Zokirjon Mashrabov. Bobur komil inson edi… (2007)

Zahiriddin Muhammad Bobur — butun Osiyo tamadduniga ulkan ta’sir ko‘rsatgan buyuk shaxslardan biridir. U taqdir taqozosi bilan oldin Afg‘onistonni, keyinroq Hindistonni egallab, bu mamlakatlar tarixiy taraqqiyotida burilishlar yasadi. Bu haqda hind xalqining buyuk farzandi Javoharla’l Neru shunday deydi: “Bobur kelishi bilan Hindiston yangi sulola hukmronligida qudratli salatanatga aylandi. Shu bois, Ovruponing hujum qilish xavfi yoki ehtimoli yo‘q darajaga tushib qoldi”.
Go‘dakligidanoq bolaning o‘sib-ulg‘ayishi, tarbiyasiga, jumladan, uning jismoniy tarbiyasiga ota-onasi ham, katta onasi ham alohida e’tibor berdilar. Natijada Bobur pahlavon yigit bo‘lib yetishdi. Uni taxt vorisi sifatida yoshligidanoq harbiy ishlarga o‘rgatdilar, maxsus ustozlar vositasi-la arab va fors tillarini mukammal o‘rganishini nazorat qildilar. Kichikligidan “Qur’on” tilovatiga o‘rgatildi. E’tiqodi mustahkamlanib borgach, fiqh qonunlarini, tarix va Sharq adabiyotini o‘qitdilar.
Bobur kundalik o‘tkinchi xursandchiliklarga uncha qiziqmaydigan, yemak-ichmakda injiqlik qilmaydigan bo‘lib o‘sdi. Hayotda nima yaxshi-yu, nima yomon ekaniga bolaligidanoq razm soladigan bo‘ldi. U do‘stlari, tengdosh o‘rtoqlariga, ularning nasl-nasabidan qat’i nazar, bir xil muomala qilardi. U shuhratparastlikka, izzattalablikka aslo o‘rganmadi. Yolg‘on gapirmaydigan, mug‘ombirlik qilmaydigan, oqko‘ngil bo‘lib o‘sdi.
Bobur o‘zgalarga nisbatan ziyrakroq, hushyorroq, dono va farosatliroq bo‘lib tarbiyalanadi. U bahodirona kelbati, ruhan tetikligi, abjirligi va nozik didi bilan o‘zgalardan ajralib turardi. Keyinchalik, podshohlik yillari ham ortiqcha boylikka ruju’ qo‘ymadi, zeb-ziynatdan rohatlanish hissiyotiga berilmadi, ularga nopisandlik nazari bilan qarashga odatlandi. Bunday fe’lini uning butun umri davomida, davlat faoliyatida ham kuzatish mumkin.
Keyinchalik, o‘gay ukalari Jahongir Mirzo va Nosir Mirzo tug‘ilib, voyaga yetganda ham ayni shu fe’li tufayli ularga mehribonliklar ko‘rsatdi. G‘animlar xudbinlik yo‘liga undab, g‘alamislik qilganlarida ham ukalariga g‘arazgo‘ylik qilmadi, kengfe’lligi bois gina saqlamadi.
1487 yili, ya’ni Bobur Mirzo to‘rt yasharligida ona tomonidan katta otasi bo‘lmish Yunusxon uzoq falaj bo‘lib yotgach, vafot etdi. Bobosi vasiyatiga binoan bo‘lsa kerak, kelasi — 1488 yili besh yashar Boburni, davr udumiga ko‘ra, amakisi Sulton Ahmad Mirzo qizlaridan Oysha Sulton Begimga “quloq tishlatti” marosimi uchun Samarqandga olib bordilar.
Zahiriddin Muhammadni, to‘y tantanalari o‘tgach, ulug‘ bobosi Amir Temur saltanatining poytaxtini aylantirib tomosha qildirganliklari shubhasizdir. Ana shunda Sohibqiron davrida bino etilgan g‘aroyib qasrlar, hashamatli oromgohlar, feruzarang gumbazli maqbaralar, ko‘kka bo‘y cho‘zib ganchlari yarqirab turgan minoralar go‘zalligini, masjidu madrasalar mahobatidan olgan taassurotlarini Bobur go‘daklik shuuriga singdirgani aniq. Keyinchalik Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”larini o‘qib, Sohibqiron davlatchilik faoliyatining ko‘p jihatlarini o‘rgandi va go‘daklik chog‘idagi Samarqand safaridan olgan taassurotlari yordamida ulug‘ bobosi hayotiga razm soldi. Amir Temur maqsadlari va bu yo‘ldagi ulkan ishlari, jangu jadallari, islomiy e’tiqodi, olimu fuzalolarga ko‘rsatgan beminnat odamiyliklari, tug‘ishganlariga bo‘lgan hurmat-muruvvatlarini o‘rgandi. Bular Bobur uchun bir umrga ta’lim maktabi edi.
Bobur tarbiyasida katta buvisi Eson Davlatbegim va o‘z onasi Qutlug‘ Nigorxonimning xizmatlari beqiyosdir. Yosh podshozoda odob-axloq va davlat haqidagi ta’limotlarni o‘zlashtirishdan tashqari, mashhur “Qobusnoma”, Shayx Sa’diyning “Bo‘ston” va “Guliston” kitoblaridan ham dars oldi.
Otasi Umarshayx Mirzoning fazilatlari — tanti va saxiyligi, savodxon va bilag‘onligi, oliyhimmat va mardonavorligi yoshligidanoq Boburga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Undagi xushxulqlilik va saxovatpeshalik, tabiatan xushchaqchaqlik va beg‘arazlik, do‘stona suhbatlarni e’zozlash kabi yaxshi xislatlar, shubhasiz, ota-bobolaridan o‘tgan va Bobur bu xislatlarni o‘zining o‘ta murakkab hayoti davomida yanada boyitdi, o‘z navbatida, ularni nasllarga meros qilib qoldirdi. Ingliz tadqiqotchisi Uilyam Erskin Bobur hayotini ko‘p yillar davomida o‘rganib yozadiki, insoniyat faoliyatining barcha sohasida “osiyolik shahzodalarning hech qaysisi teng kelolmaydi va uning yoniga qo‘yish uchun loyig‘ini topolmaymiz”. Shuning uchun ham J.Neru uni “dilbar shaxs” deb ataydi.
Boburning ayollarga hurmati va mehribonligi ham kishini lol qoldiradi. Bu tug‘ishgan opasi Xonzoda Begimga (o‘zidan besh yosh katta edi) ko‘rsatgan izzat-hurmati, opaning taqdiriga achinishlari, favqulodda g‘amxo‘rligi buning yaqqol isbotidir. Yoki katta onasi Eson Davlatbegimga bo‘lgan hurmati-chi? Mana, podshoh Boburning onaga hurmat yuzasidan bergan bahosi: “Xotunlar orasida ra’i va tadbirda mening ulug‘ onam Eson Davlatbegimcha kam bo‘lg‘ay edi, bisyor oqila va mudabbira edi”.
…Bobur Mirzoga isyonchilar bosh ko‘targanligi haqida Kobuldan chopar noxush xabar keltiradi. Hirotdan Hindikush tog‘lari orqali qish mavsumida kesib o‘tib, tezroq Kobulga yetib borish maqsadida ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi. Dovon yo‘li chindan ham xatarli bo‘lib, qalin qor bo‘roni ichida muzlab qolish ehtimoli yaqin edi. Shunda Bobur yonidagi g‘orga faqat keksaligi uchun Qosimbekni olib kirishni, o‘zi ochiqda yigitlar bilan tong otguncha turishini aytadi. O‘zlarining o‘lim bilan yuzma-yuz turganligini xayolidan o‘tkazib, hayot-mamot oldida shohu gado barobarligini eslatadi.
