Hermann Hesse. Muz ustidagi oshiq (hikoya)

O‘sha yili qish nihoyatda qattiq kelib, uzoq cho‘zilgan, shu bois bizdagi juda go‘zal Shvartsvald daryosi bir necha haftadan buyon qattiq muzlab yotardi. Men o‘sha g‘alati, o‘zim ham haddan ziyod qoyil qolgan tuyg‘uni hamon unutolmayman. O‘shanda qahraton sovuqning ilk kuni edi, ertalabdanoq daryoga otlandim. U shunaqangi chuqur, muz esa shunday tiniq emish, xuddi yupqa oynaning o‘zi, undan yam-yashil suv, toshli qumloqlar, g‘alati tarzda qumga singib ketgan suvo‘tlar ko‘rinib turar, ahyon-ahyonda esa baliqning qoramtir tanasi ko‘zga chalinib qolardi.
O‘rtoqlarim bilan muz ustida yuzlarimiz qizarib, qo‘llarimiz ko‘karib, yarim kunlab yaxmalak otardik, shiddatli va bir maromdagi harakatlarimizdan yuraklarimiz to‘lib-toshib, bolalik davrining beg‘am-beparvo, ajoyib va lazzatli onlaridan quvvat olardi. Biz bir-birlarimiz bilan kimo‘zarga, uzoqqa va balandlikka sakrash bo‘yicha bellashar, quvlashmachoq o‘ynardik. Oramizda hali ham eski urfdagi oyoqqa bog‘lanadigan konkida uchayotgan bola bo‘lsa, u durustgina yaxmalak otuvchi hisoblanardi. Biroq bittamizda, fabrikantning o‘g‘lida “Nalifax” rusumli konki bo‘lib, u ip yoki tasmasiz ham mahkamlanaverar, uni ko‘z ochib yumguncha bog‘lash va yechish mumkin edi. O‘shandan buyon ko‘p yillar mobaynida “Halifax” so‘zi mening mavlud bayramiga sovg‘alar ro‘yxatida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, biroq uning o‘zi nasib etmagan; oradan o‘n ikki yil o‘tgach, bir kuni konkining eng zo‘ridan bir juft xarid qilay deb, do‘kondan “Halifax”ni so‘raganimda, u yerdagilar kulimsirab meni “Halifax” endi eskirib, anchadan buyon yaxshi konki bo‘lmay qolganiga ishontirishdi. Dilim ranjib, eng yuksak orzum hamda bolalarcha e’timodimning bir parchasidan mosuvo bo‘lgan edim. Muz ustida ko‘pincha bir o‘zim uchishni yoqtirar, ba’zan hatto tun pardasi yoyilgunga qadar ham qolib ketardim. Men yeldek uchib borayotib, xohlagan nuqtada to‘xtash yoki qayrilib olishning mashqini olgan, shu asnoda chiroyli doira yasab muvozanatimni saqlab uchishdan olam-olam zavq olardim. Ko‘pchilik o‘rtoqlarim muz ustidagi vaqtlarini qizlar ketidan yugurib, ularning ko‘nglini olishga sarflashardi. Menda esa qizlar degan gap yo‘q edi. Boshqalar qizlarga xushomad qilib, atrofida girdikapalak bo‘lgan yoki ular bilan juft-juft bo‘lib konki uchayotgan paytlarda men bir o‘zim sirpanib erkinlik havosidan bahramand bo‘lardim.
Qizlarga ishqiboz bolalarga faqat rahmim kelar yoki ular ustidan kulardim, xolos, chunki ba’zi bir do‘stlarimning gaplaridan ularning ishqiy sarguzashtlari aslida naqadar dudmal va shubhali ekanligini bilib olish qiyin emas edi.
O‘shanda qish oxirlab qolgan payt edi, bir kuni maktabda yangilik qulog‘imga chalinib qoldi. Emishki, Nordkafer yaqinda Emma Mayerni konkisini uchayotganda yana o‘pib olganmish. Bu xabarni eshitib, qonim qaynab ketdi. O‘pib olganmish! Odatda qizlar bilan yurishning eng zo‘r kayf-safosi sifatida maqtalgan quruq, bemaza suhbatlar hamda jur’atsiz qo‘l berib ko‘rishishlarga qaraganda bu, albatta, boshqa narsa edi. O‘pib olganmish-a! Bu oldindan ma’lum, jur’atsiz o‘zga bir olamdan kelgan sado bo‘lib, unda mamnu’ ne’matlarning xush bo‘yi, allaqanday shoirona, aql bovar qilmas bir narsa mujassam ediki, u o‘sha barchamiz bilsak ham indamay yurgan, maktabdan quvilgan qizlarga ishqiboz sobiq o‘quvchi bolalarning ertaknamo ishqiy sarguzashtlarida o‘z ifodasini topgan o‘sha chuchmal va maftunkor ma’voga mansub edi. “Nordkafer” asli gamburglik o‘n to‘rt yoshli o‘quvchi edi, bizga qanday kelib qolganini xudo biladi. Uni nihoyatda hurmat qilardim, uning maktabdan tashqaridagi zo‘r obro‘si kechalari menga uyqu bermasdi. Emma Mayer esa, shubhasiz, Gerbersaudagi eng do‘ndiq o‘quvchi qiz bo‘lib, mallarang, o‘ziga yetgancha mag‘rur bo‘lib, yoshi men bilan baravar edi.
