Martseliyus Martinaytis (1936-2013)

Martseliyus Martinaytis (Marcelijus Martinaitis; 1.04.1936 — 5.04.2013) – litva shoiri, adabiyotshunos, publitsist, tarjimon. Uning «Kukutis balladalari» kitobi juda mashhur.

KUKUTISNING YaLLASI

Yallasini boshlar Kukutis:
«Hayot qanday shodumon, beg‘am!
Hayot go‘zal, quvonchu bayram,
Hatto nedir yetishmasa ham!»

Kukutisning shodmon sasini
Yalla tinglab turarkan dedi:
«Keltirding-ku sen havasimni,
Ovozing ham yaxshi,la’nati!»

Shunday deya biroz olib tin,
So‘ng ovozin qo‘ydi baralla.
Otin niqtab ketdi Kukutis,
Ortda shodmon kuylardi Yalla.

KITOB HAQIDA XOTIRA

Kitobni o‘qirdik sen bilan birga.
Qo‘lingni ushladim.
So‘ng quchoqladim.

To‘satdan
O‘zgarib ketgandek bo‘ldi
Varaqlari ochilgan kitob.

Keyin
Qancha urinmaylik o‘qiyolmadik —
Kimdir ko‘z yumgandi o‘sha kitobda.

QARZ

Kechalari tushlarimda
Yig‘ilishar marhumlar.
Men ulardan qarz olamanu
Keyin so‘rayman:
— Qarzimlarimni qachon qaytaray?

Ular menga javob berishar:
— Qaytarishga shoshilmay yasha!
Yonimizga kelganingda qaytarsang bo‘ldi,
Keyin sen ham qarz berasan bizlarga o‘xshab.

Ayamay sarflayman olgan pulimni.
Tonglarga, shamollarga sarflayman,
Sarflayman bir qultum buloq suviga.

Yashagan har kunim — qarzimga to‘lov.
Marhumlar ba’zan-ba’zan qilishadi arz:
— Yaxshiyam, bizlardan sening qarzing bor —
Bizni unutishga qo‘ymaydi bu qarz.

* * *

Ko‘zlarimni o‘ysalar agar –
imkon berma hech kimga aslo
qorachig‘im ko‘r zulmatini
yolg‘on bilan to‘ldirmoqqa va
atamoqqa uni quyosh deb…

So‘zlarimni tortib olsalar –
sukutimni tinglagin, axir,
men til yutib turganim bilan
so‘zlar sukut saqlolarmidi?!

Ayirsalar esu hushimdan –
yalinaman, o‘ldirma meni,
ayirmagin meni hech qachon
bir burda oq yo qora nondan.

Sug‘ursalar qalbimni agar –
yot narsani baxsh etma menga,
ona yurtning qop-qora qumli
tuprog‘ini hovuch-hovuchlab
ko‘kragimga sochib qo‘ysang, bas,
eshitarman hayot so‘zini.

Toptasalar meni butunlay –
o‘stir mening orqamda bukur,
toki unda jo bo‘lsin yakson
haqiqatim – mo‘rt suyaklarim –
va ijozat bergin sen menga,
ostonangga boshimni qo‘yib
o‘lmoq uchun odamga o‘xshab…

Xurshid Davron tarjimalari