Muhammad Ali. «Tuzuklar»da Sohibqiron shaxsi (2005)

I

Amir Temur Ko‘ragon tarix maydonida javlon urgan jahonshumul siymolardan biridir. Biz uning tarixiga, favqulodda shaxsiga, avlodlari faoliyatiga qayta-qayta murojaat qilaveramiz. Tarixga yuz burib, qaysi yo‘llardan yurmaylik, qachonva qayerda bo‘lmasin, yo‘limiz aylanib baribir ushbu mo‘tabar zot huzuriga olib boraveradi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 1996 yil 18 oktyabrda Temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilishi marosimida so‘zlagan otashin nutqida bunday degan edi: «Kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak!..» Bebaho so‘zlar! Takror-takror ta’kidlash joizki, Amir Temurni bizga qaytarib bergan, bu borada hormay-tolmay haqni qaror toptirgan zot Prezident Islom Karimov bo‘ladi. Ushbu ulug‘ xizmatlari uchun xalqimiz undan behad minnatdordir.
Sohibqironning suronli davrini anglab yetishda u haqda yozilgan va yozilayotgan asarlarning ahamiyati katta. Bu borada, ayniqsa, uning o‘zi qog‘ozga tushirgan «Tuzuklar»ning bebaho manba ekanligi kundan ham ravshan. Ushbu yodgorlik Amir Temur shaxsiyati va uning davri haqida, davlat tuzilishi va saltanat yuritish xususida, o‘sha davr ob-havosi, umuman, odamlararo munosabatlar to‘g‘risida keng tasavvur bera oladigan durdona asardir. Amir Temur saltanati, ta’bir joyiz esa, Sohibqironning ijodi edi. Ana shu saltanat bobomizning mashaqqatli mehnati bilan bo‘y ko‘rgizdi, uning qonunlari hayotiy zarurat yuzasidan dunyoga keldi. «Temur tuzuklari» esa barchasining yorqin ifodasi sifatida paydo bo‘ldi. Buni, albatta, saltanat tuzgan, davlat boshqarish zahmatlarini o‘z boshidan kechirib bu borada ulkan tajribalar orttirgan Amir Temur singari odamgina yoza oladi. «Temur tuzuklari»ni mutolaa qilganda, uning muallifi nechog‘li yuksak ma’naviyat sohibi ekanligining shohidi bo‘lamiz.
Ushbu nodir asar munosabati bilan tadqiqotlar olib borgan olimlarimiz bildirgan o‘rinli mulohazalarni e’tiborga olgan holda, asarning asl turkiy nusxasini izlab topish, keyinchalik ko‘chirishda kotiblar tomonidan kiritilgan «tahrir»lardan tozalash, «Temur tuzuklari», «Tuzuki Temuriy», «Tuzukoti Temuriy», «Malfuzoti Temuriy», «Qissai Temur», «Temur qissasi», «Zafar yo‘li», «Tarjimai hol» kabi turlicha nomlanib kelayotgan nusxalarni bir-biriga muqoyasa etib, asarning tanqidiy matnini yaratish temurshunosligimiz oldidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

II

Amir Temurning tarixiy asarlar va ularning yozilishiga munosabati, haqqoniy bo‘lishiga talabchanligi tahsinlarga loyiqdir. Bu katta bilimga ega bo‘lgan, donishmand va zukko insonning munosabatidir. Shu jihatlarga nazar qilganda, ko‘z oldimizda donishmand, zakiy inson, teran hayotiy tajriba sohibi bo‘lgan, kelajak avlodlarni o‘ylagan, ona yurt, mulku millat uchun kuyib-yongan zahmatkash inson siymosi turadi.    
Amir Temur melodiy 1401 yilning 11 avgustida Nizomiddin Shomiyni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Tarixchi bu haqda shunday yozadi: «Garchi ul zot qilgan ishlarining bu abadiyatga ulangur davlatning boshlanishidan tortib, to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini onhazrat uchun yozgan bo‘lsalar ham, ammo ular (ular, chamasi, anchagina bor, ular ichida «Tuzuklar» ham bo‘lishi mumkin, lekin, afsuski, tarixchi o‘zi foydalangan asarlardan birortasining ham nomini keltirmaydi — M.A.) hali munosib tarzda jamlanib, taqdim etilmagan ekan; bu banda ularni yig‘ib, ortiqcha so‘zlardan tozalab, bob-bob qilib tartib berishga mashg‘ul bo‘lg‘aymen, lekin shu shart bilanki, takallufu bezak berish, lof urish ziynatidan o‘zimni tiygaymen…»
Bu yerda sohibqironning o‘zi va saltanati borasida yozilajak asarga munosabati, asar qanday yozilishi haqida tasavvuri juda ravshan, talabi esa yuksak ekanligi ayon bo‘lmoqda: hamma narsa faqat haqqoniy yozilsin!.. Shomiy sohibqiron so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab: «Yaxshi va ravon so‘z uldirkim, avom xalq uning ma’nosini anglag‘ay, xos kishilar unga ayb qo‘ymag‘ay…» deydi. Sohibqiron bilan muarrixning fikrlari bir joydan chiqadi. Amir Temurning: «Men ana shunday so‘zni xohlaymen!» deya ma’qullashi bag‘oyat ibratlidir.
Muarrixga nima uchun asar sodda yozilishi kerakligini tushuntirganda sohibqiron uning jimjimadorlikdan xoli, sodda bo‘lishini, chunki u keng xalq uchun bitilishini, ko‘pchilik tomonidan o‘qilishini nazarda tutadi: «Shu uslubda yozilgan, tashbeh va mubolag‘alar bilan oro berilgan kitoblarda ko‘zlangan maqsadlar o‘rtada yo‘qolib ketadi, — deydi Amir Temur. — Agar so‘z qoida-qonunidan nasibador bo‘lganlardan birontasi ma’nisini fahmlab qolsa qolar, ammo qolgan o‘ntasi, balki yuztasi uning mazmunini bilishdan, maqsadga yetishdan ojiz. Shu sababli uning foydasi barchaga barobar bo‘lmaydi…»
Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» asari sohibqiron va uning davlati haqida bevosita Amir Temur topshirig‘i bilan yozilgan ikki kitobning biri edi. (Birinchisi G‘iyosiddin Alining «Hindiston g‘azavoti kundaligi» hisoblanadi.) Bu kitoblar Amir Temurning nazaridan o‘tganligi ma’lum…

III

So‘z «qoida-qonuni» haqida teran fikr yuritgan Amir Temur bevosita o‘zi kitob yozganda bunga qat’iy amal qiladi va shunday qat’iyat bilan «Tuzuklar» inshosiga kirishadi. Shuni aytish lozimki, asar uzoq yillar davomida qog‘ozga tushirilgan, vaqt o‘tishi bilan boshlangan matnga qaytilgan, qisqartirilgan, to‘ldirilgan, yana davom ettirilgandek taassurot qoldiradi kishida. Arab olimi Mazhar Shihobning quyidagi: «Esdaliklar yozishni Amir Temur hokimiyatga kelishidan ancha muddat oldin boshlagan…» (U.Uvatov. «Sohibqiron arab muarrixlari nigohida». T., 1997, 133-bet) degan so‘zlarida jon bor ko‘rinadi. Ehtimol, sohibqiron o‘zi va saltanati tarixini, to‘ra-tuzuklarni qog‘ozga tushirishni birovga topshirishni istamagan yoki biron kishini shunga munosib ko‘rmagan… O‘xshash vaziyat keyinroq mashhur davlat arbobi va muarrix Abulg‘oziy Bahodirxon bilan ham yuz bergan edi, u millat uchun bag‘oyat muhim «Shajarayi turk» asarini o‘zi yozishga majbur bo‘lgan edi. Bu haqda Abulg‘oziy asar so‘zboshisida shunday so‘zlarni keltiradi: «Bu tarixni (ya’ni, «Shajarayi turk» nazarda tutilmoqda — M.A.) bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduq. Hech munosib kishi topmaduq. Zarur bo‘ldi. Ul sababdin o‘zimiz aytduq. Turkning masali turur: «O‘ksiz o‘z kindigin o‘zi kesar», tegan…»
«Temur tuzuklari» buyuk bobomizning jasoratlaridan biri edi. Muhtaram zotning ko‘pdan-ko‘p davlat ishlari turgani holda, fursat topib, madaniyatimizning ko‘rki bo‘ladigan kitob yozishdek bir zahmatu mashaqqatni ham o‘z zimmasiga olganligi hayratlanarlidir. «O‘z kindigin o‘zi kesgan» sohibqiron kitobini avlodlar uchun yozayotganini juda yaxshi anglaydi. Bu bejiz emas. Asrlar davomida asarning tillardan tillarga tarjima etilayotgani va keng tarqalayotgani, uning ustida turli tillarda tadqiqotlar olib borilayotgani «Temur tuzuklari»ning hayotiy va haqqoniy original asarligini, insoniyat uchun zarur ekanligini isbot etmoqda.

IV

Hayotiy hikmatlarga to‘la «Temur tuzuklari»ning noyob ma’rifiy obida ekanligidan tashqari, Amir Temur siymosi, sa’jiyasi, ruhiyati, tabiati, bir so‘z bilan aytsak, boy shaxsiyati va insoniyligi haqida bergan ta’riflari juda muhimdir. Amir Temur «Tuzuklar»da adolatni himoya qilguvchi, so‘zi bilan ishi bir, olijanob, kechirimli, dovyurak, qo‘rqmas, zo‘r tadbirlar sohibi, mohir sarkarda, ulug‘ rahbar sifatida namoyon bo‘ladi.
U zolimlardan mazlumlar haqini olishda jonbozlik ko‘rsatadi, chunki yaxshi biladi: mamlakat kufr bilan turishi mumkin, ammo zulmga chiday olmaydi. Hokimlaru sipohdan qay birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsa, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora ko‘radi. Yaxshilarga yaxshilik qiladi, yomonlarni esa o‘z yomonliklariga topshiradi… Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengashga qo‘yadi, faqat bir ulushinigina qilichga qoldiradi. «G‘anim tomonidan bo‘lgan navkar bizga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa, o‘z yurtining tuzini halollagan bo‘ladi», deyiladi «Tuzuklar»da. Amir Temur fikricha, o‘z yurtining tuzini halollagan navkar, u dushman navkari bo‘lsa ham, hurmatga sazovor! Chunki u o‘z yurtini himoya qildi!    Biron navkar tuz haqi va vafodorlikni unutib, savashish vaqtida o‘z sohibidan yuz o‘girib, Amir Temur etagini tutmoqchi bo‘lsa, sohibqiron uni o‘ziga dushman deb biladi… Bular sohibqironning eng tang vaziyatlarda ham adolat va insofni birinchi o‘ringa qo‘yganligiga yorqin misollardir.
Sohibqiron ochiqyuzlilik, rahmu shafqat bilan xalqni o‘ziga rom etishni yaxshi bilardi. Xirojni raiyatdan kaltaklash va savalash yo‘li bilan emas, balki ogohlantirish, qo‘rqitish, tushuntirish yo‘li bilan undirishni tayinlardi. Hamisha raiyat ahvolidan ogoh edi, ulug‘larini og‘a qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rardi. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohi doim ochiq edi. Hamisha adolatga talpinib yashar, jabru zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intilardi. Biron kimsaning haqqi bo‘lsa uni aslo unutmasdi. Hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmasdi. Ko‘ngli buzuq, himmatsiz kimsalarni majlisiga aslo yo‘latmas, balki majlislarida keyinini o‘ylab, olisni ko‘rib ish yurituvchi, keksa va tajribali kishilar suhbatidan bahramand bo‘lardi… Chinakam do‘st haqidagi quyidagi so‘zlar ham xalqimiz aql-idrokining teranligidan xabar beradi: «Chin do‘st uldirki, — deydi Amir Temur, — do‘stidan hech qachon ranjimaydi, agar ranjisa ham, uzrini qabul qiladi…»
«Temur tuzuklari» ana shunday falsafiy umumlashmalar, hayotiy xulosalarga boy qomusiy asardir.

