Azim Bahodir. SMS (hajviya)

Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin.

Bahor kunlarining biri edi. Xolmat tusning to‘ng‘ichi otasiga so‘nggi rusumdagi mobil telefon sovg‘a qildi. Otaning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Farzandini umringga umr, topganingga baraka bersin, deb ichida duo qildi. Suyunganini yashirdi. Sirtiga chiqarmadi.

– O‘zimning eskim ham bo‘laverardi, – dedi u, – bekorga xarj qilibsan-da!

– Hozir hamma shunisidan tutayapti, – dedi o‘g‘li otasining ra’yini anglamay.

Zamonning zayliga qarang! Ikki-uch yil avval hammani hayratga solgan matah bugun hech kimga zaril emas. Ikkovining o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Pul uchun odamlar nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya! E-e, qoyil! Manovisi ekranidan boshqarilarkan. Erta-indin aytar gapingni tushunadigani ham ishlab chiqilsa, ajabmas. Xolmat tus yong‘oq yaprog‘idek keladigan telefonni birinchi marta qo‘liga olganda shunday o‘yladi.

U haftaning nari-berisida yangi telefondan qo‘ng‘iroq qilish, javob berish va SMS yozishni o‘rganib oldi. O‘g‘lidan qayta-qayta so‘rab, musiqa tinglashni-da bildi. Ayniqsa, telefon xotirasi lol qoldirdi. Shapaloqday qutiga bir sandiq kassetada jam bo‘lgan ashula sig‘ganini ko‘rib, o‘ziga ishonmadi. Zamonaviy telefon televizor aytganiday yomon emas ekan. Uni o‘ylab topgan odamga qoyil qolish kerak!

Cho‘ponlar otarini toqqa haydagan kuni Xolmat tus saharmardonlab bog‘iga keldi. Ro‘molchaga o‘ralgan telefonini cho‘ntagidan chiqarib, angor o‘rtasidagi daraxt shoxiga ildi. Ashula qo‘ydi. Dilga yoqar musiqa yangradi.

Erta turgan bir kun yutadi, deydi. Haq gap. Tong yorishib, tog‘ ortidan quyoshning yuzi ko‘ringuncha, Xolmat tus to‘qqiz bolorli xonaning o‘rnicha keladigan yerni ag‘darib ulgurdi. Hali nami qurimagan tuproq hidi odamning dimog‘iga xush yoqardi. Dunyoda bir-biridan muattar hid ko‘p. Ammo tuproqning isi bo‘lakcha. Odamning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi. Balki inson tuproqdan yaralgani uchun shundaydir. Telefondan taralayotgan ashulani qo‘shilib aytaverganidan, hadeganda ketmon dastasini qah-tuf deb ushlayverganidan Xolmat tusning og‘zi quruqshadi. Tomog‘ini ho‘llab olish uchun qayrag‘och ostidagi supa yoniga bordi. O‘choq boshidagi oftobadan piyolaga suv quyib, sipqorib ichdi. Chanqog‘i bosilmadi, shekilli, piyolaga yana suv quydi. Bu safar ichishga ulgurmadi. Azondan beri chakagi yopilmagan telefon birdan jimib, qisqa-qisqa tovush eshitildi: tiring-tiring.

Piyoladagi suvni yerga sepib, peshonasidagi terni qo‘li bilan sidirib-sidirib, Xolmat tus telefon turgan yerga yugurib keldi. Olisroqdan  kuzatgan odam u chopganda tustovuqday lapanglashini sezadi. “Gugurtga ketib” filmidagi Ixalaynenning xuddi o‘zi. Balki Xolmat ismiga qo‘shilib qolgan “Tus” laqabi ham shundan.

Daraxt oldiga kelgach, u shoxga ilingan telefonni ushlash-ushlamaslikni bilmay ikkilandi. Kaftlariga boqdi. Ular qop-qora, kir-chir. Kaftlarini bir-biriga urib-urib changini qoqdi. Yana qo‘llarini oldinga cho‘zib, kaftlariga qaradi. Baribir ko‘ngli to‘lmay, kaftini qorniga ishqab-ishqab, qaytadan tozalagan bo‘ldi. Bu orada telefon yana jiringladi: tiring-tiring.

U telefonni avaylab qo‘liga oldi. Ekranda hech qanday raqam-paqam ko‘rinmaydi. Yo, tavba, dedi o‘ziga. Apparatning ikki-uchta tugmasini o‘zicha bosib ko‘rdi. Uni ikki-uch marta o‘chirib yoqdi. Foydasi bo‘lmadi. Shu payt tugun ko‘targan ayoli keldi. Erining avzoi norasoligini ko‘rib, indamay supaga dasturxon yozdi. Olib kelganlarini qo‘ydi. Termosdagi choyni choynakka ag‘darib, eriga qaradi. Xolmat tus telefondan boshini ko‘taray demaydi. Xotini ovoz berdi: hov, otasi, choyga keling! Eri telefondan ko‘zini uzmay, oyog‘i ostidagi kesaklarga qoqilib-qoqilib keldi. Qo‘lini yuvmay dasturxon yoniga cho‘kdi.

– Ha, tinchlikmi? – dedi ayoli qovog‘idan qor yog‘ay deb turgan eriga. – So‘fi azon aytmay timrayib olibsiz?

Ayol so‘nggi gapini kesatibroq aytdi.

– Manovi bachchag‘ar halidan beri tiring-tiring qiladi, – dedi Xolmat Tus ikki ko‘zini telefondan uzmay. – Na nomer ko‘rinadi, na boshqa belgi!

– Shunga ota go‘ri qozixonami? – dedi xotini endi ancha dadillanib. – Men biror yerga o‘t ketdimi, deb o‘ylabman. Oling, choyingizni iching, sovib qoldi.

Nonushtadan so‘ng Xolmat tusning qo‘li ishga bormadi. Ko‘ngliga qil sig‘madi. Bog‘ning u boshidan bu boshiga borib, kunni kech qildi. Quyosh botay-botay deb turgan mahal yo‘ldan o‘tib ketayotgan Ro‘zi anjomning o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Hov bola, menga qara! – dedi u. – Oting nimaydi? Ro‘zining o‘g‘limisan?

– Menman bova, – dedi mo‘ylovi sabza urgan yigitcha salom berib. – Choriman.

U supaga kelib o‘tirdi.

– Manoviga tushunasanmi, bolam? – deb Xolmat tus qo‘lidagi telefonni ko‘rsatdi.

– Nima qildi? – dedi yigit hayron bo‘lib. – Oqligini aytmasa xuddi menikini o‘zi.

– Peshindan beri tiring-tiring qiladi, – dedi Xolmat tus xo‘rsinib. – Endi o‘ziyam, ovoziyam o‘chdi.

Ro‘zi anjomning o‘g‘li telefonni qo‘liga olib, yoqib o‘chirdi.

– Bova, blokka tushib qopti-ku, – dedi u apparatga imo qilib. – Ustasiga ko‘rsatish kerak!

Xolmat tus uning gapini ma’nisiga bormadi. Yigit cholning ahvolini fahmlab, im noto‘g‘ri kiritilgani bois blokka tushganini o‘zicha tushuntirdi. Kompyuterda maxsus das­tur yordamida sozlash mumkin, deya qo‘shib ham qo‘ydi.

Ikkovi qishloqqa kirib kelganda oqshom cho‘kib bo‘lgandi.

Ro‘zi anjomning  o‘g‘li ertasiga peshinga yaqin keldi. Xolmat tus bu payt xas-xazonga to‘lib-toshgan quloqboshidagi o‘qariqni tozlayotgan edi. U Chorini ko‘rib, qo‘lidagi ketmonni o‘sha yerga tashlab, supa yoniga keldi.

– Kasalini topdingmi? – deb so‘radi Xolmat tus choynakdagi sovuq choydan ikkita piyolaga quyib. – Ishqilib, tuzaldimi?

– Ustasiga nima degan ish, – dedi yigit dunyoni qutqarib qolgan qahramonday gerdayib. – Imini butkul o‘chirib tashladim.

