Lengston Xyuz (1902-1967)

Lengston Xyuz (James Mercer Langston Hughes; [1.02.1902, Missuri, AQSh — 22.05.1967, Nyu-York] — taniqli afroamerikalik shoir, yozuvchi, publitsist va jamoat arbobi. U amerikalik negrlar muhitida paydo bo‘lgan jaz musiqasiga xos shakllarni she’riyat ko‘chirishga uringan novatorlardan va Amerika madaniyatida katta o‘rin egallagan «Harlem Renessansi» harakatining paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan ijodkorlardan biridir. Uning bobosi AQSh kongressiga saylangan birinchi qoratanli bo‘lgan.
Shoirning ilk she’riy asari 1921 yili “The Crisis” jurnalida e’lon qilingan. 1922 yili o‘ziga nisbatan salbiy irqiy munosabatlarga qarshi Kolumbiya universiteti tark etib, tahsilini Filadelfiyadagi Avraam Linkoln universitetida davom ettirgan. 1932–33 yillar Sovet Ittifoqida, shu jumladan O‘zbekistonda tashrif buyurgan. Bu safar taassurotlari uning «Sovetlar O‘rta Osiyosi negr nigohi bilan» kitobida aks etgan.
Lengston Xyuz she’riyatida afroamerikaliklar folklori ohanglari, shakllari va mavzulari yorqin namoyon bo‘lgan. Shoir hayoti davomida 16 she’riy to‘plamini nashr ettirgan. Eng mashhur she’riy to‘plamlaridan biri «Shekspir Harlemda» (“Shakespeare in Harlem”, 1942) deb nomlanadi.

ORZULAR POSBONI

Orzumandlar,
Barcha orzuingizni menga ishoning.
Menga ishoning,
Ko‘nglingizning hamma musiqalarin,
Toki men ularni yashira olay
Bulutlarning moviy qa’riga
Bu dunyoning behad qo‘pol
Barmoqlaridan.

MUQADDIMA

Men — zanjiman.
Tun kabi qora.
Qoraman Afrika o‘rmonlariday.
Men doimo qul bo‘ldim:
Saroy zinalarin tozaladim Qadimiy Rimda.
Vashingtonda botinka tozalayman.
Men doimo ijodkor bo‘ldim:
Bu men — Misr piramidalarin o‘rnatgan,
Osmono‘par binolarga loy qorib bergan.
Men doimo kuychi bo‘ldim:
Qo‘shiqlarimni Afrikadan Missurigacha eltdim,
Har yerda jaranglar gumburlagan sadosi
Va g‘amgin ohangi.
Men doimo fidoyi qurbon bo‘ldim:
Meni savadilar Kongo dalalarida,
Toshbo‘ron qildilar Texasda.
Men — zanjiman,
Tun kabi qora,
Qoraman Afrika o‘rmonlariday.

MEN QANDAY ULG‘AYDIM

Bu voqea bo‘lib o‘tgan juda kadimda
Va mening orzuyim deyarli unutilgan.
Lekin u
Keyin ham meni chorladi,
Quyosh kabi porloq
Bu orzu.
Uzoq o‘sdi devor,
O‘sdi sekin,
Sekin,
Orzum bilan mening oramda.
Sekin, sekin o‘sdi,
Orzum nurlarini
Yashirib,
Yashirib,
Osmongacha o‘sdi
Bu devor.
Soya.
Men qoraman.
Uloqtirildim soyaga.
Endi yo‘q orzumning nurlari qarshimda,
Boshimda.
Faqat kalin devor bor,
Soya bor faqat.
Qo‘llarim!
Mening qora qo‘llarim!
Devorni qo‘poring!
Orzuni toping!
Yordam bering menga, zulmatni parchalashga,
Bu tunni yo‘qotishga,
Bu soyani yo‘qotishga,
Tokim minglab quyoshlar aylansin,
Tokim minglab quyoshlar
Porlasin!

XAYoLIY QO‘ShIQ

Hey! Hey!
Shunday kuylar
Doim bir xil qo‘shiqlar.
Ohangi g‘ussali,
Lablari kular.
Hey! Hey!
Azizim tashlab ketdi,
Qochishga shoshdi behad.
Sevgilim tashlab ketdi,
Qochishga shoshdi behad.
Kunbo‘yi kulfatimdan
Kular qo‘shiqlar faqat.
Hey! Hey!
Azob berar,
Qiynaydi,
Titratar ogriq.
Ammo yana
Qaydadir
Quyosh porlaydi g‘olib.
Poyezdga bilet oldim,
Lash-lushlarni yig‘ib jo‘nayman.
Ular uchun kuyla, singlim, kuyla!
Poyezdga bilet oldim,
«Kuch»ni yig‘ib jo‘nayman,
Poyezd jilsa, bu kuylarni
Izlariga to‘kay man.
Qah-qah urib kulaman.
Hey! Hey!..
Sen ham qah-qah urib kul,
Hey! Hey!

HORG‘IN QO‘ShIQ

Uyimiz aytarli emasdir —
Boylik go‘yo osmonda oftob.
Uyimiz aytarli emasdir —
Boylik go‘yo osmonda oftob.
Shimoldagi hayot hayotmi:
Yo‘tal teshar ko‘krakni, axir.

Qo‘shiq bilan ishlab, yashadim.
Menda johillikni ko‘rmadi hech kim.
Qo‘shiq aytib ishlab, yashadim,
Menda johillikni ko‘rmadi hech kim,
Lekin loy kechmoqqa qolmadi kuchim,
Dunyo ham charchagan bo‘lishi lozim.

Bir qiz meni sevardi,
Men ham uni sevardim.
Bir qiz meni sevardi,
Men ham uni sevardim.
Ish bo‘lsa hamon yo‘qdir,
Ish ishkni kemiradi.

Charchadim men, charchadim,
Ertalabdan juda charchadim.
Charchadim, hech kuchim yo‘q,
Ertalabdan juda charchadim.
Shodlik kamdir hayotda,
Eh, dunyoga kelmasam edim.

ShODLIK

Hamma joydan Shodlik izladim.
Jilmaygan Shodlik.
O‘ynab kuluvchi Shodlik,
Qartaymagan Shodlik.
Va topdim. Bolakayga qarayman.
Qo‘yko‘z. Miqti.
Go‘sht ortilgan aravani tortib yuribdi.
Mana, u qanday Shodlik.
Yosh va ilohiy. Uni asra, bolakay.

Yo‘ldosh Eshbek tarjimalari

XALQ HOKIMIYaTI

Xalq hokimiyati barpo bo‘lmagay
Bugun, kelasi yil
Hech qachon yoki,
Qo‘rquv va murosa bor ekan, toki.

Aynan sizdagi kabi
Mening ham haqqim bor
Oyog‘imni yerga qo‘ymoqqa,
O‘z erkimga o‘zim to‘ymoqqa.

Men bezdim odamlar so‘zidan,
Ular barchasiga shunchaki ko‘nar
Va so‘ngsiz ertalar bilan ovunar.

Menga o‘lganimdan so‘ng erk kerakmas,
Bugunning nonini bugun yesam, bas.
Ozodlik-
Bu unumli dondir.
Uni sen o‘z vaqtida
Undir.

Men ham shu yer farzandi,
Men ham erkni istayman,
Xuddi, sizdagi kabi.

Rafiq Saydullo tarjimasi

ORZU

Shunday dunyo bo‘lsa, unda hech kishi
Tahqirlay olmasa boshqa odamni.
Totuvlikka to‘lsa har bitta manzil,
Muhabbat chulg‘asa butun olamni…

Shunday dunyo bo‘lsa, unda har kishi
Anglab yetsa asli ne ekanin erk.
Hirsga hech bir ko‘ngil bo‘lmasa tobe,
Nafsning eshigini tutsa tamom berk.

Shunday dunyo bo‘lsa, kofirmi, habash
Pesh qilmay yashasa millatlarini.
Barcha baham ko‘rsa bir-biri bilan
Ona sayyoraning ne’matlarini.

Shunday dunyo bo‘lsa, unda har kishi
Yashasa baxt bilan egizak misol.
Muhtojlik tark etsa insonni abas,
Shunday dunyo bo‘lsa…
lekin bu – xayol.

URUSh

Mening yuzim – urushning yuzi,
Sening yuzing – urushning yuzi,
Rangi sarg‘ish, qora, oq…

O‘lim – shosupurgi, olaman qo‘lga,
supurmoqchi bo‘lib butun Yer yuzin
top-toza.

Supuraman, supuruman, supuraman,
Begunoh odamlar?
… barchasiga tupuraman…
So‘ng artaman, artaveraman…

Qonga botiraman supurgimni men,
Artgichim-da qonga g‘irt bo‘kkan,
Yozg‘irganim esa sen –
G‘anim.

Meni ayblamoqchi bo‘lasan – nafsiz!
Qarshingda turaman va…
Hayotingga qo‘yaman nuqta,
Hayotimga qo‘yasan nuqta.

Xuddi sening isming kabi
mening ham ismim –
URUSh…

PARIJLIK TILANChI AYoLGA

Bir zamonlar eding navqiron,
Bu dam qadding bukik sovuqdan.
Qariganing barchaga ayon,
Biroq, g‘aming yeguvchi yo‘q-da!

Bir zamonlar eding xo‘b durkun,
Bu dam esa to‘shaging – zamin.
Nahot hech kim eslolmas bugun
Sen ulashgan o‘pichlar ta’min?!

O, yarimjon, qartaygan suluv,
Ters ketarmi shunchalar yo‘ling?
Yo‘qlamasa gar seni birov
Yo‘qlab kelar bir kuni o‘lim…

Ingliz tilidan Shohrux Usmonov tarjimasi