V

Tariximizning durdonalaridan birini xalq orasida keng targ‘ibu tashviq etishda jonbozlik ko‘rsatgan olimlarimizga minnatdorlik bildirish o‘rinlidir. Mustamlakachilik yillari akademik I.Mo‘minov «Tuzuklar»ning N.Ostroumov nashri (1894) faksimilesini e’lon qildirdi (1968), Alixonto‘ra Sog‘uniy ushbu nodir asarni ona tilimizga tarjima qilib «Guliston» jurnalida (1967) chop ettirdi. Bu «Temur tuzuklari»ning sho‘rolar davrida amalga oshirilgan birinchi tarjimasi edi. Ushbu qadamlar Amir Temur nomi qatag‘on qilingan davrlardagi chinakam jasorat namunalari sifatida qadrlanishga loyiqdir.
Mustaqillik yillari «Temur tuzuklari»ni o‘rganish, nafaqat asliyatda, balki boshqa tillarda ham chop etishda jiddiy ishlar olib borgan olimlarimizdan biri akademik Bo‘riboy Ahmedov bo‘ldi. U asarning 1991, 1996 yillar nashrlariga batafsil so‘zboshilar yozdi, atroflicha izohlar ilova qildi…
Asomiddin O‘rinboyev, Habibulla Karomatov, Hamidulla Karomatov, Ashraf Ahmedov, Omonulla Bo‘riyev, Haydarbek Bobobekov, Halim Boboyev, Ahmadjon Quronbekov singari zahmatkash olimlarimiz ham ilmiy tadqiqotlar yaratdilar va tarjimalarini e’lon qildilar. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning bu boradagi sermazmun maqola va esselari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda…
Ma’lumki, «Temur tuzuklari» ikki maqoladan iborat. Birinchi maqola sohibqiron hayotining eng e’tiborli voqealaridan tashkil topgan, ular tarix hujjatlariga aylanganliklari bilan qadrlidir. Qisqa, sodda, tushunarli tilda insho etilgan voqealar o‘quvchilarning turli tabaqalariga birday anglashilarlidir. Muhimi, bu voqealar G‘iyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy asarlari singari ishonchli manbalardagi voqealarga mos keladi. Ikkinchi maqola esa, davlat qonunlaridan, ya’ni tuzuklardan tashkil topgan. Bu tuzuklar saltanatning barpo bo‘lishi yo‘lida hayotning o‘zi keltirib chiqargan hayotbaxsh qonunlar majmuasi ediki, ular bugungi kunda ham ulkan ahamiyatga egadir.
Birinchi maqola quyidagi so‘zlar bilan yakunlanadi: «Etti yillik yurishdan so‘ng zafar va nusrat bilan Samarqandga qaytdim…»
Bu sana melodiy 1404 yilning kuz oylariga to‘g‘ri keladi.
Demak, buyuk obidamiz bo‘lgan «Temur tuzuklari»ning yozilganiga olti yuz yildan oshayotir. Bu — madaniyatimiz tarixida katta hodisadir.
Sohibqiron qalami bilan insho etilgan «Temur tuzuklari» yoshlar qalbiga bemisl g‘urur joylab, ularni chinakam inson qilib yetishtirishda, qo‘rqmas va dovyurak, aqlli va vatanparvar sifatida tarbiyalashda bebaho bir maktab vazifasini ado etadi.
Bu maktabda hali ne-ne avlodlar saboq olishlariga aslo shubha yo‘q.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 10-sonidan olindi.