Shirin Zafaryulduzi (1968)

Shirin Zafaryulduzi (Şirin Zaferyıldızı) – kiprlik turk shoirasi. 1968 yili Nikosiada tug‘ilgan. “Ichimdagi ro‘yo” (1988), “Hammasi Vatan uchun” (1989), “Devordagi rasm” (1997) kabi kitoblari chop etilgan.

MENDAN SO‘RAMA

Qaynab oqqan daryolardan so‘r,
Bilar imkonsizni yengmoqni ular.
Toshgan,
shoshgan shu irmoq bilar.

Ayriliq achchig‘in shu irmoq bilar.
Ufqda botmoqqa mahkum quyoshdan
So‘ra, ayriliqning tilin u bilgan.

Faqat mendan so‘rma,
Bir mendan so‘rma,
Kimdan so‘rsang-so‘ra, qarshimda turma…

Agar anglasayding
ko‘zyosh tilini,
Qolardi dardlarim senga bilinib,
Afsus, anglamassan,
Qalbim tinglamassan,
Bo‘g‘zimda bir achchiq,
Yurakda sanchiq,
Men so‘zlay olmasman, mendan so‘rama!

YoMG‘IR TOMChILARI

* * *
Muzlab qolgan dudoqlarimdan
Kuzning yaproqlari to‘kilib bitdi.
Anglamadi hech kim va zimdan
Qo‘limda so‘zlarim sindi-da yitdi…

* * *
Shamollarning yurti yo‘qdir
urushda tug‘ilib
Tinchligi yuragindan
o‘g‘irlangan xotinlar kabi.

* * *
Yashaganim va shu yashashim
Yulduzlarning tushidagi
Bir faryodtsay haqiqat erur.

ShAHID QIZIMAN

Bir shahid qiziman,
Yo‘qilik-la kurashmoqni bilaman,
To‘g‘ram qattiq nonni qadr qilaman.

Bir shahid qiziman,
Ulg‘aydim xo‘rlovchi boqishlar ichra,
Shafqatsiz yillarda, yoqishlar ichra.

Bir shahid qiziman,
Ming to‘qqiz yuz yetmish to‘rtga jabhada turdim,
Qo‘lcham bilan handaqlarga qumlar to‘ldirdim.

Bir shahid qiziman,
Taniyman, kularkan yig‘lagan ko‘zlarni,
Yolg‘izlik sanchiqlari qaritgan yuzlarni.

Bir shahid qiziman,
Bir shahid qiziman,
Bu nom har narsamdir, shan, g‘ururimdir,
Jon, qon berib olgan
bir sururimdir!
Men — shahid qiziman!

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi