Habib Abdunazar. Boshpana (hikoya)

– Huvv Gulbahor! Qayerlarda yuribsan, bolam?
Gulbahor chopqillab keladi va momoning uzun gulchin etaklaridan ushlab, erkalanadi va bo‘ynidagi shudring donalaridek oppoq shoda-shoda munchoqlarini lablariga bosib, momoning quloqlariga shipshiydi:
– Momo, qarang, devorga nima chizdim!
Momo devorga hozirgina chizilgan oppoq aji-buji chiziqlarga tikilgancha o‘yga cho‘madi. Bu chiziqlar uning ko‘z o‘ngida suratdek gavdalanib, bolalik xotiralarini jonlantiradi: ota-onasi, ariq bo‘yida loydan uycha qurayotgan qizaloq…
Momo shu xayollar og‘ushida ichkariga kirayotib, zina oldida pala-partish yotgan oyoq kiyimlarni devor tagiga tartib bilan terishga tutinadi. Choli esa uy oldidagi ayvonda bukchayib, tez-tez nafas olib, ayvon ustunini qo‘li bilan ushlagancha nimanidir eslashga tirishadi va kampiri nimadir degan-u, unga javob berayotgandek o‘ziga o‘zi gapiradi:
– Qo‘yaver, shundoq ham uyimiz yaxshi. Sen aytgandek, devorni biroz oqlab qo‘ysak bo‘lar ekan.
Kaftdekkina hovlida ikki tup xurmo daraxti hosili ko‘pligidan yerga to‘shalib yotgan novdalarini ko‘tarishga urinadi. Ammo o‘ynoqlab o‘tgan salqin shabada zo‘rg‘a turgan shoxlarga tegib ketadi-yu, baloga qoladi – shoxlar qarsillab sinadi. Qoramtir qizil xurmolar bandidan uzilib yer bilan bitta bo‘ladi va uning ichidan shiraga bo‘kkan nimpushti tomirlar quyosh nurida jimirlaydi. Devorlarning zax yemirgan joylaridan suvoq somonlari, chirigan sinch yog‘ochlari ko‘zga tashlanadi. Hovli o‘rtasida katta tog‘ora, biridan bug‘ chiqib turgan ikki chelak va kichkina sholcha ustida bir uyum kir kiyimlar yig‘ilgan.
Momoning xotir ko‘zgusida yuzlaridan charchoq asari ketmagan, ikkiqatligi bilinib turgan ayol jonlanadi, uning ustida olcha gulli chit ko‘ylak, boshida poyteri ro‘mol, egnida chiyduxoba nimcha, oyog‘ida kalish… U obdan chayib-siqqan ki­yimlarni siltab-siltab dorga iladi. Ularning tasmadek sharaqlagan ovozlari va sachragan suv tomchilari hovlida qo‘ltiqtayoq tutgandek arvag‘anglab yurgan musichalarni cho‘chitib yuboradi. Ular “pirr” etib uy shiftiga qo‘nib, jahl qilgandek norozi ohangda g‘urillaydi. Bir to‘da bolalar kichkina hovlini boshlariga ko‘tarib qichqiradi. “Hoy, jim deyman. Hoy..!” – hovlida u yoqdan-bu yoqqa qichqirib chopib yurgan bolalariga tanbeh beradi ayol. Oq ko‘ylak va kalta ishton kiyib olgan, jingalak sochli, yalangbosh miqtigina bola qo‘lidagi qalam bilan oppoq devorga nimalarnidir chiza boshlaydi.
“Hoy, qog‘oz yo‘qmi senga?” – yana jig‘ibiyron bo‘ladi ayol. Oppoq devor yuzida ilon­izi yo‘l, gohida sinchiklab qaralsa, xarsangtoshlar orasidan bolalarini yetaklab ketayotgan ayiqqa o‘xshash allambalo tasvirlar paydo bo‘ladi, go‘yo qadimiy qoyatoshdagi rasmlar shu bola qo‘llarida qayta jonlangan san’at asaridek oqlikka singadi. Ayol shoshganicha suvi siqilgan kiyimlarni tog‘oraga tashlaydi-yu, unga qarab yuguradi. Bola qiqirlab kuladi va qo‘lga tushmas qasoskorlardek qochib, eshik ortiga yashirinadi. Ayol barmoqlari bilan avaylab devor yuzidagi qalam izlarini o‘chirishga urinadi.