Ro‘zi anjomning o‘g‘li apparatni yoqdi. Ekranda avvaliga suv to‘lqiniga o‘xshash tasvir ko‘rinib, so‘ngra sana va vaqtni to‘g‘rilang, degan eslatma paydo bo‘ldi. Taajjubki, bu orada telefon yana tiring-tiringladi.

– Ana-ana, ko‘rdingmi? – dedi Xolmat tus hovliqib. – Yana eski qilig‘ini boshladi.

Hovliqmang bova, hovliqmang! – dedi Chori. – SMS keldi.

– SMS? Qanday? Qayerdan? Kimdan? – dedi Xolmat Tus dovdirab.

– Hozir, – deb Chori ekranni ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqidi. – Eh-he, SMS kompaniyadan kelibdi!

– O‘qi-chi, – dedi Xolmat tus. – Nima deb yozibdi? Yana ob-havo ma’lumotimi?

– Yo‘g‘-a! – dedi Choriboy. – Tanishishni xohlaysizmi? Qizlar bilan tanishish uchun “Q” harfini, yigitlar bilan tanishish uchun esa “Y” harfini 0670 raqamiga yuboring, deb yozibdi.

– Gapni aylantirma – dedi Xolmat tus. – Hazillashma, chiningni ayt, bola! Salkam bovang tenggiman-a!

Uning gapi yigitga og‘ir botdi. Xolmat tusning yoshini hisobga oldi chog‘i, Chori ortiq so‘z demadi. O‘zingiz o‘qib ko‘ring, deb telefonni egasiga berdi. Xolmat tus SMSni o‘qidi. Ko‘ziga ishonmay, qayta-qayta o‘qidi. Voh, ajab! Haqiqatan shunday!

Telefon tag‘in tiringladi. Bu safar Xolmat tus uni ovoz chiqarib o‘qidi: “LOVE yoki SEVGI bosh so‘zini qisqa 6365 raqamiga yuborib, har kunlik sevgi latifalari, sevgi tostlari va izhorlarini bir hafta ichida bepul oling!”

Oradan uch kun o‘tdi. O‘sha SMS voqeasi Xolmat tusga hech tinchlik bermasdi. Bo‘lmag‘ur xayollardan chalg‘ish niyatida bog‘iga odatdagidan ertaroq kelardi. Bugun ham u tong yorishmay keldi. Kechadan chala qolgan ishini davom ettirib, ozgina yerni shudgor qildi. Ishga hafsalasi bo‘lavermagach, telefonni qo‘liga olib, o‘sha kungi SMSlarni yana bir marta o‘qidi. Hamma, odamlar o‘zgarib ketgan, deb o‘ylaydi. Bo‘lmagan gap. Aslida, zamon o‘zgargan! Bizning davrlarda qizlar bilan tanishish uchun qancha qir oshardik, soy kechardik. SMS bilan ham sevib bo‘larkanmi? Eshitganim bor, bir gazetda kimdir er, birov xotin izlab, e’lon berar ekan. Tavba, endi bu ham modadan qolibdi-da, deb o‘yladi.

Keyin qayrag‘och ostidagi supaga to‘shak yozib, yonboshladi. Rostdan ham shundaymikin? Qizlarning qadri shu bo‘lib qolibdimikin? Menga nima! Yo, SMS yuborib sinab ko‘rsammikin? Yo‘g‘-e, eshitgan quloqqa yaxshimas. Birov bilsa, el orasida qanday bosh ko‘tarib yuraman. O‘g‘il-qizimga nima deyman! Onasining oldida nima degan odam bo‘laman! Xolmat tus bir o‘ngiga, bir so‘liga ag‘darilib o‘yladi. Chalqancha yotib o‘yladi. Bu ishlar unga to‘g‘ri kelmaydi. Bo‘ldi, hammasini unutadi, vassalom!

Xolmat tus xayoliga kelgan fikrdan uyalib, miyig‘ida kulib-kulib, yana yer chopa boshladi. Doimgidek telefondan musiqa yangrab turibdi. Tonggi shabada tog‘dan turli giyohlarning hidini dimoqqa keltirib uradi. U ishga berilib ketib hammasini unutdi. Kutilmaganda ashula birdan to‘xtab, telefon yana tiringladi.

Xolmat tusning shumligi tutdi. Tavakkal qildi. SMS yozdi. Hadeganda hech qanday javob kelavermagach, hammasi shunchaki o‘yin, degan xayolga bordi. Ishidan uyaldi. Oftob urgan terida yanog‘i qizargani sezilmadi. Ketmonini qo‘liga endi olishi bilan yana telefon tiringladi. SMS kelibdi, shosha-pisha o‘qidi: “Bizning tanishuv xizmatimizdan foydalanganiz uchun tashakkur! Marhamat qilib, jinsingizni ko‘rsating! 1 erkak. 2 ayol.”

Xolmat tus bir raqamini yozib jo‘natdi.

Tiring-tiring.

“Ikki xonali son bilan yoshingizni tering!”

Xolmat tus kalovlandi. Yoshini rostini ham, yolg‘onini ham yozishni bilmadi. Bir fursat ikkilanib, duch kelgan ikkita raqamni bosdi.

“Kimni izlayapsiz? 1 erkak. 2 ayol”

“2”

“1 sevgi. 2 oila qurish uchun. 3 do‘stlik. 4 muloqot.

“1”

“Viloyatni ko‘rsating.”

“1 And. 2 Nam. 3 Far. 4 Tosh. 5 Qash. 6 Sur. 7 Boshqa”

“5”

“Ismi qaysi harf bilan boshlanuvchi qizlar bilan tanishmoqchisiz?”

“A yoki B”

 “Marhamat qilib faqat bittasini tanglang!”

“B”

Tiring-tiring.

“Ro‘yxatdan o‘tish uchun sizga xabar yuborildi.”

Tiring-tiring.

“8100 raqamiga nick tanlab, uni yozib yuboring. Ikkita nuqta qo‘yish ham yodingizdan chiqmasin.”

Xolmat tus xuddi SMSda yozilganidek qildi.

Tiring-tiring.

“Barakalla! Mana shunday olg‘a yurishda davom eting! Omad yor bo‘lsin!”

Oxirgi xabarni o‘qigach, Xolmat Tusning og‘zi qulog‘iga yetdi. Quvonganidan qo‘llarini bir-biriga ishqab, turgan yerida sakrab-sakrab oldi. Belining quvvati hali yaxshiligidan miyig‘ida kulib qo‘ydi. Biroq navbatdagi SMS kelavermaganidan ko‘ngli andak xijil bo‘ldi. Vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek edi. Soniya sayin xunobi toshib borardi. Ne qilarini bilmay, bog‘ tevaragini ikki-uch marta aylanib chiqdi. Kutish azob, ilhaqlik mashaqqat. Uning toqati toq bo‘ldi. Alamini nimadan olishni bilmasdi. Qo‘lidagi apparatni barmoqlari bilan qattiq qisimladi. Kaftidan g‘ichir degan ovoz eshitildi. Keyin telefonini sindirib qo‘yishidan cho‘chib, hozirgi ishim ahmoqlikdan boshqa narsa emas, deb o‘yladi. Baribir hovuri bosilmadi. Yon-veriga alanglab, oyog‘i ostida o‘ralashib yurgan itini ko‘rib, uning och biqiniga boplab tepdi. U g‘ingshib-g‘ingshib nari ketdi.

Tiring-tiring!!!

Xolmat tusning chiroyi ochildi. Zum o‘tmay SMSni ochib o‘qidi.

“Calom”

“Va alaykum”

“Men Barnoman. Ismingiz nima? ”

“Xolmat”

“Xolli yigit ekansiz-da!”

“Ha, endi, shunaqaroq”

“Xoliz qayerda?”

Xolmat tus nima deb javob yozishni bilmadi. Voh, darig‘! Qurmag‘ur minilmagan toyga o‘xshaydi-ku, deb o‘yladi. Bo‘lmasa, hali tanimagan-bilmagan odamiga shunday savol beradimi, ayol degani.

Tiring-tiring.

“Hazillashdim. Xafa bumang.”

– Hey, haziling ham qursin, – dedi Xolmat tus o‘ziga gapirib. – Odamning kapalagini uchirding-ku!

Tiring-tiring.

“Sevgi borligiga ishonasizma?”

“Ha, o‘ziz-chi?”

“Man ishonaman. U haqda she’rlar ham yozganman.”

“Yo‘g‘-ey?”

“O‘qib ko‘rasizmi? Jo‘nataman.”

“Mayli.”

“Gullar doim qo‘lingda bo‘lsin,

Lekin tikoni botmasin.

Sevgi doim seni topsin,

Lekin yaralamasin.”

“Zo‘r chiqibdi.”

“Yana bitta yuborayma?”

“Farqi yo‘q.”

“Ermak qilib hamma qizga gap otguncha,

Do‘stlar bilan tun bo‘yi gap sotguncha,

Har xil tushlar ko‘rmay tong otguncha,

Iboli bir qiz topib uylanvoling.”

Afsuski, SMS yozish pulli. Tag‘in dollarda hisob-kitob qilinadi. Yo‘qsa, hamma ishini yig‘ishtirib, bir-biriga izhorlar bitish bilan mashg‘ul bo‘larmidi? Yana ham Yaratgan bilgich! Xolmat tus SMS ketidan SMS jo‘nataverib, pulini tugatdi. Qishloqdagi paynetga borib kelishga erindi. Izlagan imkon topar, degani rost ekan. O‘ylab-o‘ylab yo‘lini topdi: Abdug‘ani paynetga qo‘ng‘iroq qilib yuboring, degan bepul SMS jo‘natdi. Oradan ikki-uch daqiqa o‘tib, hisob to‘ldirilgani haqida xabar keldi.

Buning hech qanday hayron bo‘ladigan yeri yo‘q, nazarimda. Qishloqda hayot shaharnikidan keskin farq qiladi. Odamlarning aksariyatini qo‘liga oylab pul tushmaydi. Bunga do‘kondoru qassoblar allaqachon ko‘nikib ketgan. Qishloqdoshlariga u-bu narsani qarzga berib yuboraveradi. Abdug‘ani Paynetning Xolmat tus telefoniga pul o‘tkazishining boisi ham shu. U ne-ne odamlarning telefoniga nasiyaga pul o‘tkazib bermagan deysiz?! Qarz qiyomatga qolmaydi, albatta. Qo‘li pul ko‘rganlar hisob-kitob qilib ketadi, topmaganlar  kuzda hosil ko‘targanda, qarz evaziga olma-yong‘oq beradi. Abdug‘ani paynet yig‘ilgan mahsulotni shaharga keltirib, bozorda pullaydi. Bundan bir-ikki so‘m foyda ham ko‘radi. Ayrim qo‘li kaltalar qarzini bermasa ham Abdug‘ani paynet xafa bo‘lmaydi. Ketsa, to‘rt-besh so‘m pulim qishloqdoshlarimga ketibdi-da, deb o‘ylaydi. Ertaga yaxshi-yomon kunimga shular yaraydi, deydi.

Xolmat tusning raqamiga pul tushguncha bir necha marta SMS keldi. Ketma-ket jo‘natilgan she’rlarni o‘qib, uning shoirligi tutdi. Zo‘r to‘rtlik yozib, anoyi emasligini bildirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Afsus, hech qanday she’rni yoddan bilmas ekan. Yoshligida kitobda o‘qiganlarining bir-ikki qatorini chala-chulpa esladi, xolos. Buning o‘zi yetarli emas. Shuning uchun har kuni telefonda eshitadigan qo‘shiqlardan birining to‘rt qatorini yozib yuborishni ep ko‘rdi.

“Qirq quloch sochingni yoyding torga-ey,

Ko‘ngil berdim sendakkina yorga-ey,

Ko‘ngil bersam sendakkina yorga-ey,

Sen turib men osilayin dorga-ey.”

Xolmat tus o‘zicha ishidan mamnun edi. SMS­ning javobini ilhaq bo‘lib kutdi.

Tiring-tiring.

“Bu nima?”

“She’r”

 “Amir Olimxon davrida yozilganma?”

“Bilmadim.”

 “Sevgi haqida she’rlariz yo‘qma?”

Xolmat tus  xalq termalaridan yodida qolgan eng sara ikki satrni yubordi.

“Oshiq bo‘ldim arpaning somoniga,

O‘lim bersin qizlarning yomoniga.”

Tiring-tiring.

“Axmoq qilyapsizma?”

Xolmat tus xafa bo‘ldi. Boisi u maqtov eshitishni, shoir bo‘lib keting, degan gaplarni kutgandi. Yoshlar shoirlarining kitoblarini o‘qimaganiga afsus chekdi. Jilla qursa, ikkita-uchta she’rini yod olmaganiga o‘zidan ranjidi. Bugun shoiri zamondan ko‘pi bo‘lmasa! Ammo… Hozir o‘zidan o‘pkalashning mavridi emas edi. Qanday qilib bo‘lmasin vaziyatdan chiqish kerak. Shu payt adabiyot o‘qituvchisining har kim o‘z qobiliyatini ko‘rsata bilishi kerak, degan gapini esladi. Hamma she’r yozganda men ham to‘rt qator qoralasam, osmon uzilib tusharmidi, dedi. Keyin yozganini ovoz chiqarib o‘qidi. O‘ziga manzur bo‘ldi chamasi, SMS qilib yubordi.

“Kunlari sevdim deb aytolmasam,

Arazlamang, jonim arazlamang.

Tunlari yoningizda yotolmasam,

Arazlamang, mendan arazlamang!”

Tiring-tiring.

“Yashang! Gap yo‘q”

Tushlik olib kelgan xotini uyga ketar chog‘ qo‘liga pul berib, paynetdan raqamiga o‘tkazib yuborishini buyurdi. Dunyoda o‘zbek ayollaridek yaxshi xotin topilmasa kerak. Erini salkam payg‘ambardek ulug‘laydi. Aytgani aytgan, degani degan. Xolmat tusning ayoli ham qishloqqa kirishi bilan boshqa ishga chalg‘imay, to‘g‘ri paynet budkasiga bordi. Abdug‘ani paynet qattiq muqovali daftarga nimanidir yozib o‘tirgan ekan.

– Uka, paynetingiz ishlayaptimi? – deb so‘radi ayol salom berib. – Akangizni nomeriga pul tashlab yuboring!

– Hozir, yanga, – dedi Abdug‘ani paynet qilayotgan ishidan boshini ko‘tarib. – Kecha peshinda ham pul tashlagandim-ku. Darrov tugabdimi? Nima balo, siz bu yoqdan, akam u yoqdan telefonda gaplashayapsizlarma deyman?

Ayol yo‘l-yo‘lakay Abdug‘ani paynetning gapini o‘yladi. Ko‘nglida g‘imirlagan shubhalar haqiqatday tuyuldi. Oxirgi paytda erining o‘zgacha qadam bosayotgani sababini tushunganday bo‘ldi. Erining kecha-kunduz telefonni quchoqlab yurishi bekorga emas! Eri oyda bir soqolini qirtishlamas edi. Hozir kunora yuziga ustara tortadi. Tag‘in odekolon ham sepishni kanda qilmaydi. Yo tavba, odam ham shunchalik tez o‘zgarishi mumkinmi?

Kecha tasodifan erini toshoyna oldida ko‘rib qoldi. U pufakdek shishgan qornini dam ichiga tortib, dam erkin qo‘yib ko‘rardi. Keyin deyarli qora tolasi qolmagan sochini bir o‘ng­ga, bir so‘lga tarab tekisladi. Qilgan ishidan ko‘ngli to‘ldi, shekilli, toshoynaga yaqinroq borib, lunjlarini qo‘li bilan tortib-tortib, yuziga shappatladi. Ayol uyiga yetguncha erining ikki-uch kun ichidagi ana shunday g‘alati-g‘alati qiliqlarini ko‘z oldidan o‘tkazdi. Yurakka sanchilgan alam suyak-suyagigacha o‘tib ketgandek bo‘ldi. Jahli chiqib, hoziroq boqqa borib, erining yoqasidan olishni ko‘zladi. Keyin shaytonga hay berdi. Bo‘lishi mumkin emas, deb o‘zini ishontirdi. Chunki shu kungacha erining begona ayolga hatto ko‘z qirini tashlaganini sezgani yo‘q. Bo‘lar-bo‘lmas xayollarga borganidan uyalib, o‘zini koyidi.

Ertasiga xotini tushlik keltirganda Xolmat tus bog‘ning tog‘ etagidagi lolaqizg‘aldoqqa burkangan adirlarni tomosha qilayotgan edi. Ayolini ko‘rmadi. Ayol qo‘lidagi narsalarini chekkaga qo‘yib, supada qalashib yotgan ko‘rpachalarni tartibga soldi. Erining yostiq ostida qolib ketgan telefonini olib, ko‘rinadigan joyga qo‘ydi. Keyin choynak-piyola yuvishga ariq tomonga ketdi. Shu payt telefon tiring-tiringlab, SMS keldi. U na yo‘lida yurishini, na ortga qaytishini bildi. Boisi, erining narsasiga hech qachon ruxsatisiz qo‘l tekkizmagan edi. Qalbida uyg‘ongan g‘ulg‘ula uni bir umrlik odatini buzishga undadi. SMSni o‘qidi. Ko‘ziga ishonmadi. Qayta-qayta o‘qidi. Badanidan sovuq ter chiqib, supaga o‘tirib qoldi.

Olisdan ayolini ko‘rgan Xolmat tus bir-bir bosib, supa yoniga keldi. Xotinining dokadek oqarib ketganini ko‘rib: “Tinchlikmi?”, deb so‘radi. Ayoli hech so‘z demay, o‘rnidan turib, etagini qoqdi-da qishloq tomonga tez-tez yurib ketdi. Xolmat tus nima bo‘layotganiga tushunmay ortidan qarab  turdi. Ilkisdan nimadir yodiga tushib, hamma cho‘ntagini qo‘li bilan paypaslab chiqdi. Telefoni yo‘q. Keyin ko‘rpacha ustida turgan telefonni ko‘rib, nima bo‘lganini fahmladi.

Xolmat tus saratonni bog‘idagi supada o‘tkazdi. Issiq-sovug‘idan o‘g‘il-qizi xabar olib turdi. Oqshomlari ham shu yerda tunab qoldi. Ayoli esa o‘sha ketgancha, qaytib o‘likmisan yo tirikmisan, deb so‘ramadi.

Tog‘da birinchi qor yog‘di. Havo ancha salqinladi. Bu yerda oqshomda tunab qolish o‘z joniga qasd qilish bilan teng. Bir kechada sovuqdan kasallik orttirib olish hech gapmas. Dala-dashtga otar haydab ketgan cho‘ponlar asta-as­ta qishloqqa qaytmoqda edi. Bog‘larda inson zotining qorasi ko‘rinmaydi. Xolmat tus ham ko‘rpa-to‘shagini yig‘ishtirib, asrdan beri uyga ketishga chog‘lanadi. Endi qishloqqa jo‘nayman deganida, arzimagan narsani bahona qilib, yana shu yerda kuymalanadi. Ko‘z oldida ayolining arazli chehrasi jonlanib, ko‘ngli xijil tortadi. Uyga ketay desa, hech oyog‘i tortmaydi. Buyog‘i, ketmasa ham bo‘lmaydi. Yomg‘ir ana yog‘ay, mana yog‘ay, deb turibdi.

Xolmat tus kelganda hovlida hech kim yo‘q ekan. Tomog‘ini qirib, shu yerdaligini bildirdi. Ichkaridan o‘g‘li chiqib, qo‘lidan narsalarni oldi. Keyin birgalashib uyga kirishdi. Urchuq cho‘zib o‘tirgan ayoli salom berib, ishida davom etdi. Qizi dasturxon yozdi. Taom suzildi. Bug‘i chiqib turgan oshga ota endi qo‘l cho‘zgandi, yana telefon jiringladi: tiring-tiring. Xolmat tus e’tibor bermadi. SMSni o‘g‘li avval ichida, keyin ovoz chiqarib o‘qidi: “Fanbox portalida romantik tanishuvlar! 7007 ga qo‘ng‘iroq qiling! Bepul!”

Ular kulib yuborishdi…

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 12-son