Savdogarning taxmini

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir mamlakatda bir savdogar bo‘lgan ekan. Uning juda chiroyli bir xotini bo‘lib, hamma vaqt savdogarga shunday der ekan:
— Men, odam bolasi u yoqda tursin, osmondagi quyoshga ham ko‘rinmayman.
Savdogar xotinining gapiga hamma vaqt ishonar, unga mehri juda ham zo‘r ekan.
Kunlardan bir kuni savdogar savdoga jo‘namoqchi bo‘lib qolibdi. Shunda qo‘shnisi chiqib:
Savdoga ketayotgan emishsiz, shu gap to‘g‘rimi? — debdi.
— Ha, mana tayyorgarlik ko‘ryapman, — debdi Savdogar.
— Unday bo‘lsa ozgina pulim bor, ola keting, ul-bul ola kelsangiz sizga ham, menga ham bo‘lar, — debdi qo‘shnisi.
Savdogar safar taraddudida band ekan, xotiniga:
— Anavi pulni olib qo‘y! — debdi.
— Men qo‘limni nomahramga ko‘rsatamanmi? — debdi xotini.
— Pulni olib qolaver, gunohing mening bo‘ynimga, — debdi savdogar.
Xotin pulni qo‘shnisidan ko‘ylagining yengi bilan olib, savdogarning oldiga tashlabdi-da, yugurib uyga kirib boltani olib chiqibdi. U to‘g‘ri erining yoniga kelib:
— Pul olgan qo‘limni chopib tashlang. Pul olaman deb qo‘lim gunohga botdi. Choping. Nomahramga ko‘rsatdingiz qo‘limni, — debdi.
Savdogar xotinining qo‘lidan boltani olib, uni yupatib erkalabdi.
Savdogar xotinidan ko‘ngli to‘lib, savdoga jo‘nabdi. Uch tosh chamasi yo‘l bosilganidan keyin qo‘shnisi bergan pulni kigiz tagida qoldirgani esiga tushib qolibdi.
— E, qo‘shnim bergan pul yodimdan ko‘tarilibdi. Men borib pulni olib kelay. Savdodan qaytsam, qo‘shnim qo‘limga qarasa, nima deyman. Tagimda yaxshi ot, sizlar asta-sekin ketaveringlar, men sizlarga yetib olaman, — deb uyiga qaytibdi.
Kelsa, uyining ichida dutor, tanbur va childirmaning ovozi avjida. Darvozani itarsa ichidan qulfloq. Savdogar devordan sekin oshib, hovlisiga tushibdi. Derazadan ichkariga qarasa, oltita haybatli barzangi qalin ko‘rpa-to‘shaklar ustida dutor, tanbur chertib o‘tiribdi. Xotini bo‘lsa o‘rtada ularga qarab turli-tuman muqomlar qilib o‘yin tushmoqda.
Savdogar buni ko‘rib hang-mang bo‘lib qolibdi. «Buning gapini qara-yu, qilayotgan ishini qara», deb orqasiga qaytibdi.
Savdogar karvonga yetib olib, bor mol-dunyosini xizmatkorlariga bo‘lib beribdi-da, o‘zi boshini olib boshqa yurtlarga ketibdi.
Savdogar bir mamlakatga borib yashay boshlabdi. Bir kuni savdogar ko‘chada ketayotsa, malla salla o‘ragan, malla chopon kiygan bir chol qo‘sh haydayotgan emish. U haydayotgan yerning u boshiga borib ham ho‘kizining to‘rt oyog‘ini yuvarmish, bu boshiga kelganda ham ho‘kizining to‘rt oyog‘ini yuvarmish.
Savdogar cholning oldiga kelib:
— Salomalaykum, hormang, bobo, — debdi.
— Vaalaykum assalom, bor bo‘ling, bo‘tam, — debdi bobo.
— Nima uchun u yoqqa borib ham ho‘kizingizning oyogini yuvasiz, bu yoqqa kelib ham yuvasiz, — debdi savdogar.
Chol podshoning eng ishongan taqvodor eshoni ekan.
— E, siz so‘ramang, men aytmay, — debdi u.— Yerimning ana yog‘i vaqf. Vaqfning tuprog‘i yerimga qo‘shilib qoladi, deb u yoqqa borganimda ho‘kizimizning oyog‘ini yuvaman. Yerimning mana bu yog‘i sag‘irniig mulki. Sag‘irning tuprog‘i yerimga qo‘shilib qoladi, deb bu yoqqa kelganimda ho‘kizimning oyog‘ini yuvaman.
Savdogar ichida: «Sen ham qip-qizil o‘g‘ri, xuddi mening xotinimning xilidan ekansan», debdi-da, yo‘lida davom etibdi. Ko‘chada ketayotgan ekan, ikkita jarchi qichqirib yurganining ustidan chiqib qolibdi.
— Odamlaru odamlar, bog‘da bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar, podshohimizning to‘rt xum tillasi yo‘qoldi, kim topsa bir xumi suyunchiga beriladi.
Savdogar o‘ylabdi: «Tillani shu chol o‘g‘irlagan bo‘lsa kerak». Savdogar uch-to‘rt kun yuribdi. Hech qayerdan tillaning daragi chiqmabdi. Boshqalar ham tillani topolmabdi. Podshoning jarchisi esa jar chaqirgani chaqirgan.
Savdogar podshoning oldiga borishga va o‘zining gumon qilgan kishisini aytishga qaror qilibdi. U saroyga borib, qorovullardan ruxsat olib, podshoning oldiga kirib salom bergach, bunday debdi:
— Taqsiri olam, tilla yo‘qotdilarmi?
— Ha, xazinadan to‘rt xum tillam yo‘qoldi, — debdi podsho.
— Shu yo‘qolgan tillani men topib beraymi? Bu so‘zdan podshoning jahli chiqibdi.
— Sen o‘zing kimsan, — debdi u, — sendaqa tilla toparlarni ko‘pini ko‘rdim. Bor, yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma!
Savdogar podshoga qarab shunday debdi:
— Men falon mamlakatdan kelgan savdogar bo‘laman. Men albatta tillangizni topib beraman.
— Sen boshqa davlatdan kelgai bo‘lsang, qayerdan topasan tillani. O‘zimizning xalq — qancha mulla, qancha fuqarolar ham topolmay yuribdi-yu, senga yo‘l bo‘lsin.
— Topaman dedimmi, topaman, — debdi savdogar. Odamlar podshoga qarab:
— Taqsir, topib beraman desa, mayli topib bersin, — deyishibdi.
Savdogar: — Menga, kes kallasini, deganda shart kesadigan o‘nta yigit berasiz. Podsho savdogarning shartiga ko‘nibdi. O‘nta baquvvat, falonchining do‘ppisini olib kel, desa, kallasini tanidan judo qiladigan yigitni boshlab, yaxshi otlardan minib, to‘g‘ri haligi eshonnikiga kelibdi. Savdogar qamchinning dastasi bilan darvozani taqillatib, cholni chaqiribdi. Tovush bo‘lmabdi. Savdogar hovliga qarab:
— Ey chol, bu yoqqa chiq deyapman, — deb baqiribdi. Chol chiqibdi. Savdogar unga qarab do‘q qila ketibdi.
— Podsho xazinasidan olgan tillani qayerga qo‘yding? Tezda top, bo‘lmasa kallang ketadi.
Chol ham bo‘sh kelmabdi, u ham savdogarga qarab po‘pisa qila boshlabdi:
— Sening o‘zing kim? Hali seni podshohimizga aytib zindonga soldiraman, inshoollo, kallangni tanangdan judo qildiraman, — deb hech bo‘yniga olmabdi.
Savdogar yigitlardan biriga qarab:
— Buning kallasini kesinglar! — deb buyuribdi. Yigitlardan biri cholning oldiga yugurib kelibdi-yu, qo‘rqib ketib uning boshiga qilich sololmabdi.
Savdogar o‘tkir qilichi bilan haligi yigitning kallasini shartta uzib tashlabdi. Savdogar ikkinchi yigitga buyruq qilibdi:
— Kes buning boshini!
Ikkinchi yigit ham oradan otilib chiqibdi-yu, cholning boshini chopa olmabdi.
Savdogar uning ham kallasini uzib tashlabdi. Savdogar uchinchi yigitga buyuribdi:
— Cholning kallasini uzib tashla!
Uchinchi yigit qilichini g‘ilofidan sug‘urib, havoda o‘ynatibdi-da, cholning bo‘ynini mo‘ljallabdi. Qilichni endi solaman deganda, chol:
— Urma, tillani topib beraman! — debdi.
Chol savdogarni yerto‘lasiga boshlab kiribdi. Yerto‘lada podshoning to‘rt xum tillasi turgan ekan. Tilladan boshqa yana allaqancha o‘g‘irlangan mollar, matolar va bezaklar bor ekan.
Tilla to‘la xumlarni olib, savdogar podshoning oldiga boribdi. Podsho savdogarga tan berib:
— Barakalla, hech kim topolmagan tillani topib berding, — debdi. Keyin qo‘shimcha qilib:— Sen uning o‘g‘riligini qayoqdan bilding, u bizning eng ishongan, mehr qo‘ygan karomatli eshonimiz edi-ku. Hech kim uni o‘g‘ri deb o‘ylamagan edi, — debdi.
— Mening bir xotinim bor edi, — deb savdogar bo‘lgan voqeani va yo‘lda ho‘kizining oyog‘ini yuvayotgan eshonni ko‘rib, uning qallobligini fahmlaganini va taxmini to‘g‘ri chiqqanini aytibdi. Podsho savdogarning donoligiga qoyil qolibdi va uni o‘ziga vazir qilib olibdi.