Ichkari uydan erkak kishining ovozi eshitiladi: “Hov, xotin!” Ayol shoshib uyga kiradi-yu, choynakni ko‘tarib chiqadi. So‘ng oshxonadan yog‘ning charsillagan ovozi va oshning yoqimli hidi havoga taraladi. Zarda qilib nari ketgan musichalar yana oshxona eshigi oldida paydo bo‘lib, g‘urillay boshlaydi.
Erkak hovliga chiqib, keng yelkalarini rostlaydi va ko‘ksini to‘ldirib-to‘ldirib chuqur nafas oladi. So‘ng devordagi ma’nisiz, goho nimanidir eslatuvchi qalam izlari, zax yemirib ko‘rinib qolgan devor sinchlariga qaraydi. Shunda ko‘pincha Zarautsoy darasiga onasidan ajrab uyda qolgan qo‘zichoqlarni o‘tlatgani olib chiqqanida, u yerdagi ungir va kamar toshlariga ishlangan aji-buji chiziqlar, belgilar, ibtidoiy odamlarning ov qilayotgani, juda antiqa shaklda chizilgan turli jonivorlar, odamsimon maxluqlar tasvirini ko‘rganini eslaydi… Bularning bari bir qarashda nevarasi kabi bolalar o‘yinqaroqlik qilib chizib ketganga o‘xshardi…
Ayolning oshxonadan eshitilgan horg‘in ovozi uning xayolini bo‘ladi:
– Uyni bir oqlaydigan bo‘libdi-da. Yosh bolalar bo‘lganidan keyin…
– Qo‘yaver, ozroq pul tushsin, uyni boshqatdan ko‘taramiz, – deydi erkak uyning bosh-oyoq tarhini xayolan chizib. – Bu yo‘lakni yopib, kunchiqar tomonga katta darvoza o‘rnatamiz. Xonalarni kengaytiramiz. Nima deding, a?
Quyosh baland devorlar oshib bu hovliga bir qur nazar tashlaydi-yu, so‘ng katta ko‘chaga tushib, tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Xurmo daraxtining soyasidan qo‘rqib tit­rab turgan bu nimjon, rangpar rayhonlar chilla o‘tirib g‘ordan endigina chiqqan avliyo – quyoshning ana shu bir damlik nazari bilan tetiklanib, ko‘kka bo‘y cho‘zadi va unda zohir bo‘lgan karomat – iforlar ruhingizda ajib g‘aroyibotlar paydo qiladi.
Kechki salqin va namxush havo erkakning yupqa ko‘ylak ostidagi badanini junjiktirgandek bo‘ladi, u uyga kirib ketadi.
Oyning ipakdek mayin nurlari xurmo daraxti shoxlaridan sirg‘alib, ayolning tim qaro sunbul sochlariga ilashadi. Yulduzlar esa bu kichik hovlining kichik osmoniga sig‘may g‘ujullaydi.
Tong yana shu kulbaning sinch devorlari ortida yorishadi. Quyoshning zarrin nurlarini to‘sib turgan devor bolalarning bir hovuch kulgisini quyoshga tutadi. Jaranglagan oppoq tovushlar yomg‘irning marvarid tomchilaridek quyosh nurlaridan sirg‘alib, xurmo daraxtining g‘ubor bosgan barglariga tushadi.
Girdi yashil po‘panak bilan chegaralangan soyalar olami – rutubatli tor ko‘chadan arazlagan quyosh kunu tun, oy va yillar hisobini tasbehdek o‘girib botaveradi, chiqaveradi. Erkak esa nur va soyaning benihoya jangida devorning nuragan joylarini suvaydi. Za’faron tusga kira boshlagan shapaloqdek og‘ir xurmo yaproqlari yerga shatirlab to‘kiladi va uni joyidan qimirlatolmagan o‘jar shamol jig‘ibiyron bo‘lib, daraxt shoxlarini yulqilaydi. Sovuqdan omon qolgan maysa – yashil orzular ustiga oppoq laylak qorlar yog‘adi. Loydan yamoq solingan devorlarga yomg‘ir tomchilari urilib, yana yoriladi, bo‘rtadi va sekin-asta yemirila boshlaydi. Katta ko‘chalar qorini eritgan xasis quyosh bu hovliga bosh suqmay ufq tomon shoshadi. Ayolning xonalar bo‘ylab beozorlik bilan yurgani, pechga o‘tin qalagani va o‘tinning charsillab yonishi eshitiladi. Issiq pech yonida qunishib o‘tirgan bolalar pech ustiga tashlab isitilgan sarg‘ish paxta tolalarini bir gullab olib, barmoqchalari bilan undan chigitini amallab ayirishadi va yoniga yig‘ib, bir-biri bilan kimo‘zar o‘ynashadi. Ayol chigitlangan momiq tolalardan mittigina choponchalar qaviydi. Erkak esa yo‘talib-yo‘talib qor kuraydi, ularni bir etak paxtadek yelkasiga olib, ko‘chaga chiqib ketadi. Sochlariga oq, yuzlariga ajin oralay boshlagan ayol sandiqni ochib, qizlariga sep deb tashlab qo‘ygan bisotini ko‘zdan kechiradi.
Shiftdan o‘tayotgan tomchilar ovoz beradi: “Chak-chik…”
– Hech bo‘lmasa, tomni yamab, eshik-derazalarni tuzatsak yaxshi bo‘lardi-da, – dedi ayol tog‘orani shiftdan tomayotgan tomchilarga to‘g‘rilayotgan erkakka.
– Qorlar eridi, – dedi erkak siniq tabassum bilan. – Qish o‘tsin, keyin uyni qayta ko‘taramiz! Oshxonani bo‘lsa kunbotar tomonga ko‘chiramiz. Shunda xonalar yana bittaga ko‘payadi.
Deraza va eshik tirqishlaridan izillab sovuq kiradi. U o‘rnidan turib, deraza tirqishlariga paxta tiqib chiqadi, arang ochilib yopiladigan, bo‘yoqlari ko‘chib ketgan eshikni qattiqroq tortib qo‘yadi.
Quyosh qaytadi. Devor yuzlarida yoriqlar, yomg‘ir tomchilaridan qolgan sariq dog‘lar paydo bo‘ladi. Uy yanada kichraygan, cho‘kkandek, qaddi dol keksa kampir singari aso – sinch yog‘ochlarga suyanadi. Shafaqning qirmizi shu’lalari tom ustidan oqib kelib, xurmo daraxtining shoxlariga uriladi. Shabada qayerdadir gullagan o‘rik daraxti va maysalarning xushbo‘y iforlarini olib keladi. Arilar g‘ung‘illab xushbo‘y iforlar kelayotgan tomonga shoshadi.
Hovlida kuymalanib yurgan momo xurmo daraxti tagida bir zum to‘xtab, endigina kurtak yozayotgan shoxlariga qaraydi. Shunda qulog‘iga sahro shamolining bo‘ridek uvullashi va bir chetda yangi tuqqan tuyadek bo‘zlayotgan xurmo to‘nkasining hasratli ovozi keladi. Momo entikadi. Ko‘zlarida xira tasvirlar paydo bo‘ladi: titrayotgan xurmo to‘nkasi, uni yupatayotgan yorug‘ qo‘l… Momoning vujudiga ham titroq yuguradi. Bolaligi, xurmo ko‘chatini ekayotgan otasiga yordamlashayotgan qizaloq, o‘shanda otasining unga aytgan so‘zlari esiga tushadi: “Xurmo daraxti imonli kishiga o‘xshaydi, bolam. U imonidan kechmaganidek, xurmo ham barglarini tashlamaydi”.
Momo o‘yga cho‘madi. Xotira qasri darvozalari lang ochiladi va u yerdan qo‘llarini siltab o‘zi sari chorlayotgan suluv qiz ko‘rinadi.
