Sobit Muqonov (1900-1973)

Muqonov Sobit Muqonovich (Sәbit Mұqanұlы Mұqanov) (1900.13.4, hozirgi Shimoliy Qozog‘iston viloyati Jambul tumani — 1973.18.4, Olmaota) — qozoq yozuvchisi va jamoat arbobi. Qozog‘iston Fanlar akademiyasi akademigi (1954). Fuqarolar urushi qatnashchisi (1918—20).
1930-35 yillarda Moskvadagi Qizil professura institutida o‘qigan. Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1936-37; 1943-1952).
«Boy o‘g‘li» (1928), «Sof sevgi» (1931), «Temirtas» (1935), «Bo‘tako‘z» (1938) romanlarida qozoq xalqining bosib o‘tgan tarixiy yo‘li aks etgan. «Bo‘tako‘z» romani asosida pesa va kinostsenariylar yaratilgan. «Mening maktabim» (1939—53) avtobiografik qissasida yozuvchining bolaligi tasvirlangan. «Sirdaryo» romani (1947—48) 2-jahon urushiga bag‘ishlangan. «Mening maktabim» qissasi asosida «hayot maktabi» trilogiyasini yaratgan (1949—53).
Muqonov «Cho‘qon Valixonov» (1954), «Saken Sayfullin» (1970) dramalari, «Bo‘z to‘lqinlari» (1956) romani, «Zamondoshlar haqida afsona» qissasi (1962) va boshqa asarlar muallifi. U 3 kitobdan iborat «Oqqan yulduz» asarini (1967— 70) yozgan.
Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Zulfiya asarlaridan namunalarni qozoq tiliga tarjima qilgan. Asarlari o‘zbek tilida chop etilgan. Abay nomidagi Qozog‘iston Davlat mukofoti laureati (1967).


O‘RMONDA YoZ

Dimog‘ni yoradi og‘ochlar isi,
Tomirlar yayradi, yayradi ko‘ngil.
O‘t-o‘lan, yog‘ochu yaproqlar tusi
Ko‘zlarni oladi tovlanib ming xil.

O‘rmonga yog‘ildi ertangi ziyo,
Ta’zimga tutindi daraxtlar birga.
Yosh titroq yaproqlar oralab go‘yo
Oltindan tangalar to‘kildi yerga.

Zag‘chalar qag‘-qag‘i, chumchuqlar churqi
Urmonni to‘ldirdi, naqadar xushhol.
Quloq tut bir nafas, aziz o‘quvchi,
Ne sozlar tinglaysan va bo‘lasan lol.

Har yerda o‘rmalar qurtu qumursqa,
Ortmoqlab boradi nasibasini..
Chiqqanday shodiyona ajib yumushga,
Insonday biladi nashidasini.

Yoz keldi yarqirab, sepini yoydi,
Qay tomon qarasang ochilar bahring.
Shunday soz kunlarda ko‘ngil ulg‘aydi,
Shunday baxt yurtida keng, erkin bag‘ring.

Turob To‘la tarjimasi