O‘sha kundan oromimni yo‘qotib, o‘zimcha reja tuza boshladim. Qiz bolani o‘pish, bu – o‘z-o‘zidan mening hozirgacha mavjud barcha yuksak orzularimdan ham oshib tushardi, qolaversa, bunday xatti-harakat beodoblik sanalib, shubhasiz, maktab haqidagi qonun tomonidan ham taqiqlangan edi. Yaxmalak vaqtida qizlarga iltifot qilib, marhamat ko‘rsatish buning uchun birdan-bir qulay imkoniyat ekanligi menga tez orada ayon bo‘ldi. Eng avvalo, aft-angorimni iloji boricha jozibaga moyil, xushomadgo‘y bo‘lishga harakat qildim. Soch tarashga vaqt ajratib, kiyimlarimning tozaligiga alohida e’tibor bera boshladim, mo‘yna telpagimni odob yuzasidan peshonamga bir oz tushirib oladigan bo‘ldim va singillarimdan pushtirang ipak bo‘yinbog‘ni yalinib-yolvorib, so‘rab oldim. Muz ustida uchayotgan paytlarimda yo‘l-yo‘lakay mo‘ljalimga to‘g‘ri keladigan qizlarga xushmuomalalik bilan salom bera boshladim, birdaniga bunday muomala avvaliga ularni ajablantirgan bo‘lsa-da, ayni paytda ularda xayrixohlik uyg‘otayotgani ham sezilib turardi.
Ilk tanishuv kamina uchun xiyla qiyin bo‘ldi, chunki men hali hayotimda bironta qizni “taklif qilib” ko‘rmagandim. Avvaliga do‘stlarimning mana shunaqangi jiddiy marosimlar chog‘ida o‘zlarini qanday tutishlarini sezdirmay kuzatishga urinib ko‘rdim. Ularning ba’zilari faqat mulozamat yuzasidan ta’zim qilib, qo‘l uzatsalar, boshqalari tutilib qolib, allanimalarni g‘uldirashar, ayrimlari esa quyidagicha ajoyib iboralardan foydalanishardi: “Marhamatingizni bizdan darig‘ tutmang?” Mana shu jumla menga yoqib qoldi, uyga kelib, xonamdagi pechka oldida qo‘l qovushtir-ganimcha, ushbu tantanavor so‘zlarni qanday aytishni mashq qila boshladim.
Qiyin ilk qadamni qo‘yadigan kun ham yetib keldi. Kuni kecha ishga kirishishni o‘ylagan, biroq ikkilanib, jur’at qilolmasdan qaytib kelgandim. Bugun esa o‘zim shu qadar kutgan va hayiqqan ishni albatta amalga oshiraman deb, sobitqadam turardim. Yuragim po‘killab, xuddi jinoyatchidek ruhim tushib, ma’yus bir alpozda yaxmalakka bordim, ishonsangiz, konkini qadayotgan qo‘llarim “qalt-qalt” titrardi. So‘ng doirani keng oldim-da, aft-angorimda odatdagi xotirjamlik va tabiiylikni saqlashga harakat qilib, ko‘pchilikka qo‘shilib ketdim. Butun boshli yaxmalakni katta tezlik bilan ikki marta aylanib chiqdim, keskin harakat va sovuq havodan bo‘lsa kerak kayfiyatim ko‘tarildi.
Bir vaqt shundoq ko‘prik ostida kimdir qattiq urilib, bir yonga sirg‘alib ketdim. Qarasam muz ustida go‘zal Emma o‘tirar, aftidan, og‘riqning zo‘ridan tishini tishiga bosgancha menga ta’nali qarab turardi. Ko‘z oldimda dunyo chir aylanib ketdi.
– Meni turg‘azib qo‘ysanglar-chi! – qichqirdi u dugonalariga qarata.
Men xijolatdan qip-qizarib ketgandim, asta telpagimni yechdim-da, uning yoniga cho‘k tushib, o‘rnidan turishiga yordamlashdim.
Bizlar endi ikkovimiz ham nima qilishni bilmasdan, jur’atsiz bir tarzda ro‘baro‘ turar, tilimiz kalimaga kelmasdi. Qizning egnidagi mo‘yna po‘stin, uning chiroyli chehrasi hamda sochlaridagi qandaydir xushbo‘y hiddan boshim aylanib ketdi. Undan uzr so‘rash esimga tushsa ham bunga jur’at qilolmay, telpagimni hamon mushtumimda tutib turardim. Shunda bexosdan ko‘z o‘ngim qorong‘ilashgandek bo‘ldi, g‘ayriixtiyoriy tarzda unga chuqur ta’zim qilib, g‘uldiradim: “Marhamatingizni bizdan darig‘ tutmang?”
Qiz hech narsa demasdan, qo‘llarimni barmoqlari orasiga oldi, ularning haroratini qo‘lqopdan ham his etib turardim, so‘ng biz birga ucha boshladik. O‘zimni shu damda xuddi g‘aroyib tush ko‘rayotgandek his qilardim. Baxtu iqbol, sharm-hayo, samimiyat, quvonch va xijolatlik tuyg‘usidan nafasim bo‘g‘ilay derdi.
Chorak soatdan mo‘lroq biz birga aylandik. Nihoyat, to‘xtash joyiga yetganimizda, u nozik qo‘llarini asta bo‘shatdi-da: “Katta rahmat”, dedi va o‘zi yolg‘iz uchib ketdi, men esa anchadan so‘ng mo‘yna qalpog‘imni yechdim va turgan yerimda uzoq qolib ketdim. Shundan keyingina uning o‘tgan butun vaqt davomida bir og‘iz ham gapirmaganini esladim.
Muzlar erib, men o‘z tajribamni boshqa takrorlay olmadim. Bu mening ilk ishqiy sarguzashtim edi. Biroq orzum amalga oshib, qizning qirmizi lablaridan ilk bo‘sa olgunimga qadar oradan talay yillar o‘tdi.

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi