaydi. Oradan bir yil o‘tgach, Fizkultura va sport qo‘mitasi o‘z mustaqilligini to‘la qaytarib oladi. Aytishlaricha, Kashchenko ko‘chasidagi o‘sha shifoxona mijozlari bunga norozilik bildirib, isyon ko‘tarishgan emish.

XOTIN HAMIShA HAQ

1962 yilgi mamlakat chempionatida Smislov sport ustasi Lev Aronin bilan o‘ynalayotgan partiyasini kechiktirgach, uyiga kelib pozitsiyasi najotsiz ekanligini payqaydi. U hakamga telefon qilib, mag‘lubiyatini tan olmoqchi bo‘ladi.

– Aslo bunday qila ko‘rma,– Nadejda Andreevna rozi bo‘lmaydi.– Sen kurashishing kerak!

– Axir najot yo‘q-ku, – deydi Smislov xomush bosh chayqab.

– Yo‘q, borib o‘ynaysan – tamom!

Ertasi kuni Smislov borib o‘yinni davom ettiradi va durangga erishadi.

– Nadya, tabriklayman, – deydi jahon eks-chempioni uyiga telefon qilib, – sen endshplni mendan ko‘ra yaxshiroq tushunibsan.

RAQIBING QIROL BO‘LSA

Varshavadagi «Timsoh osti» restoranida xalqaro shaxmat ustasi, graf Kazimir Plyater pulga shaxmat o‘ynashni yoqtirardi. Polshalik shaxmatchilar dimog‘dor grafni unchalik xushlashmasdi, shu bois uni bir boplab ta’zirini berib qo‘yishga qaror qilishadi. Buning uchun ular o‘ziyam bir umr graf bilan o‘ynashni orzu qilib yurgan Talga murojaat etadilar. «Plyater seni tanimaydi, u faqat o‘zini biladigan odam» deya eks-chempionni xotirjam qiladilar.

Kelishilganidek, Tal qoyilmaqom spektakl qo‘yadi: oldiniga grafni g‘aflatda qoldirib jo‘rttaga bir necha partiyani yutqazib beradi, keyin, tikilgan mablag‘ning cho‘g‘i oshavergach, raqibiga ketma-ket qaqshatqich zarba berib, uch ming zlotix (o‘sha davr uchun katta pul) pulini qoqishtirib oladi.

Grafdan halol yutib olingan bu pulga Talning tarafdorlari restoranda maza qilib kayf-safo qiladilar. Ertasi kuni Kazimir Plyater televizorda shaxmat qirolining ko‘pchilik muxlislar qurshovida seans berayotganini ko‘radi-yu, boshini changallab qoladi.

MANZILI – SOVET ITTIFOQI

Mixail Tal birinchi xotini Salli Landau bilan nikohdan o‘tish uchun ZAGSga ariza berishganda kelin fotoapparat ko‘targan notanish odamni ko‘rib qoladi. Salli Taldan uning kimligini so‘raydi.

– «Sovetskiy Soyuz» jurnalining fotomuxbiri,– deya javob beradi kuyov.

– Nima, endi bizning nikohimiz butun Sovet Ittifoqiga oshkora bo‘ladimi?– deydi Salli norozi bo‘lib.

– Yo‘q,– deydi Tal kelinni tinchlantirib,– faqat uning o‘quvchilari biladi.

ERI – DEKABRIST

Xorijdagi bir turnirda Talning buyragi og‘rib qolib, kasalxonaga tushadi. Sal o‘ziga kelishi hamon ketishga oshiqadi. Unga tuzukroq tekshiruv o‘tkazishni taklif qilishadi. Ammo Tal qat’iy rad qiladi. Kasalxonaning odamoxun bosh vrachi shunday deydi:

– Axir sizlarda butunlay zulmat-ku, qamoqqa olishadi, Sibirga surgun qilishadi. Loaqal xotiningiz Sallini qoldirib keting, u menga juda ham yoqib qoldi.

– U sizga shu yerda yoqyapti, – deydi Tal e’tiroz bildirib, – men esa kerak bo‘lsa, uni Sibirda ham sevishimga to‘g‘ri keladi.

SOG‘LIQ BAHONA

Kunlardan bir kuni Mixail Botvinnik Salliga maktub yo‘llab, Talning salomatligidan tashvishlanayotganini aytadi va vaqtincha Moskvaga ko‘chib kelib, Mishani poytaxtdagi kasalxonalarda durustroq davolashni taklif qiladi. Bu xatni o‘qib ko‘rgan Tal bir zum jiddiy tortadi, so‘ng Salliga kosa tagidagi nimkosani tushuntiradi:

– Men hammasini tushundim! Otaxon shunchaki senga xushtor bo‘lib qolgan xolos, shu bois seni poytaxtga chorlayapti. Ammo o‘zing hal qil: bitta eks chempionni boshqasiga almashtirish shartmi?

OLTINChIDA O‘QISA EDI

Shaxmat bo‘yicha jahon eks chempioni Mixail Talning o‘yinidan qoniqmagan bir muxbir: «Shunaqasiyam bo‘ladimi? Oltinchi sinf o‘quvchisi topa oladigan oddiy yurishni ko‘ra olmadi-ya», deb yozadi. Tal bunga javoban shunday deydi: «O, agar men hozir oltinchida o‘qiganimda edi, eng zo‘r yurishni topgan bo‘lardim!»

AYoLLAR IMKONIYaTI

Mayya Chiburdanidze ayollar o‘rtasida shaxmat tojini qo‘lga kiritganda muxbirlardan biri Taldan so‘rab qoldi:

– Ayting-chi, Mayyaning erkaklar o‘rtasida chempion bo‘lish imkoniyatini qanday baholaysiz?

– Harqalay, mening ayollar o‘rtasida chempion bo‘lish imkoniyatimdan yuqoriroq!

NEKROLOG

Etmishinchi yillari hali Talning bitta buyragi olib tashlanmasdan oldin bir shaxmat jurnali har ehtimolga qarshi eks-chempion haqida nekrolog tayyorlab qo‘yadi. Hammasi yaxshilik bilan tugab, Tal Moskvaga qaytib kelgach, tahririyat xodimlaridan biri soddalik qilib o‘sha nekrolog matnini ko‘rsatadi.

– Men o‘z nekrologini hayotligida o‘qigan yagona odamman! – deydi grossmeyster o‘zicha faxrlanib.

Ammo Talga tahririyatning bu g‘ayriinsoniy qilig‘ini hazilga aylantirish oson bo‘lmagan edi. U tez-tez o‘zini tutolmay bu voqeani eslab qolardi.

– Ammo-lekin nima bo‘lganda ham nekrologda ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan, – deydi u bir kuni,– va men uni tahrir qilishga ulgurdim. Ostiga «Tuzatilgani to‘g‘ri. Mixail Tal» deb imzo qo‘yib qo‘ysam bo‘larkan.

Bu ko‘ngilsizlik haqida Tal o‘sha yillari do‘stlashib yurgan Varlen Strongin huzurida gapirib qoladi. Yozuvchi do‘stining qalbidagi g‘uborni baholi qudrat tarqatish maqsadida uchun Fedor Shalyapinning o‘z yaqinlari uchun bir necha bor «o‘lib-tirilgani»ni va bu rolni juda ishonarli o‘ynaganini hikoya qilib beradi. Yaqinlari yig‘i-sig‘i qilib, hushidan ketganda buyuk qo‘shiqchi kutilmaganda «tirilib» ketar, maza qilib kular va endi u mabodo rostakamiga o‘lib qolsa ham u qadar katta fojia bo‘lmasligini aytar ekan.

– Ammo men Shalyapin emasman-da, – deydi Tal g‘amgin kulimsirab.– Ro‘y berishi muqarrar bo‘lgan voqeani bashorat qilishning hojati yo‘q, baribir bir kuni omonatini topshiramiz. Darvoqe, bu nekrolog menga hali asqotib qolishi mumkin, – deydi u qo‘shimcha qilib. – Mabodo men militsiyaga tushib qolsam (aytaylik, me’yoridan ko‘proq otib qo‘ysam), ularga shu qog‘ozni ko‘rsataman. O‘zi yo‘q bo‘lgan odamning boshini qotirib o‘tirishmasa kerak. O‘zi yo‘qning ko‘zi yo‘q!

DAHOLIK – KASALLIK EMAS

Mixail Tal mashhur qalmiq shoiri, ashaddiy shaxmat muxlisi David Qo‘g‘ultinovga shunday bir g‘aroyib voqeani hikoya qilib bergan edi.

1960 yili Botvinnikni yutib, jahon chempioni bo‘lgach, Tal biroz dam olmoqchi bo‘ladi va bir oygacha shaxmatga yaqinlashmay turishga qaror qiladi. Ammo kutilmaganda yuz bergan bir holatdan rejasini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. O‘sha chempionlik matchidan bor-yo‘g‘i ikki kun o‘tgach, uning huzuriga durustgina shaxmatchi bo‘lgan bir tanish vrach-psixiatr kirib keladi. U Talga kasalxonada yotgan o‘n yetti yoshli bir yigit haqida gapirib beradi. «Bu yigit- ning psixikasi sal g‘alatiroqmi-ey,– deydi vrach,– u o‘zini chempionlarning chempioni deb hisoblaydi, qachonlardir o‘tmishda Alyoxin va Kapablankalarni ham yutganman va endi menga teng keladigani yo‘q deb hisoblaydi. Daholik kasaliga chalingan shaxmatchini davolashning yagona chorasi – uni shaxmatda mag‘lub etishdir, shunda es-hushi joyiga qaytadi».

Yosh yigitning salomatligi uchun Tal bu ilmiy tajribaga rozi bo‘lib, kasalxonaga yo‘l oladi. U palatada o‘smirga sal-pal shaxmatga daxldor ekanligini va hatto Botvinnik bilan tanishligini pisanda qilib qo‘yadi.

Bu orada jangga ishtiyoqi baland bo‘lgan o‘smir Talga imtiyoz asosida o‘ynashni taklif etadi, chempion arang imtiyozni bekor qilib, halol o‘ynashga ko‘ndiradi. O‘yin boshlanadi. Shunda mo‘jiza yuz bergandek bo‘ladi, shaxmat sehrgari deb nom chiqargan Tal yosh raqibining shiddatli hujumiga tob berolmay taslim bo‘ladi. Darhol ikkinchi partiya boshlanadi. Bunda endi Tal o‘zining bor hunari-mahoratini ishga solishga majbur bo‘ladi, ro‘parasida xuddi Botvinnik o‘tirgandek tuyuladi. O‘smir mensimayroq dona suradi va hisob biru bir bo‘ladi.

Mag‘lubiyat o‘smirga qattiq ta’sir qiladi, buning ustiga vrach ham muolaja maqsadida mijoziga iddao qilib qo‘yadi: «Sen qanaqasiga chempionsan, notanish bir havaskorga yutqazib o‘tiribsan-ku!»

Tal qichqirib yuborishdan arang o‘zini tiyib qoladi, o‘smirni aldaganligini, uning beqiyos shaxmatchi ekanligini, jahon chempioni bilan durang o‘ynaganini aytib, bolakayni suyuntirmoqchi bo‘ladi. Ammo vrach Talga sirni oshkor etishiga ruxsat bermaydi, grossmeyster ham baribir o‘smirning daholigini yashirish mumkin emas va ko‘p o‘tmay uning dovrug‘i olamga yoyiladi deya ko‘nib qo‘ya qoladi.

Vrachning o‘ylab topgan chorasi, davolash usuli to‘la-to‘kis o‘zini oqlaydi. Darhaqiqat, shunday shaxmat terapiyasidan keyin o‘smir sog‘ayib ketadi, el qatori oddiy odam bo‘lib qoladi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor edi, endi o‘smir hamma jabhada oddiy odamga aylanib qoladi, ruhiy zarba bir lahzada «shaxmat Paganinisi»ni o‘ziga xoslikdan mahrum qilgan edi. Bundan chiqadiki, vrach beqiyos iste’dod sohibini faqat kasallikdan emas, daholikdan ham xalos etadi.

Bu g‘aroyib voqea Qo‘g‘ultinovga shu qadar kuchli ta’sir qiladiki, shoir ko‘p o‘tmay «Daholik – aql kasalligi emas» degan g‘oya ilgari surilgan «Shaxmatchi» nomli doston yozadi.

