Pablo Neruda (1904-1973)

Pablo Neruda (Pablo Neruda; taxallusi; asl ism-sharifi Neftali Rikardo Reyes Basualto) (1904.12.7, Parral sh. – 1973.23.9, Santyago) — Chili shoiri, diplomat. Santyago universitetida ta’lim olgan. Chili Senatining a’zosi va diplomat sifatida ko‘p mamlakatlarda bo‘lgan. «O‘lmaydigan odamning xatarli qadami» (1926) to‘plamida she’rning an’anaviy o‘lchamlari va qofiyalaridan voz kechib, ichki kechinmalarni syurrealizmga yaqin til va obrazlar bilan ifodalagan. «Yashash joyi — Yer» (1933, 2 jild), «Yurakdagi Ispaniya» to‘plamlariga kirgan asarlarida insoniyat ozodligi uchun kurash g‘oyalari aks etgan. Neruda 1941—44 yillar marksizm bilan qiziqadi, Chili kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ladi. Shu yillarda Chili prezidentini «AQSh qo‘g‘irchog‘i» deb haqorat qilganliqda ayblanib, hukumat tomonidan ta’qib ostiga olinadi. Neruda Meksikaga ketadi va u yerda 340 she’rdan iborat monumental asari «Umumjahon qo‘shig‘i» (1950)ni yozadi. Asarda Lotin Amerikasining o‘tmishi va buguni marksistik nuqtai nazardan talqin etilgan. Kitob Chilida taqiqlangan, kommunistlar uni yashirin tarqatishga uringanlar. Shoirning 1950—60 yillar ijodi Neruda fikr doirasining kengayganidan, poetik mahoratining yanada takomillashganidan dalolat beradi: «Sevgi haqida 100 sonet», «Chili toshlari» (1960), «Diniy marosim qo‘shiqlari» (1961), «Qiyomat» (1963) she’riy to‘plamlari, «Qora orol memoriali» avtobiografik dostoni (1—5-j.lar, 1964) va boshqalar. U Toshkentda bo‘lgan. Nobel mukofoti laureati (1971).

BIRDAMLIK QASIDASI

Bilasanmi,
nima gap u yoqlarda?
Kimga qo‘shilasan?
Bilasanmi?
Kimga?
Bordiyu bir balo yuz bergan bo‘lsa —
aybing bor muqarrar bunda
sening ham!
Agarda bilmasang,
ogohlantiray:
bilib qo‘y
sen chetda
tura olmaysan.
Qayda sening qalbing?
Og‘zing qayda?
Nega baqrayasan
meni tushunmay?
Ko‘zingni,
tilingni
yoki qo‘lingni
yoki umidingni yo‘qotganingni
birdan ko‘rib qolgan
Hoy falon,
pistonchi,
yo pismadonchi,
Shunday bo‘lishi ham
mumkinmi axir?
Eng aziz narsangdan ajrala turib
buni sezmasliging mumkinmi axir?
Uxlab ketyapsanmi?
Nima yeganding?
Minglab odamlarning
ko‘zlarini sen
bilmasmiding axir?
Kirmaganmiding
odam singari…
oshxona,
barakmi
yoki poyezdga,
yashirin chiroqni
ko‘rmaganmiding?
Kelayotgan,
ketayotgan
vatandoshlarning
qo‘llari
shunchaki begona qo‘lmas,
seni qidirayotgan
qo‘llar ekanin
hech qachon sezmagan,
ko‘rmaganmiding?
Seni!
Seni!
Bekor atrofga boqma,
chunki, bilib qo‘yki,
qo‘shningni emas,
seni chaqiryapman,
seni,
o‘zingni!
Boshqalar:
«Biz kammiz!
Bir shaxs izlab top!» —
deb menga iltimos qilishgan axir!
Bahor nafasidan
erta saharda
uyg‘ongan yaproqlar
mendan so‘rashgan:
«Nima qilayotir anov falonchi?»
Men esa bilmadim,
indayolmadim…
Mening rizqi-ro‘zim —
yulduzli osmon.
Har narsa
so‘roqqa tutadi meni:
«Qani falon do‘sting,
pistonchi do‘sting?!»
Ammo sen —
sen axir bilasan-ku-a?
Ular juda ozchilik,
kunlar va tunlar
sukut va devorlar
ichra ozchilik,
ular devorlarga
urilmoqdalar!
Biz chekib turibmiz,
chekyapmpz jim-jim
sen va men
ikkimiz…
Tutun, bu —
gajaklar,
halqa,
buramlar…
Tutunning
ko‘kimtir halqachalari…
Tutunning
ma’nosiz halqachalari…
Demak, hayot shumi?
Yolg‘on!
Chap berma!
Menga sen
tez yordam
berishing kerak:
menga yordam bersin
so‘z,
imo,
qo‘ling!
Shunda,
barcha qo‘llar,
imo va so‘zlar
yagona kuch bo‘lib
birlashganida,
faqat shundagina,
yagona bir sado
yoyilganida,
mash’um jimligida
qora kechaning
yagona yulduzdan
birdan o‘t chiqar.

HAYoT QASIDASI

Tun bo‘yi uzluksiz
Og‘ir boltasi bilan
Meni chopdi azob
Uyqu qochirib
Va qonga belangan
Chip-chip toshlarni
Qop-qora suv bilan yuvdi u.
Men hamon tirikman.
Yana qaytadan
Og‘ir yukingni ham ko‘tarib ketdim,
Yo mening hayotim,
Mening hayotim,
Seni gardanimda obketdim yana.
O, mening hayotim.
Nurli kosasan,
Biroq tez to‘lasan
Zaharday suvga,
Loyqa o‘lik sharobga,
Talvasa, judolikka,
O‘limga,
Girdobi qo‘rqinch kunlarga!
Qorong‘i do‘zaxning quyuq ranglari —
Xatarli nurlarni,
Bir umrga sen saqlay olasan, deb
Ko‘plar ishonar.
Yolg‘on gap!
Sokin tun o‘tar va so‘nar.
Bir lahzadan keyin —
Hamma narsa birdan —
To‘satdan o‘zgarar.
Umrim kosasi
Haqiqiy nur bilan
To‘lar qaytadan.
Bizlarni ulug‘vor
Ish kutar endi.
Zarb bilan otilar ko‘kka kaptarlar,
Jahonning har yeri bo‘lar muattar.
Tingla, hayot!
Baxtsiz shoirlar seni
Yomon deb bildilar, yomon deb,
Kurra girdobining ortidan quvmoqni
va sen deb issiq uy-o‘rinlarini
tashlamoqni sira
istamadilar.
Ular doim sendan zarba yedilar,
Seni izlab o‘tirmadilar.
Qorong‘i, qop-qora teshiklar ochib,
nina to‘la
quduqqa
ko‘mildilar.
Yolg‘on!
Hayot,
bilaman,
g‘oyat go‘zalsan,
ayolday mayinsan,
sening ko‘ksingdan
zaif-zaifgina yalpiz hid kelar.
Hayot!
Ajoyibsan ham bahaybatsan,
O‘ynoqi bo‘ronning intilishisan,
Insonga iqbolsan
Yoki tilsimli
zaytun daraxtining mayin yog‘isan!
Hayot!
Sen saraton ishkomisan go‘yo,
Nurlar yutib, ularni to‘g‘ri taqsimlab
oltin g‘ujumlarga aylantirasan.
Kim seni tark etmoq istasa agar
Kutsin
bir lahzami,
kecha-kunduzmi,
uzun yo qisqa yil,
unumli yilni.
Tanholikka mahkumlar tutqunidan chiqib
bir karra sakrasin
boshpanasin tashlab.
Do‘stlarning kaftiga
qo‘yib kaftini
birga kurashmoqni o‘rgansin.
Qo‘rqmasin baxtsizlik jafolaridan,
uni maqtamasin,
uni rad etsin
va yoki tomchilar o‘lik toshlardan
mustahkam binolar qurgani kabi —
uni aylantirsin o‘z foydasiga.
Azob ko‘rganini yirtib tashlasin,
va o‘sha g‘am-alam quroqlaridan
ishton tikib olsin
o‘ziga mahkam!
Hayot kutib qoldi.
Kim agar sevsa —
dengizning yovvoyi, notinch hidini
va yalpiz hidini
nafasga to‘la,
yangi unib chiqqap yalpiz hidini,—
shundaylarning barin
chaqirmoqda Hayot.

