Alliance Française fondi raisi Jerom Kleman O‘zbekistonda mehmon bo‘ldi

Frantsuz alyansi (Alliance Française) fondi raisi Jerom Kleman 4-6 may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida bo‘ldi, deb xabar beradi Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Tashrif davomida J.Kleman O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa mamlakatlari va NATO bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i D.Ahadov hamda Adliya vaziri o‘rinbosari A.Usmonov bilan uchrashdi. Qayd etilishicha, muloqot chog‘i tomonlar Frantsuz alyansining Toshkentdagi bir yillik faoliyatini qoniqarli baholagan.

Frantsiyalik yuqori martabali mehmon Toshkentdagi Frantsuz alyansi raisi Sh.Minovarov, direktori Yu.Mrachkovskaya hamda o‘qituvchilar jamoasi bilan suhbatlashdi. Qolaversa, Frantsuz alyansining dunyo bo‘ylab faoliyati xususida ma’ruza qildi.  

J.Kleman Buxoroga safar qilib, mazkur tarixiy shaharda Frantsuz alyansi shaxobchasini ochish imkoniyatini o‘rganib chiqdi.

Frantsuz alyansi fondi Parijda joylashgan bo‘lib, u dunyoning 5 qit’asidagi 800 dan ortiq frantsuz alyanslarini birlashtiradi.  Fond sayyoramizdagi eng yirik madaniy muassasalar tarmog‘i sifatida e’tirof etilgan.

Fond raisi J.Kleman Frantsiya hukumatida madaniyat jabhasida nufuzli vazifalarni bajargan. Xususan, u 1989 yili “Arte” frantsuz-olmon madaniy telekanaliga asos solib, 2011 yilga qadar uni boshqargan.

Toshkentda Frantsuz alyansi 2015 yil yozda ochilgan. Uni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim 2014 yil 7 noyabrda Parijda O‘zbekiston va Frantsiya Tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan.

Frantsuz alyansining asosiy maqsadi O‘zbekistonda frantsuz tilini o‘rgatishga hissa qo‘shish, turli madaniy tadbirlar o‘tkazish orqali ikki davlat xalqlarining bir-birini chuqur anglashiga ko‘maklashish, o‘zaro do‘stlikni rivojlantirish, O‘zbekistondagi frantsuz tili mutaxassislariga uslubiy ko‘mak ko‘rsatish hamda frantsuz tili va madaniyatini keng targ‘ib etishdan iborat.