Baxtimizga, bu voqeaning intihosi u qadar g‘amgin emas, aksincha, kulgilidir. Keyinchalik Tal Ko‘g‘ultinovga o‘sha kasalxona ham, vrach ham, o‘sha g‘aroyib o‘smir ham hayotda bo‘lmaganligini, bularning hammasini o‘zi o‘ylab topganligini tan olib aytgan edi. Bu beqiyos voqea bilan u shoirning fantaziyasini bir qitiqlab, shaxmatning sirli-sehrli olamiga e’tiborini qaratmoqchi bo‘lgan ekan. Oqibatda Tal maqsadiga erishadi. Shoir ham undan minnatdor bo‘ladi. Tal sirni doston yozilgandan keyingina ochgan edi.

ShUNISINI HISOBGA OLMABDI

Turnirlardan birida Paul Keres bilan o‘ynayotgan Tal debyutdayoq sipoh qurbon qiladi. Uning omadi chopayotgandek edi, ammo shu lahza estoniyalik grossmeyster uzoq o‘ylanib qoladi va…shartta kostyumini yechib yuboradi. Shundan so‘ng u sovuqqonlik bilan raqibining hujumini bartaraf etib, g‘alaba qozonadi.

– Men hamma variantlarni aniq hisoblab chiquvdim, – deydi Tal raqibini yutuq bilan tabriklarkan, – ammo eng qaltis vaziyatda kostyumingizni yechib yuborishingizni hisobga olmabman.

YaXShI XOTIN UChRAB QOLSA-ChI?

Taniqli grossmeyster Tigran Petrosyan uylanganidan keyin xotini Rona bilan mo‘jazgina ikki xonali uyda istiqomat qilardi. Bo‘lajak jahon chempioni «Spartak» jamiyatining (futbol va xokkey bo‘yicha «Spartak» jamoasining sadoqatli ishqibozi ham) a’zosi edi. Unga MASK (Markaziy armiya sport klubi)ga o‘tsa, uy-joy sharoitini yaxshilashga va’da berishadi. O‘sha yillari shaxmat marshal va generallar o‘rtasida ancha ommabop o‘yin hisoblanardi. Petrosyanga to‘rt xonali uy va’da qilishadi.

– O‘ylab o‘tirishning hojati yo‘q, albatta rozi bo‘l! – deya xitob qiladi xotini Rona. – Tasavvur qil – alohida xonang bo‘ladi. Mazza!

Ammo Petrosyan bu taklifga shubha bilan qaraydi.

– Bugun men yaxshi uy-joyga uchib, «Spartak»dan MASKga o‘tsam,– deydi u, – ertaga yaxshi xotinni uchratib qolib, sendan unga o‘tsam nima bo‘ladi? Bunisiga nima deysan?

Ana shu gapdan keyin Rona Yakovlevna boshqa bu haqda so‘z ochmadi va uy-joyni almashtirish masalasi bilan shaxsan o‘zi shug‘ullandi.

ALMAShTIRISh SAN’ATI

Petrosyanning xotini erini shaxmatga aloqasi bo‘lmagan jamiki ro‘zg‘or tashvishlaridan xalos qilgandi. Ularning eski, torgina uylariga tez-tez borib turadigan tanishi oradan bir yil o‘tgach, Petrosyanlarning yangi, ko‘pxonali muhtasham xonadoniga borib, og‘zi ochilib qoladi. Keyin u Kotovni uchratib qolganda so‘raydi:

– Petrosyan qanday qilib kamtarona uyini bunaqa saroyga almashtira oldi?

Grossmeyster bunga donishmandlarcha javob qiladi:

– Petrosyan faqat filni otlarga almashtirishni biladi, xolos. Qolgan barcha narsalarni xotini almashtiradi.

SOVET HOKIMIYaTIGA RAHMAT!

Bo‘lajak jahon chempioni Boris Spasskiy o‘n olti yoshida «Xalqaro shaxmat ustasi» unvoniga sazovor bo‘ladi. Bu o‘sha davr uchun (1953 yil ) rekord ko‘rsatkich edi. Erishgan natijasini u keyinchalik «Sovet hokimiyatiga rahmat!» deya izohlaydi. Gap shundaki, Buxarestdagi turnirning boshlanishida sovet shaxmatchilari ayovsiz ravishda bir-birlarini qaqshatqich mag‘lubiyatga uchrata boshlaydilar va oqibat vengriyalik Laslo Sabo oldinga chiqib oladi. Shunday bir vaziyatda Moskvadan telegramma kelib qoladi: «Noma’qulchilikni bas qilinglar, o‘zaro durang o‘ynanglar!»

Spasskiy bu vaqtga kelib Smislovni yutgan, ammo oldinda Boleslavskiy, Petrosyan kabi dahshatli raqiblari bilan jang qilishi lozim bo‘lgani uchun tajribasi hali yetarli bo‘lmagan yosh shaxmatchi hayajonlanar edi. Ammo haligi telegramma kelgach, hamma beixtiyor Kreml ko‘rsatmasiga amal qiladi va muammo ham osongina bartaraf etiladi.

TAVSIFNOMA

Xalqaro turnirga jo‘nashdan oldin Podmoskoveda yashaydigan Spasskiyni o‘sha yillardagi taomilga ko‘ra Moskva viloyat partiya qo‘mitasiga suhbatga chaqirishadi. Komissiya a’zolaridan biri viloyat partiya qo‘mitasining hozirgi rahbari kim ekanligini so‘rab qoladi. Boris darhol savolga savol bilan javob qiladi:

– Siz o‘zingiz bu yil shaxmat bo‘yicha kim Moskva chempioni bo‘lganini bilasizmi?

Obkom a’zolari qo‘rqib ketadilar (to‘satdan Leonid Ilich chempion deb e’lon qilingan bo‘lsa-chi?) va darhol tavsifnomaga imzo chekib beradilar.

SISILIYa MAFIYaSI

Bu voqea ham tavsifnoma bilan bog‘liq. Navbatdagi turnir oldidan Spasskiy partkomissiya huzuriga to‘q, yarqiroq qizil kostyumda, bo‘yniga sariq sharf o‘ragan holda keladi.

– Bu qanaqa to‘tiqush o‘zi? – deydi keksa bolshevik ayol.

Bunga javoban Spasskiy ayolga zamonaviy moda haqida qisqa bir ma’ruza o‘qiydi. Shunday shakkoklikka qaramasdan hamma narsa tinch-totuvlik bilan tugashi mumkin edi. Ammo shu lahza kimdir Spasskiydan Italiyadagi ahvol haqida (o‘shanda hamma gazetalar Sitsiliya mafiyasi haqida yozardi) so‘rab qoladi, u esa kutilmaganda… Gollandiyadagi ahvol haqida batafsil hikoya qila boshlaydi.

– Bu juda qiziqarli, – deydi tavsifnoma bo‘yicha komissiya raisi,– ammo savolni tushunmadingiz, sizdan Italiya haqida so‘rayapmiz.

– Men sizlarni yaxshi tushundim, ammo men oxirgi marta Gollandiyada bo‘lgan edim. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan narsalar haqidagina gapirishga odatlanganman.

– Siz nima, gazeta o‘qimaysizmi?

– Kechirasiz, men ma’lumotim bo‘yicha jurnalistman, gazetalarimizning qanaqaligini menchalik biladigan odam bo‘lmasa kerak. Hammasi yolg‘onni yamlamay yutadi.

– «Pravda» gazetasi hammi?

– «Pravda» hammasidan battar!

Ana shunda darg‘azab bo‘lgan kommunistlar sakrab turib ketadilar va Spasskiyni xonadan haydab chiqaradilar. Tavsifnomani olish haqida endi gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Bundan ham yomoni – Spasskiyning shaxmatdagi mavqei ham nihoyasiga yetishi mumkin edi. Grossmeysterni Rossiya shaxmat federatsiyasining mas’ul kotibasi Vera Tixomirova qutqarib qoladi. Boyoqish ayol yarim soat mobaynida keksa bolsheviklarni bu narsa shunchaki bir anglashilmovchilik ekaniga zo‘rg‘a ishontirib, vaziyatni yumshatishga erishadi.

IShONCh VA IShONChNOMA

Amsterdamda Spasskiy-Fisher o‘rtasidagi o‘yinning qayerda o‘tkazilishi masalasi ko‘rilayotgan edi. FIDEning o‘sha yillardagi prezidenti Maks Eyve har ikki grossmeysterning vakillarini huzuriga chorlaydi. Jahon chempioni Boris Spasskiyning manfaatini SSSR sport qo‘mitasi shaxmat bo‘limi mudiri Viktor Baturinskiy himoya qiladigan bo‘ladi. Ammo Spasskiy buni istamasdi, shu bois ayyorlik qiladi: mashina haydash huquqini beradigan ishonchnomani Markaziy shaxmat klubida tasdiqlab berishini so‘rab Baturinskiyga murojaat qiladi. Baturinskiy bu ish faqat notarial idorasida qilinishini aytib, (Spasskiy buni o‘zi ham yaxshi bilardi) rad javobini beradi. Amsterdamga jo‘nashdan ikki kun oldin Sport qo‘mitasida bo‘lgan majlisda Spasskiy shunday deydi: «Viktor Davidovich menga mashina haydashim uchun ishonchnoma berishdan bosh tortdi, men ham uning Amsterdamda ishonchli vakilim bo‘lishiga ishonch bildira olmayman».

Rahbariyat bundan uzoq kuladi, ammo Spasskiy maqsadiga erishadi: Baturinskiy uyda qoladigan bo‘ladi.

MINNATDOR SUZONG‘ICh

Fisherga jahon chempionligini boy berib qo‘ygan Spasskiy navbatdagi o‘yinlarda yana shaxmat toji uchun kurashmoqchi bo‘lib, o‘zining sobiq ustozi Igor Bondarevskiyga murojaat qiladi. Ammo u rad qiladi va o‘ninchi jahon chempioni tamomila yolg‘izlanib qoladi: undagi hurfikrlilikni rahbariyat xushlamasdi. Bu tengsiz kurashlarda unga Aleksandr Soljenitsin yordam beradi. Yozuvchining «Suzong‘ich buzoqcha» («Bodalsya telyonok s dubom») kitobida o‘zi uchun muhim bo‘lgan so‘zlarni o‘qib qoladi: «Agar siz hech kimdan qo‘rqmasangiz va o‘limga ham tayyor bo‘lsangiz, sizni hech kim yengolmaydi. Faqatgina o‘ldirishlari mumkin, ammo o‘ldirish – yengish degani emas».

Bir kuni grossmeyster Soljenitsinni uchratib qolganda shunday dastxat bitilgan shaxmat kitobini sovg‘a qiladi: «Minnatdor suzong‘ichdan. Boris Spasskiy».

LEONID BREJNEVNING XAYRLI IShI

O‘zining oxirgi – uchinchi xotini Marina Щerbakova bilan Spasskiy Moskvada tanishadi. Yetmishinchi yillarda turg‘unlik avjiga chiqqan, uni – mustaqil, erksevar odamni partiya mafkurachilari va salla ol desa kalla olishga shay turgan turli ijrochilar behad qiynab yuborgan edi. Ular har xil yo‘llar bilan uning xorijlikka uylanishiga to‘sqinlik qilishayotgandi, ammo Marina o‘zining ayollik baxti uchun astoydil kurashardi.

Frantsiyaning SSSRdagi savdo vakolatxonasida ishlaydigan Marina Brejnevning Moskvaga tashrif buyurgan Frantsiya prezidenti Jorj Pompidu sharafiga uyushtirayotgan ziyofatiga taklifnoma topadi. Kremlda Pompiduga turli savollar beriladi, Marina ham unga murojjat qiladi:

– Janob Pompidu, siz muhabbat masalasiga qanday qaraysiz?

Prezident yayrab-yashnab ketadi:

– O, dunyoda muhabbatdan ham zo‘r narsa bormi?

– Unday bo‘lsa nega bizning Boris Spasskiy bilan turmush qurishimizga ruxsat berishmayapti? – kutilmaganda savolning davomi chiqib qoladi.

Shunda Frantsiya prezidenti tarjimon orqali savolni Brejnevga yo‘llab, uni andak besaronjom qilib qo‘yadi. Bosh kotibga bu masala qandaydir anglashilmovchilik ekanini tan olishdan boshqa iloj qolmaydi. Ertasi kuni Boris Spasskiyni kelin bilan ZAGSga chaqirib, zudlik bilan nikohdan o‘tkazib qo‘yadilar.

JVANESKIYNING MANTIG‘I

Kunlardan bir kuni Jvanetskiydan kitobiga dastxat yozib berishni so‘radim. Yozuvchi «Eng yaxshi tilaklar bilan…» kabi hammaga ma’lum siyqa jumla bilan boshini qotirib o‘tirmadi. Ko‘p o‘tmay muqovaning ikkinchi sahifasida shunday bitik paydo bo‘ldi: «Jenya Gikka, shaxmatni yaxshi ko‘ruvchi, ammo o‘ynashni yoqtirmovchi muallifdan. Sizning M. Jvanetskiy».

Quvnoq adabiyot grossmeysterining boshqa yozgan narsalari kabi g‘ayritabiiy jaranglaydi bu gap. Eng qizig‘i – boshqa mashhur grossmeysterlar orasida ham shaxmatni yaxshi ko‘rsa-da, uni o‘ynashni yoqtirmaydiganlar uchrab turadi. Buning yorqin misoli – Boris Spasskiy. Dunyoda Boris Spasskiyday shaxmat taxtasiga o‘tirganda aftini bu qadar burishtirib, peshanasini tirishtiradigan odamni uchratish qiyin. Ilgari uning ko‘p yillik murabbiysi Igor Bondarevskiy hayotligida Spasskiyni ahyon-ahyon qo‘liga kitob olib turishga da’vat etib turardi. Frantsiyaga ko‘chib ketganidan keyin Spasskiy shaxmat taxtasi va sipohlarini omborxonaga tashlab qo‘yadi. 1992 yili u yigirma yil muqaddam bo‘lganidek yana Fisher bilan jang qiladi, natija avvalgisidek ko‘ngilsiz bo‘ladi. Bu «asr jangi»ning mukofot jamg‘armasi besh million dollar edi va Borisning suyukli rafiqasi bunaqa imkoniyatni qo‘ldan boy berish aqlsizlik ekaniga erini ishontira oladi.

KOSTYuMLAR KOLLEKSIYaSI

Grossmeyster Naydorf hamisha yuksak did bilan, chiroyli kiyinib yurar, kostyumlarini tez-tez almashtirib turar edi.

– Nechta kostyumingiz bor o‘zi? – deya undan so‘raydi bir kuni yosh Fisher.

– Bir yuz ellikta,– bajonidil javob beradi mashhur grossmeyster.

Bundan hayratlangan Fisher o‘shandan buyon kostyum yig‘a boshlaydi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Naydorfni uchratib qolgan amerikalik chempion maqtanib deydi:

– Sizning rekordingizni bekor qildim! Mening kiyim javonimda bir yuz ellik yettita kostyum bor!

– Qoyil, Bobbi,– deya uni tabriklaydi Naydorf.– Ammo siz behuda joningizni koyitibsiz. Men o‘shanda hazillashgandim, bor-yo‘g‘i beshta kostyumim bor, xolos.

JONIDAN TO‘YGANLAR UChUN AVTOMOBIL

Fisher aldashni, ayyorlik qilishni, murosaga borishni bilmasdi. Kunlardan bir kuni unga katta pul evaziga «Folksvagen» avtomobilini reklama qilish taklif etiladi. Bunday paytda birinchi galda pulning cho‘g‘i bilan qiziqadigan aktyorlardan farqli ravishda Fisher mashhur firma chiqaradigan avtomobilni astoydil o‘rganadi va undagi ba’zi nosozliklarni aniqlab, foydali shartnomadan voz kechadi: «Men faqat jonidan to‘yganlar minadigan mashinani reklama qilmayman».

QAMOQXONADAGI SEANS

Fisher Denver shahridagi qamoqxonada mahbuslarga seans berayotgan edi. U navbatdagi taxtaga kelganda raqibining oq ruhni o‘g‘irlab qo‘yganini payqaydi.

– Agar ruhni qayta joyiga qo‘yib qo‘ymasangiz,– deydi jahon chempioni qat’iy ohangda, – boshlig‘ingizga aytaman va bunaqa g‘irromligingiz uchun qamoq muddatingizni yana cho‘zib qo‘yishadi.

– Meni behuda qo‘rqityapsiz, – deydi uning raqibi g‘ijinib.– Men bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilinganman.

SANAB TURGAN EKAN

Robert Fisher hamisha o‘yin paytida mutlaqo jimjitlikni xohlar, zarracha shovqinni ham hazm qilolmas edi. Shaxmat toji uchun Spasskiy bilan bo‘layotgan matchdagi partiyalardan birida u birdan nigohini taxtadan uzib, norozi ohangda xitob qildi:

– O‘n ikkinchi qatorda o‘tirgan hoy qiz! Darhol obaki so‘rishni bas qil!

– Men endigina uchinchisini qo‘limga oluvdim,– deya o‘zini oqlashga urinadi yosh island shaxmatchisi Astrid Berndottir.

– Uchinchisi emas, yettinchisi, kichkintoy yolg‘onchi, – deya e’tiroz bildiradi Fisher, – meni sanamayapti deb o‘ylayapsanmi?

O‘ChINI OLDI

Fisher o‘zining chempionlik unvonini himoya qilishdan bosh tortganda shaxmat toji o‘z-o‘zidan Karpovga o‘tadi. Oradan ikki yil o‘tganda har ikki shaxmat qiroli o‘zaro daromad keltiruvchi match o‘tkazish masalasini muhokama qilish uchun Yaponiyada maxfiy uchrashishadi. Bu haqda xorijiy axborot manbalaridan xabar topgan SSSR terma jamoasi treneri Aleksandr Nikitin kerakli joyga ma’lum qiladi. Natijada muzokaralar uzilib qoladi va o‘zaro match masalasi ham barbod bo‘ladi. Karpov bundan ranjiydi va Nikitinni lavozimidan bo‘shatilishi uchun astoydil kurashadi. Sobiq trener ham o‘z navbatida Karpovdan o‘ch olishga ahd qiladi va yosh Kasparovni 12-chempionga qarshi tayyorlay boshlaydi. Nihoyat, 1985 yili trener o‘chini oladi: Garri Kasparov Karpovdan chempionlik unvonini tortib oladi!

REKORDLAR G‘AROYIB

Botvinnikni yigirma uch yoshida yutib chiqqan Tal tarixda eng yosh jahon chempioni bo‘lgan edi, match-revanshda yutqazib qo‘ygach, eng yosh eks-chempion bo‘lib qoladi. Ammo oradan chorak asr o‘tgach, Talning rekordini yosh Kasparov yangilaydi: u Karpovdan ustun kelib, yigirma ikki yoshida shaxmat tojini qo‘lga kiritadi. Bir yil o‘tgach, match-revanshda Kasparov ishonch bilan tashabbusni qo‘lga oladi, ammo o‘yinning ikkinchi qismida ketma-ket uch marta yutqazib qo‘yadi va kutilmaganda hisob tenglashib qoladi.

– Agar yana shunaqa o‘ynaydigan bo‘lsangiz,– deya uni ogohlantiradi Tal,– mening ikkinchi rekordimni ham yangilaysiz: eng yosh eks-chempion bo‘lib qolasiz.

Bu hazil Kasparovning qitiq patiga tegadi: o‘zini qo‘lga olib, bellashuvni ishonch bilan yakunlaydi. Shunday qilib Talning ikkinchi rekordi hali-hamon yangilangani yo‘q.

BOLShEVIK

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida Kasparov tufayli xalqaro shaxmat harakatida ajralish yuz bergach, Spasskiy unga «bolshevik» degan laqabni beradi. Shu asnoda u bolshevik Kasparovning uchta inqilobiy aqidasini ta’kidlaydi.

Birinchisi: kim biz bilan bo‘lmasa – u bizga qarshi. Ikkinchisi: agar dushman taslim bo‘lmasa, u yo‘q qilinadi. Uchinchisi: nimaligini bilmaymiz, ammo oxirigacha olib boramiz.

IChMAYDIGAN ChEMPION

1994 yilning oxirida televideniyening oltinchi kanali Karpov-Kasparov o‘rtasida o‘zaro ochiq muloqot uyushtiradi. Ikki chempionning suhbati bag‘oyat keskin va maroqli bo‘ladi va oradan ko‘p o‘tmay, u televideniyening sport nominatsiyasi bo‘yicha «Teffi» mukofotiga loyiq ko‘riladi. O‘sha suhbatdan so‘ng studiyada yig‘ilganlar va Kasparov, Karpovning muxlislari shampan vinosini ichadilar. Kasparov bir lahza tantanaga kechikib keladi va shu paytda kanalning o‘sha davrdagi rahbari Eduard Sagalayev paydo bo‘lib, Kasparovni ham davraga qo‘shilib, birga ichishini taklif qiladi. Ammo uzoqroqdan Karpovni ko‘rib qolgan Kasparov hammaga eshitadigan qilib:

– Men umuman ichmayman, ayniqsa, bunaqa odamlar to‘plangan joyda, –deya dimoq-firoq qilib liftga qarab yuradi.

Shunday qilib, qadah urishtirayotgan ikki «K»ni birgalikda suratga tushirishning iloji bo‘lmaydi.

DAHOLARGA OSON

Grossmeyster Shamkovich bir kuni Amerikada Fisher bilan uchrashib, unga bironta shaxmatchi hali yechimini topolmagan qiziq bir etyudni ko‘rsatadi. Ammo Fisher bu etyudning yechimini uch daqiqadayoq topadi. Shamkovich shunda Fisherning rostdan ham daho ekanligiga ishonch hosil qiladi. Oradan bir necha yil o‘tgach, u xuddi shu etyudni Kasparovga ham ko‘rsatib, go‘yo Fisher bilan g‘oyibona bahsga chorlaydi. Garri rozi bo‘ladi va ikki daqiqadayoq g‘alabaga eltuvchi yagona yo‘lni ko‘rsatib beradi. Shunda Shamkovich Kasparovning Fisherdan ham ustunroq daho ekanligiga amin bo‘ladi.

REYTINGI PAST EKAN

Barcha buyuk shaxslar kabi Kasparov ham kim bilandir qo‘l berib salomlashar, ayrimlarga esa bosh irg‘ab qo‘yish bilan kifoyalanar edi. Bir ziyofatda u o‘zining eski do‘sti bo‘lgan taniqli shaxmatchiga qo‘l uzatmaydi. Yig‘ilganlar bundan hayron bo‘lib sababini so‘rashganda Garri shunday izoh beradi: «Uning reytingi juda past». Ha, shunday qilib boyoqish –grossmeyster o‘zining bor reytingini ham yo‘qotgani yetmagandek, eski do‘stining muruvvatidan ham mahrum bo‘ladi.

TAJRIBAGA HOJAT QOLMADI

Ushbu g‘aroyib hangomada birato‘la yettita sovet jahon chempionlari ishtirok etgan.

Saksoninchi yilning boshida bir nemis grafologi (odamning xatiga qarab xarakterini aytib beradigan mutaxassis –Sh. O.) Yakov Estrindan (shaxmat nazariyotchisi, qator kitoblar muallifi – Sh.O.) xarakterlarini tadqiq etish uchun jamiki sovet jahon chempionlarining dastxatini to‘plab berishni iltimos qiladi. Estrin uyiga qaytgach, ishga kirishadi.

U eng avval MIXAIL BOTVINNIKKA telefon qiladi.

– Ertaga sizni soat 10.35 da o‘z tajribaxonamda kutaman,– deydi Mixail Moiseevich.– Ammo bilib qo‘ying, bir daqiqa kechiksangiz ham dastxatni ololmaysiz, – deb qo‘shib qo‘yadi chempion.

Keyingisi VASILIY SMISLOV edi.

– Dastxat deysizmi? – o‘ylanibroq javob qiladi Vasiliy Vasilevich. –Negadir eslolmayapman, anchadan buyon dastxat bermagandim. Hozir biz Nadya bilan dam olyapmiz, ertaga turnirda o‘ynayman, ertadan keyin konservatoriyada kuylashim (Ajoyib ovoz sohibi bo‘lgan Smislov alohida kontsertlar berardi – Sh.O.) kerak. Biron oylardan keyin telefon qilishga harakat qiling.

MIXAIL TAL tungi soat ikkida restorandan topiladi. U go‘zal oyimqizlar qurshovida bir vaqtning o‘zida televideniyaga, radioga, jurnal va ikkita gazetaga intervyu berayotgan edi. Mixail Nexemevich Estrindan dastxat nimaga kerak bo‘lib qolganini so‘rab ham o‘tirmaydi, qog‘ozga shosha-pisha imzo chekib beradi. Qizig‘i, qo‘lidagi ruchka emas, sigareta ekan, yana qaytadan imzo chekishga to‘g‘ri keladi.

TIGRAN PETROSYaN iltimosni eshitgach, darrov qiziqsinib so‘raydi:

– Botvinnik rozi bo‘ldimi? Smislov-chi? Tal-chi? Xo‘sh, unday bo‘lsa men yana biroz o‘ylab ko‘rishim kerak, – deya mujmal javob qiladi Tigran Vartanovich.

Boris Spasskiy bu davrga kelib Parijda yashayotgan edi. Estrin u bilan bog‘lanish uchun Frantsiyaga telefon qiladi.

– Yakov Borisovich, men sizni juda hurmat qilaman. Ammo men sovet jurnalistlariga intervyu ham, dastxat ham bermasligimni siz yaxshi bilasiz-ku, – deya tushuntiradi Boris Vasilevich.

ANATOLIY KARPOV ham uyida ekan. Estrinning iltimosiga javoban u bugun o‘n beshta dastxat berib, rejani bajarganligi, ertaga RIO-de-Janeyroga uchib ketayotganini aytadi.

Estrin GARRI KASPAROVGA murojaat qiladi. U hali jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritmagan, ammo tez orada tojni qo‘lga kiritishi aniq bo‘lib qolgan edi, shu bois undan ham dastxat olib qo‘yish ziyon qilmasdi.

– Kechirasiz, bunaqa masalalar bilan oyim shug‘ullanadi, – deydi yosh Garri, – unga murojaat qiling.

Ertasi kuni Estrin Germaniyaga telefon qilib, tanishiga bor gapni aytib beradi. Grafolog dastxat bilan bog‘liq tafsilotlarni batafsil eshitgach, Estringa sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildiradi va gapini xulosalab, shunday deydi:

– Sizga katta rahmat, endi dastxatlarning hojati yo‘q.

KASABA UYuShMASI A’ZOSI

Vladimir Kramnik (bo‘lajak jahon chempioni) birinchi sinfda o‘qiyotganidayoq shaxmat bo‘yicha birinchi toifaga ega edi. Bir kuni otasi uni o‘zi ishlaydigan aloqa bo‘limi terma jamoasi tarkibida o‘ynatish uchun musobaqaga olib ketadi. Birinchi toifali bolakay o‘zidan katta barcha raqiblarini qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratadi. Shunda mag‘lubiyat alamini tortganlardan biri o‘rtaga chiqib, jiddiy tarzda iddao qiladi:

– To‘g‘ri, men yutqazdim, ammo mening mag‘lubiyatim inobatga olinmasligi kerak, chunki bu bola kasaba uyushmasi a’zosi emas!

Musobaqa kasaba uyushmasi doirasida o‘tkazilayotgan edi.

O‘N BESh DAQIQALIK BAXT

To‘qsoninchi yillar o‘rtasida Kramnik reyting bo‘yicha Kasparovga yetib oladi, bu haqda unga turnirda o‘ynayotganida aytishadi.

– Darg‘alar ro‘yxatida Kasparov bilan tenglashib qolganingizni bilganingizda nimalarni his qildingiz? – deb so‘raydi undan bir xorijlik muxbir.

– Men o‘n besh daqiqa o‘zimni baxtli his etdim, keyin televizor ko‘rishda davom etdim.

– Qanaqa ko‘rsatuvni tomosha qilayotuvdingiz?

– Axborotni. Bilasizmi, Rossiyadagi yangiliklarni ko‘rayotganda o‘n besh daqiqadan ziyod baxtli bo‘lish mumkin emas.

SOXTA KASAL

Petrosyanning xotini Rona Yakovlevnaning uddaburon ayol ekanligini tasdiqlaydigan misollar ko‘p. Erining goho institutni bitirmaganidan siqilib yurishini bilgan Rona yoshi bir joyga borib qolgan Petrosyanni mustaqil tayyorlanib imtihon topshirishga va keyinchalik shaxmat psixologiyasi bo‘yicha kandidatlik dissertatsiyasini yoqlashiga erishadi. Shunday qilib serg‘ayrat va uddaburon xotini tufayli Petrosyan falsafa fanlari nomzodi bo‘ladi va bu hol uning shaxmat hayotida muhim rol o‘ynaydi.

Aleksandr Roshal shunday bir voqeani hikoya qilgandi. Spasskiy bilan bo‘lgan ikkinchi matchning 14- partiyasida Petrosyan naqd yutuqni qo‘ldan chiqarib, hisobda oldinga chiqib olish imkoniyatini ham boy beradi. Tabiiy, bundan uning ruhi tushib ketadi. Oqshomda «64» jurnalining bo‘lajak muharriri (o‘shanda mas’ul kotib edi) Roshal «64» jurnali muharriri Petrosyanga telefon qiladi. Uni Petrosyanning uyiga chorlashadi.

Uyda hammayoq ostin-ustin bo‘lib ketgandi, xonadon sohibi u xonadan bu xonaga asabiy kirib chiqar, qandaydir dorilarni qidirar, vrachlarga telefon qilar edi. Ma’lum bo‘lishicha Petrosyanning xotini kasal bo‘lib qolgan ekan. Yotoqxonada Roshal uy bekasining boshiga ho‘l sochiq qo‘ygancha behol yotganini ko‘radi. U chiday olmay gap qotadi: «Rona Yakovlevna, Tigran bu partiyadan shundog‘am siqilib yuribdi, ustiga-ustak siz ham bemavrid yotib olibsiz!»

Bemor asta boshini ko‘tarib, quvlik bilan shipshiydi: «Alik, nahotki hech narsani sezmayotgan bo‘lsangiz?»

Ha, bu ruhiy ta’sir ko‘rsatishning ajoyib usuli edi: Rona o‘zining soxta kasali bilan vaqtincha erining butun diqqat-e’tiborini shaxmatdan chalg‘itgandi.

INJIQLIK HAM EVI BILAN-DA

Agar sovet shaxmatchisi jahon chempionligini qo‘lga kiritsa va uni nufuzli siyosiy arboblardan biri qabul qilsa, bu voqea grossmeyster uchun matchda yutib chiqishdan kam bo‘lmagan bayram hisoblanardi. Ammo o‘z mamlakatining prezidentini ham nazar-pisand qilmaydigan Fisherning yo‘rig‘i boshqa edi.

