Jamila Ergasheva. G‘animatim onam (badia)

Odatda “Ota-onangiz hayotmi?”, deb so‘rashganda, “Ha” desangiz, “Davlatmand odam ekansiz” deyishadi havas bilan.
Oilamiz katta edi. Bobom, momom, amakim, yetti farzand, qariyalar yashaydigan xonadonda bo‘ladigan uzluksiz keldi-ketdilar. Shu katta xonadonda onam – yagona xizmatkor edi. Non qilsalar, kichkintoylar uchun albatta kulcha yopilar, qish kunlari ertalab tursak, uch oftoba iliqqina suvga to‘lib, maktabga kiyadigan poyafzallarimiz g‘ishtin pechning girdida yuvilgan, tumshuqlariga yumshoq lattalar tiqilgan holda issiqqina bo‘lib turardi. Oradan qancha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa ham ana shu poyafzallarni eslasam oyoqlarimda ajabtovur yoqimli haroratni his qilaman.
Sal ulg‘ayib, yonlariga kirib yumushlarga yordamim tegadigan bo‘lgach, ukalarim bir amallab yig‘ishtirgan joylarimni bir pasda to‘zg‘itib tashlayverishidan nolisam, onam “Qizijonim, sen bularning yumushlarini suyunib-suyunib, suyib-suyib qilgin, erta-indin besh og‘ang — besh qo‘rg‘oning, singling — mehri daryo g‘amgusoring bo‘ladi”, derdilar.
Endi o‘ylab qarasam, onaginamning zimmasida ne yumushimiz bo‘lsa, o‘zimizni suygandek ishimizni ham suyib qilgan ekanlar.

* * *

Onam hech qachon “Bu ish erkakning, bu ayolning vazifasi” deb yumush ajratgan ayol emas. O‘zlari chevar ayol, bir umr elning kiyimini tikib, gilamini to‘qigan.
Mehmonga borib kelishsa, otam rahmatlik kulib-kulib, momomga gurung berardi: “Ena, oshxo‘rga osh, ishxo‘rga ish yo‘liqar, deganlari rost ekan. Buningiz o‘lib tandirga qolip qazdi (yoki kiyim tikdi), men osh yedim”, der edi.
Ish bilganga ham qiyin-da, onamni ko‘rganda odamlarning bitkaza olmay turgan ishlari esiga tushib qolavergan, “Yaxshiyam kelib qoldingiz, tandirim to‘kilib qolgan, bir qolip qazadigan odam topmay yurgan edim, siz boshlab bering, men ovqatga unnay”, degan, shu bilan onaginam etaklarini lippasiga urib, qolip qazishga tushib ketgan. O‘zi tanti ayol, kuch-g‘ayrati bor, boshlagan ishini chala qoldirmay deb, osh pishguncha g‘ayrat bilan qolipni oxirigacha qazib bergan.

* * *

Oilamiz o‘rtahol edi. Otam oddiy ishchi, onam maktabda farrosh bo‘lib ishlardi. Tiktirishga olib kelishgan chiroyli gazmollardan ba’zan parcha-purcha laxtaklar ortib qolsa, singlim ikkalamiz diqillar edik: “Ona, shuni olib qolaylik, egasi bilib o‘tiribdimi?”. Onam haligi laxtaklarni shartta qo‘limizdan yulib olardi: “Kishining haqi Tangrining o‘ti. U dunyoda men buning javobini berishim kerak. Agar egasiga qaytarmasam, bu qiyqimlar u dunyoda ilonga aylanib meni quvib yurarkan”.

* * *

Onamga hamma havas qiladi: “Hamma farzandlari o‘qimishli, mehr-oqibatli. O‘zlari ham sakson yoshdan oshgan bo‘lsalar ham, na gapidan, na yo‘lidan adashmagan. Qaytamga tikish qilib, hammaning xojatini chiqarib o‘tiribdi, bizga ham shu kishining yo‘lini bersin”, deb birov boshlariga ro‘mol, birov yelkalariga bir kiyimlik sarpo tashlasa, “dod” deb, berganlarini qaytarib tashlaydi: “Yo‘q-yo‘q, mening to‘rimdan go‘rim yaqin, meni qarzdor qilmanglar”.
Onamga “Bu qarz emas, bularga xovuch duo bersangiz bo‘ldi. O‘zlari rozi bo‘lib berishgan narsa qarzga o‘tmaydi”, degan gapni hech tushuntira olmadim.

* * *

Onamning uylari qo‘shni ayollar uchun ko‘ngil bekati. Birov to‘rt og‘iz suhbatlarini olish uchun, birov bir og‘iz maslaxat so‘rab, birov o‘zi eplay olmagan tikish-bichishini ko‘tarib boraveradi. Bahonada qancha gurung!.. Bir o‘zimdan ortib borganimda oldilarida o‘tirgan qo‘shni ayollarni ko‘rib, to‘g‘risi hafsalam pir bo‘lib ketadi. Qaniydi, ular ham “Xoy, manavi kampirning qizi kelibdi, ona va qizning bir-biriga aytadigan gaplari bordir”, deb qo‘zg‘ala qolishsa, yo‘q, o‘tiraverishadi.
Bir safar onamdan yigirma yoshlar kichik bir qo‘shni ayol uzilib ketgan marjonini ko‘tarib chiqibdi: “Opa, shuni tuzib bermasangiz, hech ko‘zim o‘tmayapti”.
O‘zi oshga tushgan pashshadek bo‘lib, bemavrid kirib kelganiga g‘ashim kelib o‘tirgandi, chaqib ola qoldim: “Bolasi tenggi bo‘lib sizning ko‘zingiz o‘tmaganda, sakson yoshdan oshgan onamning ko‘zi o‘tadimi?”. Ayol zarracha ham xijolat bo‘lmadi, mendan ko‘proq kirib-chiqib yurgan eshigi-da, onamning fe’llarini biladi, xuddi o‘z onasiga erkalik qilayotgandek nozlanib, marjonni onamning oldiga tashladi: “Opam yo‘lini biladi“. Onam ham marjonni olib, u qildi, bu qildi, iplarni xomitdi, pishitdi, ishqilib bir pasda besh qator durni tuzib, qo‘shnining oldiga tashladida, o‘z-o‘zidan mamnun jilmayib, menga qaradi: “Ishning o‘zini emas, ko‘zini bilish kerak”. Haligi ayol marjonni taqib olgach, xaltasidan bir shim chiqardi: “Ukangiz bir shim olgan ekan, picha uzun keldi, to‘rt enlilar kesib, shuniyam g‘irillatib bir yurib bering, opajon. O‘zim qilaman, desam, qurib ketgur chol, qo‘ymadi, buzib qo‘yasan, shu opaga olib bor, deydi. Men ham vaqtida ne bir tikishlar qilganman, bir o‘tirishda to‘rt qizimga to‘rt ko‘ylakni tikib, so‘ng turgan paytlarim bo‘lgan. Bu kishim bo‘lsa, mening ishimdan ko‘ngli to‘lmaydi”.
Onam “g‘irillatib“ bergandan so‘ng ham olamjahon vaqt o‘tirib, nixoyat mening qovog‘im uyilavergach, erka qo‘shni o‘rnidan turdi. Kun shomga qarab yo‘l olgan, mening vaqtim sob bo‘lgan edi: “Ona-ey, shu xotin bir o‘tirishda to‘rtta ko‘ylakni tikkan bo‘lsa, men osmondagi oyni olib ayvonimga osib qo‘yganman. Bir umr savdoda ishlab, tangani tangaga urib, pul qilishdan boshqa ishga vaqt ajratmagan xotin-ku bu. Indamay, yolg‘on maqtanishlarini eshitib o‘tirasiz-ey”. Onam qo‘l siltaydi: “Kishi aybin ko‘rmoq boru, demoq yo‘q, qizim. Eshigimdan yetmish ikki tomiri egilib kelib o‘tiribdi, qanday yuzidan olaman”.

* * *

To‘ng‘ich nevaram to‘qqizga kirdi, keyingisi yetti yoshda. Onaginam ularga chillasi chiqquncha birinchi choponni qavib kiygizgan edi. Shundan beri har ikki yilda bitta paxtalik nimcha, bitta to‘n qavib beradi.
“Qo‘ying, onajon! Bozor to‘la chopon, ko‘zingizning nurini ayasangiz-chi”, deyman ichim achib. “Ay, bolam-a, qo‘limdan kelarkan, qilayapman. Bozorning choponi men qavigan chopondek bo‘larmidi? Orasiga vatin solgan, men yumshoqqina paxta soldim, bu paxtalarga qancha quyosh nuri singgan, duxtirlar uni davo, deydi. Bularni nevaralaring kiyib, yonimga kelganda qancha quvonishimni sen tasavvur ham qila olmaysan. Shunday ayollar bor, na eriga, na bolalariga umrida bir to‘n qavib, kiygiza olmaydi. Xudoga shukur, otangga necha to‘n qavib kiygizdim, bolalarimga, nevaralarimga, endi chevaralarimga ham to‘n qavib kiygizish nasib qildi. Bekor yotgandan kimga naf. Kimgadir foydang tegib turganga nima yetsin”. Har doimgidek onam haq.

* * *

Yillar o‘tgan sayin onamizning biz farzandlar uchun nechog‘lik katta davlat va g‘animat baxt ekanini chuqurroq his qilib borayotgan bo‘lsam-da, meni shiddat bilan ilgari olib ketayotgan hayot tashvishlaridan uzilib, ha deganda izzatlariga yetavermayman. Har kun ertalab ahvol so‘rab, bir qo‘ng‘iroq qilaman: “Sog‘-salomatmisiz, onajon?”. Onamning ovozi hamisha o‘ktam va shodon jaranglab turadi: “Rahmat, bolajonim. O‘zing yaxshimisan?.. “Ke-etadilar shu bilan… Bir boshdan hammaning ahvolini so‘rab chiqadilar, kecha uylariga kimlar keldi, qanday axborotlar berdi… Mening esa vaqtim!..
Har qanday holatda ham seni kechirishini bilgan odaming qarshisida har doim ham andisha qilib o‘tirmaysan. Ko‘pincha ilojim yetgancha “Ha, xo‘p” deb turamanu, ba’zan gaplarini shartta bo‘lib, “Onajon, shoshib turgan edim”, deb shu kungi farzandlik vazifamni nihoyalab qo‘ya qolaman. Va onam mening bu beadabligimdan sira xafa bo‘lmaydi, aksincha xijolat tortadi: “Mayli, bolam. O‘zingga qara, joning sog‘ bo‘lsin”.
Keyin esa kundalik tashvishlarimga andarmon bo‘lib ketaman. O‘zimcha o‘zimni oqlagan bo‘laman: “O‘zlariyam… Hech gaplari tugamaydi-da, axir telefon gurung uchun chiqarilmaganku”, deyman. Ammo baribir o‘zimni o‘zim yupata olmayman. Allaqayerdan onaning ko‘zlaridagi quvonchga xaridor bo‘lgan Hoji haqidagi rivoyat yodimga tushadi.
Emishki, haj niyatida safarga chiqqan kishiga bir oqshom tunash uchun joy bergan Hoji uning nima maqsadda yo‘lga chiqqanini eshitib, kutulmaganda “Onang bormi?” deb so‘raydi va onasining hayotligini eshitgach, “Men ellik marta haj qildim, har safar yalangoyoq, yalangbosh, yolg‘iz haj qildim. Ellik hajimning ham savobini senga beraman, sen menga onangning ko‘zlaridagi quvonchni ber”, deydi.
Men esa vaqtimni qizg‘onib o‘tiribman…

* * *

Nafaqaga chiqqanimdan buyon tez-tez yonlariga borib, uzoq-uzoq suhbat qilib qaytaman. Onaginamning yuzlari biram nurli, mehr to‘la nigohlari sokin, suhbatlari shundaylar shirin… Ko‘nglingizning gadosi. Dilingizni og‘ritib quymayin, avaylabgina gapiradilar. Lekin har gapiga bir maqol qo‘shib gapirmasalar, hisobmas. Hech yonlaridan ketgim kelmaydi. Bir kun so‘radim: “Onajon, armonlaringiz ko‘pmi?” Onam biroz o‘ylanib turdida, xotirjam javob qildi: “Yo‘q, bolam. Nimaga intilsam, avvalo Olloh, qolaversa, o‘zimning harakatim bilan erishdim, nimaga urunsam, aqli zakovatim bilan uddaladim. Hech qachon bugungi ishni ertaga qo‘ymadim. Xudoyim o‘g‘il berdi, qiz berdi, baringizni rizqingiz bilan, baxtingiz, martabangiz bilan berdi. Bir armonim ota-onam yashaydigan joydan maktab juda uzoq edi, savod chiqara olmadim. Oq qog‘ozning betidagi yozuvni o‘qiy olmadim. Turmushga chiqqanimdan keyin ham o‘rgansam bo‘lar edi, oila, bola-chaqa tashvishidan orta olmadim. Sizlarning kitob quchoqlab yurganlaringizni ko‘rsam, xavasim keladi. Agar kitob o‘qishni bilganimda tikuv mashinasidan tashqari kitoblar ham mening qadrdon dugonalarim bo‘lib qolar edi”.

* * *

Onam har narsadan nolib yuradigan odamlarni yoqtirmaydi. O‘zi ham hech qachon nolimaydi. Shukrlilik, qanoat haqidagi rivoyat, matallarni ko‘p aytadilar.
Ushbu satrlarni yozar ekanman, yuragimning tub-tubida simillab turgan sog‘inch hissini tuydim. Onam — Olloh bergan beminnat xazinam, g‘animat ne’matim. Shoshib, bolaligim o‘tgan qadrdon uy tomon yo‘lga tushdim.