Anvar Obidjon. Kemaga tushganning joni bir (hajviya)

– Ketingga bir tepaman, achangni uyiga borib tushasan!
– Sizga nima yomonlik qildim, amaki?
– Og‘zingizdan sutning hidi kepturibdi-yu, mahallaning sartaroshidek sipoligingga kuyaymi.
– Nima qil deysiz?
– To‘palon ko‘tar. Hech bo‘lmasa, hushtak chal.
– Chalardim-u, kecha tishim tushgan-da.
– Unda, baqirsang-chi, momiqvachcha!
– Nima deb baqiraman?
– Ho‘ o‘rtada o‘ralashib yurgan qora kiyimli ishbuzuqini ko‘ryapsanmi? Ana o‘sha xumparning sha’niga kurakda turmaydigan bir-ikkita gap ayt. Masalan, mana bunday degin. Qani, qulog‘ingni tut-chi.
– Voy vu-u-y! Bunaqa deyish uyat bo‘ladi-ku!
– Lanj bola ekansan! G‘irt qiztabiat bo‘psan! Aljirash qo‘lingdan kelmasa, oramizga suqilib nima qilarding? Hozir ketingga bir tepaman…
– Namuncha menga yopishvoldingiz, amaki? Dadam aytuvdi-ya, «Paxtakor» yutqazishni boshlasa, sen stadiondan qochishni boshla, deb.
1978 yil.