Fisher bilan Amerika prezidenti Richard Nikson o‘rtasida bo‘lib o‘tishi faraz qilingan telefon suhbatini o‘z vaqtida mashhur amerikalik feletonchi Art Buxvald yozib chiqadi.

– Salom Bobbi! – Nikson Fisherga Spasskiy bilan bo‘lgan match tugashi hamon telefon qiladi. – Sizni Reykyavikdagi g‘alaba bilan tabriklayman!

– Qisqaroq! Men charchaganman,– javob qiladi Fisher.

– Amerika uchun bu juda muhim kundir, Robert.

– Men uchun bundan ham muhim: bugun cho‘ntagimga 150 ming dollar kelib tushdi.

– Bilasizmi, Bobbi, men kollejda o‘qib yurganimda shaxmat jamoasiga a’zo bo‘lishimga bir bahya qolgandi.

– Menga atay shuni aytish uchun telefon qilyapsizmi?

– Men sizni Oq uyda beriladigan ziyofatga taklif qilmoqchiman.

– Buning uchun menga qancha to‘lamoqchisiz?

– Nimalar deyapsiz, Bobbi! Ziyofatda oliy sud va hukumat a’zolari, taniqli siyosatchilar qatnashadilar.

– Qatnashsa nima bo‘pti, mayli, kelaman, faqat bitta shartim bor – Islandiyaga meni olib ketish uchun samolyot yuborasiz. Bundan tashqari, ixtiyorimga limuzin, alohida tennis korti va xira muxbirlardan muhofaza qilish uchun o‘nta maxfiy xodimlarni ajratasiz.

– Men istagingizni bajo qilaman, Bobbi.

– Men ovqatlanayotganimda dasturxon ustida hech qanday gap-so‘z bo‘lmasligi lozim.

– Bu qiyin masala, Bobbi. Oq uyda ziyofat bo‘ladi-yu, gaplashilmasa…

– Bu sizning ishingiz. Agar ozgina sharpani eshitib qolsam ham darhol tantanani tark etaman.

– Siz aytganday bo‘la qolsin. Axir bu ziyofat sizning sharafingizga uyushtirilyapti-da.

– Mana bu boshqa gap. Ammo men o‘zimning shaxsiy kreslomni olvolaman, notanish stulga tavakkal qilib o‘tirolmayman. Keyin, chiroqlar yorqin bo‘lmasligi kerak. Agar chiroqlar ko‘zni qamashtirgudek bo‘lsa, ovqatga qo‘l ham urmayman.

– Men sizni tushunaman, Bobbi. Biz hammamiz siz bilan faxrlanamiz. Siz Amerika yoshlariga munosib o‘rnaksiz!

Prezident shu zahotiyoq xavfsizlik xizmati mutasaddisi Richard Xelluga telefon qiladi:

–Dik, men o‘z samolyotimni Islandiyaga Fisherni olib kelish uchun yuboryapman. Menga bir yaxshilik qiling. Fisher bortga chiqishi hamon samolyot Kubaga o‘g‘irlab ketilishini uyushtiring

MUHABBAT KUChLI BO‘LSA

Fisher shaxmat tojini qo‘lga kiritganda bir yosh amerikalik nihoyat sevgilisiga o‘z muhabbatini izhor qilishga jazm etadi:

– Men albatta Fisherday qudratli, u kabi boy-badavlat emasman, ammo muhabbatim yo‘lida har narsaga tayyorman!

– Unday bo‘lsa meni o‘sha Fisher bilan tanishtirib qo‘y! – deya soddadillik bilan javob qiladi «sadoqatli ma’shuqa».

TIL BILMASA QIYIN

Misrda bir do‘kondor Karpovga papirusni (o‘simlikdan tayyorlanadigan yozuv materiali – tarjimon) maqtab, sotib olishga qistaydi. Aslida u banan po‘stlog‘idan tayyorlangan bo‘lib, bir haftadayoq chirib ketardi. Karpov buni bilmasdi, ammo ichki bir sezgi bilan g‘irromlikni payqab turar va papirusni sotib olishga ikkilanar edi. Shunda misrlik mehmonni ishontirish uchun uning rus o‘rtoqlari shikoyat va takliflar daftariga o‘z fikrini yozib qoldirganini aytib, maqtanib qoladi. Bu ancha kuchli dalil edi va Karpov cho‘ntagini kovlashga tushadi. Ammo oxirgi daqiqada daftardagi o‘sha yozuvga bir ko‘z tashlab qo‘ygisi keladi. Unda shunday yozilgandi: «Bu odamdan hech narsa sotib olmang, u qip-qizil qallob.»

Shunday qilib, noma’lum vatandoshi Karpovni behuda pul sarflashdan qutqarib qoladi. Misrlik savdogar esa rus tilini bilmasligidan afsuslangan bo‘lsa ehtimol…

TANIMASNI… SIYLAYDI

Birinchi rus jahon chempioni Aleksandr Alyoxin qahvaxonada havaskor shaxmatchilarning o‘yinini kuzatib o‘tirardi. Ishqibozlardan biri unga bir partiya o‘ynashni taklif qiladi. Chempion raqibiga to‘rasini oldindan berib qo‘yib o‘ynash sharti bilan rozi bo‘ladi.

– Bu qanaqasi axir? – deydi havaskor norozi bo‘lib, sipohlarni taxtaga terarkan. – Siz axir meni mutlaqo bilmaysiz-ku!

– Xuddi shuning uchun ham muruvvat qilyapman! – deydi chempion

kulimsirab.

EGRI QOZIQQA EGRI TO‘QMOQ

Botvinnik Tel-Avivdagi shaxmat olimpiadasiga mehmon sifatida borgan edi. Isroil bosh vaziri Ben-Gurion mehmon bilan suhbat asnosida o‘z nazariyasini bayon qiladi. Unga ko‘ra dunyodagi hamma yahudiylar bitta mamlakatda yashashlari kerak edi. Bu bilan u Botvinnikka ham ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarishiga ishora qiladi. Mixail Moiseevichning javobi bosh vazirni qo‘rqitib yuboradi:

– Siz yahudiylarning bu yerda ham inqilob qilib yuborishidan qo‘rqmaysizmi?

Bosh vazir boshqa bu mavzuga qaytmaydi.

Shodmon Otabek tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son