QUYoShGA QASIDA

Men quyoshni bilmasdim,
Shimol tog‘lari orasida,
Qish halqasi ichra
Yashardim.
Erni ezar edi
bosqinchi suvlar.
Osmon esa,
qirg‘oqsiz soyabon edi,
yashil sochli
ulkan
dengiz meduzasi edi.
Yomg‘ir yog‘ar edi
tomda,
qora yaproqlar ustida,
osmonning suvlari
tishsiz
ulkan muzliklardan
oqardi vodiylarga.
Keyin
dunyoni kesib o‘tdim,
ko‘rdim
shimolni, janubni
va nihoyat,
tsirk maydonida
chopib yurgan
yarqiroq
kizil yolli
sher singari
dum-dumaloq,
qaynoq
yakkayu-yagona quyosh
sahroda
mening tepamga chiqdi.
O, quyosh!
Osmon tubidagi gulgina!
Bizning mash’alimiz,
Naqadar qudratlisan;
sen butun jonli
mavjudotlarni
yaratgan,
oltindan quyilgan
ulkan atirgul,
doim qaynab turar
dahshatli jaziramang,
doim
ochofat olov
seni yeb turar.
Osmonning markazida
ulkan oshxona,
oltin kiprik tagida
musaffo qovoq,
sokin
va g‘azabnok
mangu bir o‘choq —
senga boqmoq istayman
ko‘hna Amerika
nazari bilan:
sen —
makkajo‘xorining
pishgan so‘tasi,
sap-sariq yuraksan,
jasur,
uchqur dengiz qushisan,
olovli mevasan,
ko‘k yuzida
bir oltin xolsan!
Sening nigohlaring
ajoyib:
shoxga tegsa salgina,
birdan
bahor tug‘ilar,
anbar supurgingni
o‘sib turgan
g‘allamizga
tegizsang bir oz,
sening shaklingni
takrorlab,
don-dun
erga sochilib ketar:
ya’ni nonsan,
osmon nonisan,
qutlug‘ o‘choqsan!
Tunning nazarida
jonsiz olmos,
muz parchasi,
oq yulduz emas,
yo‘q,
sen hammavaqt
quvvat,
kunduzgi kuch,
qudratli asos,
ko‘k jiyroni
hayot bulog‘i bo‘lgansan
va sening
lovullab titrashingdan
har bir urug‘
unib chiqadi!
Er yashil chodirin
ochib ko‘rsatadi,
biz pishgan
shingillarni
terib olamiz
va
erni
lovullagan barkashda
senga minnatdor bo‘lib,
biz,—
er va quyoshning
farzandlari.—
vasiyat qilib
qoldiramiz.
Biz, Amerika kishilari,
sening nuring bilan
yaratilganmiz
va bizning qonimizda
er va quyosh
ikki magnit kabi
bir-birini
oziqlantirar.
Butun qalbdan
seni ulug‘laymiz,
O, bizni asrovchi sath,
yonar atirgul,
osmon uchuvchisi,
falak vulqoni,
yo‘lbars ajdod,
cho‘qqilar otasi.
oltin mo‘ysafid,
o‘t sochar halqa,
abadiy tug‘ilishlar
kurtagi,
koinot xo‘rozi!

Miraziz A’zam tarjimalari

FEDERIKO GARSIA LORKA UChUN QASIDA

Agar bo‘m-bo‘sh, yolg‘iz uyda dahshatdan yig‘lay bilsaydim,
Ko‘zlarimni o‘yib yutib tashlasam edim agar,
Men buni sening ovozing haqqi — motamsaro po‘rtahol
haqqi
Qilgan bo‘lurdim. Jigaringdan faryod misol oqqan
she’ring haqqi qilgan bo‘lurdim.

Zero, sening unun, sening sha’ningga
Kasalxona devorlarini havorangga bo‘yarlar,
Maktablar qurilar, sohilning o‘ramlari,
Temirqanot chiqargan yarador farigatalar,
Zar tangalar bilan qoplanur qo‘shilayapkan baliqlar
Va kirpilar falakka parvoz qilur begumon.

Sen uchun qora parda tutgan tikuvchilik ustaxonalari
To‘lar qon va suvarakka.
Sen uchun qizil belbog‘lar bog‘lab oshiqlar
o‘pib o‘ldiradir ma’shuqalarin,
Va oqqa belanib yasanajaklar.

Sen shaftolirang nafosatga o‘ralib uchayotgan choq,
Bo‘ron sovurgan gurunch kulgusi-la kular ekansan,
Borlig‘ingcha titrar ekansan qo‘shiq aytish oldidan,
Seskanib ketar lablar, qontomirlar, barmoqlar,
qovoqlar.

Men sen uchun o‘lishga tayyorman
Men qonrang ko‘l uchun tayyorman o‘limga,
Sen xazon mavzeida makon tutgan ko‘l uchun.
Yiqilgan ot va qonga belangan xudo bilan barobar
O‘lishga tayyorman mozorlar haqqi.
Ular
tunda cho‘ktirilgan qo‘ng‘iroqlar ichinda
O‘zlarining suvlari va qabrlari bilan oqarlar,
Xuddi ko‘l va qon daryosi singari,
Daryolar yarali askarga to‘lgan bir kasalxona,
Daf’atan o‘lim qabrtoshlari bilan
Oqizib ketyapkan daryo.

Men o‘lishga tayyorman, faqat seni ruhimda ko‘rsam,
Yig‘lab turgan chog‘ing,
Boqib turganingda cho‘kayapkan xochlarga,
O‘liklar daryosiga qarab yig‘larding betin,
Betin yig‘lar eding jarohatli yuraging bilan,
Yig‘i bilan yig‘larding qobog‘ing to‘lar edi,
Ko‘zyoshlarga, ko‘zyoshlarga, ko‘zyoshlarga.

Agar men tun ichra yolg‘izlikda adashganimda
Unutilish, g‘ira-shira va tutunlarni
Qatorlar va korablar ustidan
Changyutgich qora girdob kabi yig‘olsam edim,
Men bularning barchasin qilardim
Sen — shoxlayapkan daraxt uchun.

Ichingda shovullagan
Oltin suv uchun,
Senga tunning sirlarin aytgan
Suyagingni chirmagan chirmoviq uchun.
Bo‘g‘zingdagi alhonni qachon olib o‘tishing
Piyozning zax hidi singgan shaharlar poylar.
Shahvat ortilgan sukut saqlagan kemalar ta’qiblar
seni.
Yashil kaldirg‘ochlar pn ko‘yar sochlaringga,
Undan g‘ayri, chig‘anoqlar, haftalar,
O‘rama yelkanlar va olcha daraxti
Harakatga tushar paydo bo‘lganida
Sening o‘n besh ko‘zlik rangpar qiyofang,
Va jizg‘inak qon rangli og‘zing.

Agar men ma’muriy binolarni
qurum bilan to‘ldira olganimda,
Va o‘kirib soatlarni ota bilsam edim taxtlardan
Men buni qilardim qanday qilib sening uyingda
Yorilgan lablar-la yoz faslini ko‘rmakka;
Mahkumlar kiyimida paydo bo‘lgan mardumni,
Va g‘amgin buyuklikka to‘lgan zaminni,
Va o‘lik omoch hamda lolaqizg‘aldoqni,
Va chavandoz hamda go‘rkovni,
Qonli tuproq xaritasini,
Va kul bilan qoplangan g‘avvosni,
Ortidan pichoqlar saichilgan
Qizlarni ergashtirib ketayapkan, yuziga niqob tortgan
qotilni ko‘rmoq uchun.

Paydo bo‘lur ildizlar, kasalxonalar, qontomirlar,
Buloqlar va quduqlar,
O‘rgimchaklar orasida yolg‘iz sarboz jon uzayapkan
To‘shakni sudrab kelmakda bu tun.
Nafrat va tikanlardan iborat
atirgul paydo bo‘lur.
Sarg‘aygan bandargoh bo‘lur namoyon.
Paydo bo‘lur shamolli kun va bolakaylar.

Paydo bo‘lurman men ham va Oliveyro va Nora,
Visente Alessandre, Delia,
Moruna Malva. Marina, Maria — Luisa va Lorka,
La Rubia, Rafael Ugarte,
Kotapos, Rafael Alberti,
Karlos, Bebe, Monolo Altolagirre,
Molinari,
Rosales, Kongamendes
va men nomin unutgan boshda-boshqalar.

Kel, men senga yukinay navqiron yigit,
Parvona yanglig‘ ufoq va toza vujud,
Doimo ozod bo‘lmish qora chaqmoq singari,
Bugun, qoyalarda hech kimsa yo‘q, kel,
suhbatlashaylik,
Kel, anchayin o‘zimiz haqda.

Shabnam uchun bo‘lmasa agar,
Nechun xizmat qilar bizning she’rimiz?
Nechun xizmat qilar she’rimiz bizning,
Bizga keskin xanjar qadagan shu tun uchun bo‘lmasa,
Shu kun uchun bo‘lmasa.
yoki shu g‘uborli tong uchun bo‘lmasa agar,
Azoblangan inson qalbining o‘limga tap-tayyor
burji uchun bo‘lmasa.

Ayniqsa tunda
Osmonda yulduzlar chug‘urlasharkan,
Qashshoq xonalarning
Derazasi ostidan oqadigan qora daryoda ularning bari.
Ularning uyida kimdir o‘lgan yoki ehtimol
Ular ishidan ayrilgan idorasida,
Kasalxonada,
Shaxtada,
Hammayoqda yaralangan odamlar,
Hammayoqda umid va yig‘i,
Hozircha yulduzlar suzishar cheksiz daryoda,
Derazalarda yig‘i,
Va ostonalar ham yig‘idan to‘zgan,
Yig‘i to‘lqin kabi urar qamchinlar lungisini.
Yig‘i singib ketgan choyshab va yostiqlarga,
Federiko!
Sen dunyoni ko‘rmakdasan, ko‘ryapsan ko‘chalarni,
Sirkali, to‘zonli bekatda xayrlashuvni,
Hamma yerda savol berguvchi odamlarning to‘dasi bordir,
Javob yo‘qdir ularga,
Bor alamli, qahrli, qonli basir,
Va ko‘zyosh hamda tikan daraxti,
Va hasad orqalagan yovuz qaroqchi.

Hayot shunday Federiko, va bular mening
Senga g‘arib orqadoshlik tuhfalaridir,
Jasur, dardkash bir mardning iltifoti,
Sen-ku o‘z hayotingda ko‘p narsaga yetishding,
Ko‘p narsaga hali ko‘p yetishgaysen davomat.

Rauf Parfi tarjimasi

* * *

O‘simlik, sharob yoki toshning oti — Matilda,
ne tug‘ilgan, neki mavjud — u barining otidir.
Bu ismning shu’lasidan tonglar yorishar nogoh,
bu ism parvozidan turunjlar yolqinlanar.

Bu ismda kemalar suzib yurar bemalol,
yo‘l ko‘rsatar dengizning lojuvard chiroqlari.
Bu ismning harflari — suvning kumush oqimi,
qaqragan yuragimning chanqog‘ini bosadi.

Men chirmovuq ostidan izlagan ushbu ism
go‘yoki Bog‘i Eram, yo jannatga eltguvchi
er osti yo‘lagining sehrli tuynugidir.

Qaynoq bo‘salaringga ko‘mib tashlagin meni,
jonimga qada, mayli, tungi nigohlaringni,
faqat ismingda yuzib, uxlashga izn bergin.

* * *

Sevgim, bo‘sagacha bo‘lgan yo‘l uzoq,
safarda yo‘lchini qiynar yolg‘izlik.
Yomg‘irda iviydi sarson poezdlar,
Taltarga enmadi to hanuz bahor.

Lekin biz birgamiz, o muhabbatim,
ildizlardan tortib kiyimlargacha,
kuz kabi, suv kabi va sonlar kabi
birgamiz begona, ayridan ko‘ra.

Qancha qum, qancha tosh, qancha shag‘alni
daryo Baroaga oqizib ketdi,
qanchalab millatlar, qancha poezdlar

insoniyat bilan, chinnigul bilan
zuvalasi bitta sevishgan, sevgan
oshiq-ma’shuqlarni ayirib qo‘ydi.

* * *

Binafshaday tikandan toj kiygan zolim sevgi,
ehtiroslar zo‘ridan hurpayib olgan buta,
g‘azab oti yag‘rinin yara qilgan g‘am tig‘i
nechun, qay yo‘llar bilan yuragimga yo‘l solding?

Mening bargi rezonlar tizgan, so‘qmoqlarimga
nechun tashlab yubording hasratlaring o‘tini?
Kim u sening yo‘lingni mening qoshimga burgan,
kim u kulbam ko‘rsatgan, gulmi, toshmi, tutunmi?

Vahim tunni qo‘rquvlar bosib kelar begumon,
shafaq qadahlarini mayga to‘ldirgani rost
va rost ko‘kdan quyoshning jizg‘anak kuydirgani.

Sevgi esa, sevgijon bo‘ldi menga parvana
bag‘rimni tilka qildi nayzalari, tikoni,
kuydirgijon otashi yuragimga yo‘l soldi.

* * *

«Birga ketaylik», — dedim, toki hech kim sezmasin,
mening g‘ussali jussam ne darddan to‘lg‘onishin.
Na qo‘shiq, na chinnigul nasib etmadi, dilda
himoyatsiz sevgining teran og‘riqlari bor.

«Birga ketaylik», — takror so‘yladim men nolavash,
lablarimda qonagan oyga parvo qplmaslar.
Qon sathi ko‘tarilar, biror kimning ishi yo‘q,
yulduzlar tikonini esla mayli, muhabbat!

«Birga ketaylik», — desa qo‘ng‘iroqdan ovozing
mayshisha ochilganday erk sari toshib chiqar
azoblar, muhabbatlar, nafratlar — bari-bari

bandi bo‘lgan qorong‘i yerto‘lasidan shitob,
otashning unut bo‘lgan ta’mini tuyar lablar,
tosh ham qon ham va gullar ham meni kuydirdi qayta.

* * *

Ur toshga to‘qinar to‘lqin zarbasi,
olamlar yorishar — potrar atirgul!—
Ko‘kimtir sho‘r tomchi, va g‘o‘r uzumga
do‘nadi dengizning dunyoqarashi.

Erib gul bo‘ladi magnoliyalar,
fusunkor daydishlar, gullagan o‘lim,
fanodan baqoga mangu qaytishlar,
tuyilgan tuzlarning evrilishlari.

Himoyat etgumiz sukutimizni,
muhabbatim, dengiz qiyrata boshlar
zavqining haykal va minorlarini.

Ehtimol, shundanmi, nam va qumlardan
iborat ko‘z ilmas hujayralarda
quvg‘indan asraymiz nazokatni biz.

* * *

Ishq sudrab keladir hasrat to‘rini
va baliqlar sokin jivirin.
Ularga boqmagin — hech bir jarohat
Bizni ayriliqqa etolmas duchor.

Ko‘zlaring ayblimas ko‘zyoshlar uchun,
qo‘llaring sanchmadi bu xanjarni, yo‘q,
oyog‘ing bu yo‘lni izlamagandi
dilga achchiq sharob quyilar bu choq.

Sermavj muhabbatning sarkash to‘lqini
bizni irg‘itdiyu xarsanglar tomon
bir xil undan qordi zuvalamizni.

Bir g‘amu g‘ussaga etdi giriftor,
bir falakdan nur sochdi bizga,
xasta bahor bilan siyladi bizni.

* * *

Muhabbatim, endi uyga qaytamiz.
Balki chirmovuqlar yetgandir tomga,
sening to‘shagingga sen yotmay turib,
yozgi choshgoh kirib uxlab yotgandir.

Dunyoni kezdilyar daydi bo‘salar:
Hayajon — sershira asal tomchisi,
Sarandib yam-yashil kabutarginam,
Yantszi kun va tun oralig‘idir.

Dengiz shovqinini yengamiz endi,
qaytamiz bir juft ko‘r qushchalar kabi
olis uyasiga bahorimizning

Axiyri u ishqning ham parvozi tugar:
toshloq qirg‘oqlarga qaytdi umrimiz,
bizning o‘pichlar ham uyga qaytdilar.

* * *

Chakalakzor, adashdim-u kesib oldim bir shoxni
uning sokin shivirlarin lablarimga tugdim men;
bu, ehtimol, yig‘loqi bir jalaning shovuridir,
yoki singan qo‘ng‘iroqning, yo yara dil nolasi.

Nogohonda yiroqlardan bir nimarsa chalinar,
teran-teran yashiringan, tuproq ostida qolgan,
namxush oyloq shomlar aro, to‘zg‘in xazonlar aro
unini kuz allaqachon o‘chirgan bir sas-sado.

Chakalakzor uyqusidan lablar tegib uyg‘ongan
Yong‘oq shoxi bo‘g‘riqib, jim kuylab yuborar bexos
va ul shoxning daydi isi shuurimga urilar,

go‘yo meni izlab kelmish unut bo‘lgan ildizlar,
mening olis bolalikda yo‘qotgan hur vatanim.
Yong‘oq shoxnn bo‘ylaridan mast bo‘lib tong qotdim men.

Faxriyor tarjimalari

MAChU-PIKChU ChO‘QQISI

1

…Meni g‘ijjaklarning davralarida
ko‘rmoqchi edilar, men esa chiqdim
toshlarga ko‘milgan bir shahar bilan,
qa’rlar xo‘rsinig‘i  ila sanchilib,
zaminga buralib-buralib kirgan,
xirillagan borud*  barg yozib, gullab,
yashnagan bir dunyo,  undan-da chuqur
oltin konlarining dunyosi bilan.
Naq pushtikamarga,
zaminning serpusht pushtikamariga
o‘zimning nozik,
o‘ta qiziquvchan qo‘limni tiqdim,
yulduz yog‘dusiga chulg‘ongan tig‘day.

Men teran suvlarga sho‘ng‘idim, cho‘kdim,
sizdim oltingugurt jimligin buzib
va ko‘rday paypaslab, qaytdim so‘ng inson so‘lg‘in
bahorining yosumaniga.

2

Bahor. Gullar ayni qovushar fasl.
Baxtiyor urug‘lar nish urar hatto
toshlar bag‘ridan ham topib boshpana,
nish urar olmosda, qum qatlamida.
Va lekin odamzod jonu jahd bilan
olam gullarini toptaydi, toptar
dengizlar qa’rida o‘sgan gullarni
va kaftida titrab turguvchi noyob
ma’dan qazib olar. Uvada, tutun
kuyindi ichida  o‘ladi ko‘ngli.
Unga kamlik qilar uyqusiz tunlar,
chaqmoqtosh uchquni, ko‘z yoshlar ko‘li,
bahrlarga oqqan sho‘rtak ko‘z yoshlar,
qalbin halok etar pul, zug‘um bilan,
tashvish botqog‘iga cho‘ktirar dilin,
tikan simlar bilan qayirib bog‘lar
odamzod o‘z sho‘rlik  qalbining qo‘lin.
Yo‘q-yo‘q, bunday emas, qalbini kim ham
qonli qizg‘aldoqday asrar pichoqsiz –
keng yo‘lda, darada, ko‘kda, dengizda?
Odamfurushlarning xo‘mraygan moli
ado bo‘ldi bari bir-bir qirilib,
ey, yurak, ey, yaproq – yarador manglay! –
shabnamlarning shaffof so‘zlari seni
necha ming yillarki, yangrab chorlaydi
azaliy novdaga – bargrezon  kuzga!

Necha bor urindim qish ko‘chasida
va yo avtobusda, tunni tilkalab
elgan kema uzra yo yalpi bazm
chog‘larida yengib yolg‘izlik hissi
o‘zim tanho qolgan tanho damlarda,
qo‘ng‘iroq  zanglari ostida ayni
insoniy lazzatning ayni inida,
avvallari toshda, chaqmoq, bo‘sada
his etganim sirli, abadiy tirik
hayot tomirini topgali doim.

Va lekin men juldur jandasin yechgan,
qo‘rqqan avlodlarning ayanchli, g‘arib
daraxtin titratgan kuzgi shamolning
quvrab-qovjiragan bolakaylari –
qalbaki oltinday puch va yaltiroq
yuzlar, qiyofalar po‘choqlaridan
o‘zga hech vaqoni topa olmadim.
Hech narsa yo‘q edi tayanay desam:
yo‘q edi, sehrli buloq suviday
oqguvchi suyuq bir balchiq qo‘limda,
yo‘q edi, toshko‘mir yo billur kabi,
taft olib, kaftimga taftin berguvchi
ishonchli birorta zarang zamin ham.
Inson kim? Xo‘sh, uning qaysi so‘zida,
mashinalar hamda kuy-musiqalar
olamining qaysi burchagida va
uning qay bir temir ishorasida
yashab qolar so‘nmas,  abadiy hayot?

3

Necha bor chorlading, ey, hokim o‘lim!
Ummon to‘lqinida erigan tuzday
ko‘rinmas hidlaring taratib, meni.
Goh baland ko‘tarding, gohi cho‘ktirding,
sen go‘yo tog‘ qori hamda muz shamol
qotishmasi bo‘lding men uchun, o‘lim!

Men esa yuragim birla sanchildim
o‘tkir po‘lat tig‘ga, bilib oldim men
shamollarning tang-tor yo‘llarini va
uqdim toshning, nonning kemtiklarini,
yulduzli bo‘shliqqa o‘lim oldidan
qo‘yilgan qadamlar mag‘zini chaqdim,
boshim aylantirgan chigalliklarning
ma’nosiga yetdim – dunyoni bildim, –
shunda  ham, ey o‘lim, sohilsiz dengiz,
bosib kelaverma sen to‘lqin-to‘lqin,
tungi oydinlikning yorug‘ qadami
kechalarning yorqin xulosalari
majmuasi,  ya’ni to‘plami erur.
O‘limni qo‘ltiqqa yashirib bo‘lmas,
xayolga sig‘mas u qizil choyshabsiz,
yo uni tasavvur etib bo‘lmaydi
sukut yog‘ib turgan tong gilamisiz,
yo vatanning achchiq ko‘z yoshlarini
erga yo falakka dafn etmay turib.

Men seva olmadim yelkalarida
o‘z mo‘jaz kuzini (bu kuz behisob)
yaproqlarning sariq o‘limi, axir)
ko‘tarib yurguvchi inson daraxtin,
ham yerdan, ham qa’rdan tashqaridagi
soxta o‘limni ham, tirilmoqni ham;
aksincha, men juda-juda istadim
keng hayot o‘zani bo‘ylab suzmoqni,
etmoqni uning eng qurch mansabiga;
va bir kun odamlar yuz burib mendan,
chertmasin deb mening buloq qo‘llarim,
fanomiz yarasin tirnamasin deb,
daru darichasin yopib oldi-yu, –
men otdim o‘zimni ko‘cha, daryo, soy,
shahar, ustaxona, xobgoh, tog‘ sari,
men yuzimning taxir, sho‘r niqobini
olib o‘tdim cho‘lu sahrolar aro
va bir kun eng g‘arib, nochor kulbada –
nursiz, nonsiz, toshsiz hamda sukutsiz –
yiqilib, o‘ldim o‘z ajalim bilan.

4

Yo‘q, po‘lat qanotli, zil-zambil o‘lim,
nonu nasibasin shoshib yeb qo‘ygan
g‘arib kulbalarning g‘urabolarin
och-g‘ovak jismidan  joy olgan qotil
sen emassan, yo‘q-yo‘q, boshqa narsadir:
uzilgan torlarning gulbargidir bu,
bu – jangdan hayiqib hapriqqan yurak,
manglayga qalqmagan shabnam bu, – xullas,
qayta tiklanmagan allanimadir:
o‘lim parchasidir, yerdan, rohatdan
ayro qari suyak, yoriq qo‘ng‘iroq.
Shunda shilib oldim qonli dokani
va tiqdim qo‘limni qattol o‘limni
o‘ldirguvchi og‘riq ichiga, lekin
ochiq jarohatdan topmadim asar
jonning  nimqorong‘i tirqishlariga
yoprilib kirgan muz shamoldan bo‘lak.

5

Shunda zaminning zil zinalaridan
vahshiy o‘rmon aro yuksalib, sening
huzuringga chiqdim, ey, Machu-Pikchu.
Taroshlangan toshdan o‘sgan tosh shahri,
er narsasin yerdan yashirmagan ul
kimsalarga so‘nggi manzilgoh shahar.
Bunda, ko‘z oldimda, jonchaqar, sovuq
shamolda tebranib turardi  to‘p-to‘p
odam va chaqmoqning tosh beshiklari.
Machu-Pikchu, ey, sen, toshlar onasi,
quzg‘unlar vatani, ey, Machu-Pikchu.
Odamzod subhining unut qoyasi.
Ilk qumga ko‘milib qolgan ilk so‘qa.
Moziy  hayotining qarorgohi bu:
makka so‘talari pishib bu yerda
sariq donlarini do‘l kabi to‘kkan.
Bunda tuyalarning oltin terisi
kiyintirgan ishqni,  qabrni,
dohiylar, kohinlar, qahramonlarni.

Bu yerda tunlari inson oyog‘i
lochin panjalari ila yonma-yon
mog‘oraga kirgan, tong  otgach esa
qaldiroq toptagan siyrak tumanni,
paypaslab, axtarib zaminni, toshni,
yo zulmat, yo o‘lim qo‘ynida topgan…

6

Umumiy bir chohga dafn etilganlar,
bir qabr ruhlari, ey, bir girdobning
bolalari, – go‘yo sizning savlatga
munosib bir tarzda keldi bu o‘lim.
Taroshlangan qoya cho‘qqilaridan,
qizg‘ish qubbalardan, qalashib yotgan
osma quvurlardan qulab tushdingiz
go‘yo kuzga, go‘yo tubsiz mahsharga.

Aza tutmas endi u yetim shamol,
endi u unutgan sizlarning xuddi
loydan yasalganday oyog‘ingizni,
unutgandir endi chaqmoq pichog‘i
tilgan ko‘zangizni, ulardan sim-sim
tomchilab turgan ul niliy osmonni.
Zo‘r-zo‘r daraxtlarni yomg‘ir va tuman
emirdi, yiqitdi o‘tinchi bo‘ron.

Daraxtlar yiqildi va sershox qo‘llar
osmoni falakdan qadim zamonlar
qa’riga quladi, chunki dunyodan
yo‘qolib ketdilar ojiz panjalar,
yo‘qoldi daraxtga hayot baxsh etgan
chayir tolalarning ingichka ipi, –
ular yo‘qoldilar – daraxt yiqildi  –
til, odat daraxti,
tushdi yuztuban
ko‘zni qamashtirgan nurli siymolar.

…Ammo qabrtoshlar va so‘zlar qoldi:
o‘lgan ajdodlarning qoq panjalari
mahkam siqib turgan qadah singari
ko‘kka o‘rlab turar bu xarsang shahar –
bu titroq toshyaproq,  bu qal’adevor,
bu mangu atirgul, bu uy, bu makon,
lochinlar qishlog‘in baland qoyasi.

Qizil loyga o‘xshash bu qo‘llar o‘zi
loyga do‘nib qoldi, qal’adevorlar
va minoralarga to‘lib turgan ul
ko‘zlar ham abadiy yumilib qoldi,
odam yitgandan so‘ng,  qorishgandan so‘ng
asrlarning xoki vayronasiga, –
qoldi faqat ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan
taroshlangan toshning aniq bir tarzi,
inson subhidamin  tog‘li maskani,
limmo-lim sukunat to‘la tog‘ qadah,
sonsiz jonlar o‘rnin olgan jonli tosh…

7

Tur, ukam, men bilan tug‘ilmoq uchun.
Qo‘l cho‘z menga, iztiroblaring
olovlangan mintaqalardan.
Sen qaytib kelmassan palaxsa toshdan.
Qaytmassan  yerosti asrlaridan.
Sening toshga do‘ngan ovozing qaytmas.
Qaytmas o‘z o‘rniga ko‘zing kosasi.
Qalin yer qatlamin yorib boq menga,
hey, qo‘shchi, to‘quvchi, indamas cho‘pon,
yovvoyi tuyani mingich qilgan zot,
binolar o‘rmonin g‘isht teruvchisi,
And tog‘lari to‘kkan ko‘zyosh meshkopi,
barmog‘ida charmlar yeyilgan zargar,
ekinidan doim tashvishda dehqon,
hamma yog‘i loyga belangan kulol,
quying yangi hayot jomiga barcha
dafn etilgan ko‘hna g‘amlaringizni.
Ko‘rsating  qoningiz, tirtig‘ingizni,
ayting: ular sizni jazolaganin
toshda bebaho nur yo‘qligi uchun,
bermagani uchun tuproq tosh va don.
Ko‘rsating o‘zingiz yiqilgan toshni,
siz chormix  qilingan o‘shal daraxtni,
ul qadim chaqmoqtosh uchquni bilan
ko‘hna chiroqlarni yoqing, yoriting
yarangizga tekkan qamchilarni ham,
ko‘rsating tig‘lari qon boltalarni.
So‘zlayman men sizning og‘zingiz bilan.
Er osha hammangiz cho‘zingiz menga
sasi o‘chgan chirik lablaringizni,
sizga langar qilib qoqilganday men,
so‘zlang yer tubidan butun tun bo‘yi,
ayting barchasini – zanjirma-zanjir,
halqama-halqayu qadam-baqadam,
charxlang omon qolgan pichoqlarni siz,
ularni qalbimga, qo‘limga qo‘ying,
qo‘yingiz sariq nur daryosi kabi,
chirigan qoplonlar daryosi kabi,
bering menga  aza tutmog‘im uchun
soatlar va kunlar, yillar, asrlar,
burjlar yuz yilligi, abadiyatni.

Menga sukut bering, bering suv, umid.
Menga kurash bering, temir va vulqon.
Ohanrabo kabi yopishing menga.
Kiring lablarimga, tomirlarimga.
So‘zlang qonim bilan, so‘zlarim bilan.

___________
* B o r u d – selitra, porox.
* D o k – kemasozlik ustaxonasi.

Ruschadan Sulaymon Rahmon tarjimasi

* * *

Bordi-yu, uchratsang maydalangan tosh,
bilgin,
men —
o‘shaning bitta zarrasi.
Men
chaqmoq bilan,
to‘lqin bilan,
zamindagi o‘t bilan
yaqinman juda.
Maydalangan toshni hurmat qil.
Yo‘lingda yo‘liqsa agar,
bolakay,
olmalar o‘g‘risi
yoki
eski akkordeon quchoqlagan
garang qariya,
yodingda tut,
menman —
bolakay,
qariya
va
olmalar.
Quvlab solma qamchi bilan bolakayni hech.
Qariyaga qo‘l ko‘tarib yurmagin tag‘in.
Olmalarni ag‘darmagin daryoga zinhor.

Ikrom Otamurod tarjimasi

MALIKA

Men seni malika deya atadim:
oliynasablar bor sendan ham ortiq,
sarvqomatlar bor sendan ham ortiq,
sohibjamollar bor sendan ham ortiq.
Biroq malika – sensan.
Ko‘chada ketayotgan paytingda
hech kim seni mensimaydi,
boshingdagi olmos tojni hech kim ko‘rmaydi,
qadamingga poyandoz bo‘lib to‘shalgan
qirmizi, zar gilamni hech kim payqamaydi,
dunyoda yo‘q noyob gilamni.
Sen paydo bo‘lganingda
to‘lg‘anadi tanamdagi barcha daryolar,
yuragimda qo‘ng‘iroq zang urar qattiq,
qo‘ng‘iroqning tili uriladi falak jomiga,
olam bo‘ylab yangrar madhiya, navo.
Faqat sen va men,
faqat sen va men,
uni eshitamiz, xolos,
sevgilim!

TILSIM

Senda qanday tilsim bor?
Bizda ne sir bor?
Qay ahvolga tushdik, bizga ne bo‘ldi?
Ikkimizni qo‘shib bir-birimizga
yo‘g‘on arqon kabi bog‘ladi sevgi.
Badanimizga botib,
tanamizni qiyib ketdi bu arqon.
Jarohatdan omon qolmoqchi bo‘lib,
salgina ajralsak bir-birimizdan
yangi tugun solib bog‘ladi mahkam,
bir tomchi ham qolmay
tomchilab to‘kilishga
mahkum etdi qonimizni,
birgalikda lov-v etib yonib ketishga
hukm etdi jonimizni,
sevgi.
Senda qanday tilsim bor?
Ko‘zlarimni uzmay qarayman senga,
hech narsani ko‘rmayman ko‘zingdan boshqa,
hushimdan ayrilib qarayman senga
hech nimani ko‘rmayman labingdan boshqa,
o‘zgalarning ko‘ziga o‘xshamas ko‘zing,
o‘zgalarning labiga o‘xshamas labing,
umrimda men o‘pgan lablardan
yuz bora chiroyli sening lablaring,
umrimda men yalagan asal, qandlardan
yuz bora shirindir sening lablaring.
Ko‘zlarimni uzmay qarayman senga,
hech nimani ko‘rmayman sarv qaddingdan boshqa,
umrim davomida yonimdan suykalib o‘tgan
turli-turfa qomatlarga befarq edim, mutlaqo,
faqat seni quchib his etdim, jonim,
hammadan yuz bora chiroyli qadding.
Olovda pishgan loy tusidagi,
bug‘doy rangidagi ko‘zadek –
ichi bo‘m-bo‘sh idishdek eding:
musaffo, beg‘ubor,
hech narsa yuqmagan hali,
hatto toza havo, hatto so‘z-tovush.
Borliqning cheksiz teran yerlarini
tinimsiz kovlayotgan qo‘llarim uchun
sening vujudingdan qo‘noq izladim behuda:
bu yupqa terining ostida hech narsa yo‘q,
bu qora ko‘zlarning tubida hech narsa yo‘q,
ozgina ko‘tarilgan ko‘kragingning tagida
billur sezim jo‘shadi,
jimirlagan bu mavjlar qayga oqar anglamas,
ashula aytar behush, nimani kuylar bilmas.
Nega bunday, axir,
nega, nega, nima uchun,
sevgilim?

ER

Pishayotgan, qizarayotgan, sarg‘ayayotgan barcha narsaga
er baxshida aylar o‘zin beminnat:
dalalarga, bug‘doy-donlarga,
yaproqlaru gulbarglarga,
biroq kuz faslida zamin
butun hosiliyu saxovatini
namoyon etgan palla
sening timsolingni ko‘raman unda,
sevgilim,
shovillab turadi sochlaring o‘rim-o‘rim,
to‘lqin-to‘lqin bug‘doy boshog‘i misol.

Qadim obidalarga yaqindan boqsam,
toshlari ko‘hnargan, teshilgan, ko‘chgan,
ammo, men ularning cho‘tir yuzlariga,
chuqur ajinlariga qo‘limni tekkizsam,
sening qaynoq badaningni his etaman,
barmoqlarim titrab,
otash harorating,
shirin ehtirosingni sezaman, jonim!

Shundoqqina, kuni kecha tuproq va porox bilan
saxiy mukofotlangan
qahramonlar yonidan o‘tsam,
ularning izidan mayda qadamlar bilan,
jimjit kelayotganingni ko‘rib qoldim, nogahon.
Bilmadim, bormiding, yo‘qmiding, jonim?

Biz qurib qolgan ko‘hna daraxtlarni qulatdik,
tuproqdan qo‘porilgan yetim ildizlarga qarasam,
ko‘z o‘ngimda ro‘paramdan sen chiqib  kelding,
tashna tomirlardan termilding mahzun.

Ko‘zimga uyqu kelib, oyog‘imdan chalganda,
sukunat olamiga opketmoqchi bo‘lganda,
oppoq ulkan shamol paydo bo‘ldi qoshimda,
mening tushlarimni ayladi yakson,
ulardan yaproqlar uchdi pichoqdek,
a’zoyi badanim belandi qonga,
jarohat yetkazdi menga har pichoq.

Cho‘g‘dek yashnab turgan har bitta yara
sening lablaringning shakliga o‘xshar.

DARYo

O‘tgan kuning uchun seni
rashk qilishim behuda.

Izingdan bir erkakni ergashtirib kelsang ham kel,
izingdan yuz erkakni ergashtirib kelsang ham kel,
izingdan ming erkakni ergashtirib kelsang ham kel,
sumbul-sumbul sochlaring tolalaridek cheksiz –
chiroyingga suqlanib boqqan devonalarni ergashtirib kelsang ham kel,
husningning girdobiga cho‘kkan bechoralarni daryo kabi oqizib,
selday toshib kelsang ham kel!
Xasni ham, cho‘pni ham oqizar daryo,
gardni ham, loyni ham oqizar daryo,
qumni ham, toshni ham oqizar daryo,
hatto odamni ham oqizar daryo,
daryo doim halol, oqar suv toza
oxiri dengizga quyilar sokin.
Dengizda  ko‘pirar po‘rtana, g‘ulu,
shamol chayqatayotgan to‘lqinlarning ustida
hamisha tinimsiz qalqib turar vaqt.

Husning girdobiga tushib, qirg‘oqqa chiqolmagan
qurbonlarning barini qo‘shib oqizib kel,
dengizdek keng bag‘rimga daryo bo‘lib kel.
Azal-abad bu dunyoda faqat ikkalamiz bor,
faqatgina ikkalamiz,
sen va men bir juftmiz hamisha,
bu olamda hayot boshlanishi uchun yangidan
faqatgina ikkalamiz bor, xolos!

BEQAROR

Yonimdan bexos o‘tgan
bug‘doyrang qiz izidan
ergashib ketdi ko‘zim.

Qorachadan kelgan qiz biram kelishgan,
zumurrad uzumdek tovlanardi, oh,

gupurdi o‘qlovdek tomirimda qon –
asov jiyron kabi depsindi yomon.

Men esa el ichra ketaverdim jim.

Yonimdan o‘tar bexos malla sochli qiz,
Qirmizi olmaday yonoqlari ol.
Durkun mevalaridan o‘zi mast-sarmast.
Og‘zim ochilib qoldi uning izidan,
To‘lqindek sapchidi tomirimda qon,
Bamisli yashindek chaqnadi yomon.

Men esa el ichra ketaverdim jim.

Ammo sen tomonga
bir qadam bosmay turib,
Hatto oydek jamolingni
bir bora ko‘rmay turib,
qonim ham, lablarim ham,
talpinar sen tomonga,
olisdagim,
bug‘doyrangim mening,
mallasochlim mening,
do‘mboqqinam mening,
jajjiginam mening,
polvonginam mening,
nozikkinam mening,
xunukkinam mening,
suluvginam mening,
hamma oltinlardan qimmatroq,
barcha kumushlardan a’loroq,
dunyodagi barcha bug‘doydan
er yuzidagi barcha tuproqdan,
jamiki daryolar suvidan,
jamiki ummonlar dolg‘asidan
mening qo‘lim uchun yaralgan,
mening labim uchun yaralgan,
mening qalbim uchun yaralgan,
mening baxtim uchun yaralgan,
mening dardim uchun yaralgan.

SENING KULGING

Gar istasang meni nondan mahrum et,
mayli, havodan ham mahrum et meni,
benasib aylama faqat kulgungdan.
Atirguldan ayirma meni,
sen ilkis o‘qtalgan nayzadan ayirma,
quvonsang, qaynagan buloqdan,
“qah-qah”lasang jaranglagan
kumush to‘lqinlardan ayirma meni.

Juda mashaqqatli ishim, kurashim,
uyga qaytaman charchab,
nigohim horg‘in,
hatto kipriklarimni ham
ko‘tarmoq og‘ir,
chunki,
o‘zgarishlar,
evrilishlarga bo‘ysunmagan yerni
ko‘raverib ko‘zlarim tolgan,
uyga kelsam, kulgung qush kabi
qanot qoqib peshvoz chiqadi menga
hayot va ishonch darvozasining
tavaqalarini keng ochib.
Qora kunlarimda
sevgilim, sepib yubor
nurafshon kulgungning oltin donlarin
agar,
yo‘lda ko‘rib qolsang nogahon
toshlarga to‘kilgan qizil qonimni,
kulgin, sevgilim,
chunki, sening kulging tig‘ bo‘lar,
o‘tkir qilich bo‘lar qo‘limda.

Kuzgi dengiz sohilida sening kulging
o‘rkach-o‘rkach to‘lqin bo‘lib
ko‘pirsin-toshsin,
bahorda esa, sevgilim,
kulgingni qo‘msayman zoru intizor,
kulging – visoliga zor aylagan
ko‘klam chechagi,

yashil gulbarg aro atirgul – kulging,
Ona vatanimning hidi anqigan
atirgul.
Qah-qah urib kul, sevgilim,
oy ustidan,
tun ustidan
kun ustidan,
oroldagi qing‘ir-qiyshiq yo‘l
ustidan,
seni sevgan beso‘naqay oshiq bola,
jinko‘chada chopgan o‘smir – go‘l
ustidan
kul, sevgilim,
kul, sevgilim.

Biroq ko‘zlarimni ochgan paytimda,
hamda ko‘zlarimni yumgan paytimda,
qadamlarim nogoh olis ketganda,
qadamlarim nogoh yaqin kelganda
meni nondan mahrum et,
mayli, havodan ham mahrum et,
nurdan ham, bahordan ham mahrum et,
biroq mahrum etma faqat
kulgingdan,
kulgingdan benasib aylama zinhor,
kulgingsiz o‘laman.

KULOL

Badaning bir idish,
unda noz-ne’mat bor menga atalgan.

Qo‘limni cho‘zsam, bas,
“gah” deyishimga intizor
kabutarlar qo‘ngay pitirlab.
Toza tuproq,
pokiza loydan
o‘zim uchun yasaganman seni, sevgilim,
o‘z qo‘llarim bilan.

Sening ko‘ksing, beling, qomating,
oyog‘ingga zor bo‘ldim bugun,
zarur bo‘lding, o‘rning bilindi,
tanang o‘yib olingan yer,
jisming bichib olingan yer
bo‘m-bo‘sh, qaqragan,
ikkimiz birlashib ketganmiz,
birikib qo‘yilganmiz
bitta daryo kabi,
bitta qum kabi.

O‘G‘IL

O‘g‘lim, o‘z-o‘zingni bilurmisan, oh,
Qanday bino bo‘lding, qayerdan kelding?

Oppoq chag‘alaylar,
och-nahor chag‘alaylar
seni olib kelgan olis ko‘llardan.
Qish. Suv muzlagan.
Qiynalib o‘t yoqdik, qip-qizil gulxan,
men va u kuydirib lablarimizni
cho‘qqa bosdik – yurakni o‘pdik,
olovga tashladik hayotimizni,
boru yo‘g‘imizni gulxanda yoqdik.

Mana shunday kelding dunyoga.

Onang meni ko‘rish uchun,
seni ko‘rish uchun onang
suzib o‘tdi ulkan dengizdan.
Men esa,
uning xipcha belidan quchmoq uchun
mana shu yer yuzini kezdim,
tog‘lar oshdim, sahrolar oshdim,
oyoqyalang tikonlar bosdim,
urush, jangu jadallar kechdim.

Mana shunday kelding dunyoga.

Turli unsurlardan yaralgansan sen,
suvdan va tuproqdan,
olovdan va qordan,
yo‘l yurib, mo‘l yurib kelgansan uzoq
olovdan va qordan,
yo‘l yurib, mo‘l yurib kelgansan uzoq
onang ikkimiz-la uchrashmoq uchun,
bizni bir-birovga zanjirband etgan
shafqatsiz sevgidan yaralgansan sen
va bilishni istardikki,
sen o‘zi qanaqasan
va nima deb so‘zlaysan o‘zi,
chunki,
biz senga baxsh etgan dunyo haqida
bizdan ko‘ra ko‘proq bilursan,
Ehtimol, bugun.

Kuchli bo‘ron kabi
hayot daraxtini tebratamiz biz,
er ostida nihon ildizlarigacha,
qildek tomirlarigacha
tebratamiz hayot daraxtin
va shunda sen paydo bo‘lasan
bir paytlar onang ikkimizning
qo‘limiz yetmagan
eng yuksak, eng baland
qo‘l yetmas novdalarda yangragaysan
yangroqlarning qo‘shig‘i misol.

“SAVOLLAR KITOBI”dan

I

Nechun samolyotlar
cayrga ergashtirmas bolalarini?

Qanaqa sap-sariq qush
limon – tuxumlarni tug‘adi?

Vertolyotga kim o‘rgatar
quyoshdan bol yig‘ishni?

Qayerda saqlar to‘lin oy
un to‘la qora to‘rvasin?

II

Agar o‘lib ko‘rmasam –
kimda sinayman vaqtni?

Farang bahori qaydan
topar shuncha ko‘p xazon?

Arilar quvlaganda
qayga qochar ko‘r odam?

Sarg‘ish rang tugab bitsa,
nimadan yopamiz non?

III

Atirgul – yalang‘ochmi,
Yo qizilmi ko‘ylagi uning?

Nechun yashirar daraxt
nurafshon ildizlarin?

Kim ko‘rdi odam urgan
avtomobil tavbasin?

Selda qolgan poyezddan
achinarliroq ne bor?

IV

Ko‘kda necha mehrob bor?

Nega nahang tegmaydi
sho‘x-shaddod sunbullarga?

Tutun bulutga so‘zlar?

Umidni shabnam bilan
sug‘orish zarur, rostmi?

XII

Guruch kimga kulib tabassum qilar
shuncha durdek oppoq tishlari bilan?

Mudrayotgan yillar ne uchun
siyoh bilan yozar, ko‘rinmas?

Atirgulning ko‘ylagi yuzta,
karakaslik suluvda nechta?

Adabiy navkarlar kabi burgalar
nechun meni buncha chaqadi?

XXXII

Pablo Neruda deb atalishdan ko‘ra
bema’niroq mashg‘ulot bormi?

Kolumbiya osmonlarida
bulut to‘plovchilar bormikan?

Nechun anjumanlari uchun
shamsiyalar yig‘adi London?

Sabo malikasi Bilqisning qoni
arg‘uvoniy rangda derlar. Rostmikan?

Bodlerning ko‘zidan tirqiragan yosh
qora edi, derlar. Shu to‘g‘rimikan?

JAJJI ChILI

Xaritada chizilgan yerga qarasam,
Lotin Amerikam mening,
sevgan yorim kabi ko‘rinadirsan
mana bu mis tog‘lar – bu sening boshing,
mana bu ko‘kraging – yetilgan bug‘doy,
endigina yoqqan qorlar,
nozik qomatlaring – mavjlangan daryolar,
xushbo‘y maysazorlar, mayin adirlar,
ushbu jug‘rofiyaning adog‘i
eng chekka, eng sovuq, janubda
ikki uzun yombi – oltin oyoqlar.

Sevgilim,
tekkizgan paytimda senga qo‘limni
nafaqat lazzatni sezaman,
balki, tuproqni ham, novdalarni ham,
suvni ham, noz-ne’mat mevalarni ham,
huzurbaxsh bahorni, dashtdagi oyni
his etaman, sezaman qo‘llarim bilan,
kabutarning to‘shidagi
mayin patlarini silayman,
dengiz va daryolar to‘lqini
silliqlagan toshlarni
ipakdek silayman,
alvon changalzorlarni,
meni ochlik va tashnalikka
mahrum etguvchi
odam o‘tolmaydigan o‘rmonlarning
butazorlarini
his etaman seni erkalab.

Bepoyon vatanim
meni mana shunday bag‘riga bosar –
bu sen, sening zuryoding – chaqaloq,
bu diyor.
quchoqlaganingda,
(menga qarab yonboshlab yotganingda)
sening badaningda
pishgan sulining rangini ko‘raman
mening mehrim ila yetilgan,
sening yelkang osha boqadi menga
macheta bilan shakarqamish o‘rayotgan
kubalik zahmatkash dehqon
kuyib-pishib,
manglayidan qora ter oqib,
sohildagi zax kulbalarda
sening ovozing bilan
baliqchilar kuylaydilar
ko‘ngildagi eng aziz tuyg‘u haqida.
Sening yoningda
ana shunday erkalanib yotar
sevimli chaqaloqqinam – Chili.
Bo‘salar uzilib qolar to‘satdan
Lotin Amerikasining surati.
Xalqlar va yerlar namoyon bo‘ladi.
Sening go‘zalliging, sevgilim,
qalbda miltillagan
ishq o‘tini lovullatar,
ko‘ngilda muhabbating yashnatgan
yolqin nurlanar,
saxiy zamin meni chorlar bag‘riga,
hadya etar
menga yetishmagan tansiq hayotni,
o‘paman,
og‘zimga kiradi ozgina tuproq,
kuchayar sevgining lazzati, ta’mi,
meni mangu asraydigan yerning
bo‘sasini sezaman arang.

Rustam Musurmon tarjimalari