Momo o‘shanda sochlari taqimiga urgan sariqqina, o‘n to‘rtga to‘lgan suluv dasht qizi edi. Odatga ko‘ra, u paytlarda qiz yoshligidan quloqsingdi qilinib, kimgadir atab qo‘yilardi. Teng-to‘shlar davrasida birov falonchining qizini men kelin qilaman, dedimi, tamom, qiz bo‘y yetib o‘shaning o‘g‘liga, albatta, turmushga chiqardi. Momo eslaydi: tog‘asining o‘zi tengi bir o‘g‘li bor edi. Bir kun yigitcha qiz ko‘rgani keladi: egniga chetlariga hoshiya berib tikilgan bo‘z ko‘ylak, olacha ishton. Etagida bir siqim qurspechak-parvarda va uch-to‘rtta xurmo… Qiz bu sovg‘ani xushlamaydi chog‘i, jahl bilan ularni yerga sochib yuboradi. Yigitcha lom-lim demaydi, shart ortiga burilib jo‘naydi. Shundan so‘ng u qizni ko‘rgani boshqa kelmaydi. Ikkovi o‘n oltiga to‘lganlarida ularni nikohlab qo‘yishadi… Yillar o‘tib “shayton” nabiralari “Bobomni yaxshi ko‘rganmisiz?” deb so‘roqqa tutsa, momo siltanib-siltanib kulib faqat ana shu voqeani eslab gapirib beradi. Momo yana jilmayadi, xotiralar olamidagi o‘n to‘rt yashar o‘sha suluv bilan uzoq gaplashgandek bo‘ladi.
Deraza oynasiga urilib qaytayotgan quyosh nurlari momoning nimjon xayollariga ignadek sanchiladi. So‘ng hovli ichidan o‘tgan ariqcha bo‘yidagi kundaga ohista o‘tiradi. Ariqchadan oqib kelayotgan osmon momoning oyoqlari ostida turgan toshga kelganda jildirab ovoz beradi. Ariqcha bo‘yida loydan uycha qurib o‘ynayotgan nabirasiga qaraydi. U loyni yumaloqlab, “uy” tiklaydi, so‘ng xurmo shoxchalaridan sindirib kelib, hovlisiga daraxt qilib suqib chiqadi va yonidan ariqcha tortib, uzoqroqdan shu ariqchaga qumg‘ondan suv quyadi… Momo nabirasining oldiga borib, uychani qanday qurish kerakligini o‘rgatadi. Uy devorini qaytadan birgalikda ko‘tarishadi. Xari – cho‘pchalar ustidan loyni kaftlariga urib yapaloqlab qo‘yadi. Hovli yuzasiga, “xurmo” daraxtining tagiga kichkina supacha qurishadi…

* * *

O‘n yil o‘tib, yelkador, qoshlari qalin, bo‘ychan yigit shaxdam odimlar bilan bu ko‘hna uyga kirib keladi-yu, hammasi o‘zgaradi: u uyning har bir qarichini ko‘zdan kechiradi, katta-katta qadamlab o‘lchaydi. Hovli o‘rtasidagi eski xontaxta ustida sochilib yotgan bejirim chizilgan uy suratlarini esa shamol to‘zg‘itib o‘ynaydi.
– Uyni boshqatdan ko‘taraman, – deydi yigit uyning bosh-oyoq tarhini xayolan yana bir bor chizib. – Bu yo‘lakni yopib, kunchiqar tomonga katta darvoza o‘rnataman. Xonalarni kengaytiraman.
U uch-to‘rt yigitni boshlab keladi-da, uyni buzib, o‘rnini tep-tekis qiladi. Bo‘ychan yigit uy poydevorini chuqur qilib kovlatarkan, poydevor o‘rnidan jimirlab sizib chiqayotgan suvga ko‘zi tushadi. Yigit barmoqlari bilan suv chiqayotgan joyni tirnaydi, suv ko‘payadi, yanada chuqurroq kovlaydi. Yer bag‘ridan ko‘zyoshdek sizib chiqayotgan shifobaxsh suv buloq singari kichik shaffof sharchalar hosil qilib, tashqariga shiddat bilan otiladi. Yigit o‘ynoqlab chiqayotgan buloq atrofiga tosh yotqizib, panjara bilan o‘raydi, aylantirib xurmo ekadi.
Bu voqea bilan bog‘liq gap-so‘zlar oyoq chiqarib qishloqqa oralaydi:
– Eshitdingmi, Gulbuvi xolaning uyi o‘rnidan buloq chiqibdi!
– “Momo buloq”ni aytyapsanmi?..

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 5-son