Parvin E’tisomiy (1906-1941)

XX asr Eron she’riyatining yorqin siymolaridan bo‘lmish Parvin E’tisomiy (پروین اعتصامی) 1906 yil 16 martda Tabrizda donishmand ziyoli Yusuf E’tisom ul-Mulk oilasida tug‘ilgan. Asl ismi Raxshoda bo‘lgan Parvin 6 yoshidan oilasi bilan Tabrizdan Tehronga ko‘chib keladi. Parvin ibtidoiy tahsilni Tehron maktablaridan birida oldi.Fors va arab tillari grammatikasi, fors adabiyotini yozuvchi va donishmand odam bo‘lgan otasidan o‘rgandi. Ayni bolalik davridan boshlab mumtoz shoirlar devonlarini mutolaa qilish bilan o‘tkazgan. Buning ustiga, otasi unga Yevropa she’riyati namunalaridan tarjima qilib berar va Parvinni ularni yod olishga undardi.Bo‘lajak shoira 11 yoshidanoq Firdavsiy, Nizomiy, Mavlono Jaloliddin, Nosir Xisrav, Manuchehriy va Anvariy asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lgani holda, ular haqida bemalol fikr yuritish darajasiga yetgan.

O‘n yoshidayoq ilk she’rlari «Bahor» jurnalida e’lon qilingan Parvin 1934 yili birinchi she’riy to‘plamini nashr ettiradi va qisqa vaqt ichida she’riyat muxlislariga taniladi.

Afsuski, 1941 yilning bahorida tif kasalligiga chalingan shoira noto‘g‘ri muolajalar natijasida olamdan erta ko‘z yumdi. Bor-yo‘g‘i 35 yil yashagan Parvin E’tisomiydan boy ma’naviy xazina: qasidalar, qit’alar, dostonlardan iborat «Devon»i meros qoldi.

***

Bul qaro tufroq anga bolindur,*
Ul adab osmonida Parvindur.

Ko‘rdi ayyomdin xolos achchiqlik,
Lek so‘zi, boqsang necha, shirindur.

Garchi so‘z sultonidur bul kunda,
Lek gadoi » Fotiha», » Yosin»dur!

Yaxshidur do‘stlar ani yod etsa,
Do‘stsiz ersa ko‘ngil g‘amgindur.

Ko‘zida tufroq ila tolg‘in ul,
Ko‘ksida bir tosh ila sangdindur.

Ibrat olsin: ko‘rpa yostiq yerdur,
Kimnikim ko‘zi haqiqatbindur.

Bo‘lsa kim, yetsa nechog‘ bir yerga,
Oxiri manzil zamindur, chindur.

Bo‘lsa inson har necha qudratlig‘,
Etsa ushbu nuqtaga miskindur.

Hamla qilsa gar qazo har qayda,
Chora taslimu adab tamkindur.

Ham tug‘ib, ham o‘ldirib, ham ko‘mmoq
Dahrda asli, netong, oindur!

Xurram ul zotkim, bu mehnatgohda,
Xotiriga bir sabab taskindur!

* Ushbu she’r shoiraning qabrtoshiga bitib qo‘yilgan

Tuhfa

Nazm bog‘i aro har yon nechog‘ gulgun bahor erdi,
Mening tab’im niholi ham yozib yaproq, qulor erdi.

Agar so‘z bahsida bo‘lsa sanoqda so‘z ila sozim,
Manim sozu so‘zim nedur sifrda tek qolor erdi.

Umid borkim, bu ogohlar ishin ham ko‘zga ilgaylar,
Amal korgohida har ne amal bor erdi- bor erdi.

Mening shavqim g‘ubori ham, agar nur istagay, ne g‘am!
Menga basdur shu bir ne’matki, maydonda g‘ubor erdi.

Zamon ilkiga men bul kun vidolar topshirar bo‘ldim,
Zamona zargaru naqqod sinovchan hushyor erdi.

Base fursat olovida qaro qildi yuzin mislar,
Va saqlandi asl oltin, yachu har qayda iyor erdi.

Vujud bog‘boni bog‘bondek nazorat qilmasa bog‘in,
Butalmay qolsa shox unda gul ermas, balki xor erdi.

Fazl arbobining oftobida nurlanmasa she’rim,
Bu sho‘rlik sahfada qolgan qadrsiz yodgor erdi.

Mirza Kenjabek tarjimalari

Nooshno

Yo‘l emas, ul yo‘lki yo‘qdir Xudo,
Ahriman o‘lmishdir anga rahnamo.

Qofila- qofila o‘tib ketdilar,
Bilmadi hech kimsa nedir muddao.

Kimki o‘tib ketdi bu yo‘ldan qachon,
Fikrida bor erdi bir orzu -havo.

Yaylov emas, darra bu, ey podalar,
Bo‘ri bu, ey qo‘zi, emas oshno.

Toki o‘tarsan bu xatar darradan,
O‘g‘riyu tarror bo‘lg‘ay balo.

Ko‘zni yumib tushsang agar chohga,
Bu sening aybing, na hukmi qazo.

Ko‘r qachon luqma bo‘libdir senga,
Necha bu xom luqmaga zo‘r ishtaho.

Nafs mudom olgayu bermas sira,
Sen-da berolmassan uni, benavo.

Jon uyini har na qilib soz et,
Har ne qilib tikla bu shunday bino.

Hayda bu shaytonni diling Ka’badan,
Pokiza tutkim uni — mulki Xudo.

Telbaga payrav faqat ablah bo‘lur,
Dev so‘zin tinglama hargiz xato.

Toki haqiqat sham’i ilqingdadir,
Qayga oyoq bosma yo‘ling ro‘shino.

Toki qafas soz etib, shakkar olib
Ulgurasen to‘tini quchgay samo.

Hamla qilolmas senga dahr ajdari,
Toki Kalimdursenu dining aso.

Ey kecha kun yuzlarin ochgan chechak,
Qolma so‘libkim, senga ermas ravo.

Jon qushini aylamagil loshaxo‘r,
Qo‘shma bu quzg‘ungaki uldir Humo

Ezgulik bahosi

Ulug‘ bir zot berib dirham gadoga,
Dedi: » Bizlarni ham qo‘shgil duoga».

Birov bu holni ko‘rdi, kuldi, dedi:
Bu dirham arzimas bay’u sharoga.

Ravoni poklarni tutmagil xor,
Hijob ermas duo ahli riyoga.

Qilib toat bila, bas, xudnamolik,
O‘rin yo‘q bunda nafsi xudnamoga.

Aql yo‘lida g‘oratgarni quvgil,
Mute’ bo‘lma sira hirsu havoga.

Shu bir dirhamga da’vogar bo‘libsen,
Bihishtu ne’matu arzu samoga.

Agar sen yo‘l bilarsen, bo‘lma payrav,
Bu gumroh aylaguvchi peshvoga.

Talab qilma gadolardan mukofot,
Urug‘ sochmaslar ehsonu atoga.

Tiriklar bog‘i bori yaxshilikdir,
Ne ravnaq bog‘i berangu safoga.

Gadoyu xoru miskinlarga yuz bur,
Kim ezgulik sabab bo‘lg‘ay duoga.

Bu bazmingdan bo‘lar har go‘sha ravshan,
Qilur nur baxsh bazmi beziyoga.

Senga qudrat ato qildi Yaratgan,
Madad bo‘lgin debon har benavoga.

Hakimi hoziq aylabdi bu gardun,
Qo‘yar tashxis, deya dardu davoga.

Faqirga yaxshilik qilgil hamisha,
Bu avval farz etmish ag‘niyoga.

Karam, baxshish va infoq chog‘i Parvin,
Yuzing tut yakkayu yolg‘iz Xudoga.

Hodisa ro‘zg‘ori va qattiqchilik

Ey dil, abasdir bori g‘am, qo‘yg‘il bu g‘am dunyosini,
Fikr aylama ertam, deya, o‘tkinchi kun savdosini.

Bul bir qafas kunji erur, andisha qilgil bir nafas,
Gulshan erur harchandkim, band aylagay anqosini.

Tuproqni teshgil, qara, yer ostida ne manzara,
Mehru vafo tark aylamish davru zamon rasvosini.

Bu dashti dunyo aslida erkan shahidlar manzili,
Fursat g‘animat, tinglagil, har bir shahid ovozini.

Umr o‘tdi, yo‘q hojat anga qilsang hisob har lahzasin,
Qo‘y, sunbula, jaddiysini, ham aqrabu javsosini.

Bizdan juda olisdadir bomdodlar karvoni ham,
Sham’ axtarurmiz, sham’kim yondirgusi yaldosini.

Yuz ming qaro kirdor bordir pardaning ortida bil,
Ochgil, tamosho aylagil bu gumbadi xazrosini.

Payvand bo‘lmoq istama, gumdonu gumnom aylagay,
No‘shirvon, Hurmuz yana Iskandaru Dorosini.

Ko‘z ilg‘amas jo‘ybordan yuz burmagil ey nopisand,
Boqqil, ko‘rarsan ortida ul saxrai sammosini.

Kelsa qo‘lingdan ayla baxsh oromishu osudalik,
Dilxasta, dilgir, dardmand ham xotiri shaydosini.

***

Ey xush ul, dil ganjida durri ma’oniy bo‘lg‘ay,
Mahv o‘lubon, umri lekin jovidoniy bo‘lg‘ay.

Aqlini debocha etgay bul hayot avroqiga,
Ilmi ham sarmoyai bozurgoniy bo‘lg‘ay.

Ekibon jon bog‘ida rang barang gullar mudom,
Qutlug‘ ul gulshanda ham bir bog‘boni bo‘lg‘ay.

Asrabon ko‘ngilni bir mehribonga, shul yo‘sin
Tanda jon bir jonfishonning armug‘oniy bo‘lg‘ay.

Notavoning ko‘nglini bir lutf ila chog‘ aylabon,
Eslab ojiz notavon umrin, omoni bo‘lg‘ay.

No‘shirvon davlatidin bir so‘rov etgaydur,
Bir kecha kimki Madoyin mehmoni bo‘lg‘ay.

Bir qanotsiz qush erur, kim qafas tuynugidin
Garchi bo‘ston qushlarining hamzaboni bo‘lg‘ay!..

Asqar Mahkam tarjimalari