Pavel Matev (1924-2006)

Pavel Xristov Matev (6 dekabr 1924, Orizovo, Bolgariya — 4 fevral 2006, Sofiya, Bolgariya) — bolgar shoiri, yozuvchi, jamoat va siyosat arbobi. “Odamlarga ishonch ila”, “To‘lqinlarda orom topar baliqchi qush”, “Jamg‘arilgan sukut”, “Nogahoniy to‘xtamlar”, “Meni azoblaydi go‘zallik” kabi badiiy mukammal kitoblar muallifi.

MAYSA

Men oddiy yashayman. Kunduzlar besas,
Ozod nafas kabi shan.
Men qoya emasman, po‘panak emas,
Mittigina maysaman.

Har yonda shamollar yelkasi yag‘ir –
Qish zulmatin simirar.
Qor ko‘rpasi muzday botadi og‘ir
Izg‘irinlar semirar…

Bahor kelsa, sokin momaqaldiroq
Bo‘lib bosh ko‘taraman.
Dalalarning ko‘m-ko‘k orzusi kabi
Erdan hur ko‘karaman.

Sevishganlar yo‘l soladi men sari
Tungi jimlik cho‘kkanda.
Ular zangor, sokin, ma’yus ranglarni
Oson ilg‘ashar manda.

O‘roq qayrab tonglar otar musaffo,
Yuksaladi g‘aramlar…
Ishon axir! Yana qaytgum, ey, Xudo,
Qilgin menga karamlar…

Rus tilidan Abdul Jalil Xo‘jam tarjimasi