Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri: Islomofobiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozim

Xalqaro maydonda islomofobiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, muqaddas dinni yomonotliq qilish yo‘lidagi urinishlarni to‘xtatish lozim. Trend agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyorov 18 oktyabr kuni Toshkentda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashida bayonot berdi.

Ozarboyjon tashqi siyosat mahkamasi rahbari xalqaro hamjamiyat islom diniga nisbatan yanglish tushunchalar ildiz otishiga qarshi kerakli chora-tadbirlar ko‘ra olmayotganidan taassufda ekanini bildirdi.

“Biz bunday holatga barham berish yo‘lida barcha chora-tadbirlarni ko‘rishimiz lozim. Bu jihatdan, Islom hamkorlik tashkiloti ko‘rayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va barcha mamlakatlarni bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga da’vat etamiz”, – dedi Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri.  

Qayd etilishicha, harbiy ziddiyatlar, terrorchilik harakatlari, migratsiya inqirozi, qaltis gumanitar vaziyat hamda islom dini xususida xato qarashning tarqalayotgani dunyo tinchligi va barqarorligiga tahdid bo‘lib turibdi. Afsuski, mazkur muammolardan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo aksar davlatlar aziyat chekmoqda.

Elmar Mamedyorovga ko‘ra, ekstremizm va terrorizm islom dini va musulmonlardan asossiz shubhalanishning avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Buning oldini olish uchun esa mavjud ziddiyatlarni bartaraf etish yo‘llarini qidirmoq lozim.

Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatida rasmiy Boku tomonida turgani uchun Islom hamkorlik tashkilotiga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Sessiyada Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari rahbarlari, AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Italiyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YeXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari ishtirok etdi. Xalqaro mashvaratning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Anjuman yakunida Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati o‘z raislik vakolatini O‘zbekistonga topshirdi. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri mazkur organning 2017 yildagi navbatdagi sessiyasiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladi.