Tog‘ay Murod. Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi (roman)

1

Tagi ko‘rmaganga gilam bitmasin.
Qodir qulni chevarasi, Xolmat malayni nevarasi, Eson xizmatkorni bolasi Botir qo‘shchi tumandan aynib keldi.
Qo‘shchi kalondimog‘-kalondimog‘ qadam bosdi. Kibor-kibor quloch otdi. Kerma qosh-kerma qosh boqdi.
Kolxoz idorasi qoshida oyoq ildi. Idora tomiga serdimoq nazar soldi. Gap yo‘q, so‘z yo‘q — narvondan tomladi.
Tomda qo‘llarini ketiga qo‘ydi. Tom bosh-adog‘ilab qadamladi. Vazmin-vazmin qadamladi. Olislarga dono-dono boqib qadamladi.
Birdan qoziqday qoqilib qoldi. Misoli haykal bo‘lib qoldi. Yerga shahodat barmoq o‘ynatdi. Lik-lik o‘ynatdi. Qorovulni imladi.
Qorovul hadaha-hadaha keldi. Narvon poyida hayrona-hayrona turdi. Qoshi uzra kaft soyabon eta-eta mo‘ltaydi.
— Chaqirganday bo‘ldingizmi? — dedi. Qo‘shchi hokimona-hokimona siyosat etdi.
— Xalq yig‘ilsin! — dedi. — Xalqni yig‘ing! Qo‘shchi qo‘llari ketida tag‘in qadam oldi. Mag‘ribga boqib qadam oldi. Mashriqqa boqib qadam oldi. Qorovul gapni kulgi-mutoyibaga yo‘ydi.
— Ha, xalq keladi! — dedi. — Tayinlab qo‘yib edim, xalq halizamat kelib qoladi!
— Xalq yig‘ilsin, dedimmi, yig‘ilsin!
Qorovul hayrondan-hayron bo‘ldi. Turib-turib… g‘ashi keldi.
«O‘zing bir qo‘shchi bo‘lsang, — demoqchi bo‘ldi. — Senga kim qo‘yibdi idorani tomiga chiqishga?»
Yana-tag‘in, shaytonga hay berdi.
— Xalqni nima qilasiz? — dedi. — Mana men xalq, o‘zimga ayta bering!
— Yo‘q, xalq yig‘ilsin!
Shu vaqt darvoza oldida besh-olti dehqon qora berdi. Dehqonlar narvon poyiga to‘p bo‘ldi. Kulgi-mutoyibaga o‘tdi:
— Sin-simbatingizni daladan ko‘rib keldik.
— Tumanda nima gaplar bor, gapiring, qani?
— Qani, tumandan gurung bering, qani?
Qo‘shchi tomdan tushdi. Hovuz bo‘ylab yurdi. Hovuz supada tik turdi. Qo‘llarini orqa etdi. Yo‘q qorinni olg‘a surdi. Io‘q qorinni olg‘a suraman deya… ketiga chalqayib qoldi. Yo‘q qorin oldinda qoldi… Keti ich-kari kirib yo‘qoldi. O‘zi ketiga chalqayib qoldi!
Qo‘shchi dehqonlarga barmoq nish etdi.
— Shunday turinglar! — dedi. Dehqonlar supa poyiga to‘p bo‘ldi. Qo‘shchi supaga barmoq bigiz etdi.
— O‘tiringlar! — dedi.
Dehqonlar cho‘k tushdi. Chordana qurib o‘tirdi.
Qo‘shchi belqarsdan bilak o‘tkazdi. Belqars tutamladi. Io‘q qorinni tag‘in-da olg‘a surdi. Keti tag‘in-da ichkari kirib yo‘qoldi.
— Ammo-lekin! — dedi. — Aytinglar, qani, men kimman?
Dehqonlar o‘zaro qarashib oldi. Bilamiz demishday, bosh irg‘adi. Hazil demishday, miyiqlarida kuldi.
— Kim bo‘lardingiz, o‘zimizni Botir qo‘shchi-da, — dedi.
Qo‘shchi yo‘q qorinni olg‘a siltadi.
— Yo‘q! — dedi. — Ammo-lekin topolmadilaring!
Dehqonlar burchakka bet burib keldi. Dehqonlar og‘iz ushlab kuldi.
— Kolxoz tuzilgani qachon edi? — dedi qo‘shchi. —
Sizlarga qachon aql kiradi? Topinglar, men kimman?
Dehqonlar yuzidan kulgich qochdi. Bari o‘ylab qoldi. Oxiri chidab o‘tirolmadi.
— Unda, o‘zingiz ayting?
— Biz bir dalada yurgan dehqon bo‘lsak?
— Siz tuman borib keldingiz, siz ayting?
Qo‘shchi ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Ko‘kragini olg‘a shishirdi.
— Mana shu… men-a? — dedi. — Mana shu men! Aytinglar, qani, mana shu men kimman?
Dehqonlar tag‘in bir-biroviga qaradi.
— Ha, shu siz, shu siz! — dedi.
— Unda, sizlarga topshiriq: boringlar, meni kim ekanimni bilib kelinglar!
Qo‘shchi shunday deya, supadan tushdi. Ko‘chaga ravona bo‘ldi.
Bir dehqon qo‘shchini izidan yetdi. Qo‘shchini bilagidan tutamladi.
— Menga qara, Botir, — dedi. — Otangni ko‘rdim, ahmadi forig‘, enangni ko‘rdim, tovoni yoriq, deydilar. Otang shul, enang shul, nima qilasan, osmonga chiqib? Tush pastga, tush!
Qo‘shchi qaytib keldi. Qo‘shchi ko‘kragiga kaft qo‘ydi.
— Men! — deya ko‘krak urdi. — Mana shu men, Botir firqaman, Botir firqa!
Dehqonlar o‘zaro qarashib-qarashib oldi.
— Kim-kim? — dedi.
— Bir so‘z bilan aytsak: Botir firqa!
Qo‘shchi shunday deya, supa bosh-adog‘ilab odimladi. Dehqonlarga qarab-qarab odimladi.
— Bir so‘z bilan aytsak, men shu kundan boshlab
Botir firqa bo‘ldim! Ayni vaqtda, qishloq sho‘rosini raisi-da bo‘ldim! — dedi. — Kimda-kim meni Botir firqa demas ekan, o‘zidan ko‘rsin!
Dehqonlar baqa bo‘lib qoldi.

2

Qo‘shchini Botir firqa demagichlar bo‘ldi.
Birov — firqa so‘ziga tushunolmay aytmadi. Birov — qo‘shchi so‘ziga o‘rganib qolib aytmadi. Tag‘in birov — qo‘shchiga firqa so‘zi yarashmaydi, deya aytmadi.
Ana shunda, Botir qo‘shchi… chillasida chiroq ko‘rmagan bo‘ldi.
Qo‘shchi birovni mehnat haqini qirqib tashladi. Birovni tomorqasini suvdan qisdi. Birovni mol-holini yemishdan tortdi.
Otiga «firqa» so‘zini qo‘shib aytmagichlarni: «Xalq dushmani», deya aybladi.
Shu-shu, qo‘shchi bir og‘izdan — Botir firqa bo‘ldi.

3

Botir firqa O‘zbekiston poytaxti Samarqandda olti oylik siyosiy o‘qishni bitirib keldi.

4

1933 yil to‘ldi.
Non chuchuk bo‘ldi. Non shirin bo‘ldi. Ota o‘z o‘g‘lini bir zog‘ora nonga almashdi. Ona o‘z qizini bir hovuch kepakka almashdi. Odamzot kunjara yeyishgacha bordi.

5

Ona bir eshakli o‘tkinchiga kaftlarini uzatdi.
— Mana shu qizaloqni olib keting, katta bo‘lsa, eshigingizni supuradi! — dedi. — Bir hovuch kepakka beraman, bir hovuchgina!
O‘tkinchi o‘zini eshitmaslikka oldi. Bozor uchun narx-navoni so‘ramadi. Boshli-ko‘zli bolani so‘rab-surishtirmadi.
Ona o‘ngga qaradi, ona chapga qaradi. Bozorda o‘zidan boshqa qolmadi.
Shunda, ona bolasiga boqib ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Bolasiga boqib uvv-uvv yig‘ladi.
Ona enkaydi. Bo‘yin egdi. Bolasini bo‘yniga mindirmoqchi bo‘ldi.
Ammo bolasi o‘zini orqaga oldi. Yo‘q, ishorasini berdi.
Shunda, ona, bolasini yelkalariga qo‘yib-qo‘yib oldi.
Bolasi ovozi boricha yig‘ladi.
Ona o‘ng gapirmadi — chap gapirdi:
— O‘chir, bozori kasod! O‘chir, zog‘ora non!
Ona endi bolasini quloq-chakkasi aralash qo‘yib-qo‘yib oldi.
Nihoyat, tayoq o‘tdi. Bolasi jonholatda turdi. Jonholatda onasi yelkasiga osildi. Bo‘ynidan quchoqlab oldi.
Ona ro‘moli uchiga tutiklik bir nimani qo‘ltig‘iga oldi. Tugunni ehtiyotlab-ehtiyotlab qo‘ltiqladi. Yo pirim, deya, joyidan qo‘zg‘oldi. Oeqlayotib, qalqib-qalqib oldi. O‘zini o‘nglab oldi. Bir-ikki qadam bosdi.
Ona yelkasida bola, yo‘l oldi. Ona qo‘ltig‘ida tugun, yo‘l oldi.
Bola onasi boshini opichlab bordi. Ovoz berib, yig‘lay, dedi. Onasidan qo‘rqdi. Onasi oyoqlarini chimchilab olishidan qo‘rqdi. Bola bor-yo‘g‘i ing-ing etib bordi.
Baribir, ona ko‘ksida shalvirab borajak bolasi oyoqlaridan o‘yib-o‘yib oldi.
Ona o‘ng gapirmadi — chap gapirdi:
— O‘chir, bozori kasod! Sidirg‘a o‘tir, bozori kasod, sidirg‘a o‘tir!
Bola ingillamay qoldi.
Ona yolg‘izoyoq so‘qmoq bo‘ylab yurdi. Qishloqni mo‘ljallab yurdi.
Qishloq bir qadam ko‘rinsa-da, xiyla olis bo‘ldi.
Bir ilon so‘qmoqni kesib o‘tdi.
Ona taqqa to‘xtadi. Seskanib oldi. O‘zini orqaga oldi.
Shunda, yelkasidagi bolasi ketiga chalqayib ketdi. Keti bilan yiqilib tushay dedi.
Ona bolasini oyoqlaridan ushlab qoldi.
Ona yoqasini ko‘tarib, ichiga «tuf-tuf» etdi. Ilon yurmish o‘t-o‘lan shitir-shitir tingunicha qimirlamadi. Joyida turdi.
Tag‘in yo‘lida davom etdi.
Bola onasini boshini opichlab-opichlab oldi.
— Ena, non… — dedi.
Ona parvo etmadi. Bir maromda odimladi. Qosh qorayib bordi.
Ona qadamini katta oldi. Ammo qadami o‘ngmadi. Boshi aylandi. Ko‘z oldi tebrandi.
— Ena, no-on…
Elas-elas bir it hurdi. It kimga hurdi? It nima-ga hurdi?
Ona oyoq ildi.
«It menga huryapti, menga! — deya o‘yladi. — It bir nimani hidini oldi. It non hidini oldi, non. It ana endi chopib keladi!»
Ona it hurishini… bolasidan ko‘rdi.
«Bolam non-non deyapti. It «non» so‘zini eshitdi», deya o‘yladi.
— Non dema-ya, qirilib ketgur! — deya, bolasi sonini o‘yib-o‘yib oldi. — Ana, it kelyapti, non dema-ya!
Bolasini nafasi ichiga tushib ketdi. Ona tag‘in yo‘lida davom etdi. It yana bir hurdi.
Ona ana shunda it bor tarafga qarab ketayotganini angladi. Yo‘lini chap solishni o‘yladi.
Ammo so‘qmoq yolg‘iz bo‘ldi. O‘z oti o‘zi bilan, yolg‘iz.
Ona: «It non hidini oldi-yov. Chopib kelib yopishmasa-yov», deya o‘yladi.
— Ona, no-on…
Ona yo‘lini so‘qmoqdan chap solmoqchi bo‘ldi. Besh-olti odim bosdi. Ammo oyoqlari chirmovuqlarga ilashib qoldi. Yovvoyi bedalarga ilashib qoldi.
Shunday ketsa, oyoqlari chalishib yiqilishidan qo‘rqdi. Yomondan-yomoni… o‘t-o‘lanlar ichida boyagiday ilonni bosib olishidan qo‘rqdi.
Ona yana qaytib so‘qmoqqa tushdi. Qo‘ltiq tugunini mahkamroq bosdi.
— Ena, no-on…
Ona yelkalarini uchirdi. Bolasini silkib-silkib oldi. Jerkib-jerkib oldi. Oyoqlarini shapillatib-shapillatib urib oldi.
— Non dema! — dedi. — Nonni otini atama!
Ona hamon hadik bilan qadamladi.
It yopishadi, deya hadiksiradi. Kun botib bordi.
Kunbotar alvon-alvon shafaq bo‘ldi. Havodan salqinlik ufurdi. Havodan oqshom nafasi ufurdi.
— Ena, no-on…
It tobora yaqin bo‘la bordi.
Ona ehtiyot uchun… it taraf qo‘ltig‘i — o‘ng qo‘ltig‘i-dan tugunni oldi. Avaylabgina… chap qo‘ltig‘iga qistirdi. Ko‘ngli xiyol orom oldi. Dadil odimladi.
Bolasi ich-etini tirnab zorlandi:
— Ena, no-o-on, no-o-on…
Ona itdan ellik-oltmish qadam beridan o‘tdi. Batamom bemalol o‘tdi. Boisi, it… bog‘loqlik bo‘ldi.
Qosh qorayib-qorayib qoldi.
Ona kulbasiga yetib keldi. O‘choq boshida cho‘nqaydi.
Bolasi yelkasidan sirg‘alib tushdi. Joyida o‘tirib qoldi. O‘rmalab-o‘rmalab oldi. Oyoqqa qalqdi. Toy-toy yurdi. Atak-chechak yurdi. Tetapoya-tetapoya yurdi. Oyoqlarini yoydi. Tevarak-boshga ser soldi: qayerlarda non bo‘ladi?
Bola ana shu joylarni titkiladi. Dasturxonni ochib qaradi. To‘ntariqlik toboqlar ostini qaradi. O‘rog‘lik suprani yoyib qaradi…
Onani enka-tenkasi quridi. Entikib-entikib na-fas oldi. O‘zini o‘ngladi. Uziga keldi.
So‘g‘in, qo‘ltig‘idan tugunni oldi. O‘choq boshiga yoydi: tugunda kaftday zog‘ora non bo‘ldi!
Uzalib, obtovani oldi. Jo‘mragidan yerga ikki tom-chi tomizdi. Jo‘mrakni og‘ziga qo‘yib ko‘tardi. Ko‘tarib suv ichdi. Entikib suv ichdi.
Zog‘ora nonni olib… chappa burildi. Nonni katta-katta tishladi. Nonni katta-katta chaynadi. Nonni kat-ta-katta yutdi…
Zog‘oradan ushoq-da qolmadi!
Tag‘in… o‘ng burildi…
Bolasi hali-hamon toboqlar ostidan… non qidirdi!
— Beri kel! — dedi ona. — Beri kel, mana non!
Bola hadahalab keldi.
Ona bolasini bag‘riga oldi. Ona bolasi og‘ziga… ko‘krak soldi. Bolasiga ko‘krak berdi.

6

Onalar… tasbehday-tasbehday tizilib o‘tirdi. Ona bir yo‘lovchiga qo‘l cho‘zdi.
— Mana shu qizaloqni ola keting, sizga qiz bo‘ladi! — dedi. — Bir kulchaga almashaman, bir kulchaga!
Ona bir yo‘lovchiga bolasini ko‘rsatdi.
— Mana shuni zog‘ora nonga almashaman! — dedi. —
Kaftday zog‘ora non bo‘lsa bo‘ladi!
Mazkur yo‘lovchi… Botir firqa bo‘ldi. U e’tibor bermadi. Beparvo o‘tdi.
Besh-o‘n qadam o‘tib, oyoq ildi. Boisi, ovoz tanish tuyuldi. Ketiga qayrilib qaradi. Ketiga qaytib keldi.
Chin, tuyulganicha bor bo‘ldi. Bolasini oldiga olib o‘tirmish ona… Mirzaxo‘jaboyni bevasi bo‘ldi.
Botir firqa qo‘llarini beliga qo‘ydi. Bevaga qarab turdi.
Ona yerga qaradi. Bolasini butlari orasiga tortibroq o‘tirdi. Bolasini yelkalaridan quchoqlab o‘tirdi. Peshonasini bolasi boshiga qo‘yib o‘tirdi. Ona betlarini bekitib o‘tirdi.
— Izimdan yurilsin!
Botir firqa shunday deya, yo‘lida odimladi.
Ona joyidan qo‘zg‘oldi. Bolasini ust-boshini qoqdi: boladan xas-cho‘p tushdi. Boladan chang-tuproq tushdi. Bola… gupillab-gupillab changidi!
Ona o‘z ust-boshini tuzatdi. Etagini qoqdi. Jelagini betiga tortib qo‘ydi. Bolasini qo‘lidan yetakladi.
Botir firqa ketiga qayrilmay qadamladi. Yerdan ko‘zini olmay qadamladi.
Xolilatib-xolilatib oyoq ildi. Onaga qayrilmay gap ochdi. Yerdan ko‘z olmay gap ochdi. Ohista-ohista gap ochdi:
— Siz Mirzaxo‘jaboyni kenja zaifasi… Zaynab… Zaynab xotinmisiz?
— Shunday, shunday.
— Qizalog‘ingizni oti nima?
— Obod.
— Obod, Obod… Mirzaxo‘jaboyni qizimi?
— Shunday, Obod… o‘sha kishidan!
— Siz kimni zurriyotini bozorga olib chiqqaningizni bilyapsizmi? Kimsan, Mirzaxo‘jaboyni zurriyoti!
Ona miq etmadi. Ona yerga tikildi.
— Mirzaxo‘jaboyni zurriyoti-ya! — dedi Botir firqa. — Chin, Mirzaxo‘jaboylar sovet hukumatini tan olmay, Afg‘onistonga qochib ketdi. Lekin u kishi Saidxo‘ja eshonni to‘ng‘ich o‘g‘illari. Bir so‘z bilan aytsak, eshonzoda, eshonzoda!
Ana shunda, ona tilga kirdi. Jelagi yoqasi bilan og‘zini ushlab tilga kirdi.
— Bir norasidani tovoniga qolmayin deyapman-da, firqa bova, — deya yig‘ladi. — Shugina norasida peshonamga sig‘mayapti!
— Shugina bir… go‘dakni boqib bo‘lmay qoldimi?
— Yo‘q-da, firqa bova, yo‘q-da. Xonumonimiz kuydi! Biz kuyib-kuyib… kul bo‘ldik!
— Mirzaxo‘jaboyni go‘dagi uchun-a?
— Kunjara bersam, yemasa nima qilayin? Zog‘ora non otliqqa yo‘q bo‘lsa, nima qilayin?
— Bir borib aytsangiz… qadamingiz kira tilaydimi?
Botir firqa umid suvlari sepib, umid suvlari sepib ketdi.

7

Botir firqa oqshom vaqti ayoliga tayinladi:
— Mirzaxo‘jaboyni bevasiga bitta kulcha olib borib ber, — dedi. — Faqat birov bilmasin, zamon yomon.
— Bitta kulcha nima bo‘ladi? — dedi ayoli.
— Har tandir yopishingda bittadan kulcha berib kelasan, tushundingmi? Bevasiga ayt, birov bilmasin. Zamon yomon, juda yomon…

8

1934 yil oyoqladi.
Non chuchukdan-da chuchuk bo‘ldi. Non shirindan-da shirin bo‘ldi. Ilik uzildi!

9

Kulbalarda bekasi bilan xo‘jasi uzala tushib o‘lib yotdi.
Bekasi bag‘rida qizalog‘i o‘lib yotdi. Xo‘jasi qo‘yni-da o‘g‘ilchasi o‘lib yotdi.
Odamzot yo‘llarda o‘lib yotdi. Ariq bo‘ylarida o‘lib yotdi. Daraxt taglarida o‘lib yotdi.
Birov zog‘ora nondan shishib o‘ldi. Birov kunjara-dan shishib o‘ldi. Birov shularni-da topolmay — ochidan o‘ldi!
Qabristonlar liq-liq to‘ldi. Jasad qo‘yajak yer tugul, oyoq bosajak yer qolmadi.

10

Shunda Botir firqa boshliq faollar tuman yo‘l oldi. Kattalarga murojaat etdi.
— Mozoristonda sog‘ joy qolmadi, — dedi Botir firqa.
— Butun tumanda shunday, — dedi kattalar. — Biz yuqoriga xabar berdik, yordam beramiz, dedi.
— Ungacha jasadlarni qayerga qo‘yamiz?
— Topiladi, tirikka topilgan yer, o‘likkayam topiladi!

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.

Kitobni MP3 formatda tinglang.