Shu o‘rinda Bobur Mirzoning “Do‘stlar bilan o‘lmoq sharaflidur”, degan so‘zini eslashni istardim. Bobur Xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi bu yo‘llarni 2004 yili bosib o‘tib, Bobur Mirzoning ruhini shod etgan bo‘lsa ajab emas…
Boburning insoniy fazilatlarini o‘rganar ekanmiz, uning islom dini fidoyisi va posboni bo‘lish bilan birga, aslo mutaassib dindor bo‘lmagani ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Amir Temur kabi, u, ayniqsa, Hindistonda ekanida ulamo, fuzalolar bilan diniy mavzularda suhbatlar qurishni sevardi. Har payshanba kuni fiqh masalalari bo‘yicha suhbatlar uyushtirardi. Chalamullalarni, tekintomoq shayxlarni, o‘ziga oro beradigan takabbur olimlarni aslo yoqtirmasdi.
Hindistonga yurish qilgan aksariyat podshoh-hukmdorlardan farqli o‘laroq, Boburshohgina bor bisotini Hindistonga olib borib, o‘sha joyni o‘z yurtidek obod qilishga uringan.
Eng muhimi, Bobur Mirzo saltanatni idora etishda xalq xohish-irodasini inobatga olar, uning manfaatlarini ko‘zlab ish tutardi. Madaniyat, ma’naviyat, yaratuvchanlik ishining doimiyligi Bobur davlatining ustivor yo‘nalishlari edi. Bu sohalarga, jumladan, ilm-fan rivojiga davlat ahamiyatiga molik ish sifatida qaralgan.
U saroylar, qasrlar qurdirgan, bog‘lar bunyod etgan.
Bobur Mirzoning shaxsiyati va oliyjanob xislatlaridan kelib chiqib, Amerikada va Yevropada bundan bir necha asrlar oldin Rashbruk Uilyamsning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Haroyat Lambning “Bobur-yo‘lbars”, Anna Flora Stilning “Toj kiygan darvish” va u haqdagi yaratilgan boshqa asarlar butun dunyoda tan olingan.
Ha, Bobur e’tiqodda mustahkam, imoni butun, shu bilan birga, himmati baland komil inson edi. U bobosi sohibqiron Amir Temurga nisbat bersa bo‘ladigan ulug‘ kishi, saxovatli va diyonatli podshoh edi. Bosh farzandi Humoyun Mirzo betob bo‘lganida tabiblar maslahatini o‘zicha talqin etib, jonini farzandiga bag‘ishladi, uning dardini o‘ziga oldi, ko‘z yoshi to‘kib Yaratganga astoydil murojaat qildi. Ohi Allohga yetib farzandi tuzaldi, o‘zi esa kasallandi. Bu haqdagi o‘zgalarga ibratli hikoya asrlar osha bizlarga yetib keldi. Shu davrgacha islom Sharqida, podshohlar tarixida bunaqa hodisa kuzatilgan emas. Bu ham Boburning naqadar mustahkam e’tiqodli, komil insonligidan nishonadir.
Bobur yozgan ilmiy asarlaridan, tuzgan devonidan tashqari, uning yana boshqa xislatlari ham bor edi. U musiqiy asarlar yaratdi, “Harb ishi”, “Boburiy xati” deb atalgan alifboni kashf qildi. Ushbu noyob qo‘lyozma asarni Bobur Xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi o‘tgan galgi safarida qo‘lga kiritib, Vatanga olib kelib, ilmiy iste’molga kiritdi.
Hech bir shoh, o‘zi hayotdan ko‘zini yummay turib, toj-taxtni farzandiga topshirmagan. Hech bir shoh, o‘zi haqida bor haqiqatni, xato-kamchiliklarini yozib qoldirmagan. Shunday qilgan oliyjanob, komil inson yurtdoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburdir.

Zokirjon Mashrabov,
Xalqaro Bobur jamg‘armasi raisi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 7-